MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARI TARBIYALANUVCHILAR
UCHUN DAVRA SUHBATI:
“TOZALIK – BU SALOMATLIK”
Davra suhbatining maqsadi:
– Bolalarda shaxsiy gigiyena odatlarini shakllantirish.
– Ularni atrof-muhit tozaligini asrashga o‘rgatish.
– Sog‘lom turmush tarziga intilish ko‘nikmalarini shakllantirish.
Kutilayotgan natijalar:
– Bolalarda gigiyena va tozalikning salomatlikdagi ahamiyati haqida tushuncha shakllanadi.
– Shaxsiy gigiyena qoidalari, qo‘l yuvish, toza kiyim va yashash joyini ozoda saqlash kabi odatlar haqida bilishadi.
– Tozalikni kundalik hayotga tadbiq etish ko‘nikmalari shakllanadi.
– Har kuni tish yuvish, qo‘lni sovun bilan yuvish, axlatni belgilangan joyga tashlash odatga aylanadi.
– Bolalarda o‘z salomatligi uchun mas’uliyat hissi paydo bo‘ladi.
– Atrof-muhitni ozoda saqlash borasida ongli munosabat shakllanadi.
Kerakli jihozlar:
– Gigiyena vositalari: tish tozalagich, sovun, sochiq.
– Rasmlar: “Qo‘l yuvish bosqichlari”, “Toza bola – sog‘lom bola”.
Davra suhbatining davomiyligi: 7-10 daqiqa.
KIRISH QISMI:
Tarbiyachi: Assalomu alaykum, aziz bolajonlar! Bugun biz juda muhim bir mavzu haqida suhbatlashamiz. Bolajonlar, tozalik nima o‘zi?
Bolalar javobi tinglanadi.
Tarbiyachi: Juda to‘g‘ri aytdingiz! Tozalik bu – sog‘liq garovi. Agar biz har doim tanamizni, kiyimimizni, uydagi va bog‘chadagi buyumlarni toza tutsak, sira kasal bo‘lmaymiz va o‘zimizni yaxshi his qilamiz.
Interfaol savol-javob:
1. Uyga kelganingizda birinchi nima qilasiz?
2. Qo‘llarni qachon va qanday yuvamiz?
3. Tishlarimizni necha marta tozalaymiz?
4. Har kuni cho‘milish kerakmi?
5. Atrof-muhitni ifloslantiradigan narsalar nimalar?
6. Xonani qanday qilib toza tutishimiz mumkin?
Bolalar javobi tinglanadi.
Tarbiyachi: Bolajonlar, endi rasmlarga qarab gapiramiz.
%2020%2B/mtt/22/22.png)
Tarbiyachi: Rasmlardagi bolalarga ism qo‘yib, ular nima qilayotganlari haqida gapirib beringlar.
Bolalar javobi tinglanadi.
ERTAK
“Tozalikka o‘rgangan hayvonlar”
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qalin o‘rmon ichida hayvonlar yashar ekan. Ularning orasida Quyoncha, Ayiqvoy, Tulki, va Tovuqcha bor ekan. Bu o‘rmonda hammayoq chiroyli, yashil, havo esa toza ekan. Faqat birgina muammo bor ekan.
Ba’zi hayvonlar tozalikni unutishar ekan. Bir kuni Tovuqcha hayvonlarga dars o‘tibdi:
– Bolajonlar, har kuni ozoda yursak, sog‘lom bo‘lamiz! Qo‘llarimizni yuvaylik, tishlarimizni tozalaylik!
Quyoncha darrov o‘rnidan turibdi:
– Men har kuni quloqlarimni tozalayman.
Tulki o‘rnidan turib debdi:
– Men-chi? Men faqat yomg‘ir yog‘sa yuvaman.
Ayiqvoy esa yonidan pichan olib, yuzini artib debdi:
– Men esa, mana bunday artinaman! Sovun kerak emas!
Tovuqcha jiddiy ohangda aytibdi:
– Sizlar xato qilyapsizlar! Mikroblar ko‘rinmaydi, lekin qo‘l yuvish juda zarur! Qo‘l yuvmasangiz, kasal bo‘lib qolalasizlar!
Ertasi kuni Tulkining qorni og‘rib qolibdi. Ayiqvoy esa burni oqib, ishtaxasiz bo‘lib qolibdi. Faqat Quyoncha va Tovuqcha sog‘lom bo‘libdi. Shifokor Boyo‘g‘li kelibdi va ularga shunday debdi:
– Mikroblar qo‘llaringizda, burningizda bo‘lgan! Tishlaringizni yuvmadingiz, sovun ishlatmadingiz, shuning uchun kasal bo‘ldingiz!
Tulki va Ayiqvoy pushaymon bo‘libdi:
– Endi biz ham tozalik qoidalariga amal qilamiz! Qo‘llarimizni sovunlab yuvamiz, har kuni tish tozalaymiz! Tovuqcha quvonibdi:
Juda yaxshi! Endi o‘rmonimizdagi barcha hayvonlar sog‘lom va baxtli bo‘ladi!
Shundan so‘ng o‘rmondagi barcha hayvonlar gigiyena qoidalariga amal qilib yashay boshlabdi.
Har bir savolga bolalarning fikrlari eshitiladi, kerakli joylarda to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatiladi.
Tarbiyachi: Bolajonlar, demak, tozalik bu nafaqat chiroyli ko‘rinish, balki salomatlikning asosi ham ekan. Hammamiz har kuni tozalik qoidalariga amal qilishimiz kerak. Kim har kuni tishlarini tozalaydi? Qo‘lini sovunlab yuvadi?
Bolalar qo‘llarini ko‘taradi.
Juda yaxshi! Sog‘lom, baxtli bo‘lib ulg‘ayishingiz uchun tozalik qoidalariga doimo amal qilishingiz kerak.
Tarbiyachi: Bolajonlar, endi sizlar bilan tozalik haqida bir video tomosha qilamiz. Keyin esa suhbatimizni davom ettiramiz.
Vizual content
Bu video – siz haqingizda
XULOSA
Tarbiyachi: Bolajonlar, bugun biz juda muhim narsani o‘rgandik. Tozalik bu faqat chiroyli ko‘rinish emas, balki sog‘lom bo‘lishning eng asosiy shartidir. Agar siz har kuni qo‘llaringizni sovunlab yuvsangiz, tishlaringizni tozalasangiz, kiyimlaringiz va atrofingizni ozoda tutsangiz, sizni kasalliklar chetlab o‘tadi. Toza bola doimo tetik, quvnoq va baxtli bo‘ladi. Shuning uchun bog‘chada ham, uyda ham tozalik qoidalariga amal qilaylik, axlatni belgilangan joyga tashlaylik, tabiatni asraylik. Men ishonaman, sizlar har kuni tozalikni odatga aylantirib, sog‘lom va aqlli bo‘lib ulg‘ayasizlar.