
INKLYUZIV TA'LIM SOHASIDA INNOVATSION YONDASHUVLAR KENG JORIY ETILADI
Poytaxtimizda Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti tomonidan “Ta'lim jarayoni sub'ektlarida inklyuziv madaniyatni rivojlantirishga oid xalqaro tajribalar: muammolar va yechimlar” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Ta'lim jarayonida inklyuziv madaniyatni shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajribalarni o‘rganish, ta'lim jarayoni sub'ektlari o‘rtasida o‘zaro hurmat va teng imkoniyatlarni ta'minlash, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularning samarali yechimlarini ishlab chiqish maqsadida tashkil etilgan tadbirda inklyuziv ta'lim sohasida innovasion yondashuvlar, zamonaviy metodologiyalar va ilg‘or tajribalar muhokama qilindi.
Anjumanga O‘zbekiston, MDH mamlakatlari hamda boshqa xorijiy davlatlardan 160 ga yaqin ilmiy maqola taqdim etildi, shundan 100 tasi ilmiy kengash tomonidan saralab olindi va muhokama qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan inklyuziv ta'limni rivojlantirishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ta'lim jarayonida innovasion yondashuv va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, maxsus ehtiyojga ega bolalar uchun qulay ta'lim muhiti yaratish, o‘qituvchilar malakasini oshirish va inklyuziv pedagogika bo‘yicha maxsus dasturlar ishlab chiqish kabi inklyuziv ta'lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tadbirda qayd etilganidek, mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjuman inklyuziv ta'lim madaniyatini rivojlantirish yo‘lida muhim bosqich bo‘lib, bu boradagi ilmiy-tadqiqot va amaliy faoliyatni yanada faollashtirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboeva,
Oybek Pardaev(surat),
O‘zA