MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARI TARBIYALANUVCHILAR UCHUN DAVRA SUHBATI:
“BIZ ZO‘RAVONLIKKA QARSHIMIZ”
Davra suhbatining maqsadi:
– Bolalarda zo‘ravonlikka nisbatan salbiy munosabatni shakllantirish.
– Do‘stlik, mehr-oqibat ko‘nikmasini rivojlantirish.
– Bir-birini hurmat qilish tushunchalarini singdirish.
Kutilayotgan natijalar:
– Bolalar zo‘ravonlik nima ekanini anglaydi.
– Do‘stlik va hurmatning muhimligini tushunib yetadi.
– Bir-biriga mehr bilan munosabatda bo‘lish odatini shakllantiradi.
– Nizoli paytda – tinch yo‘l bilan yechim topishni o‘rganadi.
Kerakli jihozlar:
– Do‘stona munosabatlar va zo‘ravonlik aks etgan suratlar.
Davra suhbatining davomiyligi: 7-10 daqiqa
KIRISH QISMI:
Tarbiyachi: Assalomu alaykum, aziz bolajonlar! Bugun biz sizlar bilan juda muhim bir mavzuda suhbatlashamiz. Har bir odam mehrga, do‘stlikka, tushunishga muhtoj. Ammo ba’zida kimdir boshqasiga qattiq gapiradi, uni uradi, haqorat qiladi. Bu – zo‘ravonlik deb ataladi. Bugun biz shu haqida gaplashamiz va uni qanday to‘xtatish mumkinligini bilib olamiz.
Bolajonlar, birinchi qatordagi rasmlarga qarang. Nimalarni koʻryapsiz?
%2020%2B/mtt/21/3.png)
Tarbiyachi: Ayting-chi, bolajonlar, bu rasmlarda qanday holatlar tasvirlangan?
Bolalar javobi tinglanadi.
Tarbiyachi: Juda to‘g‘ri! Bunday holatlar “zo‘ravonlik” deyiladi. Zo‘ravonlik – yomon. Bolalarni urish, ularga qo‘pol muomala qilish mumkin emas. Bu juda yomon ish hisoblanadi. Endi esa, ikkinchi qatordagi rasmlarga diqqatingizni qarating.
%2020%2B/mtt/21/7.png)
Tarbiyachi: Xo‘sh, bu rasmlarda nimalar aks ettirilganligini koʻryapsizlar?
Bolalar javobi tinglanadi.
Tarbiyachi: Juda to‘g‘ri! Yaxshi odamlar zo‘ravonlik ko‘rsatilayotgan bolalarni himoya qilishmoqda. Demak, zo‘ravonlik qilish, birovlarga qattiq va og‘ir harakatlarni ko‘rsatish, og‘riq berish mutlaqo mumkin emas.
Savol–javob:
Tarbiyachi: Kimdir sizga qattiq gapirsa, nima qilasiz? Yig‘laysiz, to‘g‘rimi?
Biror kishi sizni itarib yuborsa, qanday javob qaytarasiz?
Do‘stingiz bilan urishib qolsangiz, nima qilish kerak?
Bolalar javoblari tinglanadi va to‘g‘ri va noto‘g‘ri javoblar muhokama qilinadi.
Sahna ko‘rinishi
1–vaziyat: Ikki bola bir o‘yinchoq ustida tortishib qoladi. Ulardan biri itaradi.
2–vaziyat: Ikki bola navbat kutmay, o‘zaro urishadi.
3–vaziyat: Bir bola boshqasiga yordam beradi, o‘yinchoqni ulashadi.
Har bir sahna so‘ngida vaziyat tahlil qilib, qanday yo‘l tutish kerakligi aytiladi.
Yod olish uchun she’r
Zo‘ravonlik yomon ish,
Bizlar undan yiroqmiz.
Ahil bo‘lib o‘ynaymiz,
Mehr berib yashaymiz!
Tarbiyachi: Kelinglar, endi sevimli Zuhra buvimizdan zo‘ravonlik yomon odat ekanligi haqida bir voqeani eshitamiz.
Vizual kontent
Qoʻshnimning nabirasi zoʻravon edi – Zuhra buvi hikoyasi
XULOSA
Tarbiyachi: Aziz bolajonlar, hayotda hammamiz bir-birimizga do‘st, mehribon bo‘lishimiz kerak. Zo‘ravonlik hech kimga foyda bermaydi, aksincha, yurakni og‘ritadi. Kelinglar, bugundan boshlab har doim do‘stona, mehribon bo‘lib yashaylik.
Barcha bolalar bir ovozda: “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz!”