
Belarusdagi forum ta’lim, fan va ilmiy tadqiqot sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun muhim ko‘prik bo‘lmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiyaning 2025-yil 2–3-sentabr kunlari Belarus Respublikasiga tashrifi doirasida Vitebsk shahrida O‘zbekiston-Belarus tadbirkor ayollarining uchinchi biznes-forumi o‘tkazilmoqda.
Forumning birinchi kuni doirasida “Belarus – O‘zbekiston: ta’lim, fan va sog‘liqni saqlash sohasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari” mavzusida 4-seksiya bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev ma’ruza bilan ishtirok etdi. O‘z chiqishida u so‘nggi yillarda O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar natijasida ularning ulushi oshganini qayd etdi.
Shuningdek, yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish, startap loyihalarini moliyalashtirish borasida qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Seksiya yakunida O‘zbekiston va Belarus oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.