“Kelajak soati” 3-mavzu

XULQ, AXLOQ VA HUQUQ TUSHUNCHALARI MAZMUN-MOHIYATI

 Metodologiya

Asosiy dars mashg‘uloti

1.Kirish. Motivatsion qism (10 daqiqa)

O‘qituvchi: Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilar! Qani, hammamiz e’tiborimizni ekranga qaratsak:

(O‘qituvchi ekranda quyidagi videoni qo‘yib beradi)

 

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar, hozirgina ko‘rgan videomizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashib, ularning erishgan yutuqlarini yuksak qadrlaganiga guvoh bo‘ldik. Fan, sport, san’at, texnologiya – har bir sohada muvaffaqiyat qozongan ushbu yoshlarimizning hech biri tasodifan bu marralarga erishmagan. Ularning har biri to‘g‘ri tanlov qilib, o‘z oldiga qo‘ygan yo‘lida tinimsiz mehnat qilgan.

Bugungi darsimiz ham aynan mana shu fikrlar bilan bog‘liq. Har kuni biz oila a’zolarimiz, do‘stlarimiz va boshqalar bilan turli ijtimoiy munosabatlarga kirishamiz: o‘qishga, ishga yoki do‘konga boramiz. Bir-birimizga qanday muomala qilish, qanday munosabatda bo‘lish yoki qanday amal bajarishimizni o‘zimiz tanlaymiz. Kimdir rostgo‘ylikni, kimdir halollikni, kimdir sabrni tanlaydi. Ana shu tanlovlar jamlanib bizning xulqimizni – ya’ni kim ekanligimizni belgilaydi.

Shunday ekan, bu dars davomida biz xulq, axloq va huquq tushunchalari mazmun-mohiyati va ularning ahamiyatini o‘rganamiz.

Inson – ijtimoiy mavjudot bo‘lib, jamiyatsiz yashay olmaydi. Insonning jamiyatda o‘zgalar bilan munosabatlari esa muayyan qoidalar, me’yorlar, tartiblar asosida boshqariladi. Bu qoidalar inson xatti-harakatlarini to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirib, jamiyatda tartib, adolat va o‘zaro hurmatni ta’minlaydi. Bu me’zonlar ichida esa xulq, axloq va huquq degan tushunchalar alohida o‘rin tutadi.

Xulq (yoki xulq-atvor) – bu insonning kundalik hayotdagi xatti-harakatlari, qaror qabul qilish uslubi, atrofdagilarga munosabati va o‘zini tutish tarzida ifodalanadigan shaxsiy xususiyatlar majmuidir. Xulq insonning ichki dunyosi – qalbi, niyati, fikrlari va e’tiqodining tashqi ifodasi hisoblanadi.

Xulq faqatgina inson tug‘ilganidan beri mavjud bo‘lgan tabiiy xususiyatlar natijasi emas, balki hayot davomida oila tarbiyasi, ta’lim, ijtimoiy muhit, shaxsiy tajriba, shuningdek, diniy e’tiqod, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllanadi. Shu sababli, har bir insonning xulqi o‘ziga xos, noyob va takrorlanmas bo‘ladi.

Abdulla Avloniy o‘zining shoh asari sanalgan “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida inson uchun muhim bo‘lgan jamiki axloq-odob me’yorlari, ta’lim-tarbiya masalalariga alohida e’tibor qaratadi. Xususan, Abdulla Avloniy inson xulqini ikkiga ajratadi va u haqida “Axloq ulamosi insonlarning xulqlarini ikkiga boʻlishlar. Agar nafs tarbiyat topib, yaxshi ishlarni qilurga odat qilsa, yaxshilikgʻa tavsif boʻlub, “yaxshi xulq” agar tarbiyatsiz oʻsub, yomon ishlaydurgan boʻlub ketsa, yomonligʻgʻa tavsif boʻlub “yomon xulq” deb atalur” deb ta’kidlaydi.

Abdulla Avloniy bobomiz diyonat, gʻayrat, qanoat, shijoat, ilm, sabr, hilm, intizom, vijdon, vatanni suymak, haqqoniyat, iffat, hayo, idrok va zako, sadoqat, muhabbat va kechirimlilik kabi sifatlarni yaxshi xulq deya taʼriflagan.

Yomon xulq koʻrinishlari deb gʻazab, jaholat, hasad, adovat, gʻiybat, haqorat, nifoq, tama, zulm kabi illatlarni taʼkidlagan.

Eng muhim jihat shundaki, xulq – bu har bir insonning shaxsiy tanlovidir. Inson tug‘ma xususiyatlari, atrof-muhit ta’siri va ta’lim darajasiga qaramay, qanday yo‘lni tanlashni o‘zi belgilaydi: mehribon bo‘lish yoki beparvo bo‘lish, halol ishlash yoki aldash, sabr qilish yoki g‘azabga berilish – bularning barchasi ongli ravishda qabul qilinadigan tanlovlardir.

Demak, xulq – bu shunchaki “kim bo‘lsam, shundayman” degan bahona emas, aksincha, shaxsiy tanlov natijasidir, shuningdek, inson har doim o‘z xulqini o‘zgartirish, yuksaltirish va sayqallash imkoniyatiga ega.

Axloq – bu insonlar o‘rtasidagi munosabatlarda yaxshi va yomonni ajratuvchi, xulq me’yorlarini belgilovchi, jamiyat tomonidan e’tirof etilgan ma’naviy qadriyatlar tizimidir. Axloq kishilar o‘rtasida o‘zaro hurmat, tushunish, mehr, adolat, halollik, mas’uliyat kabi fazilatlarni qaror toptiradi.

Axloq jamiyat hayotining asosi bo‘lib, insonlarni tashqi qonunlar emas, ichki e’tiqod, vijdon va or-nomus asosida to‘g‘ri yashashga undaydi.

Abdulla Avloniy bu haqida “Insonlarni yaxshilikgʻa chaqirguvchi yomonlikdan qaytarguvchi bir ilmdur”, deb ta’rif beradi.

Demak, axloq – bu jamiyat tomonidan e’tirof etiladigan umumiy qadriyatlar tizimi bo‘lib, insonlar o‘rtasidagi munosabatlarning ma’naviy mezonidir.

Ilmsiz inson yomon bo‘lmasligi mumkin, ammo axloqsiz bilim egasi jamiyatga juda katta zarar yetkazishi mumkin. Shu sababli, har qanday ta’lim-tarbiya axloqiy asosga ega bo‘lmog‘i lozim.

Axloq shaxsni nazorat qiladi, unga ruhiy tarbiya beradi. U insoniyatni birlashtiruvchi, jamiyatni barqarorlashtiruvchi va har bir insonning ruhiy kamolotini belgilovchi muhim qadriyatlar tizimidir. U faqat tashqi odob emas, balki ichki dunyo, vijdon va e’tiqodning amaliy ifodasidir.

Huquq esa davlat tomonidan belgilangan, barcha fuqarolar va tashkilotlar uchun majburiy bo‘lgan qonun-qoidalar tizimi. U jamiyatda tartib o‘rnatish, insonlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, adolatni ta’minlash kabi maqsadlarga qaratilgan. Huquq buzilgan taqdirda, davlat tomonidan qonuniy javobgarlik va jazo choralari ko‘riladi.

Huquqiy tizim odamlar o‘rtasidagi mulkiy munosabatlar, mehnat aloqalari, nikoh va oila, ma’muriy va jinoiyat javobgarlik tartibini, davlat va fuqaro munosabatlarini tartibga soladi.

Shunday ekan, huquq – bu jamiyat barqarorligi, adolat, intizom va inson huquqlarining kafolatidir.

Huquqning asosiy xususiyatlari:

  1.               Rasmiy hujjatlarda qayd etilishi – qonunlar, kodekslar, farmonlar va qarorlar shaklida bo‘ladi.
  2.               Majburiy amal qilinishi – huquq shaxs irodasidan qat’i nazar, barcha uchun umumiymajburiydir.
  3.               Davlat tomonidan qabul qilinishi va nazorat qilinishi – qonunlarni buzgan shaxslar intizomiy, ma’muriy, iqtisodiy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Yuqoridagi ma’lumotlardan kelib chiqib, ushbu tushunchalarning bir-biridan farqini ko‘rib chiqsak.

Xulq, axloq va huquq o‘rtasidagi farqlar va o‘zaro bog‘liqlik

Tushuncha

Manbai

Xulq

Shaxsiy tajriba, oilaviy muhit, ta’lim-tarbiya, psixologiya

Axloq

Jamiyatda e’tirof etilgan ma’lum qoidalar, milliy va umuminsoniy qadriyatlar

Huquq

Qonunlar, kodekslar, farmonlar va qarorlar

Ularning o‘zaro bog‘liqligi:

  •                   Xulq – insonning kundalik shaxsiy tanlovlari natijasidir. Yaxshi xulq axloqiy qadriyatlar bilan uyg‘unlashadi.
  •                   Axloq – jamiyatda qanday yashash kerakligini ko‘rsatadi. U xulqqa ta’sir qiladi, huquqqa esa ma’naviy asos bo‘ladi.
  •                   Huquq – axloqiy qadriyatlarni huquqiy himoya qiladi, shaxslarning xulqini tartibga soladi.

Shunday qilib, xulq – shaxsning, axloq – jamiyatning, huquq – davlatning tartib mexanizmidir.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, xulq, axloq va huquq – bu jamiyatning asosiy ustunlaridir. Ular bir-birini to‘ldiradi, o‘zaro uyg‘unlikda ishlaydi va inson hayotining turli jihatlarini nazorat qiladi.

Demak, yaxshi xulq – shaxsiy tanlov va tarbiyaning mevasidir. Axloq – jamiyatda murosaga, o‘zaro hurmatga asoslangan muhit yaratadi. Kuchli huquqiy tizim esa adolat, tinchlik va barqarorlikni kafolatlaydi.

 

Asosiy qism.   (25 daqiqa). 

Videorolik namoyishi

 


 

 

I. “Huquqiy tanlov” – qonuniy javobgarlik veb-kvesti.

Maqsad: Yomon xulqlar, masalan: g‘iybat, tuhmat, haqoratga oid huquqiy oqibatlarni anglash.

Jarayon: O‘quvchilarga 3 ta muammoli vaziyat beriladi (masalan):

  1.               O‘quvchi do‘stini ijtimoiy tarmoqda haqorat qildi.
  2.               Bir o‘quvchi sinfdoshiga tuhmat qildi.
  3.               Boshqa birovning orqasidan yolg‘on gap tarqatildi.

Vazifa:

Har bir guruhga bir holat beriladi. Ular quyidagi savollarga javob beradi:

  •                 Bu holatda qanday xulq namoyon bo‘lgan?
  •                 Qonunchilikka ko‘ra bu harakat uchun qanday javobgarlik bor?

Natija:  O‘quvchilar axloqiy va huquqiy nuqtayi nazardan fikr yuritishni o‘rganadi.

 

 

ESLATMA! Tanlov o‘z qo‘lingda!

Hurmatli o‘quvchi, siz o‘z xulqingiz bilan jamiyatdagi tutgan o‘rningiz qay darajada ekanligini namoyon qilasiz. Siz uyda farzand, avtobusda yo‘lovchi, maktabda o‘quvchi, savdo markazlarida iste’molchi sifatida turli ijtimoiy rollarni bajarasiz. Bu kabi jarayonlarda o‘zgalarni hurmat qilishingiz orqali o‘zingizning xulqingizni namoyon qilasiz.

Masalan, siz maktabga kelgach, o‘quvchi hisoblanasiz va ma’lum darajadagi majburiyatlarni bajarishingizga to‘g‘ri keladi. Jumladan, o‘quvchilar maktabda sababsiz dars qoldirmasliklari, o‘qituvchilar tomonidan berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishlari, o‘z bilimi va amaliy ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib, mustahkamlab borishlari, joriy qilingan maktab formasida kelishlari, maktab va jamoat mulkini avaylab asrashlari, o‘quv qurollari, kitob-daftarlarni ozoda tutishlari lozim. Agarda siz o‘z majburiyatlaringizni bajarish jarayonida mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ysangiz, sababsiz dars qoldirsangiz, nojo‘ya xatti-harakatlaringiz natijasida o‘quvchi yoki o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini yerga ursangiz, bu sizning faoliyatingizga yuridik jihatdan chora ko‘rilishiga olib keladi. Bu vaziyatda huquqbuzarligingiz uchun yuridik jihatdan javobgarlik ota-onangiz yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar zimmasiga tushishi hamda ular javobgarlikka tortilishiga ham olib kelishi mumkin. Xususan, o‘quvchi muntazam ravishda sababsiz dars mashg‘ulotlariga qatnashmasdan kelsa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga binoan (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) o‘quvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar javobgarlikka tortiladi.

Hurmatli o‘quvchilar, yomon xulq-atvor sifatlarini namoyon etish qanday oqibatlarga olib kelishi, qonunchiligimizda qanday choralar ko‘rilishi haqida xabardormisiz? Keling, bu haqida biroz fikr yuritsak. E’tiboringizni quyidagi jadvalga qaratmoqchiman. Mazkur jadvalda yomon xulq-atvor sifatlari va uning ortidan keladigan huquqiy javobgarlik haqida to‘xtalib o‘tilgan. 

 

Yomon xulq-atvor sifatlari

Huquqiy oqibati

Yolg‘on gapirish

Jinoyat kodeksi

168-modda. Firibgarlik

Firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

 

238-modda

Yolg‘on guvohlik berish

Yolg‘on guvohlik berish, ya’ni surishtiruv olib borish, dastlabki tergov chog‘ida yoki sudda guvohning yoki jabrlanuvchining bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berishi yoxud ekspertning bila turib yolg‘on xulosa berishi, xuddi shuningdek tarjimonning bir tildan ikkinchi tilga bila turib noto‘g‘ri tarjima qilishi — uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tuhmat

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks

40-modda

Tuhmat

Tuhmat, ya’ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish - bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Haqorat qilish

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks

41-modda

Haqorat qilish

Haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish - bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

So‘kinish

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks

183-modda

Mayda bezorilik

Mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

 

Shunday qilib, g‘azab, yolg‘onchilik, haqorat va tuhmat kabi salbiy illatlar insonning ruhiy va axloqiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ularni haqiqiy do‘stlik va mehr-muhabbatdan uzoqlashtiradi. Yoshlarimiz o‘z his-tuyg‘ularini boshqarishni, halol bo‘lishni, boshqalarni hurmat qilishni va qonunlarga rioya qilishni o‘rganishlari lozim. Faqat shundagina ular jamiyatda munosib o‘rin egallab, kelajakda jamiyatimiz rivojiga hissa qo‘shadigan inson bo‘lishlari mumkin.

Dono xalqimizdan inson xulqining salbiy jihatlari bilan kurashish hamda ma’naviy barkamollikka intilish haqida bugungi kunga qadar bir qancha ibratli hikoyalar yetib kelgan. Shu rivoyatdan bittasini sizga havola qilaman.

Donishmandning javobi.

Rivoyat:

Bir donishmand shogirdlari bilan yo‘lda ketayotganda, bir kishi unga baqirib, haqoratli so‘zlar ayta boshladi. Shogirdlar jahli chiqib:

– Ustoz, javob qaytaring! — deyishdi.

Donishmand jilmayib dedi:

– Agar kimdir menga sovg‘a bersa-yu, men uni olmasam, sovg‘a kimniki bo‘ladi?

Shogirdlar:

        Albatta, beruvchinikidir!

Donishmand aytdi:

– Demak, g‘azab va haqoratni ham qabul qilmasam, ular menga emas, aytuvchiga tegishli bo‘ladi.

Rivoyatdagi vaziyat yuzasidan o‘quvchilarni fikrlashga undovchi savollar beriladi:

  Donishmand nima uchun g‘azabga g‘azab bilan javob qaytarmadi?

  Hayotingizda yoki atrofingizda shunday holat bo‘lganmi?

Agar siz donishmand o‘rnida bo‘lganingizda, qanday javob bergan bo‘lar edingiz?

O‘quvchilar fikrlashga undovchi savollarga javob beradilar.

Bu rivoyat insonning yomon xulqli shaxslarga odob-axloq va aql-idrok bilan munosabatda bo‘lishining muhim jihatini ochib beradi. Donishmandning javobi shuni ko‘rsatadiki, boshqalar tomonidan bildirilgan g‘azab, haqorat yoki yomon so‘zlar faqat so‘zlovchining o‘ziga tegishlidir. Ya’ni, bizning ichki dunyomizga qanday ta’sir qilishi, qanday munosabatda bo‘lishimiz o‘zimizning nazoratimizda.

Shuningdek, rivoyat insonning ruhiy barqarorligi va mustahkamligini ta’kidlaydi. G‘azab va haqoratlarni qabul qilmaslik, ularni o‘zimizga zarar yetkazmasligi – ruhiy sog‘liq uchun ham muhimdir.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, donishmandning javobi — sabr, aql va ichki erkinlik namunasi. U bizga boshqalar tomonidan keltirilgan salbiy ta’sirlarni ichimizga olmaslikni, o‘zimizni himoya qilishni va adovatni yomonlik bilan qaytarmaslikni o‘rgatadi. Shunday odob-axloq bilan inson nafaqat o‘z qadr-qimmatini saqlaydi, balki boshqalar bilan munosabatlarni ham tinch va hurmat asosida quradi.

Demak, jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan bajarilgan axloqsiz har bir harakat uchun qonunchiligimizda javobgarlik muqarrar qilib belgilab qo‘yilgan. Shuning uchun, hurmatli o‘quvchilar, har bir harakatimizning huquqiy oqibatini o‘ylab, amalga oshirishimiz lozim. Shuni esdan chiqarmangki, qonunni bilmaslik sizni jazodan ozod etmaydi!

II. “Axloqiy intervyu” metodi:

Maqsad: o‘quvchilarda ijobiy xulq-atvor va odob tushunchalarini mustahkamlash, t anlov va qarorlar orqali axloqiy fikrlashni rivojlantirish.

 Kirish.

“Bugun sizlar haqiqiy jurnalistlar va mehmonlardek intervyu o‘tkazasizlar!” – deb metodni e’lon qiladi.

Tayyorlov:

Sinf 2 guruhga bo‘linadi. 1-guruh vakili “jurnalist” bo‘ladi (savol beruvchi), 2-guruh vakili esa “mehmon” bo‘ladi (javob beruvchi). Intervyu tugagach, keyingi bosqichda 1-guruh “mehmon, 2-guruh esa “jurnalist” bo‘ladi.

“Jurnalist”larga tayyorlash uchun savollar namunasi beriladi:

Namuna savollar:

  •                   Siz uchun yaxshi xulq nima?
  •                   Hayotingizda biror marta yaxshi xulq bilan kimnidir hayratlantirganmisiz?
  •                   Siz o‘rnak oladigan inson qanday xulqqa ega?
  •                   Yomon xulq oqibatida qanday muammolar kelib chiqishi mumkin?
  •                   Sizningcha, xulq - bu tanlov deganda nima tushuniladi?

 Intervyu jarayoni.

Juftliklar 5–7 daqiqa davomida intervyu o‘tkazadi. O‘qituvchi faoliyatni kuzatadi va doskaga asosiy kalit tushunchalarni yozadi: mas’uliyat, tanlov, odob, xulq, sabr, halollik…

 

Maqollar zanjiri

Maqsad: O‘quvchilarga maqollar orqali milliy qadriyatlarni singdirish, diqqat va eslab qolish ko‘nikmasini rivojlantirish, musobaqa orqali o‘z fikrini erkin ifoda qilish orqali muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish.

O‘tkazish tartibi:

Sinf guruhlarga (4-5) bo‘linadi. Har bir juftlikda navbat bilan maqol aytishadi. Kim maqol aytolmasa yoki avvalgi aytilgan maqolni takrorlasa – o‘yindan chiqadi.

O‘yin jarayoni:

Shartni bajargan guruh keyingi bosqichga o‘tkaziladi. Bu tartibda oxir-oqibat 2 ta guruh eng so‘nggi ishtirokchiga aylanadi. Finalda esa ularning o‘rtasida g‘olib aniqlanadi.

Qoidalar:

Maqollarda yaxshi va yomon xulqqa oid so‘zlar ishlatilishi kerak. Hech qaysi guruh aytilgan maqolni takrorlay olmaydi. 5 soniya ichida maqol aytilmasa, ushbu guruh o‘yindan chiqadi. Aytilgan maqollar to‘liq va mazmunli bo‘lishi lozim.

 

Yakuniy qism.  (10 daqiqa).  

Inson hayoti doimo muayyan ijtimoiy me’yorlar asosida kechadi. Ushbu me’yorlar ichida xulq, axloq va huquq tushunchalari alohida o‘rin tutadi. Ular har biri o‘z mazmuni va vazifasiga ega bo‘lsa-da, bir-biri bilan chambarchas bog‘liq va bir-birini to‘ldiradi.

Xulq — bu insonning kundalik hayotdagi harakatlari, odatlari va o‘zini tutish uslubidir. U tashqi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi va shaxsning ichki dunyosidan, tarbiyasidan, atrof-muhitdan oziqlanadi. Yaxshi xulqli inson doimo boshqalarda hurmat uyg‘otadi, jamiyatda ijobiy munosabatlar shakllanishiga hissa qo‘shadi.

Axloq esa insonning xulq-atvorini boshqaruvchi ichki mezondir. Bu — yaxshilik va yomonlik, halollik va insofsizlik, adolat va zulm kabi tushunchalarni o‘z ichiga olgan ma’naviy mezonlar majmuasidir. Axloq shaxsning ruhiy dunyosini boyitadi, uni ichki jihatdan yuksaltiradi va komil inson bo‘lish sari yetaklaydi. Axloqiy qadriyatlar mustahkam bo‘lgan jamiyat — doimo barqaror va sog‘lom bo‘ladi.

Huquq esa davlat tomonidan belgilangan, qonun kuchiga ega bo‘lgan ijtimoiy tartibotlar tizimidir. U shaxs va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi, adolat va tenglik tamoyillarini kafolatlaydi. Huquqiy ong va huquqiy madaniyat yuqori bo‘lgan fuqarolar — qonunlarga hurmat bilan qaraydi, o‘z haq-huquqlarini biladi va jamiyat oldida o‘z burchlarini bajarishga mas’uliyat bilan yondashadi.

Bu uch tushuncha o‘zaro bog‘liq bo‘lib, inson kamoloti va jamiyat taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydi. Xulq – insonning tashqi fe’l-atvori, axloq – uning ichki ma’naviy mezoni, huquq esa – ijtimoiy tartib va adolatning kafolatidir. Axloqsiz xulq bo‘sh, huquqsiz axloq esa kuchsiz bo‘ladi. Shunday ekan, bu tushunchalarning har birini chuqur anglab, ularga amal qilish – nafaqat shaxsiy kamolot, balki jamiyat taraqqiyotining ham muhim omilidir.

Hurmatli o‘quvchilar xulosa qilib aytganda, yuqoridagi uch tushuncha bir-biriga bog‘liq bo‘lib, insonning jamiyatdagi mavqeini belgilab beradi.

- Agar odamning axloqi yaxshi bo‘lsa, u odatda xulqi ham yaxshi bo‘ladi.

- Agar inson huquqni hurmat qilsa, u o‘zini jamiyatda mas’uliyatli tutadi.

- Axloq va huquq birgalikda jamiyatda odillik, tinchlik va taraqqiyotni ta’minlaydi.

Shuning uchun har birimiz xulqimizga, axloqimizga va huquqqa jiddiy e’tibor berishimiz kerak. Chunki bu nafaqat o‘zimiz, balki jamiyatimiz kelajagi uchun ham muhim.

 

 

 

Hafta hikmati

Inson - odobi bilan go‘zal!

O‘qituvchi umumiy xulosa qiladi:

“Demak, har birimiz har kuni qaror qabul qilamiz. Bu qarorlar bizning qadr-qimmatimizni belgilaydi. Haqiqat, halollik va insoniylik yo‘lidan borish – eng to‘g‘ri tanlovdir”.

Xayr, salomat bo‘ling!

Converted to HTML with WordToHTML.net