“Kelajak soati” 5-mavzu

O‘qituvchi va murabbiylar kuni

Metodologiya 

Dars ssenariysi

Darsning kirish va asosiy qismlarida  mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, Davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi.

🟦 1. KIRISH, ASOSIY QISMLAR. (10 daqiqa).

Dars avvalida hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida oʻqituvchi va murabbiylar obroʻsini oshirish haqidagi fikrlari aks etgan rolik namoyish etiladi.

 

 

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar! Bugun sizlar bilan jamiyatimizdagi eng sharafli, eng masʼuliyatli va eng muqaddas kasb egalaridan biri – oʻqituvchi va murabbiylar hamda ularning kasb bayrami haqida gaplashamiz. Darsliklar bilim beradi, ustozlar esa yo‘l ochadi. Bugun shu yo‘lni birga boshlaymiz — tayyormizmi?

Talabalar: Haaa.

Professor-o‘qituvchi: shu yo‘lni bosib o‘tayotgan zamona qahramonimiz bor. Keling, u haqida birgalikda film tomosha qilsak.

“Yo‘l” hujjatli filmi. Film Buyuk Britaniyada tahsil olib, Romitandagi 38-maktabda o’qituvchilik qilayotgan Billura Ikromova haqida. Olis cho‘l hududidagi maktabga borish uchun Billura har hafta 250 km masofani bosib o‘tadi va uning o‘quvchilari yutuqlarga erishmoqda. (Film 20 daqiqa).

 

 

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

Professor-o‘qituvchi: Demak, ustoz jamiyatni qanday yo‘l bilan o‘zgartiradi, deb o‘ylaysiz? Sizning fikrlaringizni eshitamiz — boshladik.

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

ASOSIY QISM. O‘qituvchi — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy resursi. (10 daqiqa)

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar! Bugun sizlar bilan bir muhim sana — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” haqida suhbatlashmoqchiman. Bu sana biz uchun shunchaki taqvimdagi bayram emas. Bu — ustozga hurmat, ilmga sadoqat va kelajak oldidagi mas’uliyat ramzi. Sizlar bugun auditoriyaga kirib kelganingizda, eshikni ochib bergan ham, tafakkuringizni ochib bergan ham — ustoz ekanini yana bir bor his etishingizni istayman.

Avvalo xalqaro kontekstga e’tibor qilsak. 1966-yil 5-oktabrda YUNESKO va Xalqaro mehnat tashkiloti XMT (ILO) tomonidan o‘qituvchilar maqomi to‘g‘risidagi tavsiyalar qabul qilingan. Ana shu tarixiy hujjat butun dunyoda ustoz mehnatini qadrlash, ularning huquqlari va mehnat sharoitlarini yaxshilash g‘oyalarini mustahkamlab berdi. Oradan yillar o‘tib, 1994-yildan boshlab har yili 5-oktabr “Jahon o‘qituvchilar kuni” sifatida nishonlanmoqda. Bugun ko‘plab davlatlar shu sana atrofida anjumanlar, ilmiy-­amaliy uchrashuvlar va ustozlarni e’tirof etuvchi tadbirlar o‘tkazadi. Ayrim mamlakatlar o‘z tarixiy an’analaridan kelib chiqib boshqa sanalarni ham tanlagan: masalan, Hindistonda 5-sentyabr, Xitoyda 10-sentyabr, AQShda may oyining birinchi haftasida “Teacher Appreciation Week” tarzida. Ammo bitta narsa umumiy: qayerda bo‘lmasin, ustozga hurmat — taraqqiyotning o‘zak qadriyatidir.

Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridayoq ustoz va murabbiylar sha’nini yuksak qadrlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Shu yo‘ldagi eng muhim qadam — 1-oktabr kunining “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” sifatida rasman belgilanishi bo‘ldi. Shundan beri, ya’ni 1997-yildan boshlab, yurtimizda har yili 1-oktabrda ustozlar e’zozlanadi, ularning fidoyiligi va mehnati keng jamoatchilik e’tiboriga havola etiladi. Bu sana bizning qadimiy “ustoz–shogird” an’anamiz, ma’rifatga muhabbatimiz va ilm ahliga ehtiromimizning zamonaviy ifodasidir.

