+998 71 202 09 09 milliytarbiya@uzedu.uz
Qidiruv Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti
9-11 sinf

“Kelajak soati” 20-mavzu

22 January 2026 Admin 0 ko'rildi
“Kelajak soati” 20-mavzu

“Kelajak soati” darsining 9-11-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:

20-mavzu: Muvaffaqiyat sirlari. Startap”

Umumiy maqsad:

Yuqori sinf o‘quvchilarida innovatsiya, iqtisodiy madaniyat, tadbirkorlik asoslari va muvaffaqiyatga erishish haqida ilk tasavvur hosil qilish, halollik, mehnatsevarlik fazilatlarini qadrlash, o‘zini o‘zi rivojlantirish kabi kompetensiyalarni shakllantirish.

Annotatsiya:

Mazkur mashg‘ulot davomida o‘quvchilarga “muvaffaqiyatga erishish”, innovatsiya va “startap” tushunchalarining hayotdagi ahamiyati, ularning shaxs kamoloti va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida tushuncha beriladi. Dars davomida suhbat, loyihalar, misollar, hikoyalar, videolavha va interaktiv o‘yinlar orqali o‘quvchilarda o‘z ustida ishlash, startap ko‘nikmalari rivojlantiriladi.

Darsning maqsadlari:

  1. Yuqori sinf o‘quvchilariga muvaffaqiyat tushunchasini yoshga mos, hayotiy misollar orqali tushuntirish.
  2. Maqsad qo‘yish, rejalashtirish va harakat qilish ko‘nikmasini shakllantirish.
  3. “Startap” atamasi va uning hayotiy ahamiyatini misollar bilan anglatish.
  4. Ilg‘or g‘oyalar, innovatsiyalar va ijodiy fikrlashning rivojlanishdagi ahamiyatini ochib berish.
  5. O‘quvchilarda ishonch, tashabbuskorlik va jamoada ishlash malakasini rivojlantirish.

Asosiy g‘oya:

Tadbirkorlik, ishbilarmonlik, biznes ko‘nikmalar – insonning iqtisodiy muvaffaqiyatlarini belgilaydigan, uni boy va farovonlikka olib chiqadigan kuchdir.

Startap –  yuqori sinf o‘quvchilarida tadbirkorlik  ko‘nikmalarini o‘rganish manbaidir.

Kutiladigan natijalar:

- o‘quvchilar tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish uchun zarur tushuncha, bilimlarga ega bo‘ladilar;

 - turli loyiha va vazifalarni mustaqil bajarishga o‘rgatiladi; 

- biznes o‘yinlarini o‘ynab, mustaqil fikrlash va yangi g‘oyalar yaratishni o‘rganadilar;

- mas’uliyatli vazifalarni bajarish ko‘nikmalari bilan tanishadilar;

- masalalarni mustaqil yechish va qaror qabul qilish ko‘nikmalari bilan tanishadilar;

- startap to‘g‘risida bilim va tajribalarga ega bo‘ladilar;

- taqdimotlar qiladilar;

- mustaqil qaror qabul qilishni o‘rganadilar;

- mas’uliyat, javobgarlik hissini amalda his qiladilar;

-  liderlik va jamoaviy ish ko‘nikmalari rivojlanadi;

- mustaqil loyihalar ustida o‘ylash va ishlash ko‘nikmalarini o‘rganadilar.

Metapredmet yondashuv:

Metapredmet maqsad: “O‘quvchilar muvaffaqiyat degani – mehnat, reja va ishonch ekanini hayotiy misollarda anglab yetishi va o‘z biznes g‘oya va maqsadlarini qo‘ya olishlariga erishish.”

Metapredmet natija: O‘quvchilar muvaffaqiyatni tashqi omad emas, balki harakat, mehnat, reja natijasi sifatida tushunib yetishadi.

Tarbiya / Ona tili

Orzu, mehnat, intizom haqida matnlar, tadbirkorlik haqida hikoyalar o‘qish va muhokama qilish

Matematika

Rejalashtirish, foyda va vaqtni hisoblash  

Texnologiya

Reja, loyihalash orqali startap g‘oyasini amalga oshirish

Iqtisodiyot

Moliyaviy ko‘nikmalar, tadbirkorlik, startaplarni ishlab chiqish

Axborot texnologiyalari

Videolavhalarni ko‘rish va muhokama qilish

 Davomiyligi: 45 daqiqa

 Dars shakli: motivatsion-interaktiv (TED usulida[1])

Uslub: “ma’ruza + suhbat + videotahlil + jamoaviy ish + refleksiya”

 Vositalar:

  • PowerPoint slaydlar
  • Videoroliklar (“Yosh startapchilar”, “O‘z g‘oya, harakati bilan muvaffaqiyatga erishgan o‘zbek yoshlari”)
  • Vatman, marker, stikerlar
  • “Maqsad piramidasi” chizmasi.

 

DARS SSENARIYSI

1. Kirish. Motivatsion qism (5 daqiqa)

O‘qituvchi: Hurmatli o‘quvchilar. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan 2025-yilda ikki marta mamlakatimiz yoshlari bilan uchrashdilar.

Sizga bir savol, Prezidentimiz bilan rasmga tushgan yoshlarni muvaffaqiyatli yoshlar, desa bo‘ladimi?

O‘quvchilar: Albatta!

O‘qituvchi: Bugungi kunda O‘zbekistonda yoshlar o‘zining qiziqarli va foydali g‘oyalarini amalga oshirishi uchun maxsus imkoniyatlar yaratilgan. Masalan, IT Park Uzbekistan degan markazda kompyuter, dasturlash va texnologiyaga qiziqqan yoshlar o‘z loyihalarini rivojlantirishi mumkin. Shuningdek, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi orqali yoshlarning foydali g‘oyalari qo‘llab-quvvatlanadi, ularga bilim beriladi va orzularini amalga oshirishga yordam beriladi. Bu imkoniyatlar yoshlarni ijodkor, bilimli va tashabbuskor bo‘lishga undaydi.

Sizlar muvaffaqiyatli va bilimli avlod boʻlishingiz uchun Davlatimiz rahbari katta sharoitlarni yaratib bermoqdalar. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytadilarki:

“Bilimli avlod – buyuk kelajakning, tadbirkor xalq – farovon hayotning, doʻstona hamkorlik esa taraqqiyotning kafolatidir”.

Demak, sizlar ham hozirdan bilim olishga, ijod qilishga va yaxshi niyatlar bilan harakat qilishga odatlansangiz, kelajakda Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan insonlar bo‘lib yetishasiz.

Aytinglar-chi, “Muvaffaqiyat” so‘zini siz qanday tushunasiz?

– Odamga omad yordam beradimi yoki mehnatmi?

– Nega ba’zi yoshlar katta yutuqlarga erishadi, ba’zilari esa yo‘lda to‘xtaydi?

Dunyoda shunday odamlar borki, ular har doim orzu qilib yashashadi. Hech narsaga erisha olishmaydi. Ammo faqat tadbir bilan harakat qilganlargina orzusini haqiqatga aylantiradi.

Bugun biz sizlar bilan birgalikda muvaffaqiyatning haqiqiy sirlarini va g‘oyadan “startap”gacha bo‘lgan yo‘lni o‘rganamiz.

 Savol: “Muvaffaqiyat nima?”

Muvaffaqiyat degani bu – o‘ylagan narsasini qilib, maqsadga erishish. O‘zi istagan narsasini qo‘lga kiritish. Qilaman, degan ishini qilish. Ishning yurishib ketishi, degani.

1- keys.

Masalan, Zufarjon sinfdoshlariga “Men IELTSdan 7 ball olish uchun har kuni 3 soatdan ingliz tili bilan shug‘ullanaman”, – dedi. Bir necha oydan so‘ng u IELTSdan 7 ball oldi. Sinfdoshlari uni “Zufarjon, sen muvaffaqiyatga erishding”, deb tabriklashdi..

2-keys.

11-“A” sinf o‘quvchilari “Yanvar oyida bizning sinf o‘quvchilaridan hech kim 3 baho olmaydi”, – deb qaror qilishdi. Sinfda a’lochi va yaxshi o‘qiydigan o‘quvchilar o‘zlashtirishi past sinfdoshlariga yordam berishdi. Yanvar oyida chindan ham hech kim “uch” baho olmadi. Fevral, mart oyida ham hech kim “uch” olmadi. Buni ko‘rgan maktab direktori “11-“A” sinf o‘quvchilari katta muvaffaqiyatga erishdi. Katta rahmat”, deb maqtadilar.

Mana muvaffaqiyatga erishish nimaligini bilib oldik. Endi men sizlarga bir savol beraman. Ayting-chi, nima uchun ba’zi odamlar muvaffaqiyatli bo‘ladi? Doim xursand yurishadi. Ba’zi odamlar esa muvaffaqiyatli bo‘lmaydi? Doim boshqalardan nolib yurishadi.

O‘quvchilar fikri tinglanadi.

O‘qituvchi: Muvaffaqiyat qozongan yoshlar orzu, maqsadni to‘g‘ri belgilashgan, harakat qilishni ham bilishgan. Ularda maqsad, reja va intizom bor edi. Muvaffaqiyatga yetolmagan yoshlar esa orzu, maqsadni to‘g‘ri belgilay olishmagan.  Natijada qanday harakat qilishni bilishmagan. Ular maqsadni to‘g‘ri qo‘yish, rejalashtirish va intizom bilan natijaga erishish ko‘nikmalarini rivojlantirishlari kerak. Bugun sizlar bilan aynan shuni o‘rganamiz.

 

2. Asosiy qism (30 daqiqa).

1. “Maqsadsiz harakat – yo‘lsiz yurish”

 O‘qituvchi: Hurmatli o‘quvchilar. Bilasizmi, har bir muvaffaqiyatli inson bilan tanishib, suhbat qursangiz, u eng avvalo o‘z oldiga maqsad qo‘ygani ayon bo‘ladi. Keyin esa shu maqsad sari tinmay mehnat qilib intilganini aytadi. Ya’ni, har qanday muvaffaqiyat maqsaddan boshlanadi. Maqsad – natijaga eltuvchi yo‘lning boshi. Natija – bu siz ko‘zlayotgan nuqta. Reja esa unga olib boruvchi yo‘l.

Keling, raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning yoshlarga maqsad qo‘yish va startaplar yo‘lida muvaffaqiyatga erishish bo‘yicha bergan tavsiyalari aks etgan videoni tomosha qilamiz.

Vizual kontent

Sherzod Shermatov: “Maqsadlarga chegara qoʻymang!”

Video muhokama qilinadi (2 daqiqa)

Interfaol o‘yin: “Maqsad piramidasi”

O‘qituvchi: Hurmatli o‘quvchilar. Hozir “Maqsad piramidasi”, degan interfaol o‘yin o‘ynaymiz va maqsadning inson hayotidagi rolini aniqlab olamiz.

O‘quvchilar uch pog‘onali shaklni tuzishadi:

  1. Mening rejam;
  2. Mening maqsadim;
  3. Mening orzuim.

O‘quvchilar o‘z misollari yozilgan stikerlarni o‘qituvchiga topshirishadi.  O‘qituvchi tanishib chiqadi. Ayrim ishlar muhokama qilinadi. Masalan: “Nima uchun aynan shu maqsadni qo‘yding?”, “Rejang puxtaligiga ishonasanmi?”, “Orzuingga erishgach, o‘zingni kim sifatida ko‘ryapsan?” – degan savollar berib, javoblar tinglanadi.

2. Startap nima?

O‘qituvchi:

Siz ingliz tilidan yaxshi bilasizki, “start” – boshlanish, “up” – yuqoriga chiqish, degani. Demak, “startap” – bu yangi g‘oyani amalga oshirish yo‘li bilan odamning foyda keltiradigan ishni boshlashi demakdir.

Startap oddiy biznesdan farqli ravishda yangilikka, zamonaviy yechimga va muammoni boshqacha hal qilishga asoslanadi. U katta mablag‘ bilan emas, balki g‘oya, bilim va harakat bilan boshlanadi.

Masalan, kimdir maktab o‘quvchilari uchun qiyin fanlarni oson tilda tushuntirib beradigan mobil ilova yaratish g‘oyasini o‘ylab topdi deylik. Avvaliga u ilovani o‘zi sinab ko‘radi, do‘stlariga ko‘rsatadi, kamchiliklarini to‘g‘rilaydi. Keyin esa bu ilova orqali ko‘plab o‘quvchilarga yordam beradi va asta-sekin foyda ola boshlaydi. Mana shu – startapga oddiy misol.

Shuning uchun startap – bu faqat pul topish emas, balki jamiyatdagi biror muammoni hal qilish, odamlar hayotini yengillashtirish va shu orqali muvaffaqiyatga erishishdir.

“Muvaffaqiyat siri: Jahon tadbirkorlaridan saboqlar”

Asrlar davomida odamlarning orzu-umidlari ularni yangi kashfiyotlarga, katta ishlarga chorlab kelgan. Ayniqsa, zamonaviy dunyoda tadbirkorlik – insonning orzularini amalga oshirish va jamiyatga foyda keltirishning asosiy yo‘llaridan biri hisoblanadi.

Aziz o‘quvchilar. Bu lavhadan jahonga mashhur startaplarning yuzaga kelishi, g‘oyadan muvaffaqiyatgacha bo‘lgan yo‘l va motivatsiya haqida bilib olasiz.

 

Vizual kontent

Dunyoga mashhur 5 startaper

O‘qituvchi: Jahonga mashhur tadbirkorlarning hayoti va faoliyati quyidagilar muvaffaqiyat kaliti ekanini ko‘rsatadi (doskaga yozadi):

  1. Orzudan chekinmaslik.
  2. Mehnat va intizomdan qochmaslik.
  3. Xatolardan saboq olish.
  4. Yangi g‘oyalarni sinab ko‘rishdan qo‘rqmaslik.
  5. Jamiyatga foyda keltirishni maqsad qilish.

Endi esa, aziz o‘quvchilar, quyidagi savollar haqida jiddiy o‘ylab ko‘ringlar va javob berishga harakat qilinglar:

  • Siz biror g‘oya haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
  • Undan kimga foyda tegishi mumkin?
  • Agar imkoniyat bo‘lsa, siz qanday startapni boshlar edingiz?

3. “Innovatsiya – yangi fikr, yangi hayot”

 O‘qituvchi: Innovatsiya nimaligini bilasizmi?

Innovatsiya – bu yangilik yaratish emas, mavjud narsani yangicha ko‘rish degani.

Masalan, Stiv Jobs oddiy telefonni kundalik hayot uchun foydali gadjetga aylantirdi, endi u shunchaki qoʻngʻiroq qilish uchun ishlatiladigan aloqa vositasi emas, balki bizning yaqin yordamchimiz, ta’lim, logistika, moliya va boshqa ko‘plab sohalardagi qulayligimiz manbaiga aylandi. Bu – innovatsiya bo‘ladi!

Har biringizda innovatsiya qilsa bo‘ladigan fikr bor, faqat uni uyg‘otish kerak!

Interaktiv daqiqa

O‘qituvchi: “Dasturxon” so‘zini eshitganda nima esingizga keladi? Undan innovatsiya yaratish mumkinmi?

Bolalar turli g‘oyalar aytishadi:

“Onlayn dasturxon xizmatlari”, “Milliy taomlar ilovasi”, “Sog‘lom ovqatlanish chatboti” va h.k.

 O‘qituvchi: Mana ko‘rdingizmi, innovatsiya – bu yangi narsa emas, balki yangi fikr. Agar sen fikrlay olsang, dunyo seni tinglaydi!

Endi esa bir ajoyib kinotavsiyalar aks etgan videoni qo‘yib beraman. Hammangiz kino tomosha qilishni yaxshi ko‘rasiz, to‘g‘rimi. Hozirgi videolavhada sizlarga omadli startaplar va innovatsion g‘oyalar haqida eng yaxshi badiiy filmlar tavsiya qilingan. Ularning nomlarini daftarlaringizga qayd eting va albatta ularni tomosha qiling. Kelishdikmi? Ekranga qaraymiz.

 

Vizual kontent

Kinotavsiya: startaplar va ixtirolar haqida qiziqarli filmlar

https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/351

 

3. Yakuniy qism (10 daqiqa)

 

 Refleksiya – “Muvaffaqiyat kaliti menda!”

O‘quvchilar stikerga “Men muvaffaqiyatli bo‘lishim uchun …”, degan tugallanmagan gapning davomini yozadilar:

Masalan:

  • “har kuni o‘z ustimda ishlayman”
  • “reja tuzaman”
  • “g‘oyamni sinab ko‘raman”
  • “qo‘rqmasdan boshlayman”

 Stikerlar vatmanga ilinadi – “Muvaffaqiyat devori” hosil bo‘ladi.

 

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar, bilasizlarmi, mamlakatimizda innovatsiyalar va startaplar yaratuvchilari uchun maxsus makonlar, maydonchalar tashkil etilgan. Hozir ulardan biriga videosayohat qilamiz. Ekranga e’tibor qaratamiz.

 

Vizual kontent

INNO Innovatsion oʻquv va ishlab chiqarish texnoparkidamiz

 

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar! Ko‘rib turganingizdek, muvaffaqiyat bu – omad emas, rejali mehnat natijasidir.

Startap – bu faqat biznes emas, balki foyda keltiradigan fikr hamdir. Hozir men sizlarga tengdoshlaringizning kundalik hayotidan bir misol keltiraman.

HUMOYUN SKEYTINI NEGA IJARAGA BERDI?

Chirchiqlik Humoyunning 2 ta skeyti bor. Sinfdoshi Yusuf ham skeyt uchishni yaxshi ko‘radi.

Yusuf: Bitta skeytingni menga sot.

Humoyun: Yo‘q, ular men uchun qadrli, sotmayman. Lekin ulardan bittasini senga 1 oyga ijaraga berishim mumkin. Ikkinchi skeytda esa senga o‘zim uchishni o‘rgataman. Evaziga sen mening 1 oylik yo‘lkiramni pulimni to‘laysan. Kelishdikmi?

Bolalar kelishishdi va boshlashdi.

Otasi: Skeytni o‘rtog‘ingga shunday bervorsangchi?

Oyisi: Nima qilasan, vaqtingni bekor ketkazib? Qo‘ysang-chi.

Humoyun shunday berib yuborsa, skeytidan, o‘rgatmasa, do‘stidan ayrilardi. U oltin oʻrtalikni topdi.

Shunday qilib, Yusuf 1 oy mazza qilib skeyt uchishni o‘rgandi va uchdi. Humoyun tadbirkorlik qildi – bir oylik yo‘lkirasi qoplandi. Yusuf ham xursand, Humoyun ham.

Savol: Humoyunning tadbirkorligi startapmi? Asoslab bering.

Keys muhokama qilinadi

O‘qituvchi: Hurmatli o‘quvchilar. Keling, darsimizga yakun yasashdan oldin mana bu muhim iboralarni yodimizda saqlaymiz:

 “Orzusini rejaga aylantira olgan yosh – kelajak yetakchisi!”

 “G‘oyalar – milliy taraqqiyot urug‘lari.”

 “Innovatsiya – fikrdan boshlanadi, natija bilan tugaydi.”

 

Hafta hikmati:

“Muvaffaqiyat – har kuni olg‘a qadam tashlash natijasidir”

 


[1] TED-metodi (yoki TED-style) — bu ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy chiqishlarda qo‘llaniladigan jozibali, qisqa, ta’sirchan va shaxsiy tajribaga asoslangan nutq uslubidir. Uning nomi dunyoga mashhur TED konferensiyalaridan olingan (Technology, Entertainment, Design — ya’ni “Texnologiya, Tafakkur va Dizayn” so‘zlari bosh harflari abbraviaturasi.

Ulashish: