
Hammamizda bir-biriga juda oʻxshaydigan “So’nggi qo’ng’iroq” hikoyasi bor...
Hammamizda bir-biriga juda oʻxshaydigan “So’nggi qo’ng’iroq” hikoyasi bor. Erta tongdan maktabiga gul ko’tarib kelgan bolakayda ham, tasma bog’langan sochlarini ikkita qilib o’rib olgan qizaloqda ham, ilk marotaba maktabga qadam qo’ygan kichkintoylarda ham yoki maktabni tark etayotgan bitiruvchilarda ham birdek hayajon bor.
Bugun Yakkasaroy tumani 91-sonli maktabda o‘tkazilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida qatnashib, ana shunday hissiyotlarga guvoh boʻldim.
Maktabning 126 nafar bitiruvchilarning 25 nafari milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lgani, 10 nafari muddatidan avval oliygohlar talabasi bo‘lgani esa barchamizni quvontiradi.
Misol uchun, Jasmina Boltayeva bir vaqtning o‘zida 14 ta xorijiy oliygohga talabalikka tavsiya etilgani, ular orasida Kolumbiya, Illinoys kabi nufuzli ta’lim dargohlari ham borligi hammamizni xursand qiladi.
Yoki yana bir misol, kuni kecha Prezidentimiz bilan Sloveniyada ko‘rishgan va kelajakda sun’iy intellekt loyihalarini rivojlantirmoqchi bo‘lgan Lyublyana universiteti talabasi Isxakov Shaxriyor ham aynan shu maktabning o‘tgan o‘quv yilgi bitiruvchisi ekani quvonarli hol, albatta.
Bu kabi natijalarga erishishda maktab rahbariyati, fidoyi ustozlar mehnati alohida o‘rin tutadi.
Bugun mamlakatimiz maktablari boʻylab “Soʻnggi qoʻngʻiroq” yangramoqda. Imkon boʻlsa barchasida qatnashib, samimiy tilaklarimni jonli tarzda yetkazgan boʻlardim. Boisi nafaqat bitiruvchilar, barcha oʻquvchilariga aytar soʻzlarim bor.
Mana shu hayajonli kunda bir sinf yuqorilagan qadrli o’quvchilarim, sizning ulg’ayishingiz xuddiki hayotning qaysidir marrasini zabt etishga o’xshaydi. Yangi o’quv yilida yanada ko’proq yutuqlarga erishishingizni xohlayman.
Maktab bilan xayrlashayotgan, katta hayotga parvoz qilayotgan uka-singillarim, ustozlaringiz bergan bilim va tarbiyani doim oqlang. Unutmang, ortingizda qolganlar qachondir “u bizning o’quvchimiz” deya, sizdan faxrlanishni istaydi.
Bugungi qo’ng’iroqning ovozini chorlov hamda chaqiriq sifatida qabul qiling! Maktabingiz, ustozlaringiz va men sizlarni juda yaxshi ko’ramiz!
@hilola_umarova