“Kelajak soati” 4-mavzu

“MEHRJON” NOMLI HOSIL BAYRAMI

 

O‘tkazish joyi: DMTT musiqa zali.

Bayram qatnashchilari: Tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchilari.

Maqsad:

- Tarbiyalanuvchilarda kuz fasli haqidagi bilimlarini mustahkamlash;

- She’r, qo‘shiq va sahna ko‘rinishi, obrazlar orqali kuz faslida tabiatda bo‘ladigan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berish;

- Dehqon, paxtakor, sholikor va bog‘bonning mehnati bilan tanishtirib, bu soha kishilariga nisbatan hurmat va ehtirom hissini uyg‘otish;

- Tabiat unsurlari bilan yaqindan tanishtirish.

 

Kutilayotgan natijalar:

1. Estetik did va ijodkorlikni rivojlantirish:

- Bolalarda kuz faslining go‘zalligi, mevalar rang-barangligi orqali estetik zavq uyg‘otiladi;

- Qo‘shiqlar, she’rlar, raqslar orqali san’atga bo‘lgan qiziqish ortadi.

2. Nutq va til boyligini rivojlantirish:

- Tadbirda she’r aytish, roll ijro etish orqali bolalarning og‘zaki nutqi va ifodali so‘zlash qobiliyati oshadi;

- Yangi so‘zlar va iboralarni o‘rganadi (mevalar, sabzavotlar nomlari, faslga oid atamalar);

- Kuzgi mevalar va sabzavotlar haqidagi bilimlari boyib boradi.

3. Jamoviylik, ijro va sahna madaniyatini shakllantirish:

-Jamoada ishlash, rollarni o‘zaro kelishib bajarish orqali hamkorlik va hurmat hissi rivojlanadi;

- Sahnada o‘zini tutish, navbatni kutish, gapirish madaniyati shakillanadi;

- Ota-onalar, pedagoglar qarshisida sahna ko‘rinishlarini namoyish etish orqali bolalarda ishonch va o‘zini namoyon qilish qobiliyati ortadi.

4. Mehnatga bo‘lgan hurmatni oshirish:

- Dala mehnatkashlari va ularning ishlari haqida sahna ko‘rinishlar orqali bolalarda ularning mehnatlariga hurmat uyg‘otish.

5. Mavsumiy o‘zagarishlar haqida tushuncha berish:

- Tabiatdagi o‘zgarishlar, kuz ne’matlari haqidagi ma’lumotlar orqali bolalarda, fasllarni anglash va sevish hislari mustahkamlanadi.

Kerakli jihozlar ro‘yxati:

1. Sahna bezaklari:

- Kuzgi barglar (sun’iy yoki quritilgan tabiiy barglar);

- Shox-shabba, mevalar maketlari;

- Bargli, tomchili zanjirlar – girlyandalar;

- Mehrjon bayrami” yozuvi (katta harflar bilan).

2. Liboslar va atributlar:

- Kuz mevalari timsolidagi liboslar;

- Bargli tojlar;

- Tomchilar (do‘ppi yoki bosh kiyim shaklida);

- Kuz malikasi va dala mehnatkashlari liboslari.

 

Bayram boshlanadi.

Karnay va surnay sadolari ostida jarchilar chiqadi.

1-jarchi: Odamlar-u odamlar,

                Bogʻda bitgan bodomlar!

                Eshitmadim demanglar,

                Eshitganlar jilmanglar!                      

2-jarchi: Hosil bayram to‘yini

                Nishonlaymiz bog‘chada

                “Mehrjonim” bayrami

                 Xush yoqadi hammaga!

Ikkalasi: Ehe....... he...........heeeey!

                Bayramga marhabo!

Jarchilar davradan chiqib ketadilar. Musiqa ostida bolalar qo‘llarida barglar bilan kiradilar va musiqaga mos harakatlar bajaradilar. Musiqa  to‘xtagach, turgan joylarida tarbiyachi – boshlovchini qarshi oladilar.

 

Boshlovchi: Assalom xalqimning mirishkorlari!

                     Assalom xalqimning qahramonlari!

                     Assalom xalqimning bobo dehqoni!                   

                     Assalom xalqimning asl bog‘boni!

                     Bolajonlar assalom, doʻstlar assalom.

                     Bugun sizga taʼzim, hamda ehtirom!

1-bola: Mehribon xalqim mening,

             Ulkan hirmon muborak!

             Dovrugʻingiz boʻldi doston,

             Sharafu - shon muborak!

Hamma: Muborak, muborak!

                Hosil bayram muborak!

2-bola: Elda katta toʻy boʻlar,

             Katta karvon muborak!

             Sizga yurak olqishlarim,

             Bobo dehqon muborak!

Hamma: Muborak, muborak!

                Hosil bayram muborak!

3-bola: Quyosh mehribon boʻlsin,

             Omborlar donga toʻlsin.

             Dehqonning baxti kulsin,

             Hosil bayram muborak!

 

 

Hamma: Muborak, muborak,

                Hosil bayram muborak!

4-bola: El tashvishin tashasin,

             Har kun palov oshasin.

             Dehqon bobom yashasin,

             Hosil bayram muborak!

Hamma: Muborak, muborak!

                Hosil bayram muborak!

Qo‘shiq: “Gavhar kuz” L.Tursunova

(qo‘shiqdan so‘ng bolalar joylariga joylariga o‘tiradilar.)

Boshlovchi: Kuzimizning goʻzalligin,

                     Bolajonlar koʻrganmisiz?

                     Tokdan uzum, yerdan qirqma,

                     Shoxdan behi uzganmisiz?

                     Uzum uzib, sharbat suzib,

                     Shinniga ot yoqqanmisiz?

                     Gala-gala, shoda-shoda,

                     Duv-duv yongʻoq qoqqanmisiz?

                     Bularni ham qoʻyavering,

                     Dalamizga chiqqanmisiz?

                     Paxtazordan uyum-uyum 

                     Oq oltinni terganmisiz?

                     Mehrjon bayramida,

                     Oltin kuzni kutganmisiz?                         

Yoqimli kuy ostida zalga Kuz Malikasi kirib keladi

Kuz Malikasi: Azizlarim, do‘stlarim,

                         Kuz salomim sizlarga

                         Bir yil ko‘rishmadik biz.

                         Yozdan so‘ng navbat menga.

                         Bo‘yadim oltin rangga.

                         Butun borliq olamni

                         Nishonlash uchun keldim    

                         Mehrjon bayramini!

Boshlovchi: Xush kelibsan, oltin kuz!

                     Senga bo‘lsin ko‘p olqish.

                     Bolalar seni qutlar,

                     Qo‘shiq kuylab, sheʼr yodlar!

 

 

 

Hamma: Oltin kuz, oltin kuz,

                Ta’rifingga yetmas so‘z!

Qo‘shiq: “Sahovatli oltin kuzim

 

Kuz Malikasi: Oltin kuzman, sirli rassom,

                         Jo‘sh urar dilda  ilhom.

                         Olkangiz kezib bu dam,

                         Oynataman moʻyqalam.

                         Paxtalarga bir qarang,

                         Unga berdim kumush rang.

                         Bogni bo‘yab oltinga,

                         Zavq-u shavqqa to‘laman.

                         Qani barglardan oling,

                         Men bilan raqsga tushing!

Raqs: “Oltin barglar

Boshlovchi: Kuz malikasi savatchangda oltin barglardan boshqa yana qanday sovg‘alaring bor?

Kuz Malikasi: Olib keldim savatchamda

                          Turli musiqa asbob

                          Endi bizga bolajonlar,

                          Orkestrchalar quvnoq.

                          Ohanglarga to‘la olam,

                          Tingla uni, yurak bilan.

                          Har bir asbob o‘z tilida,

                          Kuylaydi zo‘r ohang bilan.

Orkestr: “Navro‘z iforisi” N.Norxo‘jay. Sug‘diyona orkestri

Kuz Malikasi: Men bilan bu bayramga

                         Keldilar ko‘plab mehmon.

                         Dehqon, bog‘bon, sholikor,

                         Va zahmatkash paxtakor.

                         Davramizga kelinglar,

                         Birga bayram qilinglar!

(quvnoq musiqa ostida davraga dehqon, bog‘bon, sholikor, pahtakor kiradi)

Dehqon: Dehqonlar erta turar,

                Erning foydasin ko‘zlar.

                Ketmonni olib qo‘lga

                Dalaga tushar yo‘lga.

Sholikor: Ona yerga mehr bilan,

                 Don sochaman  sabr ila.

                 Ko‘karadi sholi, g‘alla,

                 Chiroy ochar butun dala.

                 Sholikorman ekib men don,

                 Hosil yig‘ay xirmon-xirmon!

Paxtakor: Paxtakorman, paxtakor,

                  Mehnatimda ibrat bor.

                  Chanoqdagi paxtalar,

                  Keltiradi iftixor.

Bog‘bon: Cho‘lni qilib guliston,

                 Bog‘ yaratdim men – bog‘bon.

                 Mevalarim sharbat, bol,

                 Mazasini ta’tib ol!

Raqs: “Dehqonlar”

Dehqon bobo: Urug‘ qadab men yerga,

                         Rosa mehnat qilaman.

                         Har ko‘chat, har novdaga

                         Bir egilib, turaman.

                         Hosil juda mo‘l bo‘ldi,

                         Sifati ham zo‘r bo‘ldi.

                         Sabzi, kartoshka, karam,

                         Vitaminga boy biram.

                         Sho‘rva, palov jonidir,

                         Kuch-quvvatning konidir.

Bog‘bon bobo: Nima deyapsiz o‘zi?

                          O‘ylab keyin gapiring.

                          Kartoshka, sabzi, karam...

                          Ularni chetga qo‘ying.

                          Olma, uzum, shaftoli,

                          Pishganda tomar boli.

                          Oh, oh juda mazali,

                          Yeb, rahmat deysiz hali.

Dehqon bobo: Avval biling foydasin.

                         Shoshilmang oshna biroz.

                         Ro‘zg‘orda eng keragi,

                         Turp, lavlagi, piyoz.

Bog‘bon bobo: Eng keragi mevadir,

                          Ko‘p tortishmang men bilan.

                          Buni hamma biladi,

                          E, gaplashmayman siz bilan.

 

 

 

Kuz Malikasi: Nima bo‘ldi, nima gap,

                         Tortishuvga ne sabab?

                         Dehqon bilan bogbonning

                         Mashaqqati tufayli,

                         Har bir uy, xonadonning

                         Dasturxoni ko‘p fayzli.

                         Sabzavot va mevalar

                         Davramizga kelinglar.

                         O‘zingiz haqingizda

                         Bizga so‘zlab beringlar!

Musiqa ostida davraga sabzavot va mevalar kiradi.   Bolalar she’rlar aytishadi.                 

Anor:

Loladek qizilman,

Bogʻning erka qiziman.

Ichim toʻla gavhar, don,

Meni derlar anorxon.

Olma:

Men olmaman, olmaman,

Koʻzingizni olaman.

Qizil, sariq, koʻk pishib,

Ogʻzingizda qolaman.

Uzum:

Oʻzim sharbat uzumman,

Qizil, sariq yuzliman.

Shaklim oʻxshar pillaga,

Tovlanishim tillaga.

O‘rik:

Meni derlar qand o‘rik,

Vitaminga liq to‘liq.

Rangim sariq, zarg‘aldoq,

O‘lxo‘riga men o‘rtoq.

Olcha:

Men olchaman, olchaman,

Mittigina xolchaman.

Qip-qizarib zo‘r pishdim,

Quyoshdan ko‘p nur ichdim.

Limon:

Eshitganlar otimni,

Burishtirar aftini.

Foydamni bilsa agar,

Tinmay limon choy ichar.

Nomimni eshitgan on,

Qochar mikrob har tomon.

Malina:

Qulupnayning singlisi,

Men malina bo‘laman.

Bostirsangiz shakarga,

Vitaminga to‘laman.

Olxo‘ri:

Men bo‘gdagi olxo‘ri,

Vitaminning xo‘p zo‘ri.

Mevam talash bozorda,

Yesang, maza nahorda.

Nok:

Nok mevalar asili,

Erta pishar hosili.

Shirinligi huddi bol,

Pishganini terib ol!

Karam:

Barglarim taram-taram,

Meni deydilar karam.

Koʻproq tuzlab yeydilar,

Mazzasi zoʻr deydilar.

Sabzi:

Yupqagina poʻstim bor,

Dalada ko‘p doʻstim bor.

Topishmoqda yoziqman,

O‘sha oltin qoziqman.

Qovun:

Obi navvot qovunman,

Bitta tishlab ovunma.

Nega bo‘ldim men nomdor,

Chunki, choponim guldor.

Qovoq:

Nomim kadi, oshqovoq,

Osiltirmay qosh, qovoq.

Somsa, mantidan yegin,

Vitaminman men bilgin.

Tarvuz:

Men tarvuzman, men tarvuz,

Kelib qolibdiku kuz.

Chertib, chertib songra uz,

Rejalaring boʻlsin yuz!

Bodring:

Dumi uzun jingalak,

Bodringman bilsangiz.

Rosa maza qilasiz,

Qarsillatib yesangiz.

Pomidor:

Uzim qizil, bargim yashil,

Salat bo‘lmas, mensiz asl.

Taʼmim shirin go‘yo olma,

Men bor joydan aslo qolma!

Sarimsoq:

Jiyirmasdan burningni,

Avval tingla so‘zimni.

Yaqin  bo‘lsang men bilan,

Kasallik qochar sendan.

Koni foyda o‘rtoqman,

Men o‘sha – sarimsoqman!

Kartoshka:

Men kartoshka, kartoshka,

Masalliqman har oshga.

Men-chi, sho‘rva joniman,

Vitaminni koniman.

Makka:    

Daroz bo‘yli makkaman,

Kuz faslida pishaman.

Sevar meni bolalar,

Hamda tovuq xolalar.

Raqs: “Quvnoq tomorqa

Boshlovchi: Kuz Malikasi seni tashrifing bilan nafaqat hosil yig‘ib olinadi balki, yomg‘irli, bulutli kunlar boshlanadi. Momoqaldiroqlar gumburlab, shaqmoqlar chaqadi. Ana aytganimday osmonning to‘paloni boshlandi.

                                     

Sahna ko‘rinishi.

Fonda momoqaldiroq tovushi eshitiladi. So‘ng asta-asta yorishadi.  Bir bola o‘ynab yuradi. Mo‘moqaldiroq ovozi eshitiladi.

1-bola: Voy, osmonda nimalar bo‘lyapti? Bu qanday ovoz edi? Yiltillagan nurlar? Men qo‘rqib ketayapman.

Vahimali kuy ostida bulut kiradi.

Bulut (jiddiy ohangda): Men bulutman, bulutman,

                                         Osmonda sayr qilaman,

                                         Suv bug‘larini yig‘ib

                                         Rossa kattalashaman.

                                         Og‘ir bo‘lsam zaminga,

                                         Yomg‘irlar yog‘diraman,

                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                                        

Quvnoq kuy ostida yomg‘ir kiradi.

Yomg‘ir: Bulut bilan yuraman,

Tomchi bo‘lib tushaman.

Yer yuzini yashnatib,

Quyosh kelgach qochaman.

Shovqinli kuy ostida chaqmoq kiradi.

Chaqmoq: Men-Chaqmoqman keskirman,

Yorug‘ nurman, kuchliman!

Momoqaldiroq do‘stim bilan

Osmonga rasm chizaman.

Tantanali kuy ostida momoqaldiroq kiradi.

Momoqaldiroq: Bum-bum! Men-Momoqaldiroqman!

Chaqmoq bilan o‘rtoqman.

Ovozim ko‘kni yorar

Tog‘- tosh larzaga kelar!

Ovozimni eshitgan bilsin,

Yomg‘ir va chaqmoq yaqin!

‍Quvnoq kuy ostida qushcha kiradi.

Qushcha: Voy voy! Yomg‘ir zo‘r bo‘ldi,

                 Qanotlarim ho‘l bo‘ldi!

                 Ammo bilaman, bu zarur,

                 Chaqmoq, Momoqaldiroq, Yo mg‘ir,

                 Tabiat uchun, demak,

                 Buni bilmog‘ing kerak!

Yorqin kuy ostida Quyosh kiradi.

Quyosh: Yomg‘irlar to‘xtab,

                Paydo bo‘ldi nur,

                Chaqmoq ham ketdi,

                Momoqaldiroq jim tur!

                Endi navbat menga

                Nur tarqataman,

                Hayot manbaiman,

                Juda kerakman!

Bola (quvonch bilan):

Bola: Bularning bari bilsam,         

          Tabiiy hodisa ekan.

          Yomg‘ir, chaqmoq, quyosh ham

          Bizning do‘stimiz ekan.

          Tabiatni sevaylik,

          Unga g‘amxo‘r bo‘laylik!

Barcha ishtirokchilar ta’zim qilib, joylariga o‘tiradilar.

Kuz malikasi: Sizlar uchun savatchamda rang-barang soyabonlar ham keltirganman.

Boshlovchi: Kuz malikasi sen keltirgan soyabonlar bilan bizning qizaloqlarimiz raqsga tushish uchun shay bo‘lib turishibdi. Marhamat, navbat raqsga!

Raqs: “Rang-barang soyabonlar”

Kuz malikasi: Rahmat sizga do‘stlarim,

                         Bayramda maza qildim.

                         Charchog‘imni unutib,

                         Sizlar bilan yayradim.

                         Endi men yo‘lga tushay,

                         Ishlarimni tugatay.

                         Sovuq qish kelmay turib,

                         Omborga hosil yig‘ay.

Boshlovchi: Kuz malikasi tashrifing bilan bizlarni xursand qilding. Keyingi kuz fasligacha sen bilan xayrlashamiz. Xayr!

Musiqa ostida Kuz malikasi davrani tark etadi.

Boshlovchi: Mana hurmatli mehmonlar, aziz bolajonlar! Shunday qilib “Mehrjon”  bayramimiz ham nihoyasiga yetdi. Bog‘bon-u-sholikorlari-mizga, dehqon-u-paxtakorlarimizga sihat-salomatlik tilab qolamiz. Ular yetishtirgan hosillari doim dasturxonimiz koʻrki boʻlsin. Yana bir bor bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin. Xayr, salomat bo‘ling!

 

Xulosa:

          “Kuz bayrami” tadbiri orqali bolalarda tabiatga mehr, kuz faslining go‘zalliklari va ne’matlariga hurmat tuyg‘usi shakllandi. Tadbirni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan jihozlar yordamida sahna estetik va tematik bezatildi.

 Bu o‘z navbatida bolalarning kayfiyatini ko‘tardi. Ularning ijodiy chiqishlari yorqin va mazmunli bo‘lishini ta’minlaydi. Shuningdek, bunday tadbirlar orqali bolalarning ijodiy fikrlashi, jamoaviy ishlash ko‘nikmalari va sahna madaniyati rivojlanadi.t