
“Kelajak soati” 4-mavzu
HOSIL BAYRAMI. TO‘RT UNSUR.
Asosiy dars mashg‘uloti
I qism. Inson va tabiat
O‘qituvchi: Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilar! Kim biladi, bugun qanday sana? Ha, to‘g‘ri! 22 sentabr, dushanba. Bu kun tabiatda qanday hodisa kuzatiladi?
Bolalar bilganicha javob beradi.
O‘qituvchi: Yer sayyorasi o‘z o‘qi atrofida va Quyosh atrofida aylanadi, bu haqda darslarda o‘qigansiz, yetarlicha ma’lumotingiz bor. Hozir boshqa fanlardan o‘rganganlarimizni biroz eslab olamiz.
Sayyoramizning o‘z o‘qi atrofida aylanishi natijasida tun va kun almashadi. Orbita bo‘ylab harakatlanishi natijasida esa fasllar almashadi. Chunki Quyosh nuri har doim ham Yer yuziga bir yo‘sinda yetib kelmaydi. Masalan, yilda ikki marta – bahorda va kuzda ekvatorga perpendikulyar (to‘g‘ri) tushadi. Bu paytda kun va tun tenglashadi, har biri taxminan 12 soatdan iborat bo‘ladi. Kuzgi tengkunlik odatda 22-sentabrda kuzatiladi. Shundan so‘ng Yerning shimoliy yarimsharida kuz fasli, janubiy yarimsharida esa bahor fasli boshlanadi.
Kuz qanday fasl? Kuz fasli haqida qanday maqollarni bilasiz?
O‘quvchilar javobi tinglanadi. O‘qituvchi javoblarni umumlashtiradi.
-
-
- Yozgi harakat – kuzgi barakat.
- Kuzning bir kuni qishning bir oyini boqar.
- Asadda oralab ye, sunbulada – saralab.
-
O‘qituvchi: Xalq maqollarida ham aytilganidek, kuzning bir kuni qishning bir oyiga tatiydi. Bu nima degani? Kuz faslida dalalarda, bog‘-rog‘larda yig‘im-terim avj oladi. Yil bo‘yi yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay saranjomlab olish, qish fasliga g‘amlab qo‘yish kerak. Butun mamlakat bo‘ylab va ayni paytda har bir oilada ham xuddi shunday jarayon kechadi. Darsdan bo‘sh paytlaringiz kuzgi ro‘zg‘or ishlarida ota-onangizga qo‘lingizdan kelgancha yordam qiling! Bundan og‘rinmang!
Siz bilmaysiz, ilgari o‘quv yili boshlanib ulgurmasdan maktablarimiz huvillab qolardi. Chunki o‘quvchilar hali yosh bo‘lishiga qaramay, paxta terimiga ommaviy jalb qilinar edi. Bobo-buvi, ota-ona va hatto aka-opalaringiz ham sentabrdan dekabrgacha issiqni issiq, sovuqni sovuq demay, dalalarda paxta tergan. Hozirgidek shinam sinfxonalarda o‘qish, bilim olish ular uchun orzu bo‘lgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018-yili O‘zbekistonda bolalar mehnatiga barham berdi.
Shu yerda paxta qulligi, bolalarning dalalarda og‘ir sharoitlarda mehnat qilgani haqidagi videorolikdan parcha qo‘yib beriladi.
O‘qituvchi: Mana, ko‘rdingizmi, yaqin o‘tmishimizda ham hatto siz tengi bolalar qanday qiyin ishlarni bajargan. Issiq kunlarda chang-to‘zon ichida, toza ichimlik suvi yo‘q, antisanitariya sharoitida, sovuq kunlari esa oyog‘idan zax o‘tib, izg‘irinda qo‘llari muzlab paxta tergan. Hatto odamlarning ustidan samolyotlar zaharli dorilarni sepib o‘tgan. Bu haqda avval eshitganmisiz?
O‘quvchilarning javobi tinglanadi.
O‘qituvchi: Bugun mana shunday shinam, zamonaviy jihozlangan sinfxonalarda o‘qishning qadriga yetishingiz kerak. Erinchoqlik qilmasdan, har bir darsda nimadir yangi bilim olishga intiling.
Endi yana asosiy mavzumizga qaytsak. Kuzgi tengkunlik qadimiy madaniyatlarda muhim sana hisoblangan. Bu kunda maxsus marosimlar tashkil etilgan. Xalqimiz tarixida ham alohida ahamiyatga ega. Ota-bobolarimiz yilni ikki qismga ajratgan. Yoz “yoyilmoq” va qish “qisilmoq” degan ma’nodan kelib chiqqan. Bunda kunning uzayishi va qisqarishi nazarda tutilgan. 21 mart – bahorgi tengkunlikdan boshlab kun uzayib boradi. Bu 22 iyunga qadar davom etadi. Mazkur sanada yilning eng uzun kuni bo‘ladi. Keyin kun qisqarishni boshlaydi va 22 sentabrda kuzgi tengkunlik kuzatiladi. Ya’ni kun va tun tenglashadi. Ushbu paytda Hosil bayrami nishonlanadi.
Keksalar ko‘klamda “Omonlik-somonlik, hech ko‘rmaylik yomonlik”, deya niyat qilganini eshitganmisiz? Yilboshi – Navro‘zda qishdan omon chiqilgani uchun shukrona aytiladi. Somonlik deb esa, ko‘klamda ekilgan urug‘ unib-o‘sib, kuzga borib pishib-yetilib, somon bo‘lishi – hosilga aylanishi nazarda tutilgan. Shu bois hosil bayrami “Somonto‘y” deb ham atalgan. Momolarimizning ezgu tilaklari zamirida yil-o‘n ikki oy davomida sog‘-salomat, rizqi butun, oilasi to‘kis bo‘lish niyati mujassam.
Ota-bobolarimiz asrkar davomida tabiat ne’matlariga shukronalik va inson mehnati mahsullarini qadrlash maqsadida Hosil bayramini nishonlab kelgan. Bugun esa mazkur ko‘hna an’anamiz taraqqiyotga homohang ravishda zamonaviy ko‘rinish kasb etib bormoqda. Yirik pavilyonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil qilinyapti. Dehqon va fermerlarimiz bir yillik mehnatlari mahsulini, olma-yu anorlar, behi, nok va uzumlar, qovun-tarvuz, qovoq... hamma-hammasini qator-qator rastalarda ko‘zni quvnatar darajada namoyish qilmoqdalar.
Fotosuratlar galereyasi ko‘rsatiladi.
II қисм. To‘rt unsur
O‘qituvchi: Bugun Sizlar bilan xalqimiz donoligining yana bir namunasi – to‘rt unsur falsafasiga haqida ham gaplashamiz. Qani, to‘rt unsur nima degani? To‘rt unsurni kim sanab beradi?
O‘quvchilar javobi tinglanadi. O‘qituvchi doskaga tabiatning to‘rt unsurini ifodalaydigan logotiplarni joylashtiradi. O‘quvchilar to‘rt guruhga bo‘linib, o‘zlariga bittadan logotipni tanlab oladi.
O‘qituvchi: To‘rt unsur – qadimgi falsafa, ilm-fan va tabiatshunoslikda keng tarqalgan tushuncha bo‘lib, tabiatdagi barcha narsalar to‘rtta asosiy moddadan tashkil topgan deb qaralgan.
1. Yer (tuproq). Xususiyati: qattiq, og‘ir, barqaror. Timsoli: mustahkamlik, sabr, bardosh. Hayotda: tog‘lar, tuproq, jismlar, hayvon va odam tanasi.
2. Suv. Xususiyati: suyuq, oqimga ega, tozalovchi. Timsoli: poklik, hayot manbayi, oqilona harakat. Hayotda: daryo, dengiz, yomg‘ir, organizmdagi suyuqliklar.
3. Havo. Xususiyati: yengil, harakatchan, ko‘rinmas. Timsoli: ozodlik, hayot nafasi, ruh. Hayotda: shamol, nafas, daraxt, atmosfera.
4. Olov (yoki yong‘in). Xususiyati: issiqlik, harorat, o‘zgaruvchanlik. Timsoli: energiya, ishtiyoq, o‘zgarish. Hayotda: quyosh nuri, olov, elektr, harorat.
To‘rt unsur tushunchasi qadimgi yunon, hind, xitoy, turk va islom falsafasida mavjud. Ko‘hna bitiklarda tabiatdagi har bir narsa shu to‘rtta unsurning turli nisbatlardagi aralashmasidan tashkil topgan deb yozilgan. Xalq tabobatida ham odam tanasining holati ushbu unsurlar muvozanati bilan tushuntirilgan.
Keling, endi guruhlarda ishlaymiz. Tuproq, suv, havo, olovning hayotimizdagi ahamiyati haqida o‘ylab ko‘raylik. Quyidagi uch savolga jamoaviy hamkorlikda javob bering.
1. Sizning guruhingiz nomidagi unsur inson hayotida qanday rol o‘ynaydi?
2. Agar bu unsur yo‘qolsa, nimalar yuz beradi?
3. Inson unga qanday munosabatda bo‘lishi kerak?
“Tuproq” guruhining javoblari:
– Yer bizga oziq-ovqat, uy qurish uchun zamin beradi. Tuproq baraka manbayidir.
– Agar tuproq bo‘lmasa, ekin-tikin qilolmaymiz, yashaydigan joyimiz yo‘qoladi, hayot izdan chiqadi.
– Yerga mehr bilan qarashimiz, tuproqni iflos qilmasligimiz, daraxt va o‘simliklar ekishimiz kerak.
“Suv” guruhining javoblari:
– Suv ichish, tozalanish, sug‘orish, ovqat tayyorlash, sanoat uchun kerak. Suvsiz hayot yo‘q.
– Agar suv bo‘lmasa, odamlar tashnalikdan o‘ladi, o‘simliklar quriydi, hayvonlar nobud bo‘ladi, ocharchilik yuz beradi.
– Suvni isrof qilmasligimiz, daryolarga chiqindi oqizmasligimiz va suv resurslarini asrashimiz kerak.
“Havo” guruhining javoblari:
– Havo nafas olish uchun kerak. Havo orqali tabiatda muvozanat saqlanadi. Quyosh nuri, ob-havo ham shunga bog‘liq.
– Agar havo bo‘lmasa, odamlar nafas ololmaydi, tiriklik to‘xtaydi. Havo ifloslansa, kasalliklar ko‘payadi.
– Havoni ifloslantirmasligimiz, daraxtlar ekishimiz va zavodlardan chiqayotgan tutunlarni nazorat qilishimiz kerak.
“Olov” guruhining javoblari:
– Olov isinish, ovqat tayyorlash, texnika va elektr ishlab chiqarishda kerak. Energiya manbayi.
– Agar olov bo‘lmasa, inson sovuqda qoladi, ovqat pishmaydi, texnika ishlamaydi. Hayot qiyinlashadi.
– Olovni ehtiyotkorlik bilan ishlatishimiz, yong‘in xavfsizligiga rioya qilishimiz, behuda yoqmasligimiz kerak.
Har bir guruh vakili o‘z javoblarini bayon qiladi. O‘qituvchi esa qisqa izoh va xulosa beradi, barcha guruhlar fikrini rag‘batlantirib boradi. Xulosani tabiat oldida inson mas’uliyatining ahamiyatini anglatishga yo‘naltiradi.
III qism. Tabiiy qonuniyatlar va ijtimoiy qoidalari
O‘qituvchi: Mana, javoblarni tingladik. Angladikki, to‘rt unsurning har biri hayot uchun alohida qiymatga ega ekan. Buni juda chiroyli tushuntirib berdingiz. Ayni paytda ular o‘zaro chambarchas bog‘liqligini ham unutmasligimiz kerak.
“Havo” guruhi, ayting-chi, tuproq, havo, olov bo‘lsa-yu, suv bo‘lmasa-chi? Siz, “Suv” guruhi, javob bering, tuproq, suv, olov bo‘lsa-yu, havo bo‘lmasa-chi? Xo‘sh, “Tuproq” guruhiga savol: tuproq, suv, havo bo‘lsa-yu, olov bo‘lmasa-chi? “Olov” guruhi aytsin, havo, suv, olov bo‘lsa-yu, tuproq bo‘lmasa-chi?
Bahs-munozara o‘tkaziladi. Fikrlar umumlashtiriladi.
“Havo” guruhi: Agar suv bo‘lmasa, hayot bo‘lmaydi. Tuproqdan namlik qochadi, hech narsa o‘smaydi. Havoning tarkibi ham suvning bug‘lanishiga bog‘liq. Suv – hayotning asosi. Suvsiz tuproq – cho‘l. Suvsiz olov – ofat. Suvsiz havo – quruq.
“Suv” guruhi: Agar havo bo‘lmasa, hech narsa nafas ololmaydi. Olov yonmaydi, alangalanmaydi. Suv bug‘lanmaydi, yomg‘ir bo‘lmaydi. Tuproq ham o‘lik holatda qoladi, chunki o‘simliklar fotosintez qila olmaydi. Havo – hayotni harakatlantiruvchi, jonlantiruvchi kuch.
