“Kelajak soati” 3-mavzu

AXLOQ INTIZOM VA MAS’ULIYAT

 Metodologiya

Dars ssenariysi

 Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, Davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi.

🟦 1. KIRISH. Motivatsion qism(10 daqiqa)


Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar, hozirgina ko‘rgan videomizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashib, ularning erishgan yutuqlarini yuksak qadrlaganiga guvoh bo‘ldik. Fan, sport, san’at, texnologiya – har bir sohada muvaffaqiyat qozongan ushbu yoshlarimizning hech biri tasodifan bu marralarga erishmagan. Ularning har biri to‘g‘ri tanlov qilib, o‘z oldiga qo‘ygan yo‘lida tinimsiz mehnat qilgan.

Bugungi darsimiz ham aynan mana shu fikrlar bilan bog‘liq. Har kuni biz oila a’zolarimiz, do‘stlarimiz va boshqalar bilan turli ijtimoiy munosabatlarga kirishamiz: o‘qishga, ishga yoki do‘konga boramiz. Bir-birimizga qanday muomala qilish, qanday munosabatda bo‘lish yoki qanday amal bajarishimizni o‘zimiz tanlaymiz. Kimdir rostgo‘ylikni, kimdir halollikni, kimdir sabrni tanlaydi. Ana shu tanlovlar jamlanib bizning xulqimizni – ya’ni kim ekanligimizni belgilaydi.

Shunday ekan, bu dars davomida biz xulq, axloq va huquq tushunchalari mazmun-mohiyati va ularning ahamiyatini o‘rganamiz.

 

I-qism. O‘spirinlik davri axloqiy qadriyatlari.

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar!

Bugun Sizlar bilan o‘z xulqimiz va axloqiy qadriyatlar haqida gaplashmoqchimiz.

Undan avval bizning xulq-atvorimiizga, axloqiy xatti-harakatlarimizga nima eng ko‘p ta’sir o‘tkazayotganiga aniqlik kiritsak.

Xo‘sh hurmatli talabalar, qaysi omillar, manbalar, faktorlar bizning xulqimizga, axloqiy qarashlarimizga ko‘proq ta’sir o‘tkazmoqda?

Yoki biz axloqni qaysi manbadan o‘rganmoqdamiz?

Talabalar o‘z fikrini bildirishadi.

Professor-o‘qituvchi: To‘g‘ri aytdingiz.

Biz bugun barcha axborotni, xulqimizga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan, axloqiy qarashlarimizni salbiy yoki ijobiy tomonga o‘zgartiradigan ma’lumotlarni video, audio yoki matn ko‘rinishida gadjetlar orqaldi asosan virtual makon – ijtimoiy tarmoqlardan olmoqdamiz.

Ular Instagram, Telegram, YouTube, Facebook va hokazo.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa hamma narsa bor: sizga foydalisi ham, zararli bo‘lgan kontentlar ham.

Savol: Siz qaysi kontentlarni ko‘proq kuzatasiz?

Axloqsizlik, bachkanalik, dabdaba, ko‘ngilxushlik, maishat, manmanlik, kibr, hoy-u-havas yoxud johillik, mutaassiblik, ekstremistik, radikal fikrlar, “ommaviy madaniyat”ning barcha illatlari aks etgan kontentlar, vahshiylik, yovuzlik, zo‘rovonlik targ‘ib qilingan kontentlarni kuzatasizmi?

Yoki onlayn qimor tarzida kirib kelgan, tavakkalchilikka asoslangan va “oxiri voy” bo‘lgan, oson pul topishga yo‘naltirilgan o‘yinlar bilan mashg‘ulmisiz?

Aksincha, siyosiy, huquqiy, diniy, ma’naviy-axloqiy, ilmiy, ijtimoiy, madaniy sohalarda bilim va ko‘nikmalaringizni boyitadigan, tafakkur qilishga, fikrlashga, dunyoqarashingizni o‘stirishga xizmat qiladigan ma’rifiy ahamiyatga ega kontentlarnimi?   

Albatta, tanlov o‘z ixtiyoringizda.

Shubhasiz, qaysi kontentni tanlashingiz Sizning axloqiy qarashlaringiz va saviyangizning qay darajada ekanini belgilab beradi.

Demak, bu jarayonda ham kimdir o‘z xulqiga salbiy ta’sir o‘tazadigan kontentlarni tomosha qilish bilan o‘z vaqtini behuda sarflaydi.

Xuddi shu holatda kimdir ijtimoiy tarmoqlardan shaxsiy o‘sishiga, ijtimoiy va iqtisodiy devident olishiga, bilimini boyitishga xizmat qiladigan kontentlarni o‘zlashtirish bilan band bo‘lib, kelajakda o‘zi uchun muhim bo‘lgan ko‘nikmalarga ega bo‘lib boraveradi.

Oddiy misol, bizning telefondagi suhbatimiz orqali ham xulqimiz, kimligimiz ochiq-oydin ma’lum bo‘ladi.

Har kuni telefondan turli xil maqsadlarda foydalanamiz. Ammo, biz ahamiyat bermaydigan oddiy bir holat, telefoningiz jiringladi. Ko‘tarib, nima deb javob berasiz?

Javob variantlari:

- Assalomu alaykum;

- Allo eshitaman;

- Labbay;

- Kim bu yoki kimga qo‘ng‘iroq qilayapsiz?

Xo‘sh, kim qanday javob beradi?

Talabalar javob beradi.

Professor-o‘qituvchi: Ha, telefondagi suhbat orqali ham inson o‘z xulqini namoyon etadi. Hayotimizdagi har qanday harakat yoki vaziyat borki, o‘z xulqimiz bilan munosabatimizni bildiramiz. Bu ijobiy ham, salbiy ham bo‘lishi mumkin.

Lekin eng yaxshi xulq egasi uchun eng to‘g‘ri variant bu “Assalomu alaykum, labbay” deb javob berishdir.

Ammo hayotda bu baribir sizning tanlovingiz bo‘lib qolaveradi.

Yana ta’kidlaymiz, Siz bugun tanlash ixtiyori o‘zida bo‘lgan yoshga yetgansiz.

Bilasizki, inson hayotida ikkita o‘tish davri bo‘ladi.

Birinchisi, bolalikdan o‘spirinlikka o‘tish.

Ikkinchisi esa aynan sizning hozirgi davringiz, o‘spirinlikdan o‘tib, katta hayotga qadam qo‘yishingiz, shaxs bo‘lib shakllanish, oila, mahalla va jamiyatda o‘z o‘rningizni topish jarayoni.

Aytingchi, sizningcha, bu ikkinchi o‘tish davrini aynan nimalarda ko‘rishimiz mumkin?

 

Talabalar o‘z fikrini bildirishadi. Fikrlarni o‘qituvchi doskaga klaster tarzda yozib boradi.

 

Professor-o‘qituvchi: Albatta. Avvalo, sizda mustaqil shaxs portreti shakllanmoqda, shaxsiy “Men” yuzaga kelmoqda.

Endi Siz har kunlik vazifasi faqatgina maktabga borib-kelishdan iborat o‘quvchi emassiz.

Endi Siz kim nimani aytsa, shunga osongina ishonib, kim nimani buyursa, ko‘r-ko‘rona bajarib ketavermaysiz, aniqrog‘i, bunday qilishni o‘zingizga ep ko‘rmaysiz, o‘ylab ko‘rasiz, tafakkur qilasiz, agar o‘z manfaatingiz va mantig‘ingizga to‘g‘ri kelmasa, inkor qilishingiz ham mumkin.

Chunki sizda ijtimoiy munosabatlar, hayotiy voqelik, zamon va makon haqida o‘z shaxsiy fikringiz, nuqtai nazaringiz, har bir holatga o‘z munosabatingiz bor yoki shakllanish jarayonida.

Siz hozir juda katta tanlov arafasidasiz: katta hayotga qadam qo‘yish jarayonidagi har bir qadamda, o‘qishda, kasb tanlashda, oila qurishda, do‘st va hamkorlar davrasini aniqlashda tanlov qilishingiz kerak.

To‘g‘ri tanlov, to‘g‘ri qaror qabul qilishingiz kerak.

Gap shundaki, bu qaroringiz Siz uchun butun hayotingizning qanday bo‘lishini belgilab beradi.

Endi, siz hayotingizni, taqdiringizni hal etadigan qarorlarni qabul qiluvchilar guruhining (ota-ona, oila a’zolari, qarindosh-urug‘, ustozlar, do‘stlar guruhi) to‘laqonli a’zosiz.

 

Va endi Siz bir qancha muhim va mas’uliyatli vazifalarni bir vaqtning o‘zida barcha tomonlarning manfaatlarini hisobga olgan holda hal etishga majbursiz.

Sezayotganingizday, bu sizning hayotingizda muhim va yangi chaqiriq.

Aksariyat, yigit va qizlar hayotda muvaffaqiyatsizlikka uchrashidan qo‘rqib, muhim qarorlarni qabul qilishda yaqinlariga, deylik ota-onasiga tayanadi.

Albatta, buni muammoni yechishning eng qulay varinati sifatida qabul qilishimiz mumkin. Chunki ota-ona yoki yaqinlaringiz Sizga hech qachon nomaqbul maslahat bermaydi.

Faqat bu holatda Sizdagi “MEN” o‘zini ko‘rasata olmaydi, javobgarlik esa qaror qabul qilganlar o‘rtasida taqsimlanadi.

Bu ham aslida Sizning yoshingizda normal holat.

Aksincha, agar taqdiringizni hal etuvchi masalalarda (kasb tanlash, oila qurish va hokazo) o‘zingiz qaror qabul qilishni istasangiz, bu Sizdan juda katta mas’uliyat va javobgarlikni talab qiladi.

Chunki muvaffaqiyat ham, natija ham matematika kabi o‘z qonun-qoidalariga, o‘zining formulalariga ega.

Ya’ni, Siz katta hayotga qanday kuch, tayyorgarlik bilan, shaxsiy bilim, ko‘nikma, malaka, kompetensiyalar bilan kirib kelgan bo‘lsangiz, oldingizda turgan vazifalarni hal etishda shunchalik katta imkoniyat va jur’atga ega bo‘lasiz.

Sizga bu yo‘lda katta kuch, qat’iyat, shaxsiy iroda va ishonch beradigan asosiy kompetensiya bu Sizdagi ustivor axloqiy qadriyatlar va shaxsiy xulqingizdir.

Endi bir savol: Inson xulqi, tarbiyasi qaerda, qaysi makonda shakllanadi?

Talabalar o‘z fikrini bildirishadi.

Professor-o‘qituvchi: Albatta. Barcha fikrlar to‘g‘ri. Agar shuni umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, inson xulqi 3 ta makonda:

Birinchisi, ajdodlar, ota-ona qoni, irsiyat, gen orqali shakllanadi. Buni bizning dono xalqimiz “Olmaning ostiga olma tushadi” yoki “Qazisan, qartasan, asli naslingga tortasan”, “Ot aylanib qozig‘ini topadi” degan hikmatlar bilan ifodalab qo‘ygan.

Ikkinchisi oilada. Buni xalqimiz “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan maqol bilan izohlaydi.

Va uchinchisi, tashqi muhitda shakllanadi.

Albatta, biz xulq atvorimizda gen orqali shakllangan yaxshi va yomon xulqlarni o‘z ixtiyorimizdan tashqari tarzda qabul qilganmiz.

Oilaviy muhitdagi asosan o‘spirinlik davriga qadar muhim sanalgan tarbiya jarayoni ham siz mustaqil hayotga qadam qo‘yish, shaxsiy “men”ingiz shakllanayotgan paytda o‘z mavqeini yo‘qotib bormoqda.

Aynan shu masalada Sizning yoshingiz va xulqingizdagi o‘zgarishlarni ochib beradigan shunday bir pedagogik rivoyat bor:

Bolalikda, 10 yoshlarigacha odam “Ota-onam hamma narsani biladi, ular eng kuchli va aqlli” deb hisoblar ekan.

O‘smirlik yoshida, 15 yoshlarida esa “Ota-onam bilmaydigan narsalar ham bor ekan”, degan xulosa paydo bo‘larkan.

O‘spirinlik davrida, 20 yoshlarga kelib, aksariyat yoshlar “Ota-onam hech narsani bilmaydi, ular nohaq, ular meni tushunmaydi, zamondan ortda qolgan” deb o‘ylarkan.

30 ga kirganida “Ota-onam ba’zi masalalarda haq ekan, afsus, men xato qilgan ekanman”, degan fikr o‘tarkan xayolidan.

40 yoshlardan o‘tib, ularning ko‘pchiligi “Ota-onam barcha masalalarda 100 foiz haq”, degan qat’iy fikrga kelarkan.

50, 60 ga kirib, ularni yo‘qotganida inson “Qaniydi, ota-onam hayot bo‘lganida uni so‘rab olardim, buni so‘rab olardim”, deb aziyat chekarkan.

Bu albatta, nisbiy talqin va barchaga ham taalluqli emas.

Ammo unda har bir inson boshidan o‘tkazishi mumkin bo‘lgan hayot falsafasi va axloqiy qadriyatlar bor.

Buning biz uchun muhim qismi esa Sizning ayni paytda o‘spirinlik davrini boshingizdan o‘tkazayotganingizda.

Siz va Siz kabilarning ba’zilarida nafaqat ota-ona, umuman kattalar haqida “ular hech narsani bilmaydi, ular nohaq, ular meni tushunmaydi, ular zamondan ortda qolgan, men biribir haqman, men o‘zim uchun o‘zim qaror qabul qilishim kerak” degan yarimisyonkor fikrlar borligida.

Demak, hozir Sizning gen orqali va oilada shakllangan xulqingiz, tarbiyangizning shu paytga qadar qanday bo‘lgani emas, bugun qanday ekani va kelgusida qanday bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ya’ni, Sizning xulq atvoringizga eng katta ta’sir o‘tkazadigan makon bu – TASHQI MUHIT.

Endi sizga nisbatan bemalol “Sen menga do‘stingning kimligini aytsang, men sening kimligingni aytaman” degan naql asosida baho berishlari mumkin.

Endi Sizning orzu istaklaringiz, qiziqishlaringiz, hayotiy maqsadlaringizning qanday bo‘lishiga va ularni amalga oshirishda oila a’zolaringizdan ham ko‘proq, o‘qish yoki ish joyingizdagi do‘stlaringiz, Siz doimo birga bo‘layotgan jamoa va Siz yashayotgan mahalla, qishloq, shahar, muhit, jamiyat ko‘proq ta’sir o‘tkazadi.

Endi Siz xalqimizning “Qozonga yaqin yursang”, qorasi yuqadi”, “Yaxshiga iyarsang — oziq, yomonga iyarsang — yoziq” yoki “Yaxshiga yondashsang, etarsan murodga, yomonga yondashsang, qolarsan uyatga” kabi naqllarda ifoda etilgan hayotiy haqiqatlarga duch kelasiz.

II qism. Talaba yoshidagi asosiy xulqiy qadriyatlar.

 

Endi Sizlar bilan yoshlarimizda tashqi muhitga munosabat masasalasida ham mavjud bo‘lgan ikki xil qarashni qiyosiy tahlil qilamiz:

Birinchi guruh yoshlarda pessimistik kayfiyat ustun. Ular katta hayot arafasida “Bizni yaxshi o‘qitishmayapti. Men yaxshi natijalarga erishishim uchun yo‘l yo‘q. Diplom olgnaimdan keyin ham o‘zimga munosib ish topa olmayman. O‘zimdagi salohiyatni ko‘rsatishimga imkon berilmayapti. Hamma joyda adolatsizlik, korrupsiya, tanish-bilishchilik ”, degan mazmunda nolish va shuning natijasida xorijga ishlash, pul topish uchun “surish”ga intilish kuchli.

Bunday fikrlash avvalo, faqat o‘z manfaatini o‘ylash, yaqinlarini o‘zi nomunosib deb hisoblayotgan jamiyatda qoldirib, o‘zi uchun qulay, komfort makon qidirishga bo‘lgan xudbinlarcha qarashdir.

Albatta, Siz agar xorijda o‘qib-o‘rganib, yaxshi mutaxassis bo‘lib, yurtga xizmat qilsangiz yoki xorijda turib yaqinlaringizga, vatandoshlaringizga har tomonlama ko‘mak bersangiz, bu boshqa masala.

Ammo jamiyatdagi muammolarga echim qidirish, ularni bartaraf etish o‘rniga undan qochishga intilish, bu shunchaki, oilasi, xalqi, vatani taqdiri va kelajagiga befarqlikdan iborat bo‘lib qoladi.

Ular xorijda yoki o‘z yurtida nimadir natijaga ham erishishi mumkin, ammo bu natija ularning faqat o‘ziga kerak bo‘lgani uchungina qo‘lga kiritilgan bo‘ladi va bunday na ota-onasiga, na oilasiga, na jamiyat va na vatanga naf tegadi.

Ikkinchi guruh esa passiv nuqtada, shunchaki kutuvchi rolida turadigan boqimanda yoshlar.

Ular o‘zlari uchun boshqalar harakat qilishini, muammolarini boshqalar yechib berishini kutishadi. Ular bolaligidagi stereotiplardan – qoliplardan qutula olmagan, ularni kimdir (aniqrog‘i, ota-onasi, yaqinlari va davlat) yedirib ichirishi, kiyintirishi, o‘qishga kiritib qo‘yishi, yaxshiroq ishga joylashtirishi, uy-joy qilib berishi, kasal bo‘lib qolsa, davolatishi, uylantirishi yoki turmushga berishi, xullas, hamma-hammasi uchun boshqalar jon kuydirishi kerak deb o‘ylaydi.

Bu toifa yoshlar ota-onalari tomonidan ming mashaqqat bilan erishilgan to‘kin-sochin, farovon hayotni qadrlamaydi, xuddi shunday bo‘lishi va davom etishi shart, deb hisoblaydi, hatto o‘ta bezbetlik bilan boshqalar unga barcha shart-sharoitlarni tayyorlab qo‘yishga majbur deb hisoblaydi.

Bunday boqimandalik kayfiyatdagi yoshlar, agar boshiga tushsa, birinchi zarba – turmush, hayot qiyinchiliklarining dastlabki davridayoq “sinadi”, ruhan tushkunlikka tushadi, jismonan mayib bo‘ladi.

Uchinchi guruh yoshlarda esa optimistik fikrlar yuqori. Ular “Menda o‘qib o‘rganishim uchun hamma sharoit bor. Istasam til o‘rganaman, istagan kasbimni tanlashim mumkin, mendan ota-onam, yaqinlarim, xalqim ko‘p narsa kutyapti, ularning ishonchini oqlashim, jamiyatda o‘z o‘rnimni topishim, buning uchun yaxshi o‘qib-o‘rganishim kerak. Men o‘zimga yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalansam, albatta, katta natijalarga erisha olaman”, degan qat’iy qaror bilan harakat qiladi.

Bunday toifadagi yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlarni juda tez ilg‘aydi, o‘zlashtiradi, o‘z qobiliyati va qiziqishlaridan kelib chiqib, muvaffaqiyat qozonishi mumkin bo‘lgan sohani oson tanlaydi va shu yo‘nalishda bilim, kasb o‘rganadi, izlanadi, intiladi va tabiiyki, shuning ortidan albatta natijaga erishadi.

 Xo‘sh, aziz talabalar, aytingchi, hozir shu auditoriyada qaysi guruhdagilar ko‘proq, deb o‘ylaysiz?

Talabalar javob beradi.

Professor-o‘qituvchi: Ha, aziz talabalar, barchamiz bir haqiqatni va balki oltin qoidani chuqur anglab olishimiz kerak:

Agar biz o‘z axloqiy qadriyatlarimizni, xulqimizni, xatti-harakatlarimiz va maqsadlarimizni oilamiz, ota-onamiz, yaqinlarimiz, millat, xalq, vatan manfaatlari prizmasidan o‘tkazib, aynan shunga mos tarzda muvofiqlashtirmasak, har qanday tanlovimiz baribir xato bo‘ladi.

Ya’ni, har birimiz bugun o‘z axloqiy qadriyatlarimizga aniqlik kiritib olishimiz kerak:

Xudbinlik, egoistlik bilan faqat o‘z manfaatlarimiz uchun harakat yoki harakatsizlik qilamizmi?

Yoki aksincha, olijanoblik, oilaparvarlik, millatparvarlik, ma’rifatparvarlik,  taraqiyparvarlik, vatanparvarlik bilan yurtimizga xizmat qilishni oliy qadriyat deb bilamizmi?

Yana tanlov o‘z ixtiyoringizda.

III qism. Hayotiy maqsadlarga etish uchun fazilat va illat o‘rtasida yo‘lni ongli ravishda tanlash.

Hurmatli talabalar, Siz 100 yil avval Germaniyaga o‘qishga yuborilgan turkistonlik talabalar haqida eshitganmisiz?

Talabalar javob beradi.

Professor-o‘qituvchi: Ha, 1922 yili jadid bobolarimiz tashabbusi bilan “Ko‘mak” uyushmasi ochilib, 73 nafar turkistonlik talabalar Germaniyaga o‘qishga yuborilgan.

 

 

 

O‘shanda “Ko‘mak” uyushmasiga talabalar uchun bir qator millatparvarlar safida Abdulhamid Sulaymon (Cho‘lpon) 7500 so‘m, Munavvarqori 3500 so‘m pul to‘plab bergan ekan.

Bundan tashqari 6 dekabr kuni adabiyot kechasi tashkillashtirilib, undan ham 75 000 so‘m pul tushirilgan va jami 139 700 so‘m pul Germaniyada tahsil olayotgan talabalarga yuborilgan.

Afsuski, Germaniyadagi oliy o‘quv yurtlarini tugatib, vatanlariga oliy ma’lumot bilan kelgan 9 nafari 1937-1939 yillarda otib tashlangan.

Turkistonga qaytgan talabalarning ta’qib qilinayotganini eshitgan qolgan talabalar vatan ozodligi uchun xorijda turib kurashishga ahd qilgan.

Biz uchun muhim jihati shuki, ular o‘qishga ketishidan oldin Amir Temur maqbarasiga ustozlari Fitrat boshchiligida borishgan va “Vataniga sodiq qolish va unga xizmat qilishga” qasamyod qilishgan.

Xo‘sh nima uchun?

Chunki Jadid bobolarimiz uchun vatanga xizmat qilish, vatanga sadoqat, xalq, millat manfaati, qayg‘usi bilan yashash eng oliy axloqiy qadriyat, eng yuksak fazilat, insonning hayotiy maqsadlariga erishish yo‘lidagi oltin qoida edi.

Bugun ham jadid bobolarimizning ana shu 100 yillik axloqiy qadriyatlariga ehtiyoj o‘zgargani yo‘q.

Atoqli olim va siyosiy arbob Alixonto‘ra Sog‘uniy shunday deydi: “Agar o‘zbeklar boshqa ishlarga ham oshga kelgandek birlashib yig‘ila olganlarida edi, dunyoda bundan qudratli millat bo‘lmas edi” deganida nimani nazarda tutganini bilasizmi?

Alixonto‘ra Sog‘uniy aytmoqdaki, agar millat mayda maishiy istaklar, uy-ro‘zg‘or ikir-chikirlari, qorin to‘ydirish, uy qurish, to‘y qilish, farzandini uyli-joyli qilish, mashina olish, kimo‘zarga dang‘illama imorat solish, tongsaharlab nahor oshini yoki restoranda bo‘kib ovqatlanish kabilarni o‘zining oliy maqsadi deb bilsa, “uning yugurgani somonxonagachadir” .

Chunki u hayvonga - buzoqqa aylanadi, qorni to‘yadigan joy – somonxonaga etgach, to‘xtaydi -  unda hech qanday oliy maqsad yo‘q!

Hayotda imkoniyat hamma uchun deyarli bir xil beriladi, faqatgina hamma ham unga tayyor bo‘lavermaydi.

Kimdir yaxshi o‘qib, mehnat qilib, o‘zining faolligi, tashabbuskorligi, intiluvchanligi, tirishqoqligi, o‘ziga tanqidiy baho berishi ortidan ilmda, sportda, tadbirkorlik va biznesda, umuman, o‘zi tanlagan sohada katta-katta muvaffaqiyatlarga erishadi va shu yo‘l bilan ota-onasiga, oilasiga, vataniga xizmat qiladi.

Kimdir o‘zining dangasaligi, befarqligi, loqaydligi, passivligi, tartibsiz hayot kechirishi, jonini koyitishni istamasligi, til o‘rganmaganligi, zamonaviy bilimlarga ega emasligi tufayli o‘zini emas, ko‘proq jamiyatni, davlatni, vatanini ayblashni ma’qul topadi.

Bundaylar orasidan afsuski, o‘z manfaati yo‘lida kerak bo‘lsa, vataniga xiyonat qilishga, undan yuz o‘girishga tayyor bo‘lgan sotqinlar chiqishi ham mumkin.

Amerikalik yozuvchi va jurnalist Ernest Heminguey o‘z paytida “Xoinlik qilgan odamning so‘nggi manzili yolg‘izlikdir” deydi.

Ha, millatini sotganlar undan ayriladi, xalqi ham, vatani ham ulardan yuz o‘giradi va oxir oqibat ular abadiy yolg‘izlikka mahkum bo‘ladilar.

Hurmatli talabalar, biz Sizlarga katta hayotga qadam qo‘yayotganingiz uchun ham axloqning salomlashish, xushmuomala bo‘lish, kamtarlik, mehribonlik, mehnatsevarlik, halollik, rostgo‘ylik singari muhim, ammo oddiy sifatlari haqida emas, balki millat va vatan taqdiriga daxldor yuksak axloqiy qadriyatlar haqida gapirmoqdamiz.

Bu Sizga hayotda juda ko‘p duch kelishingiz mumkin bo‘lgan, tanlov qilish jarayonida chuqur mulohaza qilgan hola to‘g‘ri yo‘lni topishga undaydigan misollardir.

Xo‘sh, endi aytingchi, biz o‘z hayotiy maqsadlarimizga erishish uchun qanday xulq-atvorga ega bo‘lishimiz kerak?

Talabalar javob beradi.

 

Professor-o‘qituvchi: Ha, albatta. Eng muhimi yurtsevarvarlik. Qolgan barcha fazilatlar ana shu muqaddas tuyg‘u atrofida jipslashadi.

Zero vatanparvarlik biz uchun eng oliy axloqiy qadriyatdir.

Buning uchun har biringiz vatanga xizmat qilishga tayyor va qodir bo‘lishingiz kerak.

Chunki “tayyor” bo‘lish bilan “qodir” bo‘lishning ham farqi bor.

“Tayyor bo‘lish” degani bu faqat xohish istakning o‘zidir. “Qodir bo‘lish” esa shu xohish istakni amalga oshira olish layoqatidir.

Oddiy misol. Yurtda dushman bostirib kelganida minglab, millionlab bobolarimiz o‘z ona tuprog‘ini himoya qilishga tayyor edilar. Ammo ular yurt erkini saqlab qolishga qodir emasdi.

Ular aynan tayyor bo‘lganlari uchun ham bu yo‘lda jonini fido qila oldilar.

Lekin zamonaviy urush taktikasini o‘zlashtirmagani, zamonaviy qurollarni ishlab chiqish, foydalanish ko‘nikmasi, masalakasiga ega bo‘lmagani, ya’ni, qodir bo‘lmagani uchun mag‘lub bo‘ldilar.

 

IV qism. Axloqning intizom va mas’uliyat bilan uyg‘unligini obrazli tushintirish.

Keling, hozir shu katta yo‘lga chiqish vaqtida birgalikda bizning xulqimiz mavzusi bo‘yicha bitta mashq bajaramiz.

Buning uchun hammamiz o‘zimiz haqimizda o‘ylaymiz. Har birimizda maqtash mumkin bo‘lgan xulqlar ham, tuzatish kerak bo‘lgan xulqlar ham bor.

Hozir bir daqiqa ichida qog‘oz oling va ikkita ro‘yxat tuzing:
– Birinchi ro‘yxatda o‘zingizda bor deb o‘ylagan 5 ta yaxshi xulqni yozing.
– Ikkinchisida o‘zingizda bor deb hisoblagan 5 ta yomon xulqni yozing.

Bu erda rostgo‘ylik muhim. Sohibqiron bobomizning uzuklardagi “Rosti rusti” degan so‘zni esalang.

Bu “Kuch adolatda” emas “Kuch to‘g‘rilikda” degani. Ya’ni to‘g‘rilik, halollik bo‘lmagan joyda adolat ham bo‘lmaydi.

Demak, marhamat, to‘g‘rilik va halollik bilan o‘zimizga baho beramiz.

Hech kim siz yozganingizni tekshirmaydi, faqat o‘zingiz uchun yozasiz.

(Talabalarga vaqt beriladi. Ularning o‘zidagi ko‘pchiligi yaxshi va yomon xulqlarni nomlab yozishga qiynalishayotgan bo‘ladi.

Professor-o‘qituvchi: Qarayapman, ko‘pchilingiz qog‘ozga qarab o‘ylanib qoldingiz. Yomon xulqlarni yozish qiyin bo‘lyaptimi? Chunki tan olish oson emas-da. Lekin bu yerda asosiysi o‘zingizni anglash.

Xavotir olmang, boshida men ham yozolmaganman.

Keling, men sizlarga yaxshi va yomon xulqlar ro‘yxatini ekranga chiqaraman undan foydalansangiz osonroq bo‘ladi deb o‘ylayman.


YAXSHI XULQLAR

YOMON XULQLAR

1

Rostgo‘ylik

Yolg‘on gapirish

2

Jonkuyarlik

Befarqlik, loqaydlik

3

Xushmuomilalik

Qo‘pollik

4

Mehnatsevarlik

Dangasalik

5

Sabr-toqat

Shoshma-shosharlik

6

Mehribonlik

G‘azab, jahl qilish

7

Muruvvat, saxovat

Xasislik

8

Ochiqko‘ngillik, samimiylik

Munofiqlik, ikkiyuzlamachilik

9

Iffat, ibo, hayo

Uyatsizlik, axloqisizlik

10

Kechirimlilik

Masxara qilish

11

Oliyjanoblik

So‘kinish

12

Havas bilan yashash

Hasad

13

Halollik

Insofsizlik

14

Diyonat

G‘iybat qilish

15

Kamtarlik

Kibr (takabburlik)

16

Sadoqat

Xiyonat

 

O‘qituvchi:

Xamma yozib bo‘ldimi?
Talabalar:  Ha.

Professor-o‘qituvchi: Unday bo‘lsa, endi “har ikki ro‘yxatdan o‘zingiz uchun u qadar muhim bo‘lmagan 2 tadan xulqni olib tashlang, ya’ni voz keching. Ularning ustidan chizing. Endi sizda 3 ta yaxshi va 3 ta yomon xulq qoldi.

Professor-o‘qituvchi: Chizib bo‘ldingizmi, endi ana shu 3 ta xulqning yana ikkitasini o‘chiring, ya’ni, faqat o‘zingiz uchun muhim deb hisoblagan bitta yaxshi va bitta yomon xulqni qoldiring.

Professor-o‘qituvchi: Endi qog‘ozingizga qarang. Sizda faqat 1 ta yaxshi va 1 ta yomon xulq qoldi. Kim javob beradi, nimaga aynan o‘sha yaxshi xulqni saqlab qoldingiz? U siz uchun qanchalik muhim?

Talabalar javob berishadi.

 

Professor-o‘qituvchi: Endi esa aytingchi, siz bilan qolgan yomon xulq nima uchun oxirigacha qoldi? Siz undan qachondir qutulmoqchi bo‘lganmisiz?

Talabalar javob berishadi.

 

Professor-o‘qituvchi: Endi esa oxirgi savol, agar sizlar ushbu mashqni boshidan qayta qilsangiz, natija o‘zgarishi mumkinmi? Qanday, nima o‘zgaradi?

Talabalar javob berishadi.

Hammaga ishtirok uchun rahmat. Agar kimdir o‘zning yaxshi xulqlari ro‘yxatiga mardlikni qo‘shmagan bo‘lsa, qo‘shib qo‘yishi mumkin. Chunki siz bugun shundoq ham mardona ish qildingiz:

 o‘zingizni tan olib yozdingiz, o‘chirishda ikkilandingiz, balki qalbingiz “bu men emas” deb og‘rigan bo‘lishi mumkin, lekin oxirigacha yetib keldingiz.

Yomon xulqingizni tan olganingiz ham — mardlikning belgisidir. Haqiqiy o‘sish — o‘zini tan olishdan boshlanadi. Va siz bugun birinchi qadamni tashladingiz. Tabriklayman! (Qarsaklar)

Bilasizmi, bobomiz Al-Xorazmiy axloq formulasi xaqida nima degan? Undan “Bir insonning qiymatini qanday aniqlash mumkin?” – deb so‘rashganda, u javob bergan ekan:

Agar insonda axloq bo‘lsa, u – 1ga tendir.

Agar u aqlli bo‘lsa, yana bir 0 qo‘shiladi - 10 bo‘ladi.

Agar u go‘zal bo‘lsa, yana bir 0 qo‘shiladi - 100 bo‘ladi.

Agar u boy bo‘lsa, yana bir 0 qo‘shiladi - 1000 bo‘ladi.

Agar axloq yo‘q bo‘lsa (ya’ni 1 yo‘qolsa), faqat 0 lar qoladi, ya’ni undan inson sifatida hech narsa qolmaydi.

Ma’no shundaki, bu haqiqatni siz qanchalik erta anglab olsangiz, kelajak hayot yo‘lini shunchalik erta boshlaysiz va to‘g‘ri belgilaysiz.

Tartib-intizom.

Professor-o‘qituvchi: Sizningcha, bu rasm o‘zida nimani ifoda etadi?

Men bu rasmda ikki xil, lekin bir-biriga yaqin ikkita narsani ko‘rayapman. Bittasi, maqsad yo‘lidagi tartib-intizom. Ikkinchisi, maqsad sari yo‘ldagi uslub, yoki boshqacha aytganda tanlangan maqsadli yo‘l.

 

 

Umumiy ma’noda bu ikkita element bizning hayotimiz natijadorligining asosini tashkil etadi. Ya’ni, hech qanday reja yo‘q bo‘lsa va harakat vaqt izmiga topshirilaversa, hamma narsa tartibsiz chalkashlikda qolaveradi.

Xulosa shuki, hech qachon shunchaki ehtimolga tayanib o‘rganmang.

Reja tuzing, maqsad aniq bo‘lsin; keyin shu maqsad yo‘lida harakat qiling, shu yo‘lda kerakli barcha bilimlarni o‘zlashtiring — shundagina muvaffaqiyatingiz kafolatlanadi.

Demak, maqsadsiz o‘rganish emas, maqsadli izlanish. Ertaga kerak bo‘lar degan taxmin emas, bugun aniq kerak bo‘ladigan yo‘nalish. Qachon xohlasam, o‘shanda qilaman degan yondashuv emas, vaqtida bajarilgan ish — sizni haqiqiy muvaffaqiyat sari etaklaydi.

 

3. YAKUNIY QISM

 

Professor-o‘qituvchi:

Aql ila olam yuzin obod qil,

Xulq ila olam elini shod qil.

Buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy bu boqiy baytlarda olam yuzi aql-idrok, uyg‘oq qalb, bunyodkor ruh bilan obod bo‘lishi, olam eli esa yaxshi xulq, yuksak insoniy fazilatlar, ma’naviy qadriyatlar asosida shodu xurram yashashi mumkinligini ta’kidlab, siz-u bizga xitob qilib, “Siz shunday jamiyat barpo etingki, unda aql-u idrok Vatan yuzini obod qiluvchi, xulq-u tarbiya jamiyat ahliga hamjihatlik asosida shod-u xurramlik baxsh etuvchi kuchga aylansin”, deyayotganday.

Shuningdek, Abdulla Avloniy merosining shoh asari sanalgan “Turkiy guliston yoxud axloq” asari bo‘lib, unda inson uchun muhim bo‘lgan jamiki axloq-odob me’yorlari, ta’lim–tarbiya masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu asar ikki guruhga ajratilib, “yaxshi xulqlar” deb nomlagan qismiga 33 maqolat, “yomon xulqlar” qismiga esa 21 ta maqolat jamlangan.

Keling xozir sizlar bilan Avloniyning she’riy muloqotidan o‘qisak!

 

Xudoning rahmat-u fayzi hama insonga yaksardur,

Va lekin tarbiyat birla yetushmak sharti akbardur.

Tug‘ub tashlov-la bo‘lmas bola, bo‘lg‘ay balo sizga,

Vujudi tarbiyat topsa, bo‘lur ul rahnamo sizga.

Temirchining bolasi tarbiyat topsa, bo‘lur olim,

Buzulsa xulqi, Luqmon o‘g‘li bo‘lsa, bo‘lg‘usi zolim.

Yomonlarga qo‘shuldi Nuhning o‘g‘li, o‘ldi beimon,

Yurudi Kahf iti xublar-la bo‘ldi oti inson.