+998 71 202 09 09 milliytarbiya@uzedu.uz
Qidiruv Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti
9-11 sinf

“Kelajak soati” 19-mavzu

15 January 2026 Admin 0 ko'rildi
“Kelajak soati” 19-mavzu

“Kelajak soati” darsining 9-11-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:

19-mavzu: Maʼnaviyat, axloq va mehr-oqibat

Dars maqsadi: Umumiy maqsad:

Annotatsiya: Ushbu dars ishlanmasi 9-11-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda maʼnaviyat, mehr va oqibat tushunchalarining mohiyati, ularning inson hayotidagi o‘rni va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati ilmiy va tarbiyaviy asosda yoritib berilgan. Dars ishlanmasi orqali o‘quvchilarga insonparvarlik, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, odob-axloq kabi umuminsoniy qadriyatlarning mazmuni hamda ularni kundalik hayotda qo‘llash yo‘llari haqida tushuncha beriladi. O‘quvchilarda o‘zaro yordam, kattalarga hurmat, kichiklarga g‘amxo‘rlik, do‘stlik va hamjihatlik kabi fazilatlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Maʼnaviyatli, mehribon va oqibatli inson bo‘lishning shaxs kamoloti va jamiyat ravnaqidagi ahamiyati misollar, hikmatlar va hayotiy voqealar orqali ochib beriladi.

Aniq maqsadlar:

  1. O‘quvchilarga maʼnaviyat, mehr va oqibat tushunchalarining mazmun-mohiyatini chuqur, ilmiy asosda tushuntirish.
  2. O‘quvchilarda insonparvarlik, mehr-shafqat, ezgulik va yaxshilik qilishga intilish kabi fazilatlar haqida tushuncha berish, ularni amaliy hayotda qo‘llashga o‘rgatish.
  3. O‘quvchilarda vatanparvarlik, axloqiy tozalik, o‘zaro hurmat, keksalarga ehtirom, kichiklarga g‘amxo‘rlik kabi maʼnaviy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirish.
  4. O‘quvchilarga mehr-oqibatli insonlarning hayoti, ularning jamiyatdagi o‘rni va ibratli fazilatlarini misol qilib ko‘rsatish, bu orqali yoshlarni ezgu ishlar qilishga undash.

 

              Asosiy g‘oyalar:

              “Maʼnaviyat, mehr va oqibat” – insonni ulug‘laydigan, jamiyatni uyg‘otadigan, xalqni birlik va totuvlik sari yetaklaydigan buyuk qadriyatlardir. Maʼnaviyatli inson – bu faqat bilimli emas, balki yuragida mehr, tilida ezgulik, amalida oqibat bo‘lgan shaxsdir. Mehr va oqibat – insonlar o‘rtasidagi ishonch, totuvlik va hamjihatlikning asosiy manbai hisoblanadi. Maʼnaviyatli, mehr-oqibatli insonlar jamiyatning tayanchi, millatning g‘ururi sanaladi. Ular o‘z xalqini jaholatdan nurga, beparvolikdan mehrga, befarqlikdan oqibatga yetaklovchi kuchdir. Bugungi kunda ham mehr-oqibatli, maʼnaviy barkamol yoshlar mamlakatimiz taraqqiyoti va xalq farovonligining poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.

Darsdan keyin kutiladigan natijalar:

1. Aqliy va tushunchaviy:

  • O‘quvchilar “ma’naviyat”, “mehr” va “oqibat” tushunchalarining mazmunini anglaydi, ularning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatini tushunadi.
  • O‘quvchilar insoniy fazilatlarning ma’naviy barkamollikka olib boruvchi omil ekanligini tushunadi.
  • Ma’naviy boylik, mehr-shafqat, o‘zaro hurmat va insoniylik qadriyatlari haqidagi bilimlari kengayadi.

2. Hissiy va qadriy:

  • O‘quvchilarda mehr-oqibat, insonparvarlik, bag‘rikenglik, kechirimlilik kabi tuyg‘ular kuchayadi.
  • O‘z yaqinlariga, jamiyat va Vatanga nisbatan mehr bilan yondashish, boshqalarga yaxshilik qilish istagi uyg‘onadi.
  • Ma’naviyatli inson bo‘lish, boshqalar dardiga befarq bo‘lmaslik kabi qadriyatlarga nisbatan ijobiy hissiy munosabat shakllanadi.

3. Amaliy ko‘nikmalar:

  • O‘quvchilar o‘z hayotida mehr va oqibat tamoyillarini qo‘llay olish ko‘nikmasiga ega bo‘ladi.
  • Ma’naviy qadriyatlarni kundalik hayotga tatbiq etish, insonlar bilan samimiy munosabatda bo‘lish, boshqaga yordam berish amaliy odatga aylanadi.
  • O‘quvchilar ma’naviy mavzular bo‘yicha o‘z fikrini mustaqil ifoda eta oladi, hayotiy misollar orqali mehr-oqibatning ahamiyatini tahlil qiladi.

4. Ijtimoiy-pedagogik:

  • O‘quvchilar jamiyatda ma’naviyat, mehr va oqibat qadriyatlarini targ‘ib etishning muhimligini tushunadi.
  • Dars davomida shakllangan g‘oyalar orqali o‘quvchilar oilada, maktabda va jamoada ijobiy muhit yaratishga hissa qo‘shadi.
  • O‘quvchilarda ijtimoiy mas’uliyat, insonlarga g‘amxo‘rlik va mehribonlik bilan munosabatda bo‘lish fazilatlari mustahkamlanadi.
  • O‘z xalqining ma’naviy merosi va ezgu qadriyatlariga nisbatan hurmat, g‘urur va iftixor tuyg‘usi shakllanadi.

 

Metapredmet: Bu taʼlimda o‘quvchilarning faqat bitta fan doirasida emas, balki turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.

  • Tahliliy va tanqidiy fikrlash ko‘nikmasi shakllanadi:

O‘quvchilar maʼnaviyat, mehr va oqibat tushunchalarining mohiyatini anglaydi, hayotiy misollar orqali ularni tahlil qiladi hamda insoniy munosabatlarda ushbu qadriyatlarning o‘rniga mustaqil baho bera oladi.

  • Fuqarolik qadriyatlariga asoslangan dunyoqarash shakllanadi:

O‘quvchilar mehr-oqibat, saxovat, insonparvarlik kabi fazilatlarni o‘z hayotida tatbiq etishga intiladi, boshqalarga nisbatan hurmat va g‘amxo‘rlik tuyg‘usini rivojlantiradi.

  • Jamoada ishlash va ijtimoiy muloqot ko‘nikmalari shakllanadi:

Guruhli topshiriqlar va fikr almashish jarayonida o‘quvchilar hamkorlikda ishlash, boshqalarning fikrini tinglash va qo‘llab-quvvatlash madaniyatini o‘zlashtiradi.

  • Axborotni qidirish va uni baholash ko‘nikmasi rivojlanadi:

O‘quvchilar maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar, mehr va oqibatga doir maqollar, rivoyatlar, tarixiy misollarni mustaqil izlab topadi, ularni tahlil qiladi va hayotiy vaziyatlarda to‘g‘ri qo‘llashni o‘rganadi.

 Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti. www.milliytarbiya.uz

Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, o‘yin elementlari va qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.

Materiallar to‘plami:

- ssenariy;

- uslubiy tavsiyalar;

- videomateriallar;

- interaktiv topshiriqlar;

- taqdimot.

 

Dars ssenariysi

I. KIRISH. INSON BO‘LISH ILMI

O‘qituvchi: Assalomu alaykum, hurmatli o‘quvchilar. Bugungi darsimiz ham odatdagidek qiziq va dolzarb mavzuga bag‘ishlanadi. Bugun biz o‘zimizni taftish qilamiz, o‘zimizni tekshiramiz va o‘rganamiz.

Sizlar hayotingizning muhim pallasidasiz: hademay maktabni bitirasiz, katta odam, voyaga yetgan shaxs bo‘lasiz.

Katta hayotda sizdan faqat bilim, kasb yo diplomgina emas – INSONLIK talab qilinadi.

(O‘qituvchi doskaga katta harflar bilan INSONLIK deb yozadi)

O‘qituvchi:  Bugun biz aynan shu haqida gaplashamiz. Ya’ni oddiy odam bolasini katta harflar bilan yoziladigan INSONga, BUYUK SHAXSGA, QAHRAMONGA AYLANTIRADIGAN ichki va tashqi uchta asosiy omilni gaplashamiz.

Bular: ma’naviyat, axloq va mehr-oqibat.

Bu uch tushuncha insonni jamiyatda tanitadi, uni boshqalardan ajratadi va eng muhimi – uni sinmasdan doim tik va buyuk bo‘lishiga olib o‘tadi.

O‘qituvchi:  Ayting-chi, inson qachon haqiqiy kuchli bo‘ladi? Ko‘p pul topgandami? Yuqori lavozimga chiqqanda-mi? Yoki qiyin vaziyatda ham o‘zini yo‘qotmaganda-mi?

(O‘quvchilar javob beradi)

O‘qituvchi:  To‘g‘ri. Bu borada fikrlar turlicha bo‘lishi mumkin. Lekin Insonni kuchli qiladigan narsa – uning hayotdagi g‘alabalari. Gʻalabalar esa o‘z-o‘zidan kelmaydi. Faqat halol o‘ynagan o‘yinchining yutug‘i g‘alaba deyiladi. Qolgan natijalar g‘irromga kiradi, to‘g‘rimi? Masalan, yaqinda shaxmat bo‘yicha Jahon kubogini yutgan Javohir Sindorov taxtada g‘irrom qildimi?

O‘quvchilar: Yo‘q!

O‘qituvchi: Albatta, halol yutdi, shuning uchun ham uning g‘alabasini jahon tan oldi va u haqiqiy buyuk shaxmatchi bo‘ldi.

 Endi shu halol bo‘lish yoki bo‘lmaslik tanlovini inson qachon va qayerda beradi?

Bu tanlovni inson muhim ishga qaror berayotganida ichidan qiladi. O‘sha ichidagi uni halol qaror qilishga undovchi ovoz – ma’naviyat.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ma’naviyatni bizning ikkita tayanch ustunimizdan biri deganlar. Ya’ni aytganlarki:

“Bizning ikkita o‘q tomirimiz, tayanch ustunimiz bor: iqtisodiyot va ma’naviyat. Ma’naviy buyuk xalq – iqtisodiy tomondan ham buyuk bo‘ladi”.

Demak, shunchaki iqtisodiy muvaffaqiyatli bo‘lishimizning o‘zi rivojlanishimiz uchun yetarli emas, ma’naviy jihatdan ham boy bo‘lishimiz lozim.

Bizning xalqimizda azaldan axloq – qadriyat hisoblangan. Qadimdan ota-onaga ehtirom, kattaga hurmat, kichikka g‘amxo‘rlik, qo‘ni-qo‘shniga yordam – hayotimizning ajralmas qismi bo‘lgan.  Ajdodlarimiz uchun axloq – qonun darajasida, mehr-oqibat esa – insoniy burch darajasida bo‘lgan.

O‘zbek xalqida shunday tushuncha bor: “Odam bolasi odam bilan tirik.”

Bu gap tasodifiy emas. Bu – hayot falsafasi.

Hozir sizlar bilan qisqa videoni tomosha qilamiz. Bu videoda millatimiz tarixida mehr-oqibat, insonparvarlik va axloqiy qadriyatlar qanday shakllangani aks etgan.

Videoni tomosha qilayotganda bitta savolni yodingizda tuting: nega aynan mehr-oqibat bizning milliy qadriyatimizga aylangan?

Vizual kontent

Yurtimizdagi mehr-oqibat tarixi

O‘qituvchi: Ko‘rdingizmi, tarixda bizni buyuk qilgan narsa faqat g‘alabalar emas. Bizni buyuk qilgan narsa – insoniylikni yo‘qotmaganligimiz.

Ajdodlarimiz uchun ma’naviyat – ichki halollik, axloq – tashqi mas’uliyat, mehr-oqibat esa – jamiyatni birlashtiruvchi kuch bo‘lgan.

Bugun zamon o‘zgargan. Texnologiya, tezlik, raqobat kuchaygan. Lekin bitta narsa o‘zgarmagan: insonning inson bo‘lib qolish ehtiyoji.

Dunyoni aynan shunday halol, yuksak ma’naviyatli, mehr-oqibatli insonlar qutqaradi. Aks holda Yer kurramizni yovuzlik allaqachon yengib, yutib yuborgan bo‘lar edi.

Sizlar ana shunday insoniyatni qutqaruvchi missiyasini bajarishni istaysizlarmi? Dunyoni o‘zgartirishni-chi? Bugun darsimizda biz bu savollarga javobni hayotiy vaziyatlar, interaktiv mashqlar va sizning shaxsiy tanlovlaringiz orqali izlaymiz. Chunki bu mavzu haqida faqat eshitish kam, uni anglash va tanlash kerak.

II QISM. ASOSIY QISM. IJOBIY QAHRAMON VA AXLOQIY DILEMMALAR

1-blok. “Tafakkur” jurnali va ma’naviyat? (yozuvchi bilan suhbat asosida)

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar. Bugun hammangiz ommaviy axborot vositalarini asosan internet orqali kuzatasizlar, yangiliklarni ham, fikrlarni ham internetdan o‘qiysizlar. Lekin internetda hamma narsa bor degan fikr noto‘g‘ri ekanini bilasizlarmi? Kitoblar, jurnallar, bosma nashrlarni ham ko‘p-ko‘p o‘qish kerak. Shunda siz boshqalar bilmagan ma’lumot va fikrlarni bilasiz, aqlliroq bo‘lasiz. Shu bilan birga tafakkuringiz o‘sadi. Dunyoqarashingiz kengayadi va ma’naviy-axloqiy yetuklashasiz.

