
Kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish va ularni baholash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi
“Ta’limda sifat bo‘lishi uchun eng avvalo pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimi bunga tayyor bo‘lishi kerak”,
- dedi Prezident yig‘ilishda.
Bu borada Avloniy malaka oshirish instituti transformatsiya qilinib, uning 13 ta hududiy markazi qayta tashkil etilishi belgilandi.
Nizomiy oliygohi – Milliy pedagogika universiteti sifatida tayanch oliygoh, uning rektori esa bir vaqtning o‘zida kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazir o‘rinbosari hisoblanadi. Hududlardagi 12 ta pedagogika oliygohi ham MMTV tizimiga o‘tkazildi.
Pedagog, talaba va o‘quvchilar bilim va ko‘nikmasini baholashning yagona tizimi yaratilib, mustaqil bo‘lgan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil qilindi.
Endilikda mutasaddilar yaratilgan imkoniyatlar asosida kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish va ularni baholash bo‘yicha mutlaqo yangi tizimni joriy qilishi belgilandi.
Bundan buyon barcha pedagogika oliygohlari faoliyati tubdan o‘zgarishi belgilandi. Prezidentimiz buni Termiz pedagogika instituti misolida tushuntirib berdi.
Bu oliygohga Yangi O‘zbekiston universitetidagi kabi xalqaro boshqaruv tizimi tatbiq etiladi. “Top” xorijiy oliygohlar tajribasi asosida fakultetlar o‘rnida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha 6 ta oliy maktab tashkil qilinadi.
Aniq fanlar maktabida Myunxen texnika universiteti ta’lim dasturlari joriy etiladi. Qolganlari esa Kembrij universiteti talablari asosida to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi.
Oliygohdagi fanlar soni ham maqbullashib, 20 tadan 15 taga, ta’lim yo‘nalishlari 31 tadan 17 taga tushiriladi, o‘quv yuklamasi 20 foizga qisqaradi.
Termiz shahri va tumanidagi 47 ta maktab oliygohning amaliyot bazasiga aylantiriladi. 3 ta ixtisoslashgan hamda yangi baholash tizimiga o‘tgan 12 ta maktab esa metodik baza bo‘lib, oliygoh ularni zamonaviy laboratoriya bilan ta’minlaydi.
Oliygohni xorijiy til sertifikati bor 20 nafar o‘qituvchisi shu yil Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.
Kelgusi uch yilda institutning barcha professor-o‘qituvchilari xorijiy til sertifikatini olib, chet elda o‘qib keladi.
Bu tizim barcha pedagogika oliygohlarida joriy etiladi.
Bundan tashqari Avloniy malaka oshirish institutining 13 ta hududiy markazidagi yondashuvlarni ham, dasturlarni ham tubdan o‘zgartirish zarurligi ta’kidlandi.
Masalan, Jizzax malaka oshirish markazidagi 60 nafar professor-o‘qituvchining barchasi AQSH, Buyuk Britaniya, Singapur, Germaniyani yetakchi oliygohlari dasturlari asosida qayta tayyorlanadi.
Shu bilan birga, maktabdagi 17 ta fanni har biri bo‘yicha alohida tayanch maktablari bo‘ladi.
Har bir tayanch maktabning 1 nafar o‘qituvchisi Malaka oshirish markaziga kelib, o‘z yo‘nalishida xalqaro dasturlar asosida chuqur tayyorlanadi, ularga trener maqomi beriladi. Ya’ni, ularning bilim va amaliy ko‘nikmasi markaz o‘qituvchisidan kam bo‘lmaydi.
Ushbu trenerlar o‘ziga biriktirilgan hududdagi 25 nafar yetakchi o‘qituvchini o‘qitadi, yetakchi o‘qituvchilar esa o‘z maktabidagi qolgan muallimlarni malakasini oshirib boradi.
Tuman hokimlari tayanch maktablarda 1 ta kasbiy mahorat xonasini tashkil qilish va uni to‘liq jihozlashga mas’ul bo‘ladi.
Barcha viloyat hokimlari Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti andozasi asosida hududlardagi malaka oshirish markazlarini ta’mirlash ishlarini yil oxirigacha yakunlashi shartligi haqida ogohlantirildi.