“Tuproq” guruhi: Agar olov bo‘lmasa, sovuqda isinib bo‘lmaydi. Yemak pishmaydi, metall eritilmaydi, texnologiya rivojlanmaydi. Suv ham iliq bo‘lmaydi – doimo sovuq, muzdek. Tuproqda o‘sadigan mevalar pishmay qoladi. Havo harakatsiz bo‘ladi, chunki olov harorat va energiya beradi. Olov – harorat va taraqqiyot manbayi.
“Olov” guruhi: Agar tuproq bo‘lmasa, barcha narsalar muallaq qoladi. Urug֥‘lar unmaydi, daraxtlar ildiz otolmaydi. Suv oqib ketadi, ushlab turadigan zamin bo‘lmagach. Yashash uchun yer yo‘q… Tuproq – tayanch va hayotni barqaror tutuvchi unsur.
O‘qituvchi: Demak, barcha unsurlar bir-biriga bog‘liq. Havo – olovni yoqadi, olov – suvni bug‘laydi, suv – yerga hayot beradi, yer esa barchasini ushlab turadi. Mana, ko‘rdingizmi, har bir unsur alohida kuchga ega, lekin yolg‘iz o‘zining kuchi yetarli emas. Birortasi bo‘lmasa, tizim butunlay izdan chiqadi. Bir unsur yo‘qolsa, qolganlari ham o‘z vazifasini to‘liq bajara olmaydi.
Bilasizmi, aslida, sizning javoblaringizni jamiyatga ham tatbiqan aytish mumkin. Bir-biridan keskin farq qiluvchi to‘rt unsur bir-birisiz hayotni to‘kis qilib bera olmaydi. Xuddi shunday, jamiyatda ham turli qatlam vakillari borki, diniy e’tiqodi, dunyoqarashi, boyligi, kasbi o‘rtasida tafovut bo‘lsa-da, bir-birisiz xalq bo‘la olmaydi, jamiyat tuza olmaydi.
Ushbu fikrimizni aynan kasblar misolida ko‘rib chiqamiz. Sizning unsur jamiyatda qaysi kasb egalariga o‘xshaydi? Nega?
Guruhlarning javobi:
Havo → olimlar, texnologlar, axborot tarqatuvchilar. Havo ko‘rinmas, lekin kerakli. Fan, ilm, bilim ham ko‘zga tashlanmaydi, lekin jamiyatni rivojlantiradi. Agar biz bo‘lmasak… jamiyat nafas ololmaydi. Yangilik, taraqqiyot, fikrlash to‘xtaydi. Bilim tarqamaydi. Hayot qotib qoladi. Fikrsiz jamiyat – havosiz tabiat.
Suv → shifokorlar, o‘qituvchilar, ijtimoiy soha vakillari. Suv hayot beradi, o‘qituvchi va shifokor ham bilim, sog‘lik, mehr beradi. Hayot bardavomligini ta’minlaydi. Agar biz bo‘lmasak… salomatlik bo‘lmaydi, bilim tarqamaydi. Insonlar zaiflashadi, jamiyat to‘xtab qoladi. Muallimsiz qolgan xalq – suvsiz qolgan baliq kabidir.
Olov → ijodkorlar, san’atkorlar, yetakchilar. Olov yoritadi, isitadi, harakatga keltiradi. Ijod sohasi ham xalqqa ruh, g‘oya, motivatsiya beradi. Agar biz bo‘lmasak… jamiyatda turg‘unlik hukm suradi. Ruhiy uyg‘onish bo‘lmaydi. Yashash istagi yo‘qoladi. Madaniyat so‘nadi. San’atsiz jamiyat olovsiz o‘choqqa o‘xshaydi.
Tuproq → ishchi, dehqon, tadbirkor, ishlab chiqaruvchilar. Tuproq – asos, poydevor, hayotni ushlab turuvchi qatlam. Ishlab chiqarish, dehqonchilik, xizmat ko‘rsatish jamiyatni oziqlantiradi. Agar biz bo‘lmasak… ovqat yo‘q, kiyim yo‘q, uy yo‘q. Tabiatda hamma narsaning o‘sishiga tuproq kerak bo‘lganidek, jamiyatda ham hech bir soha dehqonchiliksiz, sanoatsiz mavjud bo‘lolmaydi.
O‘qituvchi: Hammangiz juda chiroyli tushuntirdingiz. Tabiatdagi unsurlar kabi jamiyatdagi barcha odamlar – turli jinslar, kasblar, millatlar bir-birisiz yashay olmaydi. Unutmang: hech kim keraksiz emas. Hamma o‘z o‘rnida bebaho! Biz har xilmiz. Farqliligimiz – kuchimizdir. Hamjihatligimiz esa taraqqiyot kaliti!