“Kelajak soati” darsining 1-4-sinflar uchun mashg‘ulot senariysi:
19-mavzu: “Ma’naviyat, axloq va mehr-oqibat — xalqimizning ezgu qadriyatlari”
I. KIRISH. “Qahramonlar nimasi bilan qahramon?”
O‘qituvchi:– Assalomu alaykum. Bolajonlar, siz ertaklarni, multfilmlarni, kitoblarni yaxshi ko‘rasiz-а? Ularda qatnashadigan ba’zi qahramonlarni juda sevib qolasiz. Hatto, ularning ismini eshitsangiz ham, ichingizda iliq bir tuyg‘u paydo bo‘ladi. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega shunday bo‘ladi? Nega ayrim qahramonlar yodingizda qoladi, ayrimlari esa unutilib ketadi?
O‘quvchilar: Chunki ular yaxshi, mehribon, jasur, adolatli, qo‘rqmas, chiroyli …
O‘qituvchi: Qarang, sizlar hech birini puli ko‘p bo‘lgani uchun yoki qimmat kiyim kiygani uchun demadingiz. Sehrli quroli borligi uchun ham demadingiz. Sizlar insoniy fazilatlarni aytdingiz.
Demak, qahramonni qahramon qiladigan narsa – uning kiyimi emas, balki ichki dunyosi ekan.
Bugun biz shu haqida gaplashamiz:
- Nima uchun ayrim odamlarning yonida bo‘lish yoqimli?
- Nima uchun ayrim bolalar bilan do‘stlashgimiz keladi?
- Nima uchun ayrim ishlarimizdan keyin ko‘nglimiz tinch bo‘ladi?
O‘qituvchi: Tasavvur qiling, siz sinfda men bergan vazifani bajaryapsiz. Kimdir “o‘qituvchi ko‘rmaydi, hech kim bilmaydi” deb vazifani o‘zi bajarmayapti, birovdan ko‘chiryapti yoki o‘rtog‘iga qildiryapti. Siz ikki xil yo‘lni tanlashingiz mumkin.
Birinchi yo‘l: o‘zingizga foydali, lekin boshqaga zararli ish, ya’ni ko‘chirmakashlik qilishda davom etish. Ikkinchi yo‘l: qiyinroq, lekin to‘g‘ri ish, ya’ni vazifani o‘zingiz bajarish. Ayting-chi, qaysi yo‘lni tanlaysiz?
O‘quvchilar javob beradi
O‘qituvchi: Ana shu tanlov aynan bugungi mavzumizga olib keladi.
Bugun biz baholar, qoidalar yoki jazolar haqida emas, balki insonni inson qiladigan eng muhim tushunchalar haqida gaplashamiz.
Bular:
- ma’naviyat – insonning ichki dunyosi,
- axloq – insonning xulqi,
- mehr-oqibat – insonning boshqalar bilan munosabati.
Bu tushunchalar bo‘lmasa, odam kuchli bo‘lishi mumkin, lekin inson bo‘la olmaydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ma’naviyatni bizning ikkita tayanch ustunimizdan biri deganlar. Ya’ni aytganlarki:
“Bizning ikkita o‘q tomirimiz, tayanch ustunimiz bor: iqtisodiyot va ma’naviyat. Ma’naviy buyuk xalq — iqtisodiy tomondan ham buyuk bo‘ladi”.
Demak, shunchaki iqtisodiy muvaffaqiyatli bo‘lishimizning o‘zi rivojlanishimiz uchun yetarli emas, ma’naviy jihatdan ham boy bo‘lishimiz lozim.
Keling, shu o‘rinda Zumrad va Qimmatning sizlar uchun bergan maxsus intervyusini tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Zumrad va Qimmatdan intervyu oldik
O‘qituvchi: Endi o‘ylab ko‘ring:
- Zumradni nega yaxshi ko‘ramiz?
- Qimmatni nega yomon ko‘ramiz?
- Qimmat yaxshi bo‘lishi uchun nimasini o‘zgartirishi kerak?
- Zumradning qaysi fazilatlari yoqadi?
Bolalar bilan muhokama (2 daqiqa)
O‘qituvchi: Dunyo ertaklaridagi ijobiy qahramonlar nega bizga ibrat bo‘ladi?
Chunki ular:
- ichida to‘g‘ri yo‘lni tanlaydi (ma’naviyat),
- to‘g‘ri ish qiladi (axloq),
- boshqalarni unutmaydi (mehr-oqibat).
Bugun dars davomida biz shu savolga javob topamiz: “Qahramon bo‘lish uchun odamda nimalar bo‘lishi kerak?”
Endi esa ertak qahramonlari bilan birga bu yo‘lga chiqamiz.
II. ASOSIY QISM: “Inson yuragidan boshlanadigan yo‘l”
O‘qituvchi doskaga yurak rasmini chizadi:
Bolajonlar, mana bu – yurak. U insonning ichida taxminan shunaqa ko‘rinishda. Lekin uning ko‘rinmas, faqat his qilinadigan bir joyi bor. U to‘g‘ri bilan noto‘g‘rini aytib turadi. Bu – ma’naviyat.
Ma’naviyat shunaqa narsaki, odam aldashi mumkin, xiyonat qilishi mumkin, lekin ichida bezovtalik qoladi. Shu bezovtalikni o‘sha ma’naviyati uyg‘otadi. Hadeb bezovta qilaverishini o‘ylab odam keyingi safar yomon ish qilishdan tiyiladi. Mana nima uchun ma’naviyat kerak.
Kelinglar, “Zumrad va Qimmat” ertagini eslaymiz. Zumrad yolg‘iz, qiyinchilikda, lekin ruhan sinmaydi. Yolg‘iz yashaydigan kampirga yordam beradi, qarashadi. Uni hech kim ko‘rib turgani yo‘q, baribir u to‘g‘ri yo‘lni tanlaydi.
Zumradni kim majburladi? – Hech kim.
Demak, ma’naviyat – nazorat bo‘lmaganda ham to‘g‘ri odam bo‘lishga undovchi kuch.
ROLLI O‘YIN: “Ichki ovoz”
3 bola chiqadi:
- 1-bola – “ichki ovoz”
- 2-bola – “vasvasa”
- 3-bola – “bola”
Vaziyat: Bola yerda yotgan pulni ko‘rib qoldi. Ichki ovoz rolidagi bola deydi: “Kimdir yo‘qotib qidirib yurgandir, tegma, egasi hozir qidirib kelib qoladi. Yoki o‘qituvchimizga olib borib ber, egasini topib beradilar”.
Vasvasa rolidagi bola: “Hech kim ko‘rmayapti. Pulni o‘zing olib qo‘yaver.”
Bola nima qiladi? Bola rolidagi o‘quvchi o‘zi qaror qabul qilish kerak.
Muhokama:
Qaysi ovoz kuchli bo‘ldi? Nima uchun?
Shu yerda sizlarga bir video qo‘yib bersam. Diqqat bilan tomosha qilamiz va nima yaxshi-yu nima yomonligini alohida eslab qolamiz.
Vizual kontent
Nima yaxshi-yu, nima yaxshi emas?
O‘qituvchi: Endi o‘ylab ko‘ring:
- Nega yomon ishlarni qilmaslik kerak?
- Nima uchun yaxshi ishlarni qilish lozim?
- Siz yomon ish qilayotgan do‘stingizni ko‘rganingizda nima qilasiz?
- Yaxshi ishlar qilmay qo‘ysak, nima bo‘ladi?
Bolalar bilan muhokama (2 daqiqa)
O‘qituvchi: Endi tasavvur qiling: ichingizda to‘g‘ri fikr bor. Lekin siz uni bajarmadingiz. Siz axloqli bo‘ldingizmi?
Yo‘q, unday emas!
Chunki axloq – bu shunchaki o‘ylangan fikr emas, u fikr yetovida qilingan to‘g‘ri ish.
Masalan, Zumrad odamlarga yordam beradi – bu axloq.
Qimmat – hasad qiladi, qo‘pol gapiradi, birovning dilini og‘ritadi – bu axloqsizlik.
O‘qituvchi: Qimmat ham yaxshi va yomon ishning farqini biladi. Lekin yaxshi ish qilmaydi. Bilish – bu yetarli emas. Axloq – harakatni talab qiladi.
VAZIYATLAR O‘YINI: “Axloq tarozisi” (3 daqiqa)
Vaziyatlar:
- Oshxonada ovqatga navbatda turibsizlar. Kimdir navbatsiz o‘tmoqchi.
- Do‘stingiz yiqilib tushdi.
- Bir bola avtobusda keksa onaxonga joy bermadi.
Har bir vaziyat aytilgach, bolalarning fikri so‘raladi: bu vaziyatda to‘g‘ri ish qilish uchun nima qilish kerak, nima qilsa noto‘g‘ri bo‘ladi?
Shu o‘rinda ko‘plab axloqli qahramonlarni jonlantiradigan, hammangiz sevib boradigan maskan – qo‘g‘irchoq teatriga sayohat qilamiz. Qo‘g‘irchoqlar qanday jonlanadi? Ular qanday qilib teatrda rol o‘ynaydi – birgalikda ko‘ramiz.
Vizual kontent
Oʻzbek Milliy qoʻgʻirchoq teatridamiz
O‘qituvchi: Endi o‘ylab ko‘ring:
- Nega qo‘g‘irchoq teatrlarini yaxshi ko‘ramiz?
- Nima uchun qo‘g‘irchoq teatrlariga borib turish lozim?
- Siz oxirgi marta qaysi teatrga bordingiz va nima tomosha qildingiz?
- Qo‘g‘irchoq teatri qiziqmi yoki telefon?
Bolalar bilan muhokama (2 daqiqa)
O‘qituvchi: Ba’zan inson to‘g‘ri va intizomli bo‘lishi mumkin. Lekin ularda mehr va iliqlik yo‘q, allaqanday sovuq. Mehr-oqibat bo‘lmasa, inson devorga o‘xshab qoladi.
Mehr-oqibat – bu kechira olish, tushunish,qiynalgan paytda yonida bo‘lish kabi ishlar bilan ko‘rinadi.
Masalan: Alpomish o‘z elini tashlab ketmaydi. Ayiq, shuncha bezorilik qilsa ham, kichkina qizcha Mashani kechiraveradi va uni himoya qilaveradi.
Savol: Nega odamlar mehribon qahramonni eslab qoladi?
O‘qituvchi: Endi boshqa mamlakat bolalari sevgan qahramonlarga qaraymiz.
- Pinokkio yolg‘on gapirmaslikni o‘rgatadi
- Kichkina shahzoda mehr va mas’uliyatli bo‘lishni o‘rgatadi
- Kuloyim (Zolushka) mehnat va kamtarlik bilan yovuzlikni yengishni ko‘rsatadi.
Qaranglar-a, bolajonlar, turli tillarda yaratilgan bo‘lsa ham lekin hamma ertaklarda insoniy qadriyatlar bir xil.
GURUHLAR ISHI: “Qahramon xaritasi” (3 daqiqa)
Har guruh bitta qahramonni tanlaydi va 3 ta savolga javob beradi:
- Uning ma’naviy sifati
- Axloqiy ishi
- Mehr ko‘rsatgan joyi
III. YAKUNIY QISM: “Ichki qasamyod: Men kim bo‘lishni tanlayman?” (5 daqiqa)
O‘qituvchi: Bolajonlar, bugun biz ertaklarni esladik, qahramonlarni ko‘rdik, ularning ishlarini tahlil qildik. Lekin eng muhim qahramon – sizning ichingizda.
Chunki har kuni siz tanlov qilasiz. Hech kim ko‘rib turgani yo‘q. Lekin siz baribir tanlaysiz. Umid qilamanki, to‘g‘ri yo‘lni tanlaysiz.
Endi men sizlar uchun bir qasamyodni o‘qiyman, agar siz undagi so‘zlarga rozi bo‘lsangiz, ichingizda takrorlang.
Ichki qasamyod
(o‘qituvchi o‘qiydi, bolalar ichidan takrorlaydi)
– Men bugundan boshlab bilaman: ma’naviyat – bu yuragimdagi to‘g‘ri yo‘l.
– Men tushunaman: to‘g‘ri deb bilib, amalda hech nima qilmasam – bu yetarli emas. Shuning uchun men axloqli bo‘lishga harakat qilaman.
– Men kuchli bo‘lish – urishish emasligini bilaman. Kuchli bo‘lish – mehr ko‘rsata olish ekanini bilaman.
– Agar yonimda kimdir yiqilsa, men kulib o‘tib ketmaslikni tanlayman.
– Agar yolg‘on gapirish oson bo‘lsa-da, men rost so‘zni tanlashga harakat qilaman.
– Agar yordam berish qiyin bo‘lsa ham, men baribir mehr-oqibatni tanlayman.
O‘qituvchi: Darsimiz juda jiddiylashib ketdi-a? Kelinglar endi sizlar bilan jumboq yechamiz. Hozir sizlarga videojumboq qo‘yib beraman. Unda o‘zbek xalq maqollari jonlantirilgan. Sizlar o‘sha maqolni topishingiz kerak. Video oxirida to‘g‘ri javoblarni tekshiramiz.
Vizual kontent
Oʻzbek xalq maqollari jonlanganda
O‘qituvchi: Endi o‘ylab ko‘ring:
- Maqollar bizga nima uchun kerak?
- Qanday maqollarni bilasiz?
- Maqollarni tushunmasangiz, nima qilish kerak?
Bolalar bilan muhokama (2 daqiqa)
O‘qituvchi: Sizlardan hech kim bugun mukammal bo‘lishni talab qilmayapti. Lekin to‘g‘ri tomonga qarab yurish – o‘z qo‘lingizda.
Hademay bugungi dars ham tugaydi. Lekin inson bo‘lish darsi tugamaydi. U bir umr davom etadi.
Siz bugun qanday bola bo‘lishni tanlasangiz, ertaga shunday inson bo‘lasiz.
Rahmat, bolajonlar. Men sizlarning ichingizdagi qahramonga ishonaman.
Dars tugadi. Ammo ma’naviyat, axloq va mehr-oqibat bilan yashash bugundan boshlanadi.
Keyingi darsda ko‘rishguncha.