
“Kelajak soati” 4-mavzu
HOSIL BAYRAMI. OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGI
Asosiy dars mashg‘uloti
1- qism.
Assalomu alaykum qadrli oʻquvchilar! Dunyoda turli joylarda fermerlar va hosil bayrami aynan bir bayram sifatida nishonlanadi, dunyoda hosil bayramlari qanday boʻlishi haqidagi lavha beriladi.
Barchamizga maʻlumki, davlat mustaqilligini saqlash uchun siyosiy, huquqiy, harbiy asoslar bilan birga iqtisodiy asoslar ham juda muhim hisoblanadi. Xoʻsh, Davlatning iqtisodiy asoslari deganda nimani tushunasiz?
Oʻquvchilar javobi.
Toʻgʻri, aytib oʻtilgan javoblar hammasi davlatning iqtisodiy rivojlanishiga, xalqning farovon yashashiga xizmat qiladi. Lekin ular ichida eng muhimi – bu oziq-ovqat xavfsizligi, zaxirasi masalasi hisoblanadi. Bugun shu mavzuga alohida eʻtibor qaratamiz.
Keling, mashgʻulotimiz deb ochasida guruhlarga boʻlinib olamiz.
Oʻqituvchi oʻquvchilarni sheʻriy tarzda “Yaxshilik”, “Goʻzallik” va “Mehr” guruhlariga ajratadi.
Yurtdoshim, bogʻingga bir nihol qada,
Bu nihol nomini YAXSHILIK ata.
Niholing yoniga bir gul ekib qoʻy,
Bu gulning nomini GOʻZALLIK deb qoʻy.
Gul-u niholingga baxsh etib hayot-
Suv ber va bu suvga MEHR deb qoʻy ot.
Sendan kelajakka bogʻ qolsin, ey doʻst,
Bogʻing Vatan degan nom olsin, ey doʻst. (E.Vohidov)
Azizlar, hozir “Mulohaza” usuli asosida har bir guruhga savollar beriladi. Guruh aʻzolari oʻz fikr-mulohazalarini bayon etishadi.
-
-
-
- Nima deb oʻylaysiz, oziq-ovqat xavfsizligi nima?
- Hosil bayrami qaysi qadriyatlarimizni ifoda etadi?
- Kuzgi tengkunlik deganda nimani tushunasiz?
-
-
Guruh aʻzolari oʻzaro kelishgan holda mulohazalarini bildirishadi.
“Yaxshilik” guruhi: har bir insonning sogʻlom hayot kechirish uchun yetarli, sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan doimiy taʻminlanganligidir. Bu xavfsizlik davlatning oziq-ovqat zaxiralari, qishloq xoʻjaligi salohiyati va aholi turmush darajasi bilan bogʻliq. Oziq-ovqat xavfsizligini taʻminlash — barqaror rivojlanish va xalq farovonligining asosidir. Unga xavf soluvchi omillar: kimyoviy moddalar, kamchiqim ovqatlanish, isrofgarchilik.
“Goʻzallik” guruhi: Kuzgi tengkunlik — tabiatdagi muhim astronomik hodisalardan biri boʻlib, har yili 22 yoki 23-sentyabrda sodir boʻladi. Bu kunda kun bilan tun teng boʻladi, yaʻni yorugʻlik va qorongʻilik vaqtlari taqsimoti bir xil. Kuzgi tengkunlikdan soʻng kuz fasli toʻliq boshlanadi, havo soviy boshlaydi, daraxt barglari ranglarini oʻzgartirib, tabiat sekin- asta uyqu davriga tayyorgarlik koʻra boshlaydi. Bu hodisa jahon xalqlari tomonidan qadimdan bayram sifatida nishonlab kelingan.
“Mehr” guruhi: Hosil bayrami — dehqonlar va bogʻbonlar mehnatiga hurmat ramzi sifatida har yili kuz faslida nishonlanadi. Bu bayramda yigʻilgan hosil namoyish etiladi, xalq oʻyinlari, milliy taomlar va konsertlar uyushtiriladi. Hosil bayrami insonlarni mehnatsevarlik, tabiatga ehtirom va rizq-nasibaga shukronalik ruhida tarbiyalaydi. Bu bayramda milliy taomlar va hunarmandchilik koʻrgazmalari tashkil etiladi.
Oʻqituvchi: Barakalla, haqiqatan ham, har bir davlat oʻz xalqining qorni toʻq, turmushi farovon boʻlishi uchun oziq-ovqat zaxirasini yaratishga katta eʻtibor qaratadi. Ayniqsa, keyingi yillarda global iqlim oʻzgarishlari, tabiiy ofatlar, yer va suv resurslari taqchilligi oziq-ovqat yetishtirishda jiddiy muammolarni keltirib chiqaryapti. Shunga qaramay, Davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan saʻy-harakatlar natijasida Oʻzbekistonimizda oʻtgan 2024-yilda 9 million tonna don, 3 million tonnadan ortiq paxta, 16 million tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 15 million tonnadan koʻp goʻsht va sut, 30 ming tonna pilla yetishtirilgan (taqdimot).
“Infosharh” usuli asosida guruhlarda ishlash davom ettiriladi. Axborotni tanqidiy baholash, fikrlarni shakllantirishni oʻz ichiga oladigan mazkur usulda guruh aʻzolari infografikalar, yaʻni rasm, jadval, infogramma, diagrammada tasvirlangan maʻlumotlarni oʻqib tushunishlari va shu asosida 3 daqiqada 5 ta maʻlumotni A3 shakldagi qogʻozga yozib, sharhlab berishlari lozim.
🟨 Infografika sarlavhasi:
"Oʻzbekiston 2025: asosiy oziq-ovqat zaxiralari (%)"
📊 Qismlar (mahsulotlar)
📦 Mahsulot |
🎯 Foiz |
🌾 Bugʻdoy |
|
🍬Shakar |
|
🍚 Guruch |
|
🍞Un |
|
🥔Kartoshka |
|
Masalan, “Yaxshilik” guruhi berilgan infografikaga tayanib, quyidagi maʻlumotlarni sharhlab berishi mumkin:
“Yaxshilik” guruhi
1. Bugʻdoyning umumiy zaxiradagi ulushi 92.9% boʻlib, mamlakatdagi eng yirik zaxira mahsulotidir va asosiy don hosili hisoblanadi.
2. Guruch 230 000 tonna yetishtirilib, asosan ichki bozor ehtiyojini qoplash maqsadida parvarishlanadi.
3. Shakarning umumiy zaxiradagi ulushi 3.47% ni tashkil etib, strategik zaxira sifatida saqlanadi.
4. Kartoshka (mahsuloti zaxirasi joriy yilda 1274 tonnani tashkil etgan.
5. Un zaxirasining umumiy ulushi - 0.03%.
Prezidentimiz Farmoni bilan mamlakatimiz qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi tasdiqlangan. Unda aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʻminlash, qulay agrobiznes muhitini yaratish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi muhim yoʻnalishlarda bajariladigan ishlar belgilab berilgan.
Bugungi kunda yurtimizda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarning katta qismi fermerlar va klasterlar tomonidan yetishtirilyapti.
Qulupnayni togʻda yetishtirayotgan fermer haqida videolavha beriladi.
Qani kim aytadi, fermer kim? Klaster tizimi nima?
Oʻquvchilar javobi
Endi sizning fikrlaringizni umumlashtirib fermer va klaster tushunchalariga taʻrif beramiz. (kichik maʻruza)
Fermer xoʻjaligi ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subʻyektidir. Fermer xoʻjaligi Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining asosiy subʻyekti hisoblanadi.
Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish bilan birga ularni qayta ishlash, saqlash va realizatsiya qilish, sanoat ishlab chiqarishi, xizmatlar koʻrsatish va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjaligidir. Yurtimizda Oʻzbekiston fermerlari kengashi tuzilgan.
Klaster - bu xom-ashyo yetishtirishdan boshlab to qayta ishlangan tayyor mahsulotni isteʻmolchiga yetkazib berishgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab olgan bir butun tizim (slayd).
Fermer va klasterlardan tashqari shaxsiy tomorqada yetishtirilgan hosil ham oziq-ovqat zaxirasini yaratishda muhim hisoblanadi.
Yurtimizda 5 milliondan ziyod xonadonda 508 ming gektar tomorqa, dehqon xoʻjaliklarida salkam 280 ming gektar yer bor. Bu - oziq-ovqat xavfsizligini taʻminlashda eng katta zaxira.
Oʻtgan 7 yilda tomorqa egalari va dehqon xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash uchun jami 2,3 trillion soʻm imtiyozli kredit va 265 milliard soʻmlik subsidiya berilgan. Odamlarning koʻnikmasidan kelib chiqib, 5 ming 145 ta mahalla meva-savzavot yetishtirish, koʻkatchilik, limonchilik kabi yoʻnalishlarga ixtisoslashtirilgan.
Oxirgi uch yilda 260 ming gektar yer aholiga boʻlib berilgan edi. Tomorqa xizmatlarini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarga 7 yil muddatga 17,5 foizli imtiyozli kredit ajratiladi. Aholi va dehqonlarning eng namunali loyihalari uchun har yili 20 milliard soʻmlik grantlar eʻlon qilinadi. Bunda 500 ta mahalladagi eng zoʻr loyihaga 40 million soʻmdan grant beriladi.
Shuningdek, dehqon xoʻjaliklarini tashkil yetish uchun 75 ming gektar yer maydonlari 180 ming nafardan ortiq yoshlarga boʻlib berilgan. Orangizda ana shunday yer olgan aka-opalaringiz bormi? Ular qanday meva-sabzavotlar yetishtirishyapti?
Oʻquvchilar javobi
Joriy yildan boshlab, yoʻl, daryo va kanallarga tutash 2 ming gektar yer 10 ming aholi va tadbirkorlarga ekish uchun ijaraga berildi. “Mening bogʻim” loyihasi doirasida byudjetdan 49 milliard soʻm ajratilib, mahallalarda 215 ta yangi bogʻ yaratilyapti. Bu ishlardan koʻzlangan maqsad ekologiyani asrash va oziq-ovqat xavfsizligini taʻminlashdan iborat.
Barakalla, zero, Alisher Navoiy bobomiz:
Bir diram olmoq chekibon dast ranj,
Yaxshiroq ondinki birov bersa ganj,
deya bejiz taʻkidlamagan. Bu fikrlarni oʻz tomorqasida, oʻziga biriktirilgan yerida hosil yetishtirib, halollik bilan rizq topayotgan yurtdoshlarimizga nisbatan ham qoʻllash mumkin.
Loyiha ishi: biznes reja tuzish.
Zukko oʻquvchilar! Tasavvur qiling, siz boʻlajak tadbirkorsiz, davlatimiz oziq-ovqat zaxirasini boyitmoqchisiz. Ana endi turli yoʻnalishlarda klasterlar tuzish maqsadida biznes reja ishlab chiqasiz.
“Yaxshilik” guruhi bogʻdorchilik, “Goʻzallik” guruhi dehqonchilik, “Mehr” guruhi esa parrandachilik bilan shugʻullanish boʻyicha biznes reja yaratadi.
Jumladan, “Goʻzallik” guruhi quyidagicha biznes reja tuzib, taqdim etishi mumkin.
🌾 DEHQONCHILIK KLASTERINI TASHKIL ETISH BOʻYICHA BIZNES REJA |
Maqsad |
Samarali agrosanoat klasterini tashkil etish orqali dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va bozorga chiqarish tizimini yoʻlga qoʻyish. |
Klasterning tarkibiy qismlari |
✅ Asosiy ishtirokchilar: Fermer xoʻjaliklari – asosiy mahsulot ishlab chiqaruvchilar Qayta ishlash korxonalari – mahsulotlarni qadoqlash, tayyor mahsulotga aylantirish Logistika xizmati – saqlash, tashish va tarqatish Moliya institutlari – kredit, investisiya va sugʻurta Ilmiy-tadqiqot markazlari – agrotexnologiyalar va innovatsiya ✅ Infratuzilma: Sugʻorish tizimlari Sovutkich omborlar Qayta ishlash syexlari Agronom maslahat markazlari |
Klaster joylashuvi |
Viloyat: Navoiy viloyati Tuman: Karmana tumani Mavjud resurslar: sugʻoriladigan yer, suv manbalari, mehnat bozori |
Asosiy faoliyat yoʻnalishlari |
Gʻallachilik (bugʻdoy, arpa) Sabzavot va polizchilik (kartoshka, pomidor, qovun) Uzumchilik va bogʻdorchilik Organik mahsulotlar yetishtirish |
Moliyaviy reja |
Yoʻnalish - Summa (mln soʻmda) Yer tayyorlash 500 Texnika va uskunalar 1,200 Urugʻ va oʻgʻitlar 400 Sugʻorish tizimi 300 Qayta ishlash uskunalari 800 Xodimlar oyligi (1 yil) 600 Boshqa xarajatlar 200 JAMI 4 000 |
Daromad prognozi (1 yilga) |
Yillik hosil: 800 tonna Oʻrtacha narx: 6,000 soʻm/kg Jami daromad: 4.8 mlrd soʻm Taxminiy foyda: 700-800 mln soʻm |
Qoʻshimcha imkoniyatlar |
Eksport: Rossiya, Qozogʻiston, BAA kabi mamlakatlar Sertifikatlash: GAP, ISO xalqaro standartlari Qoʻshimcha qiymat: quritilgan sabzavot, sharbat, murabbo |
|
Shu tartibda guruhlar oʻz biznes rejalarini taqdimot qilib beradilar.
Aziz bilimdonlar! 2025-yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb eʻlon qilinganini yaxshi bilasiz. Bu yilda quyidagi ishlarga alohida eʻtibor qaratildi:
- mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, koʻchalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish;
- aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish;
- tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni taʻminlash;
- “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish, iqtisodiyotni iqlim oʻzgarishiga moslashtirishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish;
Qani, kim aytadi, “yashil iqtisodiyot” deganda nimani tushunamiz?
Oʻquvchilar javobi.
Sizning javoblaringizni umumlashtirib aytadigan boʻlsak, yashil iqtisodiyot deganda, inson hayoti va sogʻligʻi uchun zarur boʻlgan neʻmatlarni atrof-muhit va ekologiyaga zarar yetkazmagan holda ishlab chiqarish tushuniladi. Yashil iqtisodiyotning asosiy maqsadi sayyoramizning ekologiyasi va uni saqlab qolish bilan birga iqtisodiyotning barcha sohalarini rivojlantirishdan iborat. Bugungi mavzumizga aloqador yana bir muhim loyiha haqida toʻxtalib oʻtishimiz zarur. Bu “Yashil makon” umummilliy harakatidir. “Yashil makon” umummilliy harakatida bizning maktabimiz ham faol ishtirok etyapti. Yuqori sinf oʻquvchilari tashabbusi bilan ularga kichik yer uchastkalari ajratilgan. Shu loyihada kim qanday koʻchat ekdi? Ekkan koʻchatining bugungi ahvoli qanday? Kim javob beradi?
Oʻquvchilar javobi.
Demak, nihol ekish juda muhim, lekin uni parvarishlashga eʻtiborli boʻlish yanada muhim. Maqollarimizda “Birni kessang oʻnni ek” deb alohida uqtirilgan.
Qadrli ilm toliblari! Keling, endi sizlar bilan kichik bogʻimizga guruh nomlarimizga mos ravishda “Yaxshilik”, “Goʻzallik” va “Mehr” nihollarini oʻtqazamiz. Yuqoridagi sheʻrimizga javoban, albatta, qaysi kasb egasi boʻlmaylik, qalbimizga yaxshilik, goʻzallik va mehr tuygʻularini jo etib, Vatanimizga bizdan faqat ezgulik bogʻi qolishi uchun harakat qilamiz!
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shunday fikrlari bor: “Ayni paytda biz faqat dehqonchilik bilan kun koʻradigan mamlakat boʻlib qolmasligimiz kerak”. Aziz oʻquvchilar, siz shunday kasb tanlangki, kelajakda yurtimiz taraqqiyotiga qoʻshgan hissangiz tufayli Vatan va ona xalqimiz sizdan rozi boʻlsin!
Qani, ertamiz egalari, kelajakda qaysi kasbni tanlamoqchisiz?
Oʻquvchilar javobi tinglangach, oʻqituvchi kasbga yoʻllab, zamonaviy kasblar haqida maʻlumot beradi.
Oʻqituvchi: Bugungi kunda jamiyat taraqqiyoti va texnologiya rivoji natijasida yangi kasblar paydo boʻlmoqda. Aytish mumkinki, raqamli dunyoda IT-muhandis, veb-dizayner, kiberxavfsizlik mutaxassisi, robototexnika mutaxassisi va grafik dizayner kabi zamonaviy kasblarga tobora talab ortmoqda. Shu bilan birga, bugun hayotimizda logistika va marketing sohalaridagi mutaxassislar ham juda muhim oʻrin tutadi.
“Sinkveyn” usuli. “Yaxshilik” guruhi dasturchi, “Goʻzallik” guruhi veb-dizayner, “Mehr” guruhi esa kontent-menejer kasblari boʻyicha sinkveyn tuzadilar.
Sinkveyn – bu mavzuga doir gʻoya va his-tuygʻularni qisqa, muayyan strukturada ifoda etish usuli. U tez fikrlash, tahlil qilish va qisqa ifoda qilish qobiliyatini rivojlantiradi.
📘 Sinkveyn tuzish tartibi (5 satr)
1-satr — 1 ta soʻz: mavzuning nomi (odatda, ot)
2-satr — 2 ta soʻz: mavzuni ifodalovchi 2 ta sifat
3-satr — 3 ta soʻz: mavzuga oid 3 ta feʻl (harakat)
4-satr — 4-5 ta soʻzdan iborat tuygʻu yoki munosabatni ifodalovchi ibora
5-satr — 1 ta soʻz: mavzuga sinonim yoki xulosa
Namuna: Dasturchi kasbiga sinkveyn tuzish
1. Dasturchi
2. Zehnli, ijodkor
3. Kodlaydi, tahlil qiladi, yaratadi
4. Muammolarga yechim topadi, dasturlar yaratadi
5. Mutaxassis
Mashgʻulot davomida guruhlarni mevalar bilan ragʻbatlantirib borish mumkin. Qaysi guruh savatida koʻp hosil toʻplansa, shu guruh dars gʻolibi boʻladi.