“Kelajak soati” darsining OTM talabalari uchun mashg‘ulot ssenariysi:
20-mavzu: “Muvaffaqiyat sirlari. Startap”
Umumiy maqsad:
Universitet talabalari ongida innovatsion tafakkurni rivojlantirish, iqtisodiy madaniyat va tadbirkorlik asoslari bo‘yicha dastlabki bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, halollik hamda mehnatsevarlik kabi ijobiy fazilatlarni qadrlash, shuningdek, o‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyalarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan faoliyatni tashkil etish.
Annotatsiya:
Mazkur mashg‘ulot davomida talabalarga “muvaffaqiyatga erishish”, innovatsiya va “startap” tushunchalarining hayotdagi ahamiyati, ularning shaxs kamoloti hamda jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida kengroq tasavvur beriladi. Dars jarayonida suhbat, loyiha ishlari, amaliy misollar, hikoyalar, videolavhalar va interaktiv o‘yinlar orqali talabalarda o‘zini o‘zi rivojlantirish, ijodiy fikrlash hamda startap faoliyati ko‘nikmalari shakllantiriladi.
Darsning maqsadlari:
- Talabalarda muvaffaqiyat tushunchasini hayotiy misollar asosida tahlil qilish orqali shaxsiy rivojlanish va o‘z-o‘zini anglashga yo‘naltirish.
- Maqsad qo‘yish, rejalashtirish va unga erishish jarayonida faol harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish.
- “Startap” atamasi va uning hayotiy ahamiyatini real loyihalar hamda amaliy misollar orqali tushuntirish.
- Ilg‘or g‘oyalar, innovatsiyalar va ijodiy fikrlashning shaxsiy hamda ijtimoiy taraqqiyotdagi o‘rnini ochib berish.
- Talabalarda ishonch, tashabbuskorlik, mas’uliyat va jamoada samarali ishlash kompetensiyalarini rivojlantirish.
Asosiy g‘oya:
Tadbirkorlik, ishbilarmonlik va biznes yuritish ko‘nikmalari – insonning iqtisodiy muvaffaqiyati, moliyaviy mustaqilligi hamda farovon hayot kechirishini ta’minlaydigan muhim omillardir.
“Startap” esa talabalar uchun innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va mustaqil faoliyat yuritishning samarali manbai hisoblanadi.
Startap – bu talabalar uchun tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rganish, innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish va amaliy tajriba orttirishning muhim manbaidir.
Kutiladigan natijalar:
Tadbirkorlik ko‘nikmalari: zarur tushunchalar va bilimlarni o‘zlashtirish.
Mustaqil ish qilish: turli loyihalar va vazifalarni mustaqil bajarish.
Biznes o‘yinlari orqali o‘rganish: mustaqil fikrlash va yangi g‘oyalar yaratish.
Mas’uliyat: belgilangan vazifalarni bajarish va mas’uliyatli qarorlar qabul qilish.
Muammolarni hal qilish: mustaqil qaror qabul qilish va masalalarni yechish ko‘nikmalari.
Startap bilimlari: startap tushunchasi va amaliy tajribalar bilan tanishish.
Taqdimot ko‘nikmalari: loyihalarni samarali taqdim etish.
Liderlik va jamoaviy ish: jamoa bilan ishlash va yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish.
Loyiha ishlari: mustaqil loyihalar ustida fikrlash va ish jarayonini boshqarish.
Metapredmet yondashuv:
Metapredmet maqsad: Talabalar muvaffaqiyat degani mehnat, reja va ishonch ekanligini hayotiy misollar orqali anglab etadilar va shu orqali o‘z biznes g‘oyalari hamda maqsadlarini aniqlash va belgilash ko‘nikmalarini shakllantiradilar.
Metapredmet natija:
Talabalar muvaffaqiyatni tashqi omad emas, balki izchillik, mehnat va rejali harakat natijasi sifatida tushunib yetadilar.
Davomiyligi: 45 daqiqa.
Dars shakli: motivatsion-interaktiv (TED usulida[1])
Uslub: “ma’ruza + suhbat + videotahlil + jamoaviy ish + refleksiya”.
Vositalar:
- PowerPoint taqdimotlar
- Videoroliklar (“Yosh startapchilar”, “O‘z g‘oya, harakati bilan muvaffaqiyatga erishgan o‘zbek yoshlari”)
- Vatman, marker, stikerlar
- “Maqsad piramidasi” chizmasi.
Dars ssenariysi
1. Kirish. Motivatsion qism (5 dаqiqа)
(TED-motivatsion usulda)
Pedagog ma’ruzani biroz noodatiy tarzda, hayotiy mazmunga ega kichik hikoya bilan boshlaydi.
Pedagog: Bir kuni tog‘ etagidan oqib o‘tuvchi kichik jilg‘a o‘z-o‘zidan o‘ylab qoldi: “Qachongacha shunchaki kichik irmoq bo‘lib oqaman? Men dengiz bo‘lishni, to‘lqinlar bilan o‘ynashni, shamol bilan bellashishni istayman”, – dedi u o‘ziga. Shu maqsadda u yo‘lini davom ettirdi. Ammo sahroga duch kelganda, jazirama issiq ta’sirida suvlar bug‘lana boshladi. Jilg‘a orqaga qaytmoqchi bo‘ldi, biroq kimningdir “To‘xtama, oqaver, davom et, sen albatta dengizga yetasan” degan ovozini eshitdi. Bu so‘zlardan ilhom olgan jilg‘a yana oqishni davom ettirdi.
Sahroning o‘rtasiga yetganda, u holdan toyib, bug‘lanib bulutga aylandi. Shamol uni dengiz tomon uchirdi. Bulut yog‘in bo‘lib dengiz ustiga quyilganda, jilg‘a o‘z maqsadiga erishganini his qildi: “Men endi dengizman, men endi baxtliman”, – dedi u quvonch bilan. Kichik jilg‘a o‘zining buyuk orzusiga yetgan edi.
Hurmatli talabalar, bu hikoya taniqli yozuvchi va motivatsion murabbiy Bodo Sheferning “G‘oliblik qonuni” nomli kitobidan olingan. Kitobda shunday hikmatli so‘zlar bitilgan:
“Bugungi dunyoda eng qimmat resurs – bu g‘oya va ishonchdir. G‘oliblik – bu tug‘ma qobiliyat emas, balki to‘g‘ri qaror va doimiy harakat natijasidir.”
Har bir inson, xususan, siz talabalarda ham shunday ichki kuch borki, agar uni ishga solsangiz, u nafaqat sizning hayotingizni, balki atrofingizdagi olamni ham o‘zgartira oladi.
Nega ayrim yoshlar tez sur’atlarda rivojlanib, o‘z sohasida yuksak muvaffaqiyatlarga erishadi, boshqalar esa o‘sha joyda to‘xtab qoladi?
Bu savolning javobi soddaligi bilan birga, chuqur hayotiy ma’noga ega:
- Ular orzularini aniq rejalarga aylantirgan.
- Rejalarini izchil harakatga aylantirgan.
- Eng muhimi – harakatni kundalik odatga aylantirishga muvaffaq bo‘lgan.
Buyuk insonlar shunday deydilar:
“Agar sen har kuni kichik g‘alabalarga erishishni odat qilsang, katta g‘alabalar o‘z-o‘zidan seni topadi.”
Shuning uchun muvaffaqiyatni orzu qilishning o‘zi yetarli emas – uni hayot tarzingizga, kundalik odatingizga aylantirish zarur. Chunki har bir kichik qadam – buyuk natijaning boshlanishidir.
Endi esa o‘zingizdan so‘rang: Siz qaysi toifaga mansub bo‘lishni istaysiz – imkoniyat kutuvchimi yoki uni yaratuvchimi?
Talabalarning javoblari
Pedagog: Har bir talaba o‘z sohasidagi kichik yutuqni “mini-startap” sifatida ko‘rishi mumkin. Chunki startap – bu faqat biznes yoki texnologiya emas, balki yangi g‘oya orqali hayotga ijobiy ta’sir ko‘rsatish jarayonidir.
- Agar siz axborot texnologiyalari yo‘nalishida tahsil olayotgan bo‘lsangiz – ishlab chiqqan yangi algoritm yoki mobil ilovangiz bu sizning startapingizdir.
- Agar siz tibbiyot talabasi bo‘lsangiz – inson salomatligini yaxshilovchi fikr, tadqiqot yoki amaliy yechimingiz – bu innovatsiyadir.
- Agar siz pedagogika yoki filologiya yo‘nalishida o‘qiyotgan bo‘lsangiz – yosh avlod tarbiyasiga ijobiy ta’sir etuvchi yangi metodikangiz – bu ijtimoiy startap hisoblanadi.
Demak, aziz talabalar, muvaffaqiyat sari harakatni boshlash uchun eng qulay vaqt – bu hozirning o‘zi. Harakat qilish – orzularni reallikka aylantirishning yagona yo‘lidir.
Endi xulosa sizdan, aziz talabalar: siz bugundan boshlab o‘zingizning muvaffaqiyat bog‘ingizni yaratishga tayyormisiz?
2. Asosiy qism (30 daqiqa)
Zamonaviy dunyoda startaplar va innovatsiyalarning ahamiyati
Pedagog: Startaplar va innovatsiyalar zamonaviy dunyoda qanday ahamiyatga ega? Ular davlatlar va jamiyatlar rivoji va butun insoniyat tarixiga qanday progressiv ta’sir o‘tkazadi?
Keling, shu savollar atrofida biroz mulohaza qilaylik.
Zamonaviy dunyoda startaplar va innovatsiyalar taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylangan. Bugungi kunda iqtisodiy o‘sish, raqobatbardoshlik va jamiyat farovonligi bevosita yangi g‘oyalar va texnologiyalarni joriy etish sur’atiga bog‘liq. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, innovatsiyaga tayangan davlatlar tezroq rivojlanadi, global bozorlarni egallaydi va o‘z fuqarolari uchun yuqori sifatli hayot sharoitini yaratadi.
Jahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlarda yalpi ichki mahsulot o‘sishining 50-60 foizi aynan innovatsiyalar va texnologik yangiliklar hisobiga to‘g‘ri keladi. Masalan, AQShda kichik innovatsion kompaniyalar va startaplar barcha ish o‘rinlarining qariyb 45 foizini yaratadi. Yevropa Ittifoqida esa startaplar har yili millionlab yangi ish o‘rinlarini ta’minlab, iqtisodiy barqarorlikka xizmat qilmoqda.
Startaplarning jamiyat rivojiga ta’siri faqat iqtisod bilan cheklanmaydi. Ular ta’lim, tibbiyot, ekologiya, transport va axborot texnologiyalari kabi sohalarda tub o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda. Masalan, onlayn ta’lim platformalari millionlab odamlarga masofadan turib bilim olish imkonini berdi, tibbiy startaplar esa erta tashxis va masofaviy davolashni ommalashtirdi. Natijada inson salomatligi, bilim darajasi va hayot sifati sezilarli darajada yaxshilanmoqda.
Tarixiy nuqtayi nazardan qaralganda ham innovatsiyalar insoniyat taraqqiyotining asosiy omili bo‘lib kelgan. Bug‘ dvigateli sanoat inqilobiga, elektr energiyasi ommaviy ishlab chiqarishga, internet esa global axborot jamiyatiga yo‘l ochdi. Bugungi startaplar aynan shu jarayonning davomi bo‘lib, sun’iy intellekt, “yashil” texnologiyalar va raqamli iqtisodiyot orqali yangi bosqichni boshlab bermoqda. OECD ma’lumotlariga ko‘ra, innovatsion faoliyatga sarmoya kiritgan davlatlar uzoq muddatda iqtisodiy inqirozlarga nisbatan ancha chidamli bo‘ladi.
Shu bois startaplar va innovatsiyalar nafaqat alohida tadbirkor yoki kompaniya uchun, balki butun davlat va jamiyat uchun strategik ahamiyatga ega. Ular yangi ish o‘rinlari yaratadi, muammolarga zamonaviy yechimlar taklif qiladi va eng muhimi, insoniyat taraqqiyotini oldinga siljitadigan progressiv kuch sifatida tarixda o‘z o‘rnini mustahkamlaydi.
Hozir men sizlarga real misollar asosida tayyorlangan videoni qo‘yib beraman, bu orqali siz startap va muvaffaqiyat konseptini amaliy jihatdan his qilasiz.
Vizual kontent
Dunyoga mashhur 5 startaper
O‘zbekistonning innovatsion taraqqiyot yo‘li
Pedagog: Xo‘sh, O‘zbekiston ushbu global tendensiyaga qay darajada qo‘shilgan? Mamlakatimizda startaplar va innovatsion g‘oyalarga e’tibor qay darajada?
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda startaplar va innovatsiyalarni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu jarayon tasodifiy emas: global raqobat sharoitida mamlakatning iqtisodiy barqarorligi, yoshlar bandligi va texnologik mustaqilligi aynan innovatsion fikrlash va yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bilan chambarchas bog‘liq.
Davlat tomonidan startap ekotizimini shakllantirish uchun tizimli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, IT va innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maxsus fondlar, grant va akseleratsiya dasturlari yo‘lga qo‘yildi. Bugun O‘zbekistonda yuzlab yoshlar o‘z startap loyihalarini aynan davlat dasturlari hisobiga boshlayapti. IT Park rezidentlari sonining yil sayin oshib borayotgani, texnologik eksport hajmining ko‘payishi buni yaqqol tasdiqlaydi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, IT xizmatlari eksporti so‘nggi yillarda bir necha barobarga oshgan va minglab yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Bu borada davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev innovatsiya va yoshlar tashabbuslariga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Prezident o‘z chiqishlarida bir necha bor zamonaviy dunyoda g‘alaba qozonish uchun faqat tabiiy resurslar emas, balki bilim, texnologiya va innovasion fikr hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan. Uning fikricha, yoshlarning startap g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash — bu kelajak iqtisodiyotiga kiritilgan eng samarali sarmoyadir.
Mamlakatda qabul qilingan davlat dasturlarida ham innovatsiya alohida ustuvorlik sifatida belgilab qo‘yilgan.
“Raqamli O‘zbekiston”, “Yoshlar — kelajagimiz” kabi tashabbuslar aynan startap fikrlashni rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va ilm-fan natijalarini amaliyotga joriy etishga xizmat qilmoqda. Bu dasturlar doirasida nafaqat IT, balki qishloq xo‘jaligi, energetika, tibbiyot va ta’lim sohalarida ham innovatsion loyihalar paydo bo‘lmoqda.
O‘zbekistonda innovatsiya va startap ekotizimini rivojlantirish maqsadida Innovatsion rivojlanish strategiyasi (2022-2026-yillar) qabul qilinib, u inson kapitalini kuchaytirish, ilm-fan natijalarini amaliyotga joriy etish va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qildi. Shuningdek, IT Park Uzbekistan kabi texnologik markazlarning tashkil etilishi startaplar va IT biznesi uchun qulay muhit yaratib, yoshlarning innovatsion g‘oyalarini bozorga olib chiqishda muhim tayanchga aylandi.
Eng muhimi, bu islohotlar jamiyat tafakkurini o‘zgartirmoqda. Ilgari ish o‘rni faqat davlat yoki katta korxona bilan bog‘lansa, bugun yoshlar o‘z g‘oyasi, bilimi va tashabbusi orqali muvaffaqiyatga erishish mumkinligini anglab yetmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekistonda startaplar va innovatsiyalar nafaqat iqtisodiy o‘sish omili, balki jamiyatning fikrlash tarzini yangilovchi, kelajak avlodni mustaqil va raqobatbardosh qilib tarbiyalaydigan muhim progressiv kuch sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Endi esa mamlakatimizda innovatsiyalar va startaplar yaratuvchilari uchun maxsus makonlar, maydonchalar tashkil etilgan. Hozir ulardan biriga videosayohat qilamiz. Ekranga e’tibor qaratamiz.
Vizual kontent
INNO Innovatsion oʻquv va ishlab chiqarish texnoparkidamiz
“Maqsadsiz harakat – yo‘lsiz yurish”
Pedagog: Hurmatli talabalar! Bilasizmi, har bir muvaffaqiyatli inson bilan tanishib, suhbat qursangiz, u eng avvalo o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ygan inson bo‘lib chiqadi. Maqsad – bu insonni oldinga yetaklovchi ichki kuch, yo‘l ko‘rsatuvchi yulduzdir. Maqsadsiz yashash – dengizda yo‘nalishsiz suzayotgan kemaga o‘xshaydi. Har biringiz o‘z hayotingizning kemasini boshqarayotgan kapitansiz. Maqsadingizni belgilang, unga erishish uchun rejangizni tuzing, va eng muhimi – harakatdan to‘xtamang. Chunki harakat – muvaffaqiyatning kalitidir.
Maqsad – bu natijaga eltuvchi yo‘lning boshlanishi. Natija – bu siz ko‘zlayotgan nuqta, orzularingizning manzili. Reja esa – shu manzil sari olib boruvchi aniq yo‘l xaritasi. Har bir inson o‘z yo‘lini to‘g‘ri belgilab, reja asosida izchil harakat qilsa, muvaffaqiyat unga albatta hamroh bo‘ladi.
Hurmatli talabalar! Bugun biz “Maqsad piramidasi” deb nomlangan interfaol o‘yinni o‘ynaymiz. Ushbu o‘yin orqali biz maqsadning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatini aniqlab olamiz.
Sizlar uch pog‘onali shakl – “maqsad piramidasi”ni tuzasiz:
- Mening rejalarim;
- Mening maqsadim;
- Mening orzuim;
Talabalar ushbu uch pog‘onaga mos misollarni yozib, stikerga joylashtiradi. So‘ngra stikerlarni pedagogga topshiradi. Pedagog har bir stiker bilan tanishib chiqadi va talabalar bilan birgalikda maqsad, reja hamda orzu o‘rtasidagi farqni muhokama qiladi.
Pedagog: Bilasizmi, muvaffaqiyatning ildizi – orzuda, tanasi – rejada, mevasi esa – harakatdir. Maqsadga erishish jarayonida hozirgi kunda startaplar keng qo‘llanilmoqda.
Siz ingliz tilini yaxshi bilasiz. “Start” – boshlanish, “up” – yuqoriga ko‘tarilish degani. Shu ma’noda, startap – bu yangi g‘oyani amaliyotga tatbiq etish orqali insonning o‘ziga, jamiyatga va Vataniga foyda keltiradigan faoliyatni boshlash demakdir.
%2020%2B/9-11/20/Screenshot%202026-01-22%20at%209.18.42%E2%80%AFAM.png)
2-bosqich: “Muvaffaqiyat siri: Jahon tajribalaridan saboqlar”
Pedagog: Asrlar davomida insonlarning orzu-umidlari ularni yangi kashfiyotlar qilishga, ulkan ishlarni amalga oshirishga undagan. Ayniqsa, zamonaviy dunyoda tadbirkorlik – insonning orzularini ro‘yobga chiqarish va jamiyatga foyda keltirishning eng samarali yo‘llaridan biri hisoblanadi.
Keling hozir shu yo‘ldan muvaffaqiyatli o‘tib, katta natijalarga erishgan tadbirkor, Amerikada yashaydigan taniqli startaper Akmal Payziyev haqida videoni tomosha qilamiz.
Vizual kontent
AQSh: Akmal Payziyevning startap evolyutsiyasi
Lavha muhokamasi (3 daqiqa).
Pedagog: Jahonga mashhur tadbirkorlarning hayoti va faoliyati shuni ko‘rsatadiki, muvaffaqiyatga erishishning asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:
- Orzudan chekinmaslik – har doim katta maqsad sari intilish.
- Mehnat va intizomdan qochmaslik – izchil harakat muvaffaqiyatning poydevoridir.
- Xatolardan saboq olish – har bir muvaffaqiyatsizlikdan nimadir o‘rganish imkoniyati.
- Yangi g‘oyalarni sinab ko‘rishdan qo‘rqmaslik – innovatsiya va ijodiy yondashuvni rivojlantiradi.
- Jamiyatga foyda keltirishni maqsad qilish – shaxsiy muvaffaqiyatni umumiy foyda bilan uyg‘unlashtirish muvaffaqiyat kalitidir.
Shu tamoyillarni o‘z hayotingizga tatbiq qilganingizda, siz ham jahon tajribasidan saboq olib, muvaffaqiyat sari intilishingiz mumkin.
Muhim savollar
- Siz biror mavzu bo‘yicha yangi g‘oya o‘ylab ko‘rganmisiz?
- Ushbu g‘oyadan kimlar foyda olishi mumkin?
- Agar imkoniyat bo‘lsa, siz qaysi startapni boshlashni xohlardingiz?
Talabalarning javoblari tinglanadi va muhokama qilinadi.
Interfaol mashq
Keling, hozir biz uch guruhga bo‘linib, “Mening g‘oyam — mening startapim” nomli guruhli o‘yin o‘ynaymiz.
Har bir guruhga 3 daqiqa vaqt beriladi, ushbu muddat ichida ular kichik startap g‘oyasini ishlab chiqadi va uni ifodalaydi.
Masalan:
- “Eko-hayot” — plastiksiz atrof-muhitni tozalash loyihasi
- “UzTutor” — yoshlar uchun onlayn dars platformasi
- “BookBot” — kitob tavsiyalari beruvchi chat-bot
Har bir guruh 1 daqiqa ichida o‘z g‘oyasini taqdimot qiladi va boshqa guruhlar bilan fikr almashadi.
Ushbu mashq orqali talabalar ijodiy fikrlash, jamoada ishlash va startap g‘oyalari yaratish ko‘nikmalarini rivojlantiradilar
3-bosqich: “Innovatsiya — yangi fikr, yangi hayot”
Pedagog: Aziz talabalar, sizlar innovatsiya nima ekanligini bilasizmi? Innovatsiya — bu faqat yangi narsani yaratish emas, balki mavjud narsani yangi tarzda ko‘ra olish qobiliyatidir. Masalan, telefonni faqat qo‘ng‘iroq uchun emas, balki ta’lim uchun ishlatish — bu ham innovatsiya hisoblanadi.”
Demak, innovatsiya — bu har bir yoshning qalbida mavjud yangi imkoniyatga ishonchdir. Har birimizda innovatsiya qilishga qodir bo‘lgan fikr bor, faqat uni uyg‘otish kerak ekan!”
Har bir yangi yondashuv, har bir ijodiy qaror sizning hayotingizda va jamiyatda yangiliklarni yaratishi mumkin. Innovatsiya — bu faqat texnologiya emas, balki fikrlash tarzimizni, yondashuvimizni va ijodiy qobiliyatimizni rivojlantirish vositasidir.
Yakuniy qism (10 daqiqa)
Refleksiya – “Muvaffaqiyat kaliti menda!”
Talabalar stikerga quyidagi jumlani tugallanmagan holda yozadilar:
“Men muvaffaqiyatli bo‘lishim uchun …”
Masalan:
“… har kuni o‘z ustimda ishlayman”
“… rejalar tuzaman”
“… g‘oyamni sinab ko‘raman”
“… qo‘rqmasdan boshlayman”
Stikerlar vatmanga ilinadi va shu orqali “Muvaffaqiyat devori” hosil qilinadi. Fon uchun yumshoq, motivatsion musiqa o‘ynatiladi.
Pedagog: Aziz talabalar, muvaffaqiyat – bu omad emas, balki rejali mehnat va izchillik natijasidir.
Startap – bu faqat biznes emas, balki jamiyatga foyda keltiradigan fikr va ijodiy yondashuvdir.
Endi esa bir ajoyib kinotavsiyalar aks etgan videoni qo‘yib beraman. Hammangiz kino tomosha qilishni yaxshi ko‘rasiz, to‘g‘rimi? Hozirgi videolavhada sizlarga omadli startaplar va innovatsion g‘oyalar haqida eng yaxshi badiiy filmlar tavsiya qilingan. Ularning nomlarini daftarlaringizga qayd eting va albatta ularni tomosha qiling. Kelishdikmi? Ekranga qaraymiz.
Vizual kontent
Kinotavsiya: startaplar va ixtirolar haqida qiziqarli filmlar
https://t.me/kelajaksoati_rasmiy/351
Pedagog:Aziz yoshlar, muvaffaqiyatga yetishish uchun quyidagi uch qadamni doimo yodda tuting:
1. Orzu qiling – o‘z maqsadingiz va istaklaringizni aniqlang.
2. Reja tuzing – orzuingizni amalga oshirish uchun aniq qadamlar belgilang.
3. Harakat qiling – rejangizni izchil va qat’iy ravishda bajarish orqali natijaga erishing.
Eslatma: Muvaffaqiyat – bu omad emas, balki intizom, mehnat va sabr natijasidir.
Shunday qilib, biz muvaffaqiyat sirini o‘rganib oldik va sizlar uni amalga oshirishga qodir yoshlarsiz!
“Muvaffaqiyat – orzudan boshlanadi, reja bilan o‘sadi, harakat bilan gullaydi.”
“Sizning g‘oyangiz – Yangi O‘zbekistonni yaratadi!”
[1] TED-metodi (yoki TED-style) – bu ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy chiqishlarda qo‘llaniladigan jozibali, qisqa, ta’sirchan va shaxsiy tajribaga asoslangan nutq uslubidir. Uning nomi dunyoga mashhur TED konferensiyalaridan olingan (Technology, Entertainment, Design – ya’ni “Texnologiya, Tafakkur va Dizayn” so‘zlari bosh harflari abbraviaturasi.