Mamlakatimizda uzoq yillardan beri chop etib kelinayotgan “Tafakkur” nomli jurnal haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Bu jurnaldagi maqolalar, mulohazalar, fikrlarni siz hech bir internet nashri yoki ijtimoiy tarmoqdan topa olmaysiz. Uzoq yillardan beri “Tafakkur” o‘z oʻquvchilarining ongini va ma’naviyatini FIKR orqali o‘stirish maqsadida chop etib kelinmoqda. Hozir shu jurnal haqida uning bosh muharriri yozuvchi Erkin A’zam bilan suhbatni tomosha qilamiz.

Vizual kontent

“Tafakkur” jurnalini fikrlaydiganlar oʻqiydi – Erkin A’zam

Interaktiv mashg‘ulot: “Ijobiy qahramon – bequsur va ideal bo‘lishi shartmi?”

O‘qituvchi: Siz taniqli yozuvchining intervyusini ko‘rdingiz. Filmlarda ijobiy qahramon koʻpincha jasur, kuchli yoki muzaffar qilib tasvirlanadi. Ya’ni ijobiy qahramonning barcha qarorlari amalda “ekshn” tarzida namoyon bo‘ladi. Uning nimani o‘ylayotgani emas, ko‘proq nima qilayotganiga qarab ijobiy yoki salbiy qahramon deymiz. Biroq adabiyotda yozuvchi qahramonining ichki olamiga bemalol kira oladi, uni o‘quvchiga ochib beradi. Ya’ni adabiyotdagi ijobiy qahramonning ma’naviyati, ichki dunyosi, psixologiyasi haqida ko‘p narsa bila olamiz.

Endi men savol beraman, javobni men emas, siz topasiz.

Savol doskaga yoziladi:

Ijobiy qahramon – xato qilmaydigan insonmi yoki javobgarlikni zimmasiga oladigan insonmi?

Yo‘naltiruvchi savollar:

  • Xato qilgan, lekin tan olgan odam ijobiy qahramon bo‘la oladimi?
  • Nega adabiyotda “mukammal” qahramonlar kam?

Bolalar savollarga o‘z fikr-mulohazalarini aytadilar. O‘qituvchi diqqat bilan tinglaydi, to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri demaydi. Oxirida xulosalaydi.

O‘qituvchi: Demak, ijobiy qahramon – toza biografiya emas, toza vijdon.

 

2-blok. Volontyorlik – mehr-oqibatning amaliy ko‘rinishi

O‘qituvchi: Mehr-oqibat faqat his emas. U harakatga aylangandagina jamiyatni o‘zgartiradi. Bugungi kunda butun dunyoda ijtimoiy faollikning eng samarali shakllaridan biri – volontyorlikdir. Hozir sizlar bilan Volontyorlar assotsiatsiyasi rahbari bilan suhbatni tomosha qilamiz.

 Videoni ko‘rayotganda kuzating: volontyorlik kimga ko‘proq foyda beradi – jamiyatgami yoki volontyorning o‘ziga?

Vizual kontent

Volontyorlik haqida gaplashamiz – Shirin Obidova

 

O‘qituvchi: Volontyorlik – majburiy mehnat emas. O‘z nomi bilan ko‘ngilli harakat. Bu – tajriba, aloqalar, ishonch va do‘stlar orttirish maktabi.

Volontyorlik qilgan yoshlar mas’uliyatni o‘rganadi, jamoada ishlashni biladi, odamlar bilan muloqot qilishni o‘rganadi. Eng muhimi, volontyorlik insonni ichdan boyitadi.

Bugun siz kimlargadir yordam berasiz, ertaga esa hayot sizga imkoniyat beradi.

Muhokama daqiqalari: “Axloqiy dilemmalar”

O‘qituvchi 3 vaziyat o‘qiydi. Har biridan keyin bahs bo‘ladi.

1-vaziyat

Opengeymer dilemmasi. Mashhur fizik olim Opengeymer yadro bombasini ixtiro qilib, 2-Jahon urushining tugashiga katta hissa qo‘shdi. Lekin shu bilan birga u shunday dahshatli qurolni yaratdiki, endi insoniyatga yana bir xavf paydo bo‘ldi. Nima deb o‘ylaysizlar: Opengeymer to‘g‘ri ish qildimi yoki noto‘g‘ri?

2-vaziyat 2

Do‘stingiz sizdan halol bo‘lmagan yordam so‘rayapti. Rad etsangiz – do‘stlik buziladi.

3-vaziyat

Volontyorlik loyihasida ishlayapsiz. Ish qiyin, bepul. Tashlab ketish oson. Nima qilasiz?

O‘quvchilar fikri tinglanadi

– Axloq – qulay yo‘l emas. Axloq – evaziga nimadir qurbon qilib erishiladigan mustahkam obro‘.

 

3-blok. Ajdodlar merosi: mehr-oqibat va axloq tarixi

O‘qituvchi: Biz ko‘pincha ma’naviyatni so‘nggi yigirma-o‘ttiz yil davomida faol targ‘ib qilinayotgan tarixan yangi tushuncha deb o‘ylaymiz. Aslida esa bu tushuncha ajdodlarimiz hayotida markaziy o‘rin tutgan.

Hozir sizlar bilan Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ylab qisqa videoturni tomosha qilamiz. Bu yerda saqlanayotgan eksponatlar ilm, axloq, mehr-oqibat va insoniylik qadriyatlari qanday shakllanganini ko‘rsatadi.

Videoni tomosha qilayotganda e’tibor bering: ajdodlarimiz uchun ilm va axloq nima uchun bir-biridan ajralmagan?

Vizual kontent

Islom sivilizatsiya markazidamiz

 

O‘qituvchi:  Ajdodlarimiz uchun bilim – faqat aqlni emas, insonni tarbiyalash vositasi bo‘lgan. Ilm axloqsiz bo‘lsa – zararli. Axloq ilmsiz bo‘lsa – zaif. Shuning uchun bizning sivilizatsiyamizda: ustoz shogirdga nafaqat bilim, balki odob ham bergan, jamiyat mehr-oqibat bilan birlashgan.

4-blok. Axloq – davlat darajasidagi qadriyat

O‘qituvchi: Axloq faqat shaxsiy masala emas. Bu – davlat va jamiyat barqarorligining asosi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida “axloq” so‘zi 5 marotaba tilga olingan. Jumladan, “ijtimoiy axloq” iborasi 3 marotaba ishlatilgan. Bu nimani anglatadi?

Shuni anglatadiki, axloq faqat oilaviy tarbiya masalasi yoki faqat shaxsiy tanlov emas, balki konstitutsiyaviy ahamiyatga ega tushuncha. Eng oliy qonunimizda qayd etilgan qadriyat – tasodif bo‘lishi mumkin emas.

Bugungi darsimizning asosiy qismiga quyidagicha xulosa qilsak bo‘ladi.  Katta hayotda ijobiy qahramon bo‘lish – unvon emas. Bu – har kuni qilingan tanlov.

III. YAKUNIY QISM. HAYOTIY MUHIM TANLOV

O‘qituvchi: Bugun biz siz bilan ko‘p narsani ko‘rdik. Ijobiy qahramonlar haqida gaplashdik. Volontyorlik nima berishini muhokama qildik. Ajdodlarimiz axloq va mehr-oqibatni qanday qadriyat deb bilganini esladik.

Endi men sizlarga savol bermayman.

Endi savolni siz o‘zingizga berasiz.

Hozir 30 soniya jim turamiz. Gaplashish yo‘q. Faqat bitta savolni ichingizdan o‘ylaysiz:

“Meni katta hayotda qanday inson sifatida tanishsin?”

(30 soniya jimlik)

O‘qituvchi: Kim xohlasa, tanlovini bitta jumla bilan aytsin. To‘g‘ri yoki noto‘g‘ri javob yo‘q.

(3-4 nafar o‘quvchi fikr bildiradi)

O‘qituvchi: Katta hayotda sizdan mukammallik talab qilinmaydi. Lekin mas’uliyat talab qilinadi.

Siz xato qilishingiz mumkin. Lekin xatoni tan olishni va imkon qadar tuzatishni bilishingiz kerak.

Siz charchashingiz mumkin. Lekin befarq bo‘lib qolish – bu tanlov. Sizga hech kim har kuni “axloqli bo‘l”, “mehrli bo‘l” demaydi. Lekin hayot har kuni sizdan shuni so‘raydi.

Diplom sizga yaxshi kasb va daromad eshigini ochishi mumkin. Lekin ma’naviyat, axloq va mehr-oqibat sizni shu eshikdan kirgach, INSON bo‘lib qolishingizni ta’minlaydi.

Shu bilan bugungi darsimiz tugadi. Ammo katta hayot darsi bir umr va har kuni davom etadi. Unda to‘g‘ri tanlovingizni qiling.

 

Ulashish: