+998 71 202 09 09 milliytarbiya@uzedu.uz
Qidiruv Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti
1-4 sinf

“Kelajak soati” 20-mavzu

22 January 2026 Admin 0 ko'rildi
“Kelajak soati” 20-mavzu

“Kelajak soati” darsining 1-4-sinflar uchun mashgʻulot ssenariysi:

20-mavzu: Muvaffaqiyat sirlari. Startap”

Umumiy maqsad:

Boshlangʻich sinf oʻquvchilarida innovatsiya, iqtisodiy madaniyat, tadbirkorlik asoslari va muvaffaqiyatga erishish haqida ilk tasavvur hosil qilish, halollik, mehnatsevarlik fazilatlarini qadrlash, oʻzini oʻzi rivojlantirish kabi koʻnikmalar asoslarini shakllantirish.

Annotatsiya:

Mazkur mashgʻulot davomida oʻquvchilarga “muvaffaqiyatga erishish”, innovatsiya va “Startap” tushunchalarining hayotdagi ahamiyati, ularning shaxs kamoloti va jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni haqida tushuncha beriladi. Dars davomida suhbat, loyihalar, misollar, hikoyalar, videolavha va interaktiv oʻyinlar orqali oʻquvchilarda oʻzini oʻzi rivojlantirish, Startap koʻnikmalari rivojlantiriladi.

 Darsning maqsadlari:

  1. Boshlangʻich sinf oʻquvchilariga muvaffaqiyat tushunchasini yoshga mos, hayotiy misollar orqali tushuntirish.
  2. Maqsad qoʻyish, rejalashtirish va harakat qilish koʻnikmasini shakllantirish.
  3. “Startap” atamasi va uning hayotiy ahamiyatini bolalarcha misollar bilan anglatish.
  4. Ilgʻor gʻoyalar, innovatsiyalar va ijodiy fikrlashning rivojlanishdagi ahamiyatini ochib berish.
  5. Bolalarda ishonch, tashabbuskorlik va jamoada ishlash malakasini rivojlantirish.

 

Asosiy gʻoya:

Tadbirkorlik, biznes koʻnikmalari – insonning iqtisodiy muvaffaqiyatlarini belgilaydigan, uni boylik va farovonlikka olib chiqadigan kuchdir. Startap esa boshlangʻich sinf oʻquvchilarida tadbirkorlikning ilk koʻnikmalarini oʻrganish manbaidir.

Kutiladigan natijalar:

- oʻquvchilar tadbirkorlik koʻnikmasini shakllantirish uchun zarur tushuncha, bilimlarga ega boʻladilar;

- bolalar turli kichik vazifalarni mustaqil bajarishga oʻrgatiladi;

- kichik biznes oʻyinlarini (masalan, “bozor-bozor”, “doʻkon-doʻkon”) oʻynab, mustaqil fikrlash va yangi gʻoyalarni taklif qilishni oʻrganadilar;

- kichik, masʼuliyatli vazifalarni bajarish koʻnikmalari bilan tanishadilar;

- masalalarni mustaqil yechish va qaror qabul qilish koʻnikmalari bilan tanishadilar;

- Startap toʻgʻrisida ilk bilimlarga ega boʻladilar;

- “bozor-bozor” oʻynash, qoʻl mehnati mahsulotlarini tayyorlash va taqdim etishda ishtirok etadilar;

- mustaqil qaror qabul qilishni oʻrgana boradilar;

- masʼuliyat, javobgarlik hissini amalda his qiladilar;

- liderlik va jamoaviy ish koʻnikmalari rivojlanadi;

- mustaqil loyihalar ustida oʻylash va ishlash koʻnikmalarini oʻrganadilar.

 

Metapredmet yondashuv:

 Metapredmet maqsad: “Bolalar muvaffaqiyat degani – mehnat, reja va ishonch ekanini hayotiy misollarda anglab yetsin va oʻz kichik maqsadlarini qoʻya olishsin.”

 Metapredmet natija: “Oʻquvchilar muvaffaqiyatni tashqi omad deb emas, balki ichki harakat, reja va sabr mevasi sifatida tushunib yetishadi.”

Tarbiya / Ona tili

Orzu, mehnat, intizom haqida matnlar, hikoyalar oʻqish va muhokama qilish

Matematika

Rejalashtirish va vaqtni hisoblash (masalan, “3 kunda shunday ish qilaman”)

Texnologiya

Qoʻl ishlari orqali startap gʻoyasini amalga oshirish (masalan, “ekoxaltacha” yasash)

Tasviriy sanʼat

“Muvaffaqiyat daraxti” yoki “Mening orzuyim” rasmini chizish

Ingliz tili

Startap, startaper va boshqa tushunchalarni qisqa videolavhalarda koʻrish va muhokama qilish

 

Dars davomiyligi: 45 daqiqa

Dars shakli: interaktiv, illyustrativ va faoliyatli dars

Dars uslubi: “muammoli savollar + jamoaviy ijod + vizual koʻmak + motivatsion tahlil”

Kerakli jihozlar:

  • PowerPoint slaydlar (rasmlar, iboralar)
  • Qisqa videoroliklar (“Tadbirli bola”)
  • Stiker, vatman, markerlar
  • “Maqsad daraxti” maketi
  • “Ilgʻor gʻoyalar” qutisi.  

 

 

 

DARS SSENARIYSI

 

1. Kirish Motivatsion qism (5 daqiqa)

Oʻqituvchi: Salom, bolalar! Bugun sizlar bilan juda qiziq mavzuda gaplashamiz.

Har biringizning koʻnglingizda orzu, maqsadlar bor, toʻgʻrimi?

Oʻquvchilar: Haaaa!

Oʻqituvchi: Masalan, kimdir futbolchi, kimdir shifokor boʻlmoqchi, kimdir ixtirochi, kimdir uchuvchi… Toʻgʻrimi?!

Oʻquvchilar: Haaaa.

Oʻqituvchi: Oʻz orzulariga yetgan odam muvaffaqiyatli odam deyiladi. Orzularga qanday yetsa boʻladi? Buning uchun harakat qilish kerak. Lekin shunchaki hamma qilgan oddiy ishlarni qilish kamlik qiladi. Aql va topqirlik bilan harakat qilish kerak.

Keling, avval muvaffaqiyat soʻzini tushunib olamiz.

“Muvaffaqiyat” soʻzi nimani bildiradi? Bilasizlarmi? Qani qoʻl koʻtaringlar-chi?

Bolalarning javoblari tinglanadi.

Oʻqituvchi: Muvaffaqiyat degani bu – oʻylagan ishini qilib, katta natija bilan tugatish, maqsadga erishish, istagan narsasini qoʻlga kiritish degani.

Masalan, bir futbol jamoasi boshqa jamoa bilan oʻynab, uni yengishni maqsad qilib qoʻyadi. Bu jamoa yutsa, “muvaffaqiyat qozondi”, “gʻalaba qozondi”, deyishadi.

Yana bir misol. Sinfdoshingiz “Men har oyda 100 ta inglizcha soʻz yodlayman”, deb maqsad qildi. Bir yildan soʻng u inglizchada yaxshi gapira boshladi. Sinfdoshlari uni “Sen muvaffaqiyatga erishding”, deb tabriklashadi.

Uchinchi misol. Oʻquvchilari “Yanvar oyida bizning sinf oʻquvchilaridan hech kim darsga kech qolmaydi”, deb qaror qilishdi. Yanvar oyida hamma darsga oʻz vaqtida keldi. Fevral, mart oyida ham hech kim kechikmadi. Buni koʻrgan maktab direktori “Bu sinf oʻquvchilari katta muvaffaqiyatga erishdi. Rahmat”, deb maqtadi.

Endi “muvaffaqiyat sirlari” nimaligini bilib olamiz.

Sizlarga bir savol. Ayting-chi, nima uchun baʼzi odamlar muvaffaqiyatli boʻladi? Baʼzi odamlar esa muvaffaqiyatli boʻlmaydi? Hozir men ikki bolaning rasmini koʻrsataman. Bilib olamiz.

Oʻqituvchi: “Qaysi bola muvaffaqiyatli boʻladi deb oʻylaysiz?”

Oʻquvchilar: Birinchi bola.

Oʻqituvchi: Nima uchun birinchi bola muvaffaqiyatli, baxtli, omadli boʻladi?

Oʻquvchilar: Erta turadi. Yaxshi oʻqiydi. Aqlli bola.

Oʻqituvchi: Toʻppa-toʻgʻri, aziz oʻquvchilar Muvaffaqiyatga erishish uchun doim kichik-kichik qadamlarni qoʻyib borish kerak. Lekin bu yerda muntazamlik lozim. Yaʼni ikki kun erta turib, bir kun kitob oʻqib, keyin buni tashlab qoʻysa – muvaffaqiyat kelmaydi. Maqsad uchun har kuni tinmasdan kichik-kichik boʻlsa-da qadam qoʻygan odam muvaffaqiyatga erishadi.

Bilasizlarmi, Sizlar muvaffaqiyatli va bilimli avlod boʻlishingiz uchun Davlatimiz rahbari, hurmatli Prezidentimiz katta sharoitlarni yaratib bermoqdalar. Prezident maktablari, iqtidorli bolalar maxsus maktablari, IT-parklar qurildi, fan olimpiadalarida yutgan oʻquvchilarga katta mukofotlar berilyapti, koʻplab kutubxonalar ochilyapti. Prezidentimiz aytadilarki:

“Bilimli avlod – buyuk kelajakning, tadbirkor xalq – farovon hayotning, doʻstona hamkorlik esa taraqqiyotning kafolatidir”.

Yaʼni sizlar bilimli boʻlsangiz, keyinchalik boy ham boʻlasiz, farovon yashaysiz va yurtimiz ham rivojlanadi. Buning uchun esa sizlar yaratilgan sharoitlardan foydalanib muvaffaqiyat sari intilishingiz, yangi gʻoyalar oʻylab topib odamlarning hayotini yaxshi qilishga urinishingiz lozim. Shunda oʻzingizning hayotingiz ham farovon boʻladi, yurtimiz ham rivojlanadi.

Endi esa bugun mamlakatimizda iste’dodli yoshlarni va ularning ilg‘or g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan sharoitlar orasida eng yaxshilaridan biri bo‘lgan Prezident maktablariga videosayohat qilamiz.

 

Vizual kontent

Toshkent shahridagi Prezident maktabidamiz

 

Video muhokamasi (2 daqiqa)

 

2. Asosiy qism (30 daqiqa)

 

1-bosqich: Maqsad va rejalashtirish

Oʻqituvchi: Bolalar. Bilasizmi, muvaffaqiyat – bu omad emas, balki reja bilan harakat qilish natijasi.

Agar bizning maqsadimiz boʻlmasa, nima boʻladi? Biz qayerga borishni bilmaymiz. Masalan, men hozir sizlar bilan sinfdan chiqib, “Boringlar”, desam, qayoqqa borasiz? Bilmaysiz, toʻgʻrimi? “Stadionga boringlar”, desam, maqsad aniq boʻladi.

Oʻquvchilar: Haaa.

Oʻqituvchi: Chunki men boshida qayoqqa borishni aytmadim. Demak, maqsad bizga yoʻl koʻrsatar ekan. Maqsad – bu bizni orzularimizga olib boruvchi, bizlarni yetaklar ekan.

Misol:

“Oybek har kuni 10 daqiqa ingliz tili oʻrganadi. Boshqalar oʻyin oʻynaganda, u kitob oʻqiydi. Bir oydan keyin u 50 ta yangi soʻz yodladi. Bu – muvaffaqiyat!” Chunki u aniq maqsad qoʻydi. Reja tuzdi. Harakat qildi.

 

Interaktiv faoliyat:

Oʻqituvchi: Bolalar, ayting-chi, sizning ham shu haftada amalga oshiradigan aniq maqsadlaringiz bormi?

Oʻquvchilar: Boor.

Oʻqituvchi: Qani, aytinglar-chi.

 

Bolalar maqsadlarini aytadilar. Masalan, “bu chorakni faqat “5” baho bilan yakunlayman”, “suzishni oʻrganaman”, “kitobni oʻqib tugataman”, “ingliz tilidan soʻz yodlayman” va hokazo.

 

Oʻqituvchi: Maqsadlarga qanday erishamiz? Bunda bizga “Maqsad daraxti” yordam beradi.

Mana, “Maqsad daraxti” rasmi.

Demak, muvaffaqiyatga erishish uchun avval maqsadni aniq qilib olish kerak ekan. Undan soʻng reja tuzish kerak. Undan keyin harakat qilish kerak ekan. Ana shunda maqsad mevaga aylanar ekan. Buni bilib oldik.

Sizlar aytgan maqsadlarni “Maqsad daraxti”ning ildizlariga ulab qoʻyamiz. Ular rejaga, harakatga va albatta mevalarga aylanadi.

Bolalar orzularini stikerlarga yozib daraxtning ildizi uchlariga yopishtirishadi.

Oʻqituvchi: Bolalar, kelinglar endi oʻzi maqsadiga erishgan yosh startapchi haqida video tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Amerikaga borgan qoraqalpoq qizi – Alfiya Amangeldiyeva

 

Video muhokamasi (2 daqiqa)

 

2-bosqich: “Startap” nima? “Startaper” kim?

 

Oʻqituvchi doskaga “START+UP” deb yozadi.

 

Oʻqituvchi: “Start” degani nimani anglatadi?

Oʻquvchilar: Boshlash. Toʻxtash…).

Oʻqituvchi: Toʻgʻri javob – boshlash.

“Up” degani nima?

“Up”, degani bu inglizcha pastdan yuqoriga chiqish, koʻtarilish, oʻsish, degani. Oddiy, oson qilib – oʻsish, deymiz. Mana, bilib oldik, “Startap” – biror yangi ishning boshlanishi va uning oʻsishi, rivojlanishini bildiradi.

“Startap”ni amalga oshiruvchi startaper deyiladi.

Masalan, Umida “Sinfdoshimga matematikadan yordam beraman”, – dedi. Bugundan Azamatga yordam bera boshladi. Oʻzi vaqtini belgiladi, qanday yordam berish yoʻlini oʻylab topdi: masalan, har kuni kechki payt uyidan turib videoaloqa orqali matematikani oʻrgata boshadi. Undan oʻrganib, boshqa sinfdoshlari, maktabdoshlari darsga qoʻshilishadi. Umida ularga bosh boʻladi. Maslahatlar beradi. Keyinchalik bu o‘quvchilar bir-biriga yordam beradigan virtual maydonchaga aylandi. Shu startap boʻladi.

Yoki 3-sinfda Shohrux – startaper. U “Oʻqilgan kitoblarni almashish qutisi” yasadi. Oʻquvchilar oʻqigan kitobini qutichaga qoʻyib, oʻqimaganini olib ketishadi. Oʻqigach, qaytarib solib qoʻyishadi.

Bu Shohruxning Startapi boʻladi! Asta-sekin maktabdagi hamma sinflarda “Oʻqilgan kitoblarni almashish qutisi” boʻladi. Maktabimizda kitobxonlik boʻyicha yaxshi, foydali ishga aylanadi.

Xoʻsh, yaxshi, muvaffaqiyatli startap oʻylab topish uchun nima qilish kerak?

Hozir shu savolga javob beradigan videoni tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Startaperlar uchun 7 qadam

 

 

 3-bosqich: Ilgʻor gʻoyalar va innovatsiyalar

 

 Soʻz sharhi:

“Innovatsiya” – bu yangicha fikrlash, narsalarni boshqacha koʻrish.

Ilgʻor gʻoyalar – har bir insonning qalbida yashaydi. Ularni faqat ishga solish kerak. Innovatsiya – bu “yangi gʻoya”, “yaxshi fikr”, “ishni avvalgidan yaxshiroq qilish usuli” degani.

“Innovatsiya – bu yangi narsalarni oʻylab topish, hayotni oson va chiroyli qilish. Masalan, avval:

bobo-momolarimiz sham yoqishgan,

keyin chiroq yoqishgan,

hozir esa elektr lampalari yoqilyapti.

Bu – innovatsiya!”

Innovatsiyalar oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmagan. Ularni buyuk kashfiyotchilar katta muvaffaqiyatlar, baʼzan hatto muvaffaqiyatsizliklar ortidan yaratishgan. Kelinglar, hozir ular haqida video tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Gʻoyadan muvaffaqiyatgacha!

 

 Guruhlarda ishlash (3-4 nafardan):

Guruhlarga oq qogʻoz beriladi, ular 5 daqiqa ichida yuqoridagi “Maqsad daraxti”ni chizib, meva qismiga oʻz g‘oyalarini yozadilar.

Oʻqituvchi savollar beradi:

“Bu gʻoya nima uchun kerak?”

“Kimlarga foydasi tegadi?”

“Qanday qilib uni amalga oshirish mumkin?”

Natija: Guruhlar ishni taqdim etishadi. Oʻqituvchi har bir guruhni quvonch bilan olqishlaydi va “Innovatsiya – yaxshi gʻoyadan boshlanadi!” degan iborani taʼkidlaydi.

 

3. Yakuniy qism (10 daqiqa)

 

Refleksiya.

O‘qituvchi: Bolalar, endi hammamiz bir savolga javob beramiz. “Men muvaffaqiyatli boʻlish uchun nima qilaman?”.

Masalan:

  • “har kuni oʻqishga tayyorlanaman”;
  • “orzu qilgan ishim uchun harakat qilaman”;
  • “doʻstlarimga yordam beraman”.

 

Oʻqituvchi: Bolalar. Bugun siz muvaffaqiyatning 3 ta sirini bilib oldingiz:

1️ – maqsad qoʻyish.

2️ – rejalashtirish.

3️ – harakat qilish.

Eng muhimi – yaxshi gʻoyani amalga oshirishdan qoʻrqmaslik, choʻchimaslik kerakligini bilib oldingiz. Endi o‘z g‘oyangizni o‘ylab toping va uni amalga oshiring. Sizlar buni eplaysiz. Men sizlarga ishonaman.

Shu bilan darsimiz tamom. Xayr, salomat bo‘linglar!

 

Darsdan keyingi tavsiyalar:

Bolalar bilan “Mening birinchi Startap gʻoyam” nomli mini-daftarcha tuzish.

Bir hafta ichida har bir oʻquvchi kichik loyiha taklif qilib keladi (rasm, qoʻl ishi, fikr).

Keyingi haftada “Sinf oʻquvchilarining ilgʻor gʻoyalari” koʻrgazmasini tashkil etish.

 

Hafta hikmati:

Har bir bola –  Startaper boʻla oladi!

Olgʻa, bolalar!!!

 

Ulashish: