+998 71 202 09 09 milliytarbiya@uzedu.uz
Qidiruv Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti
Oliy ta'lim muassasasi

“Kelajak soati” 14-mavzu

28 November 2025 Admin 0 ko'rildi
“Kelajak soati” 14-mavzu

“Kelajak soati” darsining Oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun mashg‘ulot ssenariysi.

14-mavzu: “Mening huquqlarim

Dars maqsadi: Umumiy maqsad:

Annotatsiya: OTM talabalarida “Mening huquqlarim” mavzusi doirasida inson huquqlari va erkinliklari, ularning shaxsiy hayotdagi o‘rni hamda jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini anglash ko‘nikmalarini shakllantirish. Talabalar oilada, maktabda va ijtimoiy hayotda huquq va majburiyatlarning uyg‘unligini tushunadilar.

Dars davomida talabalar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan huquqiy normalar bilan tanishadilar, ularni hayotiy misollar orqali o‘z tajribalariga bog‘lab ko‘radilar. Shu orqali o‘z huquqlarini himoya qilish, qonunlarga hurmat ruhida yashash, mas’uliyatli fuqaro bo‘lish ko‘nikmalari mustahkamlanadi.

Shuningdek, Prezident Sh. Mirziyoyev ilgari surayotgan g‘oyalar va “Yangi O‘zbekiston” islohotlari doirasida inson huquq va erkinliklariga berilayotgan yuksak e’tibor ham ko‘rib chiqiladi. Talabalar ushbu e’tiborni real hayotiy misollar orqali tushunib, uni kundalik hayotda qo‘llashni o‘rganadilar.

Aniq maqsadlar:

  Talabalarga inson huquqlari va erkinliklarining mazmuni, ularning shaxsiy hayotdagi o‘rni va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini sodda, hayotiy misollar asosida tushuntirish.

  Huquq va majburiyat uyg‘unligini anglatish, o‘z huquqlaridan oqilona foydalanish va mas’uliyatli fuqaro bo‘lishga o‘rgatish.

 O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari hamda “Yangi O‘zbekiston” islohotlari doirasida inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni talabalarga yoritish.

  Talabalarda qonunga hurmat ruhida yashash, huquqiy madaniyatni rivojlantirish, Vatanga sadoqatli va faol fuqaro sifatida shakllanish motivatsiyasini kuchaytirish.

Asosiy g‘oyalar:

 Huquq – bu inson sha’ni, erkinligi va adolatli hayotining kafolati. O‘z huquqini bilgan va majburiyatini bajargan fuqaro  jamiyatning eng mustahkam tayanchi. Vatan – faqat davlat rahbariniki yoki hokimiyatniki emas, balki hammamizniki. Har bir fuqaro o‘z huquqlarini bilib, ulardan to‘g‘ri foydalansa va majburiyatini ado etsa, jamiyat taraqqiyoti ta’minlanadi.

Darsdan keyin kutiladigan natijalar:

1. Aqliy va tushunchaviy:

·             Talabalar “huquq”ni “erkinlik” va “majburiyat” tushunchalaridan farqlay oladilar hamda ularning o‘zaro bog‘liqligini izohlaydilar.

·             O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bolalar va o‘smirlar huquqlariga oid moddalarni sanab beradilar.

·             Huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining asosiy belgilarini tushunib, misollar orqali izohlashni o‘rganadilar.

 

2. Hissiy va qadriy:

·             Huquqiy bilim olishga ijobiy munosabat shakllanadi.

·             O‘z huquqlarini bilgan va burchlarini ado etgan shaxs sifatida faxrlanish hissi mustahkamlanadi.

·             Adolat, tenglik va inson qadrini ulug‘lash qadriyati ongida singdiriladi.

 

3. Amaliy ko‘nikmalar:

·             Oddiy hayotiy vaziyatlarda (maktab intizomi, oiladagi mas’uliyat, tengdoshlar o‘rtasidagi muammo) huquqiy yondashuvni qo‘llay oladi.

·             Huquqlari buzilganda kimga va qanday murojaat qilish mumkinligini bilib oladi.

·             O‘z huquq va majburiyatlari haqida qisqa nutq, taqdimot yoki og‘zaki chiqish tayyorlay oladi.

 

4. Ijtimoiy-pedagogik:

·             Auditoriyada huquqiy madaniyat muhitini kuchaytiradi: ozaro hurmat, adolat, tenglikni qadrlashni organadi.

·             Guruhli ishlarda huquqiy masalalarni muhokama qilib, jamoaviy yechim topishga intiladi.

·             Huquqiy masalalarda o‘qituvchi va ota-onalar bilan ochiq muloqot qila olish ko‘nikmasini rivojlantiradi.

 

 Metapredmet:

“Mening huquqlarim” mavzusidagi dars talabalarda faqat huquqiy bilimni emas, balki boshqa fanlar va hayotiy vaziyatlarda ham qo‘llanadigan umumiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi:

·             Adabiyot: Abdurahmon Jomiy she’ri keltiriladi, shoir obrazlari orqali huquq va burchning ma’naviy-axloqiy mohiyati ochiladi, talabalar adolat, tenglik, erkinlik haqida xalq maqollari yoki badiiy misollarni eslab, huquqiy mazmun bilan bog‘lashadi.

·             Tarix: Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (1948-yil), Konstitutsiyamizdagi huquqlar, mustaqillikdan keyingi o‘zgarishlar haqida faktlar esga olinadi, Konstitutsiya qabul qilinganining tarixiy ahamiyati haqida oddiygina suhbat o‘tkaziladi (“Oldin majburiy mehnat bo‘lgan, hozir esa qonun bilan taqiqlangan”).

·             Huquq: Talabalar huquq va imkoniyatning bogliqligini real misollar orqali korishadi (talim kreditlari, bepul kurslar, sogliqni saqlash, imtiyozlar).

Bu orqali talabalar huquqiy bilimni hayotiy misollar bilan boglaydi, fikrni aniq aytish, tarixiy voqea va qadriyatlarni eslash, mulohaza qilish konikmasi shakllanadi.

Dars hamkori:  Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti

www.milliytarbiya.uz

 

 

 

1. KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)

O‘qituvchi: Assalomu alaykum, aziz talabalar! Bugungi darsimiz sizni hayotdagi eng muhim “superqurol” bilan tanishtiradi. Bu na telefon, na pul, na texnologiya... Bu – HUQUQ.

O‘qituvchi auditoriyaga quyidagi savollar bilan murojaat qiladi:

·             Agar sizni adolatsiz ravishda ishdan bo‘shatishsa, nima qilasiz?

·             Agar sizning ijodiy ishingizni kimdir o‘ziniki qilib olgan bo‘lsa, qanday himoya qilasiz?

·             Agar sizning ijtimoiy tarmoqda yozgan fikringizni kimdir bosim ostida o‘chirtirsa, nima qilasiz?

Har bir holat sizning hayotingizda ro‘y berishi mumkin.

Shuning uchun bugun biz “Mening huquqlarim” mavzusini nafaqat o‘rganamiz, balki uni his qilamiz, anglaymiz va amalda qanday ishlashini tushunamiz.

O‘qituvchi auditoriyaga savol beradi:

“Sizningcha, agar inson o‘z huquqini bilmasa, jamiyatda nima o‘zgaradi?”

(Talabalardan qisqa fikrlar olinadi: 2-3 ta javob.)

Ajoyib! Demak, siz allaqachon mavzumiz nimaligini sezdingiz.

Huquq – bu oddiy qonunlar majmuasi emas. Bu sizning hayotingizdagi mustaqillik kaliti hisoblanadi.

Tarixda ko‘plab xalqlar aynan shu huquq va erkinlik uchun kurashgan. Mustaqillikka, o‘z ovoziga, o‘z taqdirini belgilash huquqiga erishgan.

Hozir aynan shu haqida video tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Qonunlar tarixiga sayohat qilamiz!

 

O‘qituvchi:

Jamiyatimizda hamon “huquq” so‘zini faqat sud, jinoyat yoki hujjatlar bilan bog‘laydiganlar ko‘p. Aslida esa huquq – bu sizning ovozingiz, sizning chegarangiz, sizning imkoniyatingizdir.

 Tasavvur qiling, siz telefoningizni “parolsiz” tashlab qo‘ydingiz. Kim xohlasa, uni ochadi, kiradi, o‘chiradi, o‘zgartiradi. Huquqini bilmaydigan inson ham shunday – himoyasiz bo‘ladi. Ammo huquqini bilgan inson parol bilan himoyalangan shaxsiyatdir. Unga hech kim istagancha ta’sir o‘tkaza olmaydi.

Insoniyat bu haqiqatni 1948-yilda tan oldi. Urushlardan charchagan dunyo Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qildi. Chunki ular angladilar: huquq himoyasiz bo‘lsa – tinchlik yo‘q, adolat yo‘q, taraqqiyot yo‘q.

Bugun siz – XXI asr talabalari, alfa avlod vakili – yangi dunyo fuqarolarisiz.

Sizning har bir “like”, har bir “fikr bildiraman” degan postingiz ham huquq bilan bog‘liq.

Axborot, ijod, shaxsiy hayot, shartnoma, akademik halollik – bularning barchasi huquqiy ong bilan boshqariladi.

Shunday ekan, bugun biz “huquqni o‘rganamiz” emas, “huquq orqali o‘z hayotimizni boshqarishni o‘rganamiz”. Chunki kuchli davlatni kuchli qonunlar emas, o‘z huquqini bilgan kuchli fuqarolar quradi.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda:

“Yangi O‘zbekistonning asosiy ustuni – bilim, ta’lim va tarbiya.”

Endi shu ustunlardan biri – huquqiy bilim – sizning hayotingizda qanday o‘rin tutishini birgalikda ochib boramiz.

O‘qituvchi: Endi bir o‘yin: Men “huquq” so‘zini aytaman, sizning miyangizga birinchi kelgan so‘zni baland ayting!

Tayyormisiz?

Huquq

Erkinlik

Adolat

Qonun

Javobgarlik

Tenglik

Imkoniyat...

(O‘qituvchi taxtaga so‘zlarni yozadi – shu so‘zlar keyingi muhokama uchun “asosiy konseptlar” sifatida ishlatiladi.)

Bugungi dars – sizning hayotingizda yangi bosqich: “Men o‘zimni himoya qila olaman” bosqichi.  Keling, boshlaymiz.

2. ASOSIY QISM (25 daqiqa)

O‘qituvchi:

Bilasizlarki, 2023-yil 1-maydan boshlab yangilangan Konstitutsiyamiz kuchga kirdi. Bu Konstitutsiyamizni yangilashda millionlab insonlarning takliflari va fikr-mulohazalari e’tiborga olindi. Ya’ni Konstitutsiyamiz butun xalqning hammuallifligida yozildi desa ham bo‘ladi. Demak, u barchamizniki! Shu sababli ham kirib kelayotgan 8-dekabr – Konstitutsiya bayrami ham umumxalq bayramidek keng nishonlanmoqda.

Kelinglar, endi Konstitutsiyamiz va boshqa qonunlarimiz muhokama qilinadigan va qabul qilinadigan joyga sayohat qilamiz.

 

Vizual kontent

Qonunchilik palatasi va Senat bilan tanishamiz!

 

O‘qituvchi: Hurmatli talabalar! Qonunlarning qabul qilinishi bilan ish bitmaydi. Ularni ijro etish kerak. Buning uchun qonunlarning ijrosini amalga oshiradigan va nazorat qiladigan tashkilotlar bor. Masalan, prokuratura tizimi qonunlarning so‘zsiz va butkul amal qilinishini nazorat qiluvchi organ hisoblanadi. Adliya vazirligi esa – qonunlarning to‘g‘ri ishlashini ta’minlaydigan organ.

Kelinglar endi davlatimizning birinchi raqamli yuristi, ya’ni adliya vazirining fikrlarini eshitamiz.

Vizual kontent

Adliya vaziri intervyusi

 

O‘qituvchi: Aziz talabalar! Sizlar Konstitutsiyadan tashqari yana qanday qonunchilik hujjatlarini bilasizlar? Masalan, qonun, farmon...

Talabalar: Prezident qarori, vazir buyrug‘i, kengash qarori...

O‘qituvchi: To‘g‘ri, Konstitutsiyadan tashqari yana ko‘plab qonunlar, qarorlar bor. Ularning qaysi biri ustun turadi, qaysi biri unga bo‘ysunadi? Keling shu haqida bir videorolik tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Qonunlar iyerarxiyasi

 

O‘qituvchi:

Aziz talabalari, ekrandagi eski tarixiy rasmga e’tibor bering, unda quyidagilar tasvirlangan:

·              “Men hammani boshqaraman” degan qirol.

·             “Men hamma uchun duo qilaman” degan din peshvosi.

·             “Men hamma uchun kurashaman” degan askar.

·             Va hamyonini qiynalib chiqarayotgan dehqon: “Men hamma uchun to‘layman”.

 

Bu rasmda juda katta ma’no bor. Chunki tarixning uzoq davrlarida oddiy insonning o‘z ovozi, o‘z huquqi bo‘lmagan. Uning taqdiri mana shu uch guruh qo‘lida bo‘lgan: kimdir hukmronlik qilgan, kimdir diniy hokimiyatni qo‘lida ushlagan, kimdir urushlarda jang qilgan, oddiy xalq esa butun xarajatni ko‘tarib kelgan. Lekin o‘sha hamma xarajatni ko‘targan oddiy insonning huquqi haqida hech kim o‘ylamagan. Uning fikri ham, orzulari ham, erki ham boshqalarning irodasiga bo‘ysungan.

Odamlar “shunday bo‘lishi kerak” deb yashagan, lekin aslida bu adolat emas edi. Chunki insonning eng katta boyligi  uning huquqi va qadr-qimmati.

Odamlar bir jamoa bo‘lib yashay boshlaganlaridan keyin bildilarki, agar ma’lum tartiblar, qonunlar belgilab olmasalar, kuchlilar kuchsizlarning haqini yeyapti, adolat bo‘lmayapti va buning ortidan ko‘p nizolar, urushlar kelib chiqyapti. Demak, tinch-totuv yashash va rivojlanish uchun odamlar o‘zaro kelishib qonunlar o‘ylab topa boshlashdi.

O‘qituvchi: Tarixda ko‘p xalqlar o‘z huquqlari uchun kurashgan, mustaqillikka intilgan. Bugungi kunda biz shunday davrda yashayapmizki, har bir fuqaro huquqi Konstitutsiya va qonunlar bilan kafolatlangan. Bu o‘tmishdagi kabi faqat qirol yoki hokim irodasiga qarab yashash emas, balki xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi demakdir. Mustaqillik tufayli bugun xalqimiz davlat hokimiyatining birdan-bir manbayi sifatida tan olingan. Bu shuni anglatadiki, endi hech qanday qirol, hokim yoki boshqa kuch bizning taqdirimizni bizning o‘rnimizga belgilamaydi. Qaror ham, kelajak ham xalqning o‘z qo‘lida. Demak, bugungi demokratik jamiyatda fuqaro nafaqat huquqlarining egasi, balki ularni amalga oshirish uchun mas’ul shaxsdir.

Keling, endi yuqoridagi suratga qaytamiz va shu 4 ta rolda o‘zimizni tasavvur qilib ko‘ramiz.

O‘qituvchi savol beradi, talabalar javob qaytaradi:

1.          Qirol boshqaradi.

- Bugun O‘zbekistonda fuqarolar qanday yo‘l bilan boshqaruvda ishtirok etadi?
(kutilgan javob: saylovlarda qatnashish, fikrini erkin bildirish, partiyaga qo‘shilish, jamoat ishlari)

2.          Din peshvosi duo qiladi.

- Bugun odamlar o‘z diniy e’tiqodini qanday amalga oshirish huquqiga ega?
(javoblar: ibodat erkinligi, masjid, cherkov yoki boshqa ibodatxonalarga borish, majburlash yo‘qligi)

3.          Askar kurashadi.

- Biz bugun qanday yo‘llar bilan adolatni “kurashib” qo‘lga kiritamiz?
(javoblar: qonun oldida tenglik, sudga murojaat qilish, Vatan himoyasi, o‘z huquqini talab qilish)

4.          Dehqon to‘laydi.

- Biz soliqlarni to‘laymiz. Davlat bizga buning evaziga qanday imkoniyatlar beradi?
(javoblar: bepul ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, yo‘llar, transport, xavfsizlik)

Barakalla! Shuni yodda tuting: huquq faqat himoya emas, balki rivojlanish imkoniyatidir. Huquq sizga o‘qish, ishlash, jamiyatda faol bo‘lish, orzu qilgan kasbingizni tanlash imkonini beradi. Kim huquqini bilsa imkoniyatni qo‘ldan boy bermaydi.

“Hayotiy vaziyat” mashqi

Talabalar guruhlarga bo‘linadi (3-4 kishilik). Har bir guruhga “real hayotdan olingan huquqiy vaziyat” tarqatiladi.

Masalan:

1.          Talabaning ilmiy ishi internetda boshqa nom bilan e’lon qilindi.

2.          Talaba ijtimoiy tarmoqda fikr bildirgani uchun bosimga uchradi.

3.          Yangi ish joyida ayol xodimga nisbatan diskriminatsiya bo‘layapti.

4.          Talabaga stipendiya kechikib berilmoqda.

Vazifa: Har bir guruh “bu holatda kimning qaysi huquqi buzilgan”ini aniqlaydi va “uni qanday himoya qilish mumkin” ligini aytadi.

Doskada: Huquqiy tahlil + Himoya mexanizmijadvali tuziladi.

Vaziyat

Huquqiy tahlil

Himoya mexanizmi

Talabaning ilmiy ishi internetda boshqa nom bilan e’lon qilindi.

Mualliflik huquqi buzildi

Adliya vazirligi qoshidagi Intellektual mulk departamentiga va/yoki sudga murojaat qilish

Talaba ijtimoiy tarmoqda fikr bildirgani uchun bosimga uchradi.

   

Yangi ish joyida ayol xodimga nisbatan diskriminatsiya bo‘layapti.

   

Talabaga stipendiya kechikib berilmoqda.

   

 

O‘qituvchi: Mana ko‘rdingiz, huquq bu faqat darsda o‘rganiladigan matn emas. U sizning kundalik hayotingizda har bir qaroringiz, har bir tanlovingiz, hatto sukutingiz ortida ham mavjud. Shunchaki, uni tan olishni va undan foydalanishni o‘rganish kerak. Yana bir narsani esingizdan chiqarmang, biz o‘z huquqlarimiz bilan bir qatorda o‘z majburiyatlarimizni ham bilib qo’ysak, nur ustiga nur bo‘ladi.

Metodika: “Huquq va majburiyat”

Talabalar, bilasizlarmi, jamiyatda ko‘pincha odamlar faqat “mening u yoki bu huquqlarim bor” deb gapirishadi. Ammo, fuqarolar nafaqat huquqqa ega bo‘lishadi, shu bilan birga burchini ham ado etishi shart. Vatan xatar ostida bo‘lsa, uni himoya etish zarur; tinchlikda esa qonunlarga rioya qilish, jamiyat farovonligi uchun mehnat qilish majburiyati bor. Qonun – bizning umumiy boyligimiz, uning oldida hamma teng. Agar biz faqat huquqni so‘rasak, lekin burchni unutib qo‘ysak, huquqlarimizni saqlab qolish imkonimiz kamayadi. Shuning uchun yuksak fuqarolik – bu huquqni bilish hamda majburiyatni mamnuniyat bilan bajarishdir. Haqiqiy vatanparvarlik – bu boshqalarga nisbatan hurmat, qonunlarni asrash va davlatimizni sevib yashashdir. Agar bunday fikrdagi odamlar ko‘p bo‘lsa, mamlakatimiz barqaror, adolatli va kuchli bo‘ladi. Endi birgalikda tekshirib ko‘ramiz: huquq va majburiyat qanday qilib bir-birini mustahkamlaydi va sizning hayotingizda bu qanday ko‘rinadi.

Men huquqlarni aytaman, siz esa har bir huquqning yonida birga yuradigan majburiyatni aytasiz.

O‘qituvchi: Fikr bildirish huquqi - ?

Talabalar:  Boshqalarning huquqini hurmat qilish, haqorat qilmaslik.

O‘qituvchi: Saylov huquqi - ?

Talabalar: Vijdonan ovoz berish, jamiyat taqdiriga befarq bo‘lmaslik.

O‘qituvchi: Mulkiy huquq (uy, mol-mulkka egalik) - ?

Talabalar: Mulkni asrab-avaylash, qonuniy yo‘l bilan ishlatish, soliq to‘lash.

O‘qituvchi:  Axborot olish va tarqatish huquqi - ?

Talabalar:  Faqat ishonchli manbaga tayanish, yolg‘on ma’lumot tarqatmaslik.

O‘qituvchi: Tabiatdan foydalanish huquqi - ?

Talabalar: Atrof-muhitni asrash, chiqindini to‘g‘ri tashlash, daraxtlarni saqlash.

O‘qituvchi:

Barakalla! Sizning javoblaringizdan ko‘ryapmanki, siz huquq bilan birga majburiyatni ham to‘g‘ri anglayapsiz. Bu muhim. Chunki huquqini bilib, majburiyatini bajarayotgan inson – haqiqiy fuqaro bo‘lib ulg‘ayayotganining belgisi.

Endi esa Konstitutsiyamizdagi moddalarga oid jumboqlarni yechamiz. Ekranda ko‘ringan tasvir va Konstitutsiya moddasi tartib raqamiga qarab Siz moddaning mazmunini aytishingiz kerak.

 

Vizual kontent

Konstitutsiyamiz moddalarini qay darajada bilasiz? (Jumboq)

 

Endi esa javoblarni tekshiramiz

Konstitutsiyamizdagi sakkiz modda. Javoblaringizni tekshiring.

 

 

3. YAKUNIY QISM (10 daqiqa)  

O‘qituvchi:

Aziz talabalar, darsimizni yakunlar ekanmiz, men sizlardan bir daqiqa diqqat bilan tinglashingizni so‘rayman.

Buyuk mutafakkir Abdurahmon Jomiy shunday degan edi:

“Ey, eng yaxshi odam kim, deb so‘ragin!
Aytayin kim bo‘lur eng yaxshi odam:
Eng yaxshi odam shu – kimdan xalqiga,
Qandaydir naf tegar, har kunu har dam.”

Bu satrlar har bir davr talabasiga xitob. Chunki aynan siz – O‘zbekistonning kelajagini yaratuvchi kuchsiz.

 Tarixiy hikoya – zamonaviy talqin:

Endi sizlarga bir tarixiy voqeani eslatmoqchiman. Qariyb ikki ming yil avval, Italiyadagi Vezuviy vulqoni portlaganida Pompey shahri kul ostida qolgan. Arxeologlar yillar o‘tib odamlarning qotib qolgan holatini topishgan. Ulardan biri – soqchi edi. U postida, qilichini mahkam ushlab turgan holda qotib qolgan. Qochmadi. Qarshi chiqdi. Burchini bajardi. Ehtimol, u bitta odam edi. Ammo u odam o‘z halolligi bilan butun insoniyat tarixiga kirgan.

Rimlik soqchi bizga bir narsa o‘rgatadi: “Katta qahramonlik – bu balandparvoz so‘zlarda emas, o‘z burchini vijdonan bajarishda.”

 O‘qituvchi savol beradi:

Endi men sizlardan so‘rayman: “Rimlik soqchi hayotini xavf ostida qoldirib burchini bajardi. Sizning bugungi burchingiz nima?”

Faqat bitta jumla bilan javob bering.

(Talabalar javob beradi: “Mening burchim – bilim olish.”, “Mening burchim – ota-onamga sadoqatli bo‘lish.”, “Mening burchim – o‘z ustimda ishlash.”, “Mening burchim – jamiyatda foydali inson bo‘lish.”)

O‘qituvchi talabalarning har bir javobiga iltifot bilan bosh irg‘aydi.

        Barakalla, talabalar! Rimlik soqchi burchini bajarganida, u dunyoni saqlab qolmadi – lekin o‘z sha’nini saqladi. Sizning ham bugungi burchingiz jang maydonida emas. Sizning burchingiz – sizga berilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanish.

Bugun sizning qo‘lingizda qilich emas, bilim bor. Sizning jang maydoningiz – bu darsxona, laboratoriya, ijtimoiy hayot. Sizning g‘alabangiz – bilimli, mustaqil fikrlovchi, huquqini biladigan shaxs bo‘lish.

Esingizda bo‘lsin: imkoniyat shamolga o‘xshaydi – uni ushlab qolish qiyin, ammo uni his qilib, yo‘nalishini bilgan inson undan kuch oladi.

Shu sababli bugundan boshlab:

·             har bir daqiqangizni qadrlang,

·             bilimni mehnat bilan egallang,

·             va eng muhimi, o‘z huquqingizni bilgan holda, boshqalarning huquqini ham hurmat qiling.

Bugun biz tinch, erkin, mustaqil O‘zbekistonda yashaymiz. Bu yurt sizga orzu qilgan kasbingizni egallash, ixtiro qilish, o‘z biznesingizni boshlash, ilm bilan dunyoni o‘zgartirish imkonini beryapti. Ammo bu imkoniyat sizdan faqat bitta narsani so‘raydi: Mas’uliyatni!

Har bir huquq – mas’uliyat bilan to‘ldirilgandagina haqiqiy kuchga aylanadi.

Vatan – bu faqat devorlar, bayroq, yoki konstitutsiya matni emas.

Vatan – bu sizning yuragingizdagi mas’uliyat hissi.

Uni his qilgan inson hech qachon chetda qolmaydi.

Yakuniy so‘z:

Prezidentimiz yoshlarga qarata shunday degan edilar: “Sizlarga ishonaman. Sizlar bizning kelajagimizsiz.” Demak, bu ishonchni oqlash sizning qo‘lingizda. Siz o‘rganayotgan har bir dars – bu kelajakdagi jasorat.  Sizning bugungi burchingiz – bilim olish orqali Vataningizni himoya qilish.

Rimlik soqchi o‘z postida turgan bo‘lsa, sizning postingiz – bu ilm yo‘lidagi izlanishdir. Va siz undan chekinmang!

 “Huquqini bilgan inson – kelajakni o‘zgartiradi.”
Yangi O‘zbekiston siz bilan boshlanadi.

Ulashish: