MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARI TARBIYALANUVCHILARI UCHUN DAVRA SUHBATI:
“MENING DO‘STLARIM”
Davra suhbatining maqsadi:
– Bolalarda do‘stlik, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat fazilatlarni shakllantirish.
– O‘z do‘stlari haqida faxr bilan so‘zlay olish, ularning yaxshi fazilatlarini qadrlashga o‘rgatish.
– Guruhda do‘stona muhit yaratishga, o‘zaro hurmat va birdamlikka undash.
Kutilayotgan natijalar:
– Bolalar do‘stlik haqida tushunchaga ega bo‘ladilar.
– Do‘stga mehr ko‘rsatish, uni asrash, hurmat qilishni o‘rganadilar.
– Nutq faoliyati, fikr bildirish va eshitish ko‘nikmalari rivojlanadi.
Kerakli jihozlar:
– Do‘stlik mavzusiga oid rasmlar.
– Do‘stlik mavzusidagi chizilgan plakatlar.
– Yurakcha shaklidagi sovgʻalar yoki belgilar.
Davra suhbatining davomiyligi: 7-10 daqiqa.
I.KIRISH QISM
Tarbiyachi: Bolajonlar, bugun biz juda iliq va mehrli mavzu haqida gaplashamiz. Bugungi suhbatimizning nomi — “Mening do‘stlarim”.
Avvalo ayting-chi, do‘stlaringiz bormi?
(Bolalar “ha” deb javob berishadi)
— Juda yaxshi! Kelinglar, hozir rasmga qaraymiz.
Bolajonlar, sizlar ko‘rib turgan rasmlarda kimlar aks etgan?
%2020%2B/mtt/23/2.png)
%2020%2B/mtt/23/4.png)
Savollar:
1. Rasmda kimlarni ko‘ryapsiz?
2. Bolalar nima qilyaptilar?
3. Bolalar qayerda o‘ynayaptilar?
Bolalarning javoblari tinglanadi.
Interfaol savol-javob:
“YUMSHOQ O‘YINCHOQ” METODI
(Nutqni faollashtirish uchun)
Tarbiyachi yumshoq o‘yinchoqni ko‘taradi:
— Hozir bu o‘yinchoq do‘stimiz bo‘ladi. Kim uni ushlab tursa, o‘sha bola gapiradi.
– Eng yaqin do‘stingiz kim?
– Do‘stingiz bilan nima o‘ynaysiz?
– Do‘stingiz siz bilan qanday muomala qiladi?
(Bolalar navbat bilan javob beradilar)
– Agar do‘stingiz xafa bo‘lsa, nima qilasiz? – Uni darhol yupatasiz va bagʻringizga bosasiz. To‘gʻrimi?
Bolalarning javoblari tinglanadi.
Tarbiyachi: Bolajonlar, qanday bolalarni “Yaxshi doʻst” deb atash mumkin?
Bolalarning javoblari tinglanadi.
Tarbiyachi: Toʻgʻri aytdingiz, bolalar bilan ahil boʻlib oʻynash, oʻzaro yordam berish va koʻmaklashish bu – oʻrtoqlik, doʻstlik degani. Doʻstlar yonma-yon oʻynay olishi, bir-birlariga yordam berishlari kerak, oʻrtogʻining yutuqlaridan quvonish kerak.
Men hozir sizlarga ikki do‘st haqida ertak aytib beraman.
“Ikki do‘st” ertak
Ikki doʻst oʻrmonda aylanib yurganlarida toʻsatdan ayiqqa duch kelib qolishibdi. Ulardan birinchisi shoshib daraxtga chiqib olibdi va ayiqning changalidan qutulib qolibdi. Ikkinchisi esa, hech narsa qoʻlidan kelmasligini bilib, oʻzini oʻlganga solib yotib olibdi. Ayiq yerda yotgan kishining oldiga kelib, qulogʻini hidlabdi. Hatto uni turtib ham koʻribdi. Kishini oʻlgan deb oʻylab, unga tegmasdan ketib qolibdi.
Ayiq ketgach, haligi kishining doʻsti daraxtdan tushib kelib:
– Doʻstim, ayiq qulogʻingga nima deb shivirladi? – deb soʻrabdi.
– U menga: qiyinchilik paytida tashlab ketadigan doʻst bilan sayohatga chiqishni yaxshilab oʻylab koʻrmabsan-da, dedi, xolos, – deb javob beribdi doʻsti.
Qissadan hissa shuki, doʻstlik qiyinchilikda sinaladi. “Do‘st sinovda bilinar!” degan maqol hozirgina sizlar eshitgan ertakka toʻgʻri keladimi? Siz bu maqolni qanday tushindingiz?
Bolalarning javoblari tinglanadi.
Tarbiyachi: Bolajonlar, haqiqiy doʻstlar boshga ish tushganda yordam qoʻlini choʻzadilar. Oʻrtoqlaridan xafa bo‘lmaydilar. Doʻstlaringiz koʻp boʻlishiga, ular bilan chin doʻst boʻlishga harakat qilinglar! Ular qancha koʻp boʻlsalar, shuncha baxtiyor boʻlasizlar!
“YURAKCHANI BER” O‘YINI
(Mehr-oqibatni mustahkamlash uchun)
Tarbiyachi yurakcha shaklidagi stikerlarni tarqatadi.
— Endi har biringiz yurakchani yoningizdagi do‘stingizga bering va shunday deng: “Sen mening do‘stimsan!”
(Bolalar bir-biriga yurakcha berishadi, muhit iliqlashadi)
Yod olish uchun she’r
Do‘stlarim
Do‘stlarim ko‘p – mehribon,
O‘ynaymiz biz sho‘x shodon.
Barchamiz do‘st, o‘rtoqmiz,
Ahillikda inoqmiz!
Do‘stlik
T. Adashboyev
Nasibaning olmasi
Tushib ketdi ariqqa.
Tutqich bermay o‘ynaydi,
O‘xshab oltin baliqqa.
Sodiqjon ko‘rib qolib,
Olmani ushlab berdi.
“Rahmat” aytib, Nasiba,
Yarmisin tishlab berdi.
Salom, do‘stim
Qambar OTA
Salom, do‘stim
Qo‘lingni ber,
Yaxshilikka
Yo‘lingni bur.
Ezgu bo‘lsa
Tilagingda,
Do‘stlik jo‘shar
Yuragingda.
Tarbiyachi: Endi esa Zuhra buvidan do‘stlik haqida hikoya eshitamiz. Ekranga qaranglar-chi, bolajonlar.
Vizual kontent
Aybsiz doʻst qidirsang, doʻstsiz qolasan – Zuhra buvi hikoyasi
XULOSA
Tarbiyachi (mashg‘ulotni xulosa bilan tugatadi): Bolajonlar, do‘stlar bir-birini xafa qilmaydi, o‘yinchoqlarini qizg‘anmaydi, yordam beradi. Shunda do‘stlik yanada mustahkam bo‘ladi. Sizlar ham shunday mehribon, ahil bolalar bo‘linglar. Chunki haqiqiy do‘stlik — eng katta boylik.
Endi birga aytamiz:
“Biz do‘stmiz! Biz ahilmiz!”
(Bolalar bilan xayrlashiladi)