“Kelajak soati” 3-mavzu

MAKTABGACHA TAʻLIM TASHKILOTLARI TARBIYALANUVCHILAR UCHUN DAVRA SUHBATI:

“BIZNING XULQIMIZ”

 

Davra suhbatining maqsadi:

- Bolalarda odob, madaniyat, hurmat, tartib va yaxshi xulq tushunchalarini shakllantirish.

- Katta-kichik bilan muomala madaniyatini oʻrgatish.

- Yaxshi va yomon xulqlarni farqlay olish koʻnikmasini rivojlantirish.

Kutilayotgan natija:

- Bolalarda odob, axloq va madaniyat tushunchasi shakllanadi.

- Yaxshi va yomon xatti-harakatlarni farqlashni oʻrganadi.

- Oʻzini tutish, boshqalar bilan muomala qilish madaniyatini tushuna boshlaydi.

- Nutqiy faollik oshadi.

- Axloqiy tarbiya orqali emotsional ong rivojlanadi.

- Tarbiyaviy suhbat bolalarda ijobiy xulq-atvorni shakllantirishga xizmat qiladi.

Kerakli jihozlar:

- Yaxshi va yomon xulq tasvirlangan rasmlar (salomlashish, itarish, yordam berish, tartibsizlik).

- Mimika va jestlar koʻrsatilgan kartochkalar (xursandlik, jahl, xijolat boʻlish). 

I. Kirish qism

Tarbiyachi: Salom, bolajonlar! Bugun biz sizlar bilan juda muhim mavzuda suhbatlashamiz. Bugun men sizlar bilan bizning xulqimiz haqida gaplashamiz. Har bir bolaning yurish-turishi, gapirishi, boshqalar bilan munosabati har xil boʻladi. Toʻgʻrimi? Bularning barchasiga nima deyiladi? Albatta, xulq deyiladi.

Tarbiyachi: Aytingchi bolajonlar, yaxshi xulq qanday boʻladi? Yomon xulq nimalarda koʻrinadi?

Bolalar javobi tinglanadi.

Tarbiyachi: Sizlarning xulqingiz, gapirishingiz, bir-biringiz bilan munosabatingiz juda muhim. Keling, avval bir hikoya eshitamiz!

                          

“Mehribon qushlar” haqida hikoya

 

Bir kuni bogʻda uchta qush yashar edi. Ulardan biri har doim muloyim gapirar, ikkinchisi hamma bilan oʻynardi, uchinchisi esa tez-tez jahl qilardi. Doʻstlari jahl qiladigan qushdan asta-sekin uzoqlasha boshlashdi. Keyin u qush tushunibdi. Agar yaxshi soʻz aytsam, yordam bersam, men ham hammaga yoqaman deb oʻylabdi.

 

Savollar

1. Qaysi qushning xulqi yaxshi edi? Nega?

2. Doʻstingiz yiqilib qolsa nima qilasiz?

3. Navbat kutish degani nima?

Bolalar javobi tinglanadi.

 

                              “Mehribon quyoncha” haqida hikoya

 

Bor ekan-u yoʻq ekan, o‘rmonda bir quyoncha yashar ekan. U doim hammani xursand qilishni, mehribon boʻlishni yaxshi koʻrarkan. Uni butun oʻrmon “Odobli quyoncha” deb atarkan. Bir kuni oʻrmonga yangi hayvonchalar Tipratikan, Tovuq, va Ayiqcha koʻchib kelishibdi. Ular oʻyin maydonchasiga borib oʻynashmoqchi boʻlishibdi, lekin hech kim ularni chaqirmabdi. Faqat Quyoncha ularga salom beribdi, oʻyin taklif qilibdi va navbat bilan oʻynashni tushuntiribdi.Tipratikan ajablanib soʻrabdi: - Nega sen hammaga mehribonlik qilasan? Quyoncha kulib javob beribdi:

- Chunki hamma hurmatga loyiq. Agar hammaga yaxshi munosabatda boʻlsak, doʻstlarimiz ham koʻp boʻladi, yuragimiz ham xursand boʻladi! Oʻsha kundan boshlab barcha hayvonchalar odobli boʻlish, bir-biriga yordam berish, navbat kutish va salomlashishni oʻrganibdilar. Oʻrmon yanada quvnoq va mehrga toʻla joyga aylangan ekan. Ertakdan xulosa shuki, yaxshi xulq-doʻstlik, hurmat va baxt kalitidir. Mehribon va odobli boʻlish har doim hammaga yoqadi. Xoʻsh, bolajonlar! Ertak sizlarga yoqdimi?

 

Savollar

1.Nima uchun quyoncha hammaga mehribonlik qiladi?

2.Siz ham bir-biringizga mehribonmisiz?                                                 

Bolalar javobi tinglanadi.

Tarbiyachi: Bolajonlar, mana bu rasmdagi bolalarni qilgan ishlarini koʻrib chiqamiz. Qaysi rasmdagi bolalar yaxshi ish qilyapti? Qaysi bolalar esa, yomon ish qilyapti?

 

Har bir javob rasm bilan mustahkamlanadi (koʻrsatmalar orqali)

 

                                           

Interfaol oʻyin  “Toʻgʻri, notoʻgʻri!”

 

Tarbiyachi turli holatlarni aytadi, bolalar “toʻgʻri” yoki “notoʻgʻri” deb aytadi

Tarbiyachi: Doʻstim yiqilib tushdi, men uni koʻtarib yordam berdim.

Bolalar: Toʻgri!

Tarbiyachi: Men navbat kutmay, hammadan oldinga chiqdim.

Bolalar: Notoʻgʻri!

Tarbiyachi: Onam aytganda yigʻlamay, tinchgina quloq soldim.

Bolalar: Toʻgʻri!

Savollar ketma-ketligi tarbiyachi tomonidan shu tartibda tuziladi.

Tarbiyachi: Bolajonlar hozir men sizlarga mehribon xulqqa ega boʻlgan quyoncha haqida ertak aytib beraman. Mehribonlik ham chiroyli xulq ekanligini bilib olasizlar.

                                                       

 

 

                                  Yod olish uchun  she’r

                                                  

Salom

Tolib Yo‘ldosh

Salom bilan boshlanar,

Bilsang odob va axloq.

Salom bilan begona,

Bo‘lar tezda do‘st-inoq.

Salom, assalom ming-ming,

So‘zlar ichra durdona.

Salom har bir bolaning,

Odobidan nishona.

 

Yo‘l ustida uchragan

Kishiga bersang salom,

Alik olib avvali

So‘ngra der: rahmat bolam.

Salomsiz o‘tsang agar,

Sho‘rlik soqov ekan, der.

Tiling bo‘lgach, albatta,

Kattalarga salom ber.

 

 

Xulosa

“Bizning xulqimiz” mavzusidagi davra suhbati orqali bolalar odob-axloqning asosiy qoidalarini oʻrgatadi. Yaxshi soʻzlar va muloyim munosabatning ahamiyatini tushunadi. Suhbat davomida berilgan hikoya, savol-javob va oʻyinlar bolalarning eslab qolishiga, oʻz hayotida qoʻllashiga yordam beradi. Natijada, guruhda mehr-oqibat, doʻstona muhit va oʻzaro hurmat mustahkamlanadi.