“Kelajak soati” 4-mavzu

HOSIL BAYRAMI. YETTI XAZINA

 Metodologiya

Dars ssenariysi

 

I. KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)

 

O‘qituvchi: Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilarim! Kim biladi, bugun qanday sana? Ha, to‘g‘ri! 22 sentabr, dushanba. Bu kun tabiatda qanday hodisa kuzatiladi?

 Bolalar bilganicha javob beradi.

 

O‘qituvchi: Tengkunlik degani – kun bilan tun vaqt jihatidan bir xil bo‘ladi degani. Ya’ni bugun kun ham, tun ham taxminan 12 soatdan davom etadi. Keyin tunlar uzayadi, kunlar qisqaradi. Ushbu sanadan qishga jiddiy tayyorgarlik boshlanadi. Dalalarda, bog‘-rog‘larda yig‘im-terim avjiga chiqadi. Ilgari bunday og‘ir mehnatga maktab bolalari ham jalb etilgan. Bu haqda ota-onangizdan so‘rab bilib olishingiz mumkin. O‘quvchilar sentabrdan dekabrgacha jazirama, izg‘irinli kunlarda dalalarda paxta tergan. Hozirgidek shinam sinfxonalarda o‘qish, bilim olish ular uchun orzu bo‘lgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda bolalar mehnatiga barham berdi.

 

Yaqin o‘tmishimizda bolalarning dalalarda og‘ir sharoitlarda mehnat qilgani, paxta tergani, ammo baribir xalq nochor yashagani, oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi haqida videolavha namoyish etiladi.

 

O‘qituvchi: Mana, ko‘rdingizmi, yaqin o‘tmishimizda ham hatto siz tengi bolalar qanday qiyin ishlar qilgan. Issiq kunlarda chang-to‘zon ichida, toza ichimlik suvi yo‘q, antisanitariya sharoitida, sovuq kunlari esa oyog‘idan zax o‘tib, izg‘irinda qo‘llari muzlab paxta tergan. Hatto odamlarning ustidan samolyotlar zaharli dorilarni sepib o‘tgan. Bobo-buvilaringizdan bu haqda eshitganmisiz?

 O‘quvchilarning javobi tinglanadi.

 O‘qituvchi: Bugun mana shunday shinam, zamonaviy jihozlangan sinfxonalarda o‘qishning qadriga yetishingiz kerak. Erinchoqlik qilmasdan, har bir daqiqada nimadir yangi bilim olishga intiling. 

 

II. ASOSIY QISM. Yetti xazinaning foydalarini tushuntirish. (25 daqiqa)

 

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar, esingizda bo‘lsa, bog‘chada Hosil bayramini nishonlagansiz, she’r yod olib, qo‘shiqlar aytgansiz. Xalqimiz qadim-qadimdan kuzgi tengkunlikda mo‘l-ko‘l hosilga shukronalik ramzi sifatida Hosil bayrami, Somonto‘y kabi marosimlar o‘tkazib kelgan. Bugun esa zamonaviy pavilyonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil qilinmoqda. Dehqon va fermerlarimiz bir yillik mehnatlari mahsulini, olma-yu anorlar, behi, nok va uzumlar, qovun-tarvuz, qovoq... hamma-hammasini qator-qator rastalarda chiroyli qilib ko‘z-ko‘z etadilar. 

Bozordagi to‘kin rastalardan bobo va nabiralar ishtirokida tayyorlangan videolavha namoyish etiladi.

 

O‘qituvchi: Qani, ayting-chi, kim qaysi mevani yaxshi ko‘radi?

 O‘quvchilar birin-ketin javob beradi.

 O‘qituvchi: Mana shu shirindan-shakar mevalarning barchasi bog‘bonlarimiz mehnatining mahsuli ekanini bilasizmi? Ularni isrof qilmaslik, bir tishlab tashlab ketmaslik kerak. Aks holda, oilamizdan baraka qochadi. Ota-onamizning puli kamayib qoladi.

Biz bugungi darsimizda xalqimiz donoligidan yana bir namuna – “Yetti xazina” haqida suhbatlashamiz. Savol: xazina deganda nimalarni tushunasiz?

 O‘quvchilar erkin javob beradi (pul, oltin, uzuk, gavhar, olmos...), o‘qituvchi ularni tinglaydi va qo‘llab-quvvatlab turadi.

 O‘qituvchi: Xalqimizda “yetti xazina” degan ibora bor. Siz bu haqda eshitganmisiz? Yetti xazinani birma-bir sanab bera olasizmi?

 O‘quvchilarning javoblari doskaga yozib boriladi.

 O‘qituvchi: Kimning javobi to‘g‘ri ekanini hozirgi videorolikdan so‘ng bilib olamiz. 

Bilasizmi? Yetti xazina – sigir, tovuq, asalari, ipak qurti, o‘rmon, tegirmon va moyjuvoz, ularning foydalari haqida tayyorlangan videolavha namoyish etiladi.

 

O‘qituvchi: Endi doskaga yuzlaning. Qaysi so‘zlar yetti xazinaga aloqador bo‘lsa, birma-bir belgilab chiqamiz. (Tegishli so‘zlar rangli bo‘rda aylanaga olinadi.) Sanab ko‘ring-chi, xazinamiz nechta bo‘ldi? Yana nimalar yetishmayapti? (O‘quvchilar videorolikni eslab, javoblarini to‘ldiradi.) Ana, yetti xazinamiz ham tugal bo‘ldi.

 

Hozir ko‘rgan videolavhamizda tovuq, sigir, asalari, ipak qurti, moyjuvoz, tegirmon va o‘rmonning nima uchun yetti xazina deyilgani sabablari sanab o‘tildi. Ularning foydali tomonlarini ham bilib oldingiz.

 Xalqimizda yetti xazina haqida qiziqarli ta’rif-u tavsiflar bor. Hozir sizlarga jadval tarqataman. Bo‘sh kataklarni yetti xazinadan birini yozib to‘ldirasiz.

T/r

 Yetti xazina

Ta’rifi

1.

 

ro‘zg‘orning qassobi va baqqoli

2.

 

oilaning tabibi

3.

 

qizlarning sepi

4.

 

qozonning yog‘i

5.

 

qorinning belbog‘i

6.

 

imoratning suyagi, qozonning olovi

7.

 

ham obiyovg‘on, ham dori-darmon

 

O‘qituvchi: E’tibor qildingizmi, ro‘yxatda inson uchun nihoyatda muhim narsalar jamlangan. Ular kundalik oziq-ovqatimiz, kiyim-kechagimiz, sog‘lik-salomatligimizni ta’minlab turadi. Aytishingiz mumkin, tegirmon va objuvozdan hozirgi kunda deyarli foydalanilmaydi-ku, deb. Bugun mamlakatimizda ishlayotgan ko‘plab zavod, fabrikalarni ham yetti xazina deyishimiz mumkin.

Sizning qorningiz to‘q, ustingiz but, taningiz sog‘ bo‘lishi uchun tabiatning qancha ne’matlari, yana inson mehnati mahsullari kerak bo‘lar ekan. Dehqon va fermerlarimiz, quruvchi va muhandislarimiz, yana ne-ne kasb egalari, ayniqsa, ota-onalaringiz Sizning yaxshi yashashingiz uchun mehnat qilishmoqda.

Savol: yetti xazina bizga qanday ne’matlar beradi?

 O‘quvchilar: sut, qatiq, saryog‘, tuxum, go‘sht, non...

 O‘qituvchi: Bularning foydali tomonlarini bilasizmi? Keling, Sizlar bilan bir o‘yin o‘ynaymiz. Har bir qatorning birinchi partasida o‘tirgan o‘quvchi oq qog‘ozga sut, tuxum, go‘shtning organizmimizga foydasi haqida yozib, orqasidagi sinfdoshiga uzatadi. Keyingi bola avvalgi javoblarni o‘qib, hali aytilmagan jihatlarini yozadi. Eng oxirgi partada o‘tirgan o‘quvchi esa o‘yinni boshlagan sinfdoshiga qog‘ozni olib kelib beradi.

Ha, aytgancha, Siz ota-onangizga telefon qilib, yordam olishingiz ham mumkin.

 Har bir guruhdan bir o‘quvchiga ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilish imkoni beriladi. Oxirida qatorlardan bir nafar vakil doskaga chiqib, javoblarni taqdimot qiladi. 

Taniysizmi? Bolalar orasida mashhur shaxslardan biri tuxum, sut va go‘shtning foydalari haqida gapirib bergan intervyu namoyish etiladi.

 

O‘qituvchi: Yetti xazina bizga qanchalik foydali mahsulotlar berar ekan-a? Endi hech kim sut ichmayman, tuxum yemayman, go‘shtni yomon ko‘raman, deya xarxasha qilmaydimi? Sog‘lom bo‘lishimizda oziq-ovqatlardan har birining o‘ziga xos hissasi borligini unutmang! Uyga borganda bu haqda oila a’zolaringizga so‘zlab bering.

 

III. YAKUNIY QISM

 

O‘qituvchi: Yetti xazinadan qaysi biri sizda bor? Uyingizda tovuq, sigir boqasizmi? Ko‘chat ekkanmisiz?

O‘quvchilarning javobi eshitiladi.

 O‘qituvchi: Har birimiz hayotda imkon qadar xazinalarni ko‘paytirishimiz kerak. Kimning sharoiti bo‘lsa, uy hayvonlarini parvarishlasin. Daraxt eksin. Bu ishlarda bobo-buvi, ota-onalariga yordam bersin!

Endi xazina so‘zini kengroq ma’noda tushunaylik. Insonning fazilatlarini ham xazina deyish mumkin. Mehnatsevarlik, mas’uliyatlilik kabi yaxshi xulqlar barcha xazinalarning kaliti bo‘la oladi. Endi ayting-chi, Sizda qanday xazina bor? Daftaringizga yozing. “Mening yetti xazinam”. Fazilatingiz yoniga ziddi bo‘lgan illatlarni ham yozib qo‘ying, bu sizni hushyorlikka chorlaydi.

Mening yetti xazinam

t/r

Fazilatlarim

Illatlar

1.

Ishchanlik

Yalqovlik

2.

Rostgo‘ylik

Yolg‘onchilik

3.

 

 

4.

 

 

5.

 

 

6.

 

 

7.

 

 

O‘qituvchi: Multfilmlarda ko‘rgansiz-a, xazinaning talabgorlari ko‘p bo‘ladi. Doim qaroqchilar poylab yuradi. Sizning yetti xazinangizni ham yomon illatlar o‘g‘irlab ketishi, yo‘q qilib yuborishi mumkin. Ularga bo‘sh kelmang! “To‘xta, ey erinchoqlik! Men hoziroq uy vazifalarimni bajarishim kerak. Ertaga darsda a’lo baho olishim shart!” deng. Ana shunda xazinangiz ko‘payib boradi. Yettita emas, yetmishta bo‘ladi! Kelishdikmi?

O‘quvchilar: Ha!