
Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasiga vazir tabrigi
28-may – 3-iyun kunlari poytaxtimiz yirik ilm-fan haftaligiga mezbonlik qildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi hamda Fan olimpiadalari markazi tomonidan Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi o‘tkazildi. Kecha musobaqani tantanali yakunlab, gʻoliblarni taqdirladik.
Ikkinchi marotaba tashkil etilgan mazkur olimpiadada dunyoning 13 mamlakati — Saudiya Arabistoni, Turkiya, Ozarbayjon, Mongoliya, Belarus, Vetnam, Rossiya, Gruziya, Hindiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston davlatlaridan kelgan hamda O‘zbekiston vakillaridan iborat, jami 115 nafar (28 ta jamoa) o‘quvchi-yoshlari ishtirok etdi.
Xalqaro olimpiadaning yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida hakamlar hay’ati tarkibiga xalqaro olimpiadalar sohasida ko‘p yillik tajriba va salohiyatga ega xorijlik mutaxassislar, shuningdek, oʻzbekistonlik olimlarimiz ham jalb etildi.
Musobaqada jami 69 nafar ishtirokchi o‘quvchilar turli darajalardagi medallar bilan taqdirlandi. Ular orasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar 19 ta (6 ta oltin, 8 ta kumush, 5 ta bronza) medal bilan xalqaro olimpiadaning yakka peshqadamiga aylangani esa quvonarli holat, albatta.
Mazkur olimpiada iyul oyida o‘tkaziladigan Xalqaro Kimyo Olimpiadasi(IChO)ga navbatdagi tayyorgarlik bosqichi bo‘lib xizmat qiladi.
Eslatma: Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan va u ilk marotaba 2023-yili Xiva shahrida o‘tkazilgan edi.
Barcha gʻoliblarni yana bir bor tabriklayman! Mamlakatimiz yirik ilm-fan tadbirlariga mezbonlik qilaversin, unda oʻgʻil-qizlarimiz munosib ishtirok etib, Vatanimiz bayrogʻini yuksaklarga koʻtaraversin!
@hilola_umarova