Nega aynan ustoz? Chunki ta’lim — jamiyatning yuragi. Zamon qanchalik o‘zgarmasin, texnologiyalar qay darajada ildamlamasin, insonni inson qiladigan tarbiya va bilimning bosh manbai — ustozdir. Bu fikrni buyuk ma’rifatparvarlarimiz ham ta’kidlab kelgan. Ustoz bir vaqtning o‘zida yo‘lboshchi, murabbiy, hamfikr va talabaning hayotidagi eng ishonchli tayanchiqdir. U har bir yutuqning orqasida ko‘ringan “ko‘zga ko‘rinmas mehnat” egasi; har bir izlanishning ortida turgan sokin ilhomdir.

Aziz talabalar, sizlar bugun oliy ta’lim bosqichida nafaqat bilim olmoqdasiz, balki o‘z hayotingizning eng muhim tanlovlarini ham qilmoqdasiz: kim bo‘laman, qanday foyda keltiraman, jamiyatga qay usulda xizmat qilaman? Shunday pallada mashhur insonlarning ustozlar haqidagi fikrlariga quloq tutsak.  

 O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, akademik Ahmadali Asqarov, boks bo‘yicha ikki karra olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov hamda yosh tadbirkor Hilola Obidova o‘z ustoz va murabbiylari haqida qiziqarli hikoya soʻzlab berishdi.

 

 

O‘qituvchining jamiyat taraqqiyotidagi roli

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar, tasavvur qiling: bitta o‘qituvchi bir yil davomida o‘rtacha 30 nafar talaba bilan ishlaydi. O‘n yilda — 300 talaba. Har bir talaba o‘z oilasi, do‘stlari yoki ish muhitida kamida uch kishining qarashiga ijobiy ta’sir ko‘rsatsa, bu allaqachon 900 odam demak. Bu faqat bitta o‘qituvchining bilvosita ta’siri. Universitet miqyosini, so‘ngra butun ta’lim tizimini ko‘z oldingizga keltiring: ta’sir ko‘lami geometrik darajada kengayadi. Demak, ustozning ta’siri auditoriya eshigida tugamaydi; u sizning qarorlaringiz, odatlaringiz va keyingi avlod tarbiyasida yashashda davom etadi.

Men ustozning ta’sirini uchta sodda, ammo kuchli ramz orqali ko‘rsatishni yoqtiraman. Birinchisi — kompas. Kompas yo‘nalish beradi: “Qaysi bilim kerak? Qanday qadriyatga tayanaman?” Ustoz sizga aynan shuni beradi — yo‘lni ko‘rsatadi, adashib qolmaslik uchun nuqtani belgilab beradi. Ikkinchisi — ko‘paytirgich. Ustoz sizdagi salohiyatni kuchaytiradi: kuchli tomonlaringizni ko‘radi, ularni o‘stiradi, ishonchni oshiradi. Uchinchisi — ko‘prik. U nazariya bilan amaliyotni, avlodlar tajribasi bilan yangi texnologiyalarni bog‘laydi.

Professor-o‘qituvchi: Bugungi darsingizda qaysi ramzni ko‘proq his qildingiz — kompasnimi, ko‘paytirgichnimi yoki ko‘priknimi?

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

Professor-o‘qituvchi: Ustozning jamiyat taraqqiyotiga ta’siri uch maydonda yaqqol ko‘rinadi:

Birinchisi — iqtisodiy maydon. Ustoz inson kapitalini o‘stiradi: malakali mutaxassislar shakllanadi, ish unumdorligi va innovatsiya kuchayadi. Masalan, “muammoni shikoyatga aylantirmasdan, yechim bilan kelish” odatini ustozdan olgan talaba ish joyida butun guruhning mehnat madaniyatini o‘zgartiradi. Shu zahoti o‘ylab ko‘ring: ustozingizdan olgan qaysi bitta ish odati sizning kelajakdagi samaradorligingizni keskin oshiradi?

Ikkinchi maydonijtimoiy maydon. Ustoz ishonch, hamkorlik, muloqot madaniyati va fuqarolik mas’uliyatini o‘rgatadi. Bu maktabdan ishxonaga ko‘chadigan “normalar to‘plami”dir. Ishonch bor joyda nizolar kamroq, yechimlar tezroq bo‘ladi, odamlar bir-birini tinglashni, dalil bilan gapirishni o‘rganadi. Talabalik davrida aniq bir vaziyatni eslang: biror guruh loyihasida kelishmovchilik paydo bo‘lganda siz va jamoangiz uni qanday hal qildingiz? O‘sha tajribada ustozning qaysi yo‘l-yo‘riqlari sizga tayanch bo‘ldi?

Uchinchi maydon — madaniy-ma’naviy maydon. Ustoz kitob, san’at, ilmiy muloqot va odob orqali jamiyat madaniyatini yangilaydi. Auditoriyada tug‘ilgan bitta savodli fikr keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda, jamoatchilik muhokamalarida yuzlab muloqotlarga “ohang” beradi. Bir talabam haqida eslayman: “Dalilsiz fikr — fikr emas” tamoyilini ich-ichiga singdirgan edi. Keyinroq jamoat muhokamalarida faqat faktlar, ishonchli manbalar bilan gapiradigan, boshqalarni ham ana shunday madaniyatga yetaklaydigan yetakchiga aylandi. Bu — bitta darsning uzoq muddatli ta’siri.

Men uchun ustoz mehnatining eng hayratlanarli tomoni — uning “yashirin geometrik progressiya”da ishlashidir. Bugun olingan bitta qadriyat — ertangi o‘nlab qarorlar, keyingi haftadagi o‘nlab odatlar, bir necha yildagi yuzlab ta’sir nuqtalariga aylanadi. O‘qituvchi auditoriyada dars beradi, lekin ta’siri auditoriyadan tashqarida yashaydi. Bir dars — bir qaror, bir qaror — bir odat, bir odat esa asta-sekin jamiyat madaniyatiga aylanadi. Shu ma’noda ustoz — jamiyat taraqqiyotining eng barqaror, eng uzoq muddatli investitsiyasi. Uning mehnati ko‘pincha ko‘zga ko‘rinmaydi, biroq sizning hayotingizdagi har bir sermazmun qaroringizda, ish joyingizdagi har bir halol qadamda, mahallangizdagi har bir foydali tashabbusda ustozning izi bor.

Professor-o‘qituvchi: Shu bois, sizdan bugunoq kichik, ammo qat’iy bir qadam so‘rayman. Dars tugaganda daftaringizga uchta savolni yozing va o‘zingizga javob bering: “Ustozimdan olgan bitta qadriyat nima?”, “Ertaga uni qaysi bitta amaliy odatga aylantiraman?”, “Bu odat kimlarning hayotiga ijobiy ta’sir qiladi?” Bu uch savol sizga nafaqat shaxsiy rivojlanish xaritangizni chizib beradi, balki ustoz mehnatining jamiyat taraqqiyotiga qanday qilib xolisona ulanishini ham ko‘rsatadi.

Ustoz va murabbiylar uchun yangi davr

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar, avvalo sizlardan so‘ramoqchiman: bugungi kunda yurtimizda o‘qituvchi va murabbiylar (shu jumladan, sport murabbiylari) uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda berilayotgan e’tibor haqida siz nimalarni ko‘ryapsiz? Moddiy rag‘bat, malaka oshirish, raqamli resurslar, ilmiy izlanishlar, ijtimoiy kafolatlar, sport infratuzilmasi — shu yo‘nalishlardan bittasini tanlab, 1–2 ta aniq misol bilan fikr bildiring.

Talabalar: Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi.

Professor-o‘qituvchi: Rahmat. Endi men jamlab, asosiy islohot va imkoniyatlarni tizimli ko‘rinishda bayon etaman. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasida chuqur o‘zgarishlar ro‘y bermoqda va ularning markazida ustoz hamda murabbiy shaxsi turibdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida mustahkamlanib, ta’lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritildi. Xususan, 52-moddada o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlat taraqqiyoti, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, xalqning ma’naviy-madaniy salohiyatini boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi; davlat esa ustozning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qiladi, ijtimoiy-moddiy farovonligi va kasbiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi. Davlat rahbarining “o‘qituvchi maqomini jamiyatdagi eng obro‘li ishga aylantirish” haqidagi qat’iy pozitsiyasi esa mazkur siyosiy yondashuvning amaliy poydevorini mustahkamlamoqda. Yaqin o‘tmishda pedagoglarni ta’limga daxli bo‘lmagan yumushlarga jalb qilish kabi noxush holatlarga barham berilgani ham ana shu yo‘nalishning muhim natijasidir.

2024-yil 1-fevralda “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi ustozlar mehnatini himoya qilishda burilish yasadi: pedagogni kasbiy faoliyatidan tashqari ishlarga jalb qilish, ortiqcha hisobot talab qilish, asossiz tekshirishlar o‘tkazish, yozma roziligisiz ish haqidan ushlab qolish kabi amaliyotlar qonun bilan taqiqlanadi. Bu — ustozning vaqtini darsga, tadqiqotga va tarbiyaga qaytarish, demakdir.

Moddiy rag‘bat masalasida ham aniq siljishlar bor: o‘qituvchilarning ish haqi 2016-yilga nisbatan o‘rtacha 2,5 baravar, professor-o‘qituvchilarniki 4,5 baravar o‘sdi; 2025-yil avgustidan pedagog xodimlarning ish haqi yana 10 foizga oshirilishi belgilandi. Bu bilan bir qatorda, natija va malakaga bog‘langan ustamalar, faxriy unvonlar va tanlovlar tizimi kengaymoqda. Masalan, 2025-yil 28-apreldagi 264-son Hukumat qarori bilan “Yil o‘qituvchisi” va “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovlari 2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marta o‘tkazilib, g‘oliblar BHMning 1400 baravari miqdorida mukofotlanadi.

Kasbiy rivojlanish yo‘nalishida uzluksiz malaka oshirishning yagona va vertikal tizimi yo‘lga qo‘yildi: qisqa modul kurslari, mavsumiy seminarlar, maqsadli qayta tayyorlash dasturlari amaliyotga joriy etilmoqda. 2024-yilda 142 nafar o‘qituvchi ilg‘or xorijiy markazlarda malaka oshirib qaytdi. Maktab direktorlarini tayinlash tizimi takomillashib, menejerlik sertifikatlari joriy qilindi. Raqamli ekotizim ham kengaymoqda: elektron darsliklar va metodik banklar, LMS platformalari, masofaviy ta’lim imkoniyatlari, laboratoriya simulyatorlari va test banklari o‘qituvchi mehnatini samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda.

Islohotlarning natijasi sifatida oliy ta’lim makonida ham sezilarli dinamikani ko‘ryapmiz. OTMlar soni 2016-yildagi 77 tadan bugun 201 taga yetdi (100 ta davlat, 30 ta xorijiy, 71 ta nodavlat). Qabul ko‘rsatkichlari 2016-yildagi 66 mingdan 2024-yilga kelib 1,3 milliondan oshdi (kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy shakllar jamiga). Oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 38 foizga ko‘tarilib, 2030-yilgacha 50 foizga yetkazish maqsadi qo‘yilgan. Talabalarimizning jahon oliygohlaridagi ishtiroki ham kengaymoqda: hozirda 30 nafar yosh dunyoning top-10 talik, 500 nafari top-100 talik, 1,5 ming nafari top-300 talik universitetlarda tahsil olmoqda. Xalqaro fan olimpiadalarida yutuqlar ham ko‘paydi: 2023-yilda 91 ta, 2024-yilda 128 ta, 2025-yilning o‘tgan davrida 170 ta medal qo‘lga kiritildi. 2019-yil 3-maydagi Prezident qaroriga muvofiq, oltin, kumush va bronza medallar uchun o‘quvchi va uning ustoziga BHMning tegishli baravarlarida mukofotlar berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan; bundan tashqari, xalqaro olimpiada g‘oliblari OTMlarga imtiyoz bilan grant asosida qabul qilinadi, keyinchalik ta’lim muassasasida ishlasa, lavozim maoshiga 150 foizgacha ustama olish imkoniga ega bo‘ladi. Bu — “ustoz–shogird–natija” zanjirining real rag‘bat mexanizmidir.

Sport sohasi va murabbiylar haqida alohida to‘xtalmoq zarur. Ommaviy sportni rivojlantirish, terma jamoalar rezervini kengaytirish, bolalar–o‘smirlar sport maktablari va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari tarmog‘ini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshmoqda. Murabbiylar uchun malaka oshirish va litsenziyalash kurslari, ilmiy-metodik markazlar, tibbiy-biomexanik kuzatuv, reabilitatsiya xizmatlariga ulanish imkoniyatlari kengaymoqda; sport inshootlari modernizatsiya qilinib, murabbiy va sportchilarning musobaqa natijalariga bog‘liq rag‘bat tizimlari kuchaytirilmoqda. Paralimpik yo‘nalish, ayollar sporti va ommaviy sport dasturlariga qo‘llab-quvvatlov ham murabbiy mehnatining ijtimoiy qiymatini oshirmoqda.

Bugungi siyosiy-huquqiy asos Konstitutsiya, “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun, iqtisodiy rag‘bat, kasbiy rivojlanish platformalari, raqamli resurslar va infratuzilma, shuningdek, sport tizimidagi murabbiylik instituti uchun yaratilayotgan sharoitlar — bularning barchasi ustoz va murabbiy mehnatini real qiymatiga mos ravishda e’tirof etishga qaratilgan kompleks siyosatdir. Siz esa ertangi kun mutaxassisi sifatida bu imkoniyatlarni ko‘rish, ulardan to‘g‘ri foydalanish va o‘zingizning “bir dars — bir o‘zgarish” tamoyilingizni amaliy natijaga aylantirish orqali islohotlarning eng muhim ishtirokchisiga aylanasiz.

Ustozsiz kimmiz? Talabalar minbarida mulohaza

Professor-o‘qituvchi: Keling, hozir hammamiz birgalikda mashhur ustoz va shogirdlar haqidagi jumboq-lavhani tomosha qilamiz. E’tiboringizni monitorga qaratishingizni so‘rayman: 🎬 Videorolik namoyish etiladi:  

Sharq dunyosidagi mashhur insonlarning mashhur ustozlarini toping. Video sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan.

 

 

Talabalar javoblari tinglangandan keyin, jumboq-lavhani javobli varianti ham beriladi. 

 

YAKUNIY QISM

Professor-o‘qituvchi: Biz sizlar bilan zamona qahramonlarining ilm va hayot yo‘lllarini, ustozlari haqidagi fikrlarini, statistik ma’lumotlarni, yurtimizda bo‘layotgan islohotlar haqida gaplashdik. Endi bir tarixga nazar tashlasak. Shu darsimiz uchun maxsus Samarqand shahridan videolavha tayyorlangan, ushbu lavhani birga tomosha qilib, keyin sizlardan fikrlarni eshitsak.

Goʻri Amir maqbarasida buyuk ustoz-shogirdning qabrlari yonma-yon joylashgan. Bu haqida videolavha beriladi.

 

 

Lavhada ko‘rganingizdek, ajdodlarimiz ham ustozlaridan quyi tarafda turishni afzal bilganlar va bu hikmatga doimo amal qilganlar, hatto vafotlaridan keyin ham buni qadriyatga aylantirganlar.

Ishonamizki, sizlarning orangizdan kelajakda akademiklar, olimlar, rahbarlar yetishib chiqadi. Ammo barchangizning yo‘li bitta qadriyatdan boshlanadi: ilmga sadoqat, ustozdan o‘rnak olish va jamiyatga halol xizmat qilish.

Azizlar, o‘qituvchilik oddiy kasb emas. U yuksak mas’uliyatni, muloqot madaniyatini, sabr va rahm-shafqatni, boshqalarni tushunish, boshqaruv va yetakchilik fazilatlarini talab qiladi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham mehnat faoliyatini ilmiy-pedagogik muhitda boshlab, bilimga sadoqat va mas’uliyatli yondashuv ila qadam-baqadam yuqori pog‘onalarga ko‘tarilib, davlat rahbari darajasiga yetdi. Demak, bu yo‘l — ustozlik maktabidan o‘tgan, mehnat va bilimga tayanadigan har bir inson uchun eng yuksak marralarni ham ochadi.

Bu hayotiy misol barchamiz uchun ibrat. Shu bois:

— bilim olishdan to‘xtamang;

— o‘qituvchilarga doimo ehtirom bilan yondashing;

— o‘zingiz ustingizda tinmay ishlang.

Kelajakda siz ham xalq oldida mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan yetakchi bo‘lishingiz mumkin. Barchasi esa bugungi mehnatingiz, odatlaringiz va tanlovlaringizdan boshlanadi.

Hafta hikmati:

“Dunyoda bitta kasb bor: o‘qituvchilik. Qolgan kasblar uning hosilasidir!”

Xayr, salomat bo‘ling!