OLIY OʻQUV YURTI TALABALARI UCHUN “KELAJAK SOATI” DARSLARINING 19-MAVZUSI SSENARIYSI
19-mavzu: “Ma’naviyat, axloq va mehr va oqibat”.
Annotatsiya.
Ushbu mashg‘ulot talabalarga ma’naviyat – shaxs va jamiyat taraqqiyotining asosi ekanligi, mehr va oqibatning insonlar oʻrtasidagi ahamiyati hamda yaxshi amallar orqali doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash bilan bog‘liq masalalarning mohiyatini chuqur anglash va bu ezgu qadriyatlarni qadrlash koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan.
Mashgʻulot jarayonida:
umuman “ma’naviyat”, “axloq” “mehr va oqibat” tushunchalari, ularning tarixiy kelib chiqishi va har bir inson uchun zarurligi, qadri va ahamiyati;
“ma’naviyat”, “axloq” “mehr va oqibat”ning mazmun-mohiyati, ahamiyatini anglash, ularni qadrlash;
Ma’naviyat tamoyillari buzilganiga doir salbiy oqibatlarning oldini olish bilan bog‘liq masalalar bayon etiladi va muhokama qilinadi.
Dars davomida talabalar hayotiy misollar va dalillar, audio va video materiallar, keys-topshiriqlar va rolli oʻyinlar orqali “ma’naviyat”, “axloq” “mehr va oqibat” tushunchalari, ularning zarurligi va qadr-qimmatiga doir bilimlarni oʻzlashtiradilar va bu haqidagi ma’lumotlarga ega boʻladilar.
Mashgʻulot interaktiv usullarda tashkil etiladi, talabalarda mustaqil fikrlash, mantiqiy tahlil, empatiya va sogʻlom muloqot, ezgu g‘oyalarga sadoqat koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Umumiy maqsad:
Talabalarda “ma’naviyat”, “axloq” “mehr va oqibat” tushunchalari, ularning har bir fuqaro uchun qadr-qimmati va ahamiyati haqida aniq tasavvur hosil qilish. Oʻzlari va boshqalar uchun ushbu tushunchalarga nisbatan hurmat va ehtiromga asoslangan muhit yaratish koʻnikmalarini shakllantirish.
Aniq maqsadlar:
- Yoshlarga “ma’naviyat”, “axloq” “mehr va oqibat” tushunchalarining tarixi, har bir inson va jamiyat uchun zarurligi, qadr-qimmatini anglatish;
- Talabalarga “ma’naviyat”, “axloq” “mehr va oqibat”ning ezgu g‘oyalarga xizmat qiladigan tushunchalar sifatidagi ahamiyatini anglatish.
- Talabalarda “ma’naviyat”, “axloq” “mehr va oqibat” tushunchalari zamiridagi ezgu g‘oyalarini ardoqlash va qadrlash tuyg‘usini shakllantirish;
- “ma’naviyat”, “axloq” “mehr va oqibat” tushunchalariga amal qilish tartib-qoidalari va ularga ahamiyat qaratish tamoyillarini talabalarga oʻrgatish;
- Talabalarda “ma’naviyat”, “axloq” “mehr va oqibat”ning ezgu g‘oyalariga ehtirom koʻrsatish tartib-qoidalari buzilgan hollarga barham berish, bunga toʻgʻri va madaniyatli tarzda munosabat bildirish koʻnikmalarini hosil qilish.
Darsdan keyin kutiladigan natijalar:
1. Aqliy va tushunchaviy darajada:
- Talaba “ma’naviyat”, “axloq” “mehr va oqibat” tushunchalari mazmun-mohiyatini va oʻziga xos belgilarini izohlab bera oladi.
- “ma’naviyat”, “axloq” “mehr va oqibat” tushunchalari insoniylikning ajralmas belgilari ekanligi, ularning har birida xalq donishmandligi va milliy qadriyatlarning oʻziga xos timsoli ekanini yaxshi biladi.
- Ma’naviyatli boʻlish, mehr va oqibat koʻrsatish tartib-tamoyillari buzilganda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlarni tushuntira oladi.
2. Hissiy va qadriy yondashuvda:
- Ma’naviyatli va axloqli boʻlish, mehr va oqibat koʻrsatish tamoyillarini hurmat qilish hissi kuchayadi.
- Ma’naviyatli va axloqli boʻlish, mehr va oqibat koʻrsatish, insonni qadrlash va uni ardoqlash borasida ijobiy munosabat shakllanadi.
- Empatiya, yaʼni boshqalarning bu boradagi his-tuygʻularini tushunish, inobatga olish va hurmat qilish koʻnikmasi rivojlanadi.
3. Amaliy koʻnikmalarda:
- Turli vaziyatlarda “ma’naviyat”, “axloq” “mehr va oqibat” tushunchalarini hurmat qilish va buni ifoda etish boʼyicha muloqot olib boradi.
- “ma’naviyat”, “axloq” “mehr va oqibat” tushunchalari va tamoyillariga ehtirom koʻrsatish tartib-qoidalariga rioya qilish koʻnikmalarini namoyon qiladi.
- Ma’naviyatli boʻlish, mehr va oqibat koʻrsatish bilan bog‘liq turli salbiy holat va vaziyatlarni ma’rifiy va sog‘lom muloqot orqali hal qilish usullarini qo‘llaydi.
4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:
- Oʻz guruhi va yoshlar orasida ma’naviyatli boʻlish, mehr va oqibatni qadrlash muhitini yaratishga hissa qoʻshadi.
- Oʻzining va boshqalarning ma’naviyatli boʻlish, mehr va oqibat koʻrsatish bilan bog‘liq tartib-qoidalarga rioya qilish tamoyillarini mustahkamlaydi.
- Yetuk ma’naviy faoliyat, oʻzaro munosabatlar va muloqot madaniyatini rivojlantirishga faol harakat qiladi.
- Metapredmet: Ushbu mashgʻulot talabalarda turli fanlar va hayotiy vaziyatlarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan umumiy kompetensiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi:
- Tarix va falsafiy fanlar: ushbu mavzuning tarixi va tadriji, unga doir voqea va hodisalar, xilma-xil vaziyatlar, turli matnlar, hikoyalar va hayotiy jarayonlarni tahlil qilish, xulosalar chiqarish.
- Kasbiy pedagogika va psixologiya asoslari: talabaning shaxsiy ma’naviy qiyofasini aniqlash, oʻz pozitsiyasini himoya qilish va sogʻlom muloqot qoidalarini oʻrganish.
- Huquqshunoslik va inson huquqlari: Ma’naviyatli boʻlish, mehr va oqibat koʻrsatish bilan bog‘liq tartib-qoidalarni toʻgʻri tahlil va talqin qilish, shaxsiy burch va mas’uliyat haqidagi qonuniy meʼyorlarni bilish va amalda qoʻllash.
- Tanqidiy fikrlash: turli vaziyatlarda ma’naviyatli boʻlish, mehr va oqibat koʻrsatish, insonni hurmat qilish chegaralari buzilishi ehtimolini baholash, ularning oqibatlarini oldindan koʻra bilish va oqilona yechim ishlab chiqish.
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: Talabalarning faol ishtiroki, mustaqil fikrlashi, ijodiy yondashuvi va mantiqiy tahlil qilish koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi interaktiv metodlar qoʻllaniladi. Mashgʻulot jarayonida “aqliy hujum”, guruhiy muhokama, real vaziyatlarni tahlil qilishga asoslangan keys-topshiriqlar, rolli oʻyinlar va savol-javob usullaridan foydalaniladi. Bu yondashuv talabalarga mavzuni chuqur oʻzlashtirish, oʻz fikrini asoslab berish va amaliy faoliyat koʻnikmalarni shakllantirish imkonini yaratadi.
Materiallar toʻplami: Mashgʻulotni samarali tashkil etish uchun uning ssenariysi, mavzuga oid rasm va slaydlar, real hayotiy vaziyatlarga asoslangan videomateriallar, keys-topshiriqlar matnlari hamda rolli oʻyinlar uchun vaziyat timsollari tayyorlanadi. Shuningdek, “aqliy hujum” uchun savollar roʻyxati va talabalar ishtirokini faollashtiruvchi flomasterlar, markerlar, varaqlar, kompyuter, uyali telefon, kino ekranlari kabi vositalardan foydalaniladi.
Dars ssenariysi
Butun dars davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir” degan fikri porlab turishi shart!
1. KIRISH.
Pedagog: Assalomu alaykum, aziz talabalar!
Ma’naviyat atamasining asosida “ma’no” soʻzi yotadi. Ma’naviyat va mehr-oqibat insonning ruhiy va aqliy olamini, odamlar oʻrtasidagi ezgu munosabatlarni ifodalovchi tushunchalardir. Ular kishilarning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, axloqiy, diniy tasavvurlarini oʻz ichiga oladi.
Maktab davridan buyon “Ma’naviyat”, “Mehr va oqibat” haqida yaxshi ma’lumotga egamiz. Ularning maʼnolari haqida televideniye va radio, internet tarmoqlarida eshitib, oʻqib boramiz. Bugungi darsda ushbu tushunchalarning tarixi va ahamiyati, ularni qadrlash va ardoqlash, ularga amal qilish zarurligi haqida soʻz yuritamiz.
2. ASOSIY QISM.
Aqliy hujum
Pedagog: Darsimiz boshlanishida Sizlarga bir savol bilan murojaat qilmoqchiman:
“Ma’naviyat”, “Mehr va oqibat” tushunchalari haqida nimalarni bilasiz?
- Siz nima deya olasiz?
- Sizchi, biror fikringiz bormi? (Talabalarning javoblari tinglanadi).
Pedagog: Javoblar uchun rahmat. Kelinglar ushbu mavzu haqida kengroq gaplashaylik.
Ma’lumki, insonning tashqi va ichki olami mavjud. Tashqi olamiga uning boʻy-basti, koʻrinishi, kiyinishi, xatti-harakati va boshqalar kiradi. Ichki olami esa uning yashashdan maqsadi, fikr yuritishi, orzu-istaklari, intilishlari, his-tuyg‘ularini oʻz ichiga oladi. insonning ana shu ichki olami ma’naviyatdir.
Agar oziq-ovqatlar odamga jismoniy quvvat bersa, ma’naviyat unga ruhiy oziq va qudrat bag‘ishlaydi. Ma’naviyat ma’rifat va madaniyat bilan bog‘liq. Ma’naviyat odamlarda tayyor holda vujudga kelmaydi. Unga muttasil oʻqish, oʻrganish, tajriba orttirish orqaligina erishiladi. ma’naviyat qanchalik boyib borsa, jamiyat va millat shunchalik ravnaq topadi.
II. ASOSIY QISM
Ma’naviyat, axloq va mehr-oqibat – konstitutsiyaviy va jamiyat qadriyatlari
1. Ijtimoiy axloq tushunchasining konstitutsiyaviy asoslari
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida “ijtimoiy axloq” tushunchasi bevosita bir necha moddada qo‘llanadi. Bu holat axloq masalasi faqat shaxsiy tarbiya yoki ijtimoiy odob doirasidagina emas, balki konstitutsiyaviy ahamiyatga ega kategoriya ekanini ko‘rsatadi.
Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari boshqa shaxslarning huquqlari, jamiyat manfaatlari va ijtimoiy axloq talablari bilan uyg‘un holda amalga oshirilishi belgilangan. Bu yondashuv shuni anglatadiki, jamiyatda erkinlik mutlaq emas – u axloqiy va ijtimoiy mas’uliyat bilan muvozanatda bo‘lishi kerak.
Demak, ijtimoiy axloq Konstitutsiyada:
- shaxs erkinliklarining chegarasini belgilovchi mezon,
- jamiyat barqarorligini ta’minlovchi tamoyil,
- huquqiy davlatning ma’naviy tayanchi sifatida qaraladi.
2. Ma’naviyat – konstitutsiyaviy qadriyat sifatida
Konstitutsiyaga muvofiq, insonning hayoti, sha’ni, qadr-qimmati va erkinligi oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan. Bu norma bevosita ma’naviyat tushunchasi bilan bog‘liq.
Ma’naviyat – bu insonning ichki mezoni bo‘lib, u faqat tarbiya yoki madaniyat mahsuli emas, balki huquqiy davlat asoslaridan biridir. Inson qadr-qimmatining oliy qadriyat sifatida tan olinishi shuni anglatadiki, jamiyat nafaqat xatti-harakatni, balki insonning ichki dunyosini ham e’tiborga oladi.
Oliy ta’lim talabasi uchun bu quyidagilarni anglatadi:
- ma’naviyat shaxsiy tanlov bo‘lish bilan birga, konstitutsiyaviy mas’uliyatdir;
- bilim va kasbiy kompetensiya ma’naviy mezonlar bilan uyg‘unlashgandagina haqiqiy qiymat kasb etadi;
- huquqiy ong va ma’naviy ong bir-birini to‘ldiradi.
Pedagog: Ma’naviyat haqida so‘z borganida, ko‘pincha eng birinchi navbatda esimizga “Tafakkur” jurnali tushadi. Chunki aynan ziyolilar, adiblar bu jurnalni hurmat qilishadi, undagi maqolalardan ko‘p iqtibos keltirishadi. “Tafakkur” jurnali o‘nlab yillardan beri aynan FIKR orqali insonlarni o‘zgartirish, yaxshi, komil, ezgu shaxsni tarbiyalash uchun saviyali mehnat qilib kelmoqda. Hozir ko‘plab asarlar muallifi, uzoq yillardan beri “Tafakkur” jurnalini boshqarib kelayotgan Erkin A’zamning fikrlariga quloq tutamiz.
Vizual kontent
“Tafakkur” jurnalini fikrlaydiganlar oʻqiydi – Erkin A’zam
Endi quyidagi savollarni muhokama qilamiz:
- “Ijtimoiy axloq” tushunchasi nimasi bilan shaxsiy axloqdan farq qiladi? U faqat ichki e’tiqodmi yoki jamiyat oldidagi majburiyatmi?
- Konstitutsiyada ijtimoiy axloqning qayd etilishi nimani anglatadi: davlatning axloqqa aralashuvinimi, yoki jamiyat barqarorligini himoyalash mexanizminimi?
- Ma’naviyat huquqdan ustunmi yoki huquq ma’naviyatdan ustunmi? Ular qarama-qarshi bo‘lishi mumkinmi?
3. Axloq va mehr-oqibat – jamiyat barqarorligining omillari
Konstitutsiyada ijtimoiy axloqning tilga olinishi axloq masalasi davlat e’tiboridan chetda emasligini ko‘rsatadi. Aksincha, axloq jamiyatning ichki tartibini saqlab turuvchi muhim mexanizm sifatida qaraladi.
Axloq – bu shaxsning jamiyat oldidagi mas’uliyatini belgilovchi xulq-atvor me’yoridir. Mehr-oqibat esa ushbu me’yorning insonlar o‘rtasidagi amaliy ifodasidir. Agar axloq qoidani belgilasa, mehr-oqibat uni insoniy munosabatga aylantiradi.
Talaba uchun bu tushunchalar:
- akademik halollik,
- jamoada mas’uliyatli bo‘lish,
- ijtimoiy faollik va volontyorlik orqali namoyon bo‘ladi.
Shu bois, universitet muhiti faqat bilim berish maskani emas, balki ijtimoiy axloq shakllanadigan makon hisoblanadi.
4. Ijtimoiy axloqning amaliy ko‘rinishlari: talaba hayotidan misollar
Akademik axloq
Plagiat, boshqaning ishini o‘z nomiga rasmiylashtirish, bahoni aldov yo‘li bilan olish – bu faqat ichki qoidalarni buzish emas, balki ijtimoiy axloq tamoyillariga zid harakatdir. Akademik halollik talabaning kelajakdagi professional obroʻyiga bevosita ta’sir qiladi.
Volontyorlik va mehr-oqibat
Konstitutsiyada inson huquqlarini himoya qilish davlat va jamiyatning ustuvor vazifasi sifatida belgilangan. Volontyorlik faoliyati aynan shu vazifaning ijtimoiy darajadagi davomidir.
Volontyorlik:
- jamiyat uchun foyda,
- shaxs uchun esa tajriba, ijtimoiy kapital va mas’uliyat maktabidir.
Bu faoliyat mehr-oqibatning eng aniq va amaliy ko‘rinishidir.
Vizual kontent
Volontyorlik haqida gaplashamiz – Shirin Obidova
Pedagog: Ma’naviyat, axloq va mehr-oqibat – mavhum tushunchalar emas. Ular O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘z aksini topgan, huquqiy va ijtimoiy ahamiyatga ega kategoriyalardir.
Shunday ekan:
- ma’naviyat – shaxsning ichki huquqiy va axloqiy mezoni,
- axloq – jamiyat bilan tuzilgan mas’uliyatli kelishuv,
- mehr-oqibat – ushbu kelishuvning insoniy ifodasidir.
Ijtimoiy axloqni hurmat qilish – bu faqat yaxshi inson bo‘lish emas, balki konstitutsiyaviy qadriyatlarni hayotga tatbiq etishdir.
Endi quyidagi savollarni muhokama qilamiz:
- Akademik halollikni buzish (plagiat, nusxa ko‘chirish) – bu shaxsiy axloq muammosimi yoki ijtimoiy axloq buzilishimi?
- Volontyorlik faoliyati majburiy bo‘lishi kerakmi yoki faqat ichki ehtiyojga asoslanishi shartmi?
- Universitet muhitida mehr-oqibat qaysi vaziyatlarda namoyon bo‘ladi: baholashdami, jamoaviy ishlardami yoki ijtimoiy faoliyatda?
Ijtimoiy axloq – bu qonun bilan belgilangan majburiyat emas, balki qonun himoya qiladigan insoniy fazilatdir.
Pedagog: Ma’naviyatli va mehr-oqibatli jamiyatda aql, sog‘lom fikr, adolat va yaxshi xulq ustuvordir. Bunday jamiyatda xalqning ertangi kunga ishonchi kuchli boʻladi, odamga nomunosib turli illatlar barham topadi.
Yana muhokama uchun savollar:
- “Hamma shunday qilyapti” degan fikr axloqiy javobgarlikni kamaytiradimi?
- Agar qonun buzilmasa, lekin ijtimoiy axloq buzilsa, bu holatni qanday baholash kerak?
- Katta hayotda muvaffaqiyat uchun axloqiy murosaga borish qanchalik oqlanadi?
- Siz uchun ijtimoiy axloq – cheklovmi yoki himoyami? Nima uchun?
Pedagog: Hozir sizlar bilan qisqa videoni tomosha qilamiz. Bu videoda millatimiz tarixida mehr-oqibat, insonparvarlik va axloqiy qadriyatlar qanday shakllangani aks etgan.
Videoni tomosha qilayotganda bitta savolni yodingizda tuting: nega aynan mehr-oqibat bizning milliy qadriyatimizga aylangan?
Vizual kontent
Yurtimizdagi mehr-oqibat tarixi
Pedagog: Ko‘rdingizmi, tarixda bizni buyuk qilgan narsa faqat g‘alabalar emas. Bizni buyuk qilgan narsa — insoniylikni yo‘qotmaganligimiz.
Ajdodlarimiz uchun ma’naviyat — ichki halollik, axloq — tashqi mas’uliyat, mehr-oqibat esa — jamiyatni birlashtiruvchi kuch bo‘lgan.
Pedagog: Bugungi Oʻzbekistonda ma’naviyatni yuksaltirish, xalqni ma’naviyatli qilish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Mustaqillik tufayli Oʻzbek xalqining koʻp asrlik boy tarixiy, ilmiy, madaniy va diniy merosini oʻrganish, undan xalqning umumiy va bebaho mulki sifatida foydalanishga keng yoʻl ochildi.
Ma’naviyatimiz “Avesto” va zardushtiylik ta’limotidan boshlab hozirgi kungacha shakllanib, boyib, umuminsoniy qadriyatlar bilan yonma-yon rivojlanib bormoqda. Oʻzbekistonda ushbu sohani yangi bosqichga koʻtarish, targ‘ib qilish, boyitish, aholining keng doirasiga yoyish maqsadida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tashkil etilgan. Ma’naviyatshunoslik sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borilyapti.
Bu borada tegishli idora tashkilotlar, jumladan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi hamda uning joylardagi boʻlimlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilayotganini qayd etish lozim.
Shu bilan birga, xalqaro maydonda mafkuraviy, g‘oyaviy va informatsion kurashlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab va tahlikali davrda ma’naviy – ma’rifiy ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish zarurati ortmoqda.
TALABALAR UCHUN DEBAT SSENARIYSI
Mavzu:
“Ijtimoiy axloq: shaxs erkinligini cheklaydimi yoki jamiyatni himoya qiladimi?”
Debat formati:
- 2 jamoa
- Har birida 4–5 talaba
- Moderator – o‘qituvchi
Jamoalar
1-jamoa: “Ijtimoiy axloq – zaruriy cheklov”
(Ularning pozitsiyasi: axloq erkinlikni muvozanatda ushlab turadi)
2-jamoa: “Ijtimoiy axloq – erkinlikka bosim”
(Ularning pozitsiyasi: axloq tushunchasi ba’zan subyektiv va bosim vositasiga aylanadi)
Debat tuzilishi
1-bosqich. Ochilish bayonotlari
(2 daqiqa har jamoaga)
- Ijtimoiy axloq nima?
- Nega bu mavzu bugun dolzarb?
2-bosqich. Asosiy dalillar
(5 daqiqa)
1-jamoa dalillari:
- Jamiyat axloqsiz erkinlik bilan yashay olmaydi
- Ijtimoiy axloq ishonch va barqarorlikni ta’minlaydi
- Konstitutsiyada qayd etilgani – uning umumiy ahamiyatini ko‘rsatadi
2-jamoa dalillari:
- Axloq tushunchasi davrga va muhitga qarab o‘zgaradi
- Uni majburlashtirish xavfli
- Erkin tanlov bo‘lmasa, haqiqiy ma’naviyat bo‘lmaydi
3-bosqich. Qarama-qarshi savollar
(3 daqiqa)
Jamoalar bir-biriga savol beradi:
- “Axloqni kim belgilaydi?”
- “Agar jamiyat noto‘g‘ri bo‘lsa-chi?”
- “Axloq va manfaat to‘qnashganda qaysi biri ustun?”
4-bosqich. Hayotiy vaziyat
(3 daqiqa)
Moderator vaziyatni o‘qiydi:
Talaba qonunni buzmagan, lekin jamiyatda norozilik uyg‘otadigan ish qilgan. Uni qoralash kerakmi yoki bu uning shaxsiy erkinligimi?
Har jamoa o‘z pozitsiyasidan javob beradi.
5-bosqich. Yakuniy so‘z
(1 daqiqa har jamoaga)
– Qisqa xulosa – Asosiy g‘oya
Moderatorning yakuniy xulosasi
O‘qituvchi:
– Bugungi debat shuni ko‘rsatdiki, ijtimoiy axloq tayyor javob emas.
U – doimiy muhokama, mas’uliyat va tanlov.
– Ijtimoiy axloqsiz erkinlik xavfli.
– Erkinliksiz axloq esa samarasiz.
– Muvozanat esa har biringizning ichki qaroringizdan boshlanadi.
Yakuniy esda qoladigan jumla
“Ijtimoiy axloq – bu jamiyatning sizdan kutgani emas, siz jamiyatga berganingizdir.”
Pedagog: Hozir sizlar bilan Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ylab qisqa videoturni tomosha qilamiz. Bu yerda saqlanayotgan eksponatlar ilm, axloq, mehr-oqibat va insoniylik qadriyatlari qanday shakllanganini ko‘rsatadi.
Videoni tomosha qilayotganda e’tibor bering: ajdodlarimiz uchun ilm va axloq nima uchun bir-biridan ajralmagan?
Vizual kontent
Islom sivilizatsiya markazidamiz
Pedagog: Ajdodlarimiz uchun bilim — faqat aqlni emas, insonni tarbiyalash vositasi bo‘lgan. Ilm axloqsiz bo‘lsa — zararli. Axloq ilmsiz bo‘lsa — zaif. Shuning uchun bizning sivilizatsiyamizda: ustoz shogirdga nafaqat bilim, balki odob ham bergan, jamiyat mehr-oqibat bilan birlashgan.
3. YAKUNIY QISM
Aziz talabalar,
Bugun biz dars davomida ma’naviyat, axloq va mehr-oqibat haqida chuqur o‘yladik – bu tushunchalar shunchaki adabiy yoki madaniy atamalar emas, balki hayotiy zaruratdir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, jamiyatning ikki ustun tayanchi bor: iqtisodiyot va ma’naviyat. Ma’naviyat bu – nafaqat ruhiy boylik, balki insoniylik mezonidir.
Ma’naviyat insonni tashqi bosim bo‘lmasa ham to‘g‘ri yo‘ldan yurishga yo‘naltiradi. Bu – ichki kompas, insonni halol, mas’uliyatli va adolatli qarorlar qabul qilishga undovchi ichki kuchdir.
Talabalar uchun bu shuni anglatadi:
- Siz bilim olasiz, lekin ma’naviyat shu bilimlardan sizni to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatadi.
- Ma’naviyat – bu mustaqil hayotda sizni boshqaradigan ichki liderlik vositasidir.
Axloq insonning ijtimoiy hayotda o‘zini tutish qoidalari bo‘lib, u jamiyat bilan tuzilgan nozik kelishuvdir. Axloq – bu faqat qonunlarga amal qilish emas, balki jamiyatga xizmat qilishning mazmunidir.
Axloqiy qarorlar:
- boshqalarni hurmat qilish,
- urf-odatlar bilan bir qatorda, inson qadriyatlarini qo‘llab-quvvatlash,
- huquqiy va ijtimoiy normalarni birga uyg‘unlashtirishdir.
Shuning uchun axloqni shaxsiy tanlovdan tashqari, ijtimoiy kelishuv deb qarash lozim.
Mehr-oqibat – bu hissiyotlar emas, amalda ko‘rinadigan fazilat. Bu boshqalarning farovonligi uchun harakat qilish, yordam qo‘lini cho‘zish va boshqalar bilan hamdard bo‘lishdir.
Talabalar uchun bu shuni bildiradiki:volontyorlik – bu faqat portfolio uchun navbatdagi sertifikat emas, jamiyatni ezgulashtirishga yordam beradigan harakat. Bu – ijtimoiy axloqning amaliy ko‘rinishi, boshqalarga yordam berish orqali o‘z ma’naviy boyligingizni oshirishdir.
Siz bilim olgansiz – bu juda yaxshi. Lekin ilm bilan birga axloqiy mas’uliyatni his qilish, mehr-oqibat bilan boshqalarni qo‘llab-quvvatlash, va jamiyat oldidagi burchingizni anglash – bu sizni chinakam yetuk inson qiladi.
Xulosa:
Ma’naviyat, axloq va mehr-oqibat – bu faqat dars mavzusi emas; bu – sizning hayot yo‘lingiz. Ularni amalda qo‘llashingiz – nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki jamiyat rivojiga qo‘shgan hissangiz bo‘ladi.