“Kelajak soati” darsining 5-8-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:
20-mavzu: “Muvaffaqiyat sirlari. Startap”
Umumiy maqsad:
O‘rta sinf o‘quvchilarida innovatsiya, iqtisodiy madaniyat, tadbirkorlik asoslari va muvaffaqiyatga erishish haqida ilk tasavvur hosil qilish, halollik, mehnatsevarlik fazilatlarini qadrlash, o‘zini o‘zi rivojlantirish kabi kompetensiyalarni shakllantirish.
Annotatsiya:
Mazkur mashg‘ulot davomida o‘quvchilarga “muvaffaqiyatga erishish”, innovatsiya va “startap” tushunchalarining hayotdagi ahamiyati, ularning shaxs kamoloti va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida tushuncha beriladi. Dars davomida suhbat, loyihalar, misollar, hikoyalar, videolavha va interaktiv o‘yinlar orqali o‘quvchilarda o‘zini o‘zi rivojlantirish, startap ko‘nikmalari rivojlantiriladi.
Darsning maqsadlari:
- O‘rta sinf o‘quvchilariga muvaffaqiyat tushunchasini yoshga mos, hayotiy misollar orqali tushuntirish.
- Maqsad qo‘yish, rejalashtirish va harakat qilish ko‘nikmasini shakllantirish.
- “Startap” atamasi va uning hayotiy ahamiyatini sodda misollar bilan anglatish.
- Ilg‘or g‘oyalar, innovatsiyalar va ijodiy fikrlashning rivojlanishdagi ahamiyatini ochib berish.
- O‘quvchilarda ishonch, tashabbuskorlik va jamoada ishlash malakasini rivojlantirish.
Asosiy g‘oya:
Tadbirlilik, biznes ko‘nikmalar – insonning iqtisodiy muvaffaqiyatlarini belgilaydigan, uni farovonlikka olib chiqadigan kuchdir. Startap esa – o‘rta sinf o‘quvchilarida tadbirkorlikning ilk ko‘nikmalarini o‘rganish manbaidir.
Kutiladigan natijalar:
- o‘quvchilar tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish uchun zarur tushuncha, bilimlarga ega bo‘ladilar;
- bolalar turli kichik vazifalarni mustaqil bajarishga o‘rgatiladi;
- kichik biznes o‘yinlarini (masalan, “bozor-bozor”, “do‘kon-do‘kon”) o‘ynab, mustaqil fikrlash va yangi g‘oyalarni taklif qilishni o‘rganadilar;
- kichik, mas’uliyatli vazifalarni bajarish ko‘nikmalari bilan tanishadilar;
- masalalarni mustaqil yechish va qaror qabul qilish ko‘nikmalari bilan tanishadilar;
- startap to‘g‘risida ilk bilimlarga ega bo‘ladilar;
- “bozor-bozor” o‘ynash, qo‘l mehnati mahsulotlarini tayyorlash va taqdim etishda ishtirok etadilar;
- mustaqil qaror qabul qilishni o‘rgana boradilar;
- mas’uliyat, javobgarlikni his qiladilar;
- liderlik va jamoaviy ish ko‘nikmalari rivojlanadi;
- mustaqil loyihalar ustida o‘ylash va ishlash ko‘nikmalarini o‘rganadilar.
Metapredmet yondashuv:
Metapredmet maqsad: “Bolalar muvaffaqiyat degani – mehnat, reja va ishonch ekanini hayotiy misollarda anglab yetsin va o‘z kichik maqsadlarini qo‘ya olishsin.”
Metapredmet natija: “O‘quvchilar muvaffaqiyatni tashqi omad deb emas, balki ichki harakat, reja va sabr mevasi sifatida tushunib yetishadi.”
|
Tarbiya / Ona tili |
Orzu, mehnat, intizom haqida matnlar, hikoyalar o‘qish va muhokama qilish |
|
Matematika |
Rejalashtirish va vaqtni hisoblash (masalan, “Men 10 kunda mana bu maqsadga erishaman”). |
|
Texnologiya |
Qo‘l ishlari orqali startap g‘oyasini amalga oshirish (masalan, “eko qoida” ishlab chiqib, joriy qilish). |
|
Ingliz tili |
Ingliz tillaridan kirib kelgan biznes tushunchalar bilan tanishish |
|
Axborot texnologiyalari |
Qisqa videolavhalarni ko‘rish, muhokama qilish, yaratish. |
Davomiyligi: 45 daqiqa
Dars turi: motivatsion-interaktiv mashg‘ulot
Metodlar: “TED[1]-ma’ruza + jamoaviy ijod + hayotiy misol + video tahlil”
Qo‘llanmalar: slaydlar, vatman, marker, videoroliklar, stikerlar, “ilg‘or g‘oyalar qutisi”
DARS SSENARIYSI
1. Kirish. Motivatsion qism (5 daqiqa)
O‘qituvchi: Salom, aziz o‘quvchilar! Har biringizning qalbingizda maqsad, orzular bor, to‘g‘rimi?
O‘quvchilar: Haa.
O‘qituvchi: Kimdir olim bo‘lmoqchi. Kimdir harbiy bo‘lmoqchi. Kimdir bankir, o‘qituvchi yoki sun’iy intellekt mutaxassisi bo‘lmoqchi. Kimdir tadbirkor bo‘lmoqchi, kimdir sportda yoki san’atda muvaffaqiyat qozonmoqchi.
Bugun biz shu orzularni haqiqatga aylantirish sirlarini bilib olamiz!
Avval muvaffaqiyat so‘zini tushunib olamiz. Bu so‘z nimani bildiradi? Bilasizlarmi? Qani qo‘l ko‘taringlar-chi?
O‘quvchilarning javoblari tinglanadi.
O‘qituvchi: Barakalla. Javoblar uchun rahmat.
Muvaffaqiyat degani bu – o‘ylagan narsasini oxirigacha va yuksak darajada qilish, maqsadga maksimal erishish, istagan narsasini qo‘lga kiritish, qilaman, degan ishini qilish, ishning yurishishi, degani.
Masalan, bir o‘quvchi matematikadan baholari yaxshi emas, birinchi chorak bahosi “3” chiqqan. Lekin u keyingi chorakda bahosini to‘g‘rilash uchun harakat boshlaydi va chorakni “4” ham emas, hatto “5” bahoga yakunlaydi. Bu katta muvaffaqiyat degani, chunki u nafaqat “3” bahoni to‘g‘riladi, balki olish mumkin bo‘lgan bahoning eng yuqorisini oldi.
Yoki yana bir sinfdoshingiz sportning dzyudo turi bilan shug‘ullanadi. U muntazam mehnat qilib, doimiy mashqlar bilan tuman va hatto shahar chempioni bo‘ldi. Lekin bu uning o‘qishiga salbiy ta’sir qilmadi. U maktabdagi baholarini ham a’lo darajada ushlab tura oldi. Bu haqiqiy muvaffaqiyat. Ya’ni oldiga qo‘ygan maqsadiga erishish uchun mehnat qilish va bu jarayonda shu paytgacha mavjud natijalarini ham boy bermaslik – haqiqiy muvaffaqiyatdir.
Mana muvaffaqiyatga erishish nimaligini bilib oldik. Endi men sizlarga bir savol beraman. Ayting-chi, nima uchun ba’zi odamlar muvaffaqiyatli bo‘ladi? Ba’zi odamlar esa muvaffaqiyatli bo‘lolmaydi?
Sizningcha, muvaffaqiyat so‘zining ma’nosi nima?
Muvaffaqiyatli odamlar boshqalardan qanday farq qilishadi?
Ular qanday qilib omadga erishadilar?
Savollarga o‘quvchilarning javoblari tinglanadi.
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar. Muvaffaqiyat bu – tasodif emas. Muvaffaqiyat bu – orzu, maqsad, reja va mehnatning birlashgan natijasidir.
Bugungi kunda yurtimizda sizlarga o‘xshagan yoshlar o‘z g‘oyalari va orzularini amalga oshirishi uchun maxsus imkoniyatlar bor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shunday deganlar: “Yoshlar – Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari”. Shu bois bugun sizlar uchun ko‘p imkoniyatlar yaratilgan. Masalan, IT Park Uzbekistan degan joyda kompyuter va texnologiyaga qiziqqan bolalar va yoshlar o‘qib-o‘rganib, kelajakda o‘z dasturlari va foydali loyihalarini yaratishlari mumkin.
Shuningdek, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi orqali yaxshi fikr bildirgan, harakat qilgan yoshlar qo‘llab-quvvatlanadi, ularga yordam beriladi. Shuning uchun sizlar ham ko‘p o‘qib, izlanib, o‘z qiziqishlaringizni rivojlantirsangiz, kelajakda yurtimizga foyda keltiradigan katta ishlarni qilishingiz mumkin.
Endi sizlar bilan maqsadni to‘g‘ri qo‘yish kerakligi haqida gaplashamiz.
2. Asosiy qism (30 daqiqa)
O‘qituvchi: Keling, bir gapni eslab qolaylik:
“Maqsadsiz inson – shamolda uchib yurgan qog‘ozga o‘xshaydi”. Bu gap qanday ma’noni bildiradi? Odam qog‘ozga o‘xshamaydi-ku. Nega odam qog‘ozga o‘xshatilgan?
Chunki maqsad bizga yo‘l ko‘rsatadi, kuch beradi, qiyinchilikda ham to‘xtamaslikka yordam beradi. Agar boradigan manzilingizni bilmasangiz, xuddi g‘jimlangan qog‘oz shamol qayoqqa uchirsa uchib ketaverganidek, siz ham noma’lum tomonga ketaverasiz, bu ishingizdan natija bo‘lmaydi.
Hozir sizlarga o‘z oldiga maqsad qo‘yib, unga erishgan muvaffaqiyatli bir vatandoshimiz haqida video qo‘yib beraman.
Vizual kontent
Amerikaga borgan qoraqalpoq qizi – Alfiya Amangeldiyeva
Video muhokamasi (2 daqiqa)
“Muvaffaqiyatga qanday erishamiz?”
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar. Sizlar muvaffaqiyatga intilish, tadbirkorlik, ishbilarmonlik haqida o‘ylaydigan yoshdasiz. Ko‘pchiligingiz biror sohani tanlab, u sohada eng muvaffaqiyatli inson bo‘lishni istaysiz. Kimdir Ilon Maskka, kimdir Abduqodir Husanovga, yana kimdir dunyoga mashhur olima Dilfuza Egamberdiyevaga o‘xshagisi keladi.
%2020%2B/5-8/20/13.png)
Ularga oʻxshash uchun nima qilish kerak?
1.Oldingizga aniq maqsad qo‘yib, unga tomon tinimsiz mehnat qilish lozim.
2. O‘zingizning hech kimga o‘xshamagan original g‘oyangiz bo‘lishi kerak.
3. G‘oyangizni amalga oshirish uchun zarur bilimingiz bo‘lishi lozim.
Yuqoridagi uchta shartni bajarish uchun, birinchidan, irodali bo‘lishingiz, ikkinchidan, kreativ fikrlashingiz, uchinchidan esa, maktabda yaxshi o‘qib bilim olishingiz lozim.
Birinchi shart – sizning shaxsiy sifatingiz, uni o‘zingiz o‘zingizda tarbiyalaysiz. Ya’ni iroda bu qiyinchiliklarga bardosh berish, to‘siqlardan qo‘rqmaslik va yiqilganda yotib olmay dast o‘rnidan turish qobiliyatidir.
Uchinchi shartni siz maktabda yaxshi o‘qib bajarishingiz mumkin.
Ikkinchi shart, ya’ni kreativ g‘oyalar o‘ylab topish va ularni amalga oshirish uchun nima qilish kerak?
Hozir shu haqida video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Startaperlar uchun 7 qadam
O‘qituvchi: Mana, kreativ fikrlash qanday bo‘lishini ko‘rib chiqdik. Endi esa kreativ fikrlardan paydo bo‘lgan g‘oyalarni qanday qilib muvaffaqiyatli startapga aylantirish haqida gaplashamiz.
Startap – bu g‘oya, ishonch va harakatning birlashgan natijasi. Hatto kichik g‘oya ham dunyoda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin
O‘qituvchi doskaga katta qilib “START+UP” deb yozadi.
O‘qituvchi: “Start” degani nimani anglatadi?
O‘quvchilar: Boshlash.
O‘qituvchi: To‘g‘ri.
“Up” degani nima?
O‘quvchilar javobi.
O‘qituvchi: To‘g‘ri. “Up”, degani inglizchada pastdan yuqoriga chiqish, ko‘tarilish, o‘sish, degani. Oddiy, oson qilib – o‘sish, deymiz. Mana, bilib oldik, “Startap” – biror yangi ishning boshlanishi va uning o‘sishi, rivojlanishini bildiradi.
Startapni amalga oshiruvchi startaper deyiladi.
Masalan, Umida “Sinfdoshimga matematikadan yordam beraman”, – dedi. Bugundan Azamatga yordam bera boshladi. Undan o‘rganib, boshqa sinfdoshlari, maktabdoshlari unga qo‘shilishadi. Umida ularga bosh bo‘ladi. Maslahatlar beradi.
Keyinchalik Umida o‘zidagi shu qobiliyat va tajribani rivojlantirib onlayn repetitorlik kurslarini ochadi, “Youtube”da sahifa ochadi, keyin onlayn o‘quv kursiga aylantirib boshqa fanlarni ham qo‘shadi. Shu bilan u o‘z faoliyatidan moddiy foyda ola boshlaydi. Ya’ni muvaffaqiyatli startaperga aylanadi.
Bu startap tushunchasini kichik bir sinf miqyosida tushuntirish uchun aytilgan misol. Lekin yurtimizda startaplarni rivojlantirish uchun katta maydonlar, maxsus tashkilotlar va binolar bor. Hozir ulardan biri – Prezident maktabiga Sirojiddin borgani va nimalarni ko‘rgani haqida video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Toshkent shahridagi Prezident maktabidamiz
O‘qituvchi: Endi esa sizlar bilan bir qiziq mashg‘ulot qilamiz.
Faoliyat:
O‘quvchilar 4-5 kishidan iborat guruhlarga bo‘linadi.
Topshiriq: “Mening startap g‘oyam”
Vatmanda g‘oyani rasm, jadval yoki chizmada ko‘rsating (masalan: “Tozalik roboti”, “O‘quvchi bloger”, Maktab “Ekologik quti”lari).
Vaqt: 7 daqiqa. Har bir guruh 1 daqiqalik taqdimot qiladi.
3-bosqich: “Innovatsiya – fikrdagi yangilik”
O‘qituvchi: Innovatsiya – bu yangicha o‘ylash, oddiy narsani boshqacha ko‘rish. Misol uchun, telefon avval gaplashish uchun edi. Hozir esa undan bilim olishda foydalaniladi.
Misollar:
Amir Temur zamonida qurilgan “Ulug‘bek rasadxonasi” – ilmiy innovatsiya namunasi.
Buyuk bobomiz Muhammad al-Beruniy ilmni qo‘llashga qiziqqan. Ulkan globus qurgan. Ya’ni Beruniy ham innovator bo‘lgan.
Bugungi kunda yoshlar “IT Park”, “TechnoPark”, “StartUp Academy”larda o‘z g‘oyalarini amalga oshirmoqdalar.
Startaplar innovatsion, ya’ni yangi g‘oyalar ustiga qurilsa, muvaffaqiyatli bo‘ladi. Shundagina u moddiy boylik keltiradi, o‘sha sohada sizning nomingizni tanitadi, ya’ni muvaffaqiyatli bo‘ladi.
Siz hamma qilgan ishni qilsangiz, bunda yangilik yo‘q. Masalan, yana bitta “Yandex-taxi” yoki “Uber” ilovasini yaratishdan foyda yo‘q, garchi bu startap deb hisoblansa ham. Siz endi bu maydonga yangi innovatsion g‘oya bilan kirib kelishingiz kerak. Bu esa yangilik o‘ylab topish degani.
Keling, tarixda yangi g‘oyalar va kashfiyotlar qanday o‘ylab topilgani va startapga aylantirilgani haqida video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Gʻoyadan muvaffaqiyatgacha!
Video muhokamasi
O‘yin: “Yangi fikr top!”
O‘qituvchi bir oddiy narsani aytadi (masalan, ruchka, daftar, quti).
O‘quvchilar uni boshqacha maqsadda foydalanish g‘oyasini aytadi:
– “Ruchkadan mini-robot yasash”,
– “Qutidan eko-o‘yin tayyorlash”,
– “Daftarda shaxsiy reja kundaligi qilish” va h.k.
O‘qituvchi xulosasi:
Innovatsiya – bu oddiy narsalarni yangicha ko‘rish qobiliyati.
Agar sening fikring, qarashing, g‘oyang yangicha bo‘lsa, sen allaqachon muvaffaqiyat yo‘lidasan!
3. Yakuniy qism (10 daqiqa)
Refleksiya:
O‘quvchilarga stiker tarqatiladi. Ular yozadilar:
“Men muvaffaqiyatli bo‘lish uchun …”
Misollar:
- “Har kuni 1 ta yangi fikr o‘ylab topaman.”
- “Maqsadsiz yashamayman.”
- “G‘oyamni hayotga tatbiq qilaman.”
O‘qituvchi stikerlarni yig‘ib oladi. Ayrimlarini sinf bilan muhokama qiladi va xulosalaydi.
Xulosalar:
- Muvaffaqiyat – orzudan boshlanadi, harakat bilan o‘sadi, sabr bilan gullaydi.
- Har bir orzu reja bilan bog‘lansa, u hayotiy maqsadga aylanadi.
- Startap va innovatsiya – bu yoshlar qo‘lidagi eng kuchli quroldir.
- O‘z orzusini reja bilan boshlagan bola – kelajakda muvaffaquyatli bo‘ladi.
O‘qituvchi: Hurmatli o‘quvchilar. Bugun biz sizlar bilan maqsaddan g‘oyaga, g‘oyadan muvaffaqiyatga qanday borishni o‘rgandik. Bu yog‘i o‘zingizga bog‘liq. Ishonamanki, orangizda hammangizning o‘ziga xos qobiliyatingiz bor. Undan foydalaning, o‘z g‘oyangizni o‘ylab toping va uni amalga oshiring. Ishoning, harakat qilsangiz, u g‘oya bir kuni albatta sizni muvaffaqiyatli insonga aylantiradi.
Shu bilan bugungi darsimiz nihoyasiga yetdi. Xayr, salomat bo‘ling.
Darsdan keyingi faoliyat:
“Mening g‘oyam” loyihasini yaratish.
“Maktab startap festivali”da ishtirok etish.
Har hafta “Bir yangi fikr” kundaligi yuritish.
Hafta hikmati:
“O‘zingga ishonsang – SEN G‘OLIBSAN!” …
[1] TED-metodi (yoki TED-style) – bu ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy chiqishlarda qo‘llaniladigan ilhomli, qisqa, ta’sirchan va shaxsiy tajribaga asoslangan nutq uslubidir. Uning nomi dunyoga mashhur TED konferensiyalaridan olingan (Technology, Entertainment, Design – ya’ni “Texnologiya, Tafakkur va Dizayn”.