
“Kelajak soati” 6-mavzu
“Gadjetlar”
Dars ssenariysi
Dastlabki 10 daqiqada mavzuning ahamiyati, gadjetlar va unga qaram boʻlishning salbiy oqibatlari haqida umumiy tushunchalar beriladi.
1. KIRISH. Ma’lumot berish va motivatsion qism (10 daqiqa)
Oʻqituvchi:
Aziz oʻquvchilar! Bugun biz juda qiziqarli mavzu – gadjetlar haqida suhbatlashamiz.
Xoʻsh, aziz oʻquvchilar!
“Gadjetlar” degan soʻz sizga tanishmi?
Kim gadjetlar haqida nimalarni biladi? Qoʻllaringizni koʻtarib javob beringizlar-chi?
Oʻquvchilar: (taxminiy javoblar). telefonlar, oʻyinlar, kompyuter va boshqa. Oʻquvchilarning ushbu mavzu boʻyicha dastlabki bilimlari oʻrganiladi.
Oʻqituvchi: Barakalla, siz to‘g‘ri topdingiz! Gadjetlar – bu zamonaviy elektron qurilmalar. Telefon, planshet, kompyuter, aqlli soat, quloqchinlar, hatto ovoz bilan ishlaydigan kolonkalar – bularning barchasi gadjet deyiladi.
“Gadget” so‘zi ingliz tilidan olingan bo‘lib, kichik, ammo foydali texnik uskuna degan ma’noni anglatadi.
Bolalar, hozir sinfimizda kim qanaqa gadjetlardan foydalanishini aniqlash uchun kichkina soʻrovnoma oʻtkazamiz. Men gadjetning nomini aytaman, kim foydalansa qoʻlini koʻtaradi. Kelishdikmi?
Oʻquvchilar: ha-a-a
Unda soʻrovnomamizni boshladik!
Ø Mobil telefon?
Ø Planshet?
Ø Kompyuter?
Ø Quloqchinlar (naushnik)?
Oʻqituvchi tomonidan qoʻl koʻtargan oʻquvchilar sanaladi va gadjetlardan foydalanadiganlar soni aniqlanadi. Odatda aksariyat oʻquvchilar mobil telefondan foydalanishadi.
O‘qituvchi:
Demak, deyarli hammamiz telefon yoki boshqa gadjetdan foydalanar ekanmiz. To‘g‘rimi, bolalar?
O‘quvchilar:
Ha-a-a!
Oʻqituvchi:
Ajoyib! Demak, bugungi mavzuyimiz hammamizga tegishli. Chunki gadjetlar hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurgan. Ular yordamida ota-onamiz bilan bog‘lanamiz, multfilm tomosha qilamiz, yangiliklarni bilib olamiz. Ammo har bir narsaning foydali tomoni bo‘lgani kabi, zararli tomoni ham bor, to‘g‘rimi?
O‘quvchilar:
Ha-a-a.
O‘qituvchi:
Xo‘sh, unda kelinglar, hozir qiziqarli videorolikni tomosha qilamiz. Unda aynan sizning yoshingizdagi bolalar gadjetlarni qanday ishlatish kerakligi, necha soatgacha ulardan foydalanish mumkinligi haqida foydali maslahatlar berishadi. Yaxshilab e’tibor bilan tomosha qilinglar, keyin birgalikda suhbatlashamiz.
(Video: “Gadjet va bolalar. Bolalarga gadjetlardan foydalanish bilan bog‘liq eng muhim 5 qoidani eslatamiz. Yodingizda saqlang!” Kontent sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan.)
O‘qituvchi:
Ajoyib! Endi ayting-chi, videoda nimalarni eslab qoldingiz? Bolalar gadjetlardan qanday foydalanishgan? Ularga nechta qoida eslatildi?
O‘quvchilar:
“5 ta qoida aytishdi”, “Ko‘p o‘ynamaslik kerak”, “Ko‘zga zarar bo‘ladi” va hokazo javoblar
O‘qituvchi: Barakalla! Demak, siz videodagi muhim fikrlarni yaxshi eslab qoldingiz. Endi bu qoidalarni dars davomida yanada chuqurroq o‘rganamiz.
Bugun sizlar bilan birgalikda gadjetlarning foydali va zararli tomonlarini farqlashni, ulardan to‘g‘ri va madaniyatli foydalanishni o‘rganamiz.
Tayyorlarmisizlar?
O‘quvchilar:
Ha-a-a!
O‘qituvchi:
Unda boshlaymiz!
ASOSIY QISM. Gadjetlardan toʻgʻri foydalanish toʻgʻrisida tushuncha berish. (25 daqiqa)
O‘qituvchi:
Bolalar, hozirgacha biz gadjetlar nima ekanini bilib oldik. Endi bir daqiqa o‘ylab ko‘raylik: siz gadjetlardan asosan nima uchun foydalanasiz?
O‘quvchilar (taxminiy javoblar):
– O‘yin o‘ynash uchun.
– Multfilm ko‘rish uchun.
– Qo‘ng‘iroq qilish uchun.
– Internetdan dars tayyorlash uchun.
O‘qituvchi:
To‘g‘ri, har bir gadjetdan har xil maqsadda foydalanamiz. Lekin bilasizmi, ba’zi bolalar ularni haddan ortiq ishlatib, vaqtni yo‘qotishadi. Ba’zilari esa aksincha gadjetdan foydali maqsadlarda foydalanib, o‘z orzulariga yetishadi.
Keling, buni misollar orqali ko‘raylik. Birinchi videoda gadjetlarning o‘zi “so‘zlaydi”! Ular o‘z egasi Behruz haqida nimalarni aytarkan? Ekranga e’tibor bering.
(Video: “Gadjetlar so‘zlaganda…” Agar sizning uyingizdagi telefon, planshet yoki noutbuk so‘zlaganda nimalar degan bo‘lardi? Tasavvurimizni jonlantiramiz).
O‘qituvchi:
Bolalar, video sizlarga yoqdimi? Endi o‘ylab ko‘raylik:
· Behruzning gadjetlari nega norozi bo‘lishdi?
· U qanday xatolarga yo‘l qo‘ydi?
· Agar sizning telefoningiz gapira olsa, u siz haqingizda nima derdi?
O‘quvchilar:
– Behruz juda ko‘p o‘ynagan, dam bermagan.
– Do‘stlari bilan o‘ynamagan.
– Telefon doim quvvatda bo‘lgan.
– Bizning telefonimiz ham “menga dam ber” derdi.
O‘qituvchi:
Juda yaxshi fikrlar aytdingiz, bolajonlar! Endi bilib oldikki, gadjetlar ham ba’zan charchaydi, ularga ham dam kerak. Lekin bu faqat gadjetlarning holatimi? Yo‘q, ularni ishlatadigan biz – bolalar ham ba’zan haddan oshib ketamiz.
Shunday bolani bilasizmi, u telefonni o‘ynashga shunchalik berilib ketganki, hatto darslarini ham unutgan... Bugun men sizlarga shunday bola haqidagi ertakni aytib beraman. Eshitishga tayyormisiz?
O‘quvchilar: Ha-aa!
O‘qituvchi:
Ertak: Donishmand telefon va Umarjon.
Umarjon – juda quvnoq, bilimga qiziqqan 2-sinf oʻquvchisi edi. U har kuni maktabga borar, yaxshi baholar olar edi. Ammo bir kuni unga yangi telefon sovg‘a qilishdi. Bu telefon juda zamonaviy edi. Oʻyinlar koʻp, videolar rang-barang, internet tez edi.
– Voy, qanday zoʻr telefon! Endi har kecha oʻynayman! – dedi Umarjon sevinib.
Dastlab, Umarjon telefon orqali dars ham tayyorlar, darsga oid videolar tomosha qilardi. Ammo oradan bir hafta oʻtib, u kechalari kech uxlaydigan, ertalab esa maktabga kechikadigan boʻldi. Uy vazifalarini unutdi, koʻzlari charchay boshladi.
Bir kuni u uyqudan turib, koʻzlarini uqalab, telefonni qoʻliga oldi. Shu payt telefon ekrani yaltirab, ichidan ovoz eshitildi:
– Salom, Umarjon. Men Donishmand telefonman. Senga yordam bermoqchiman.
Umarjon hayron boʻlib soʻradi:
– Sen gapiryapsanmi?
– Ha. Men faqat foydali ishlarga yordam beraman. Juda koʻp oʻyin oʻynasang, koʻzlaring charchaydi, sogʻliging yomonlashadi. Qani, kel birgalikda rejaga amal qilaylik!
Telefon Umarjonga reja tuzib berdi:
✅ Bir kunda 1 soatdan koʻp oʻynamaslik;
✅ Har 30 daqiqada koʻzlarga dam berish;
✅ Uy vazifasini telefonda emas, daftarda yozib tayyorlash;
✅ Har kuni kamida 1 soat ochiq havoda sayr qilish.
Umarjon bu reja asosida harakat qila boshladi. U yana darslarda faol boʻldi, yaxshi baholar oldi, doʻstlari bilan koʻproq oʻynay boshladi. Endi telefon unga yordamchi edi, vaqtini oʻgʻirlamasdi.
O‘qituvchi: Nima deb o‘ylaysizlar, nima uchun Umarjonning baholari yomonlashdi?
O‘quvchilar: U ko‘p o‘ynadi, kech uxlab qoldi, darsni unutdi…
O‘qituvchi: Donishmand telefon unga qanday yordam berdi?
O‘quvchilar: Reja tuzdi, eslatdi, foydali ishlarga yo‘naltirdi.
O‘qituvchi: Sizningcha, telefon do‘st bo‘lishi uchun nima qilish kerak?
O‘quvchilar: Kamroq o‘ynash, foydali ishlatish, dam berish…
O‘qituvchi: Agar sizda “donishmand telefon” bo‘lsa, u sizga nimalarni eslatardi?
O‘quvchilar: “Ko‘zlaringni dam oldir!”, “Kitob o‘qishni unutma!”, “Do‘stlaring bilan o‘yna!” va h.k.
O‘qituvchi taxtaga “Telefon foydasi” va “Telefon zarari” degan ikki ustun chizadi. Bolalar javoblarini guruhlab yozadi. Bu usul bolalarning fikrini vizual mustahkamlaydi.
O‘qituvchi: Ajoyib! Endi hammamiz bir fikrda ekanmiz: telefon – bu yordamchi vosita, lekin u hayotimizni boshqarmasligi kerak. Qani, kim menga ayta oladi, Umarjon ertak oxirida qanday bola bo‘ldi?
O‘quvchilar: U aqlli bo‘ldi, darsga vaqt ajratdi, ko‘zini asradi, do‘stlari bilan o‘ynadi…
O‘qituvchi: Demak, gadjetlar yomon emas – biz ularni qanday ishlatishimiz muhim. Donishmand telefon singari, biz ham dono bo‘lishimiz kerak. O‘yin – dam olish uchun, telefon – yordam uchun, hayot esa biz uchun!
O‘qituvchi:
Endi esa boshqa bir yigit haqida lavha ko‘ramiz. Bu Akobir Akbarov. U poytaxtdagi oddiy maktabda o‘qigan, lekin gadjetlardan to‘g‘ri foydalangan holda, mustaqil o‘qib IT mutaxassis bo‘lgan. U bugun bizga maslahat beradi: telefondan qanday qilib foyda olish mumkin?
(Video IT orqali o‘z yo‘lini topgan o‘quvchi – yutuq va xatoliklar. Akobir Akbarov poytaxtdagi oddiy maktabning 11-sinf o‘quvchisi, u ixtisoslashtirilgan maktablar yoki qo‘shimcha kurslarda o‘qimasdan turib, mustaqil ravishda IT sohasini oʻrgangan. Hozirda raqamli o‘yinlar va kibersport yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritib kelmoqda)
O‘qituvchi (video tugagach): Bolalar, bu videodan nimalarni o‘rgandingiz?
· Akobir gadjetlardan qanday maqsadda foydalangan?
· U o‘z tengdoshlariga qanday maslahat berdi?
· Siz ham gadjetdan o‘rganish uchun foydalanganmisiz?
·
O‘quvchilar: U o‘yin uchun emas, o‘rganish uchun foydalangan.
– Vaqtni to‘g‘ri taqsimlash kerakligini aytdi.
– Biz ham darslar uchun videolardan o‘rganamiz.
O‘qituvchi:
Zo‘r! Demak, sizlar tushundingiz. Gadjetlar foydali bo‘lishi uchun:
✅ maqsad bilan ishlatish;
✅ vaqtni to‘g‘ri taqsimlash;
✅ foydali ma’lumotlarga e’tibor berish;
✅ ortiqcha o‘yinlardan uzoq turish kerak.
O‘qituvchi: Bugun biz ikki xil holatni ko‘rdik: biri – gadjetlarga haddan tashqari berilgan bola ikkinchisi – gadjetlardan o‘zini rivojlantirish uchun foydalangan yigit. Siz qaysi yo‘lni tanlaysiz?
O‘quvchilar: Foydali yo‘lni! O‘rganish uchun ishlatamiz!
O‘qituvchi: Barakalla! Shuni yodda tuting: Gadjet – bu sizni kuchliroq, bilimliroq, aqlliroq qiladigan vosita. Ammo faqat uni to‘g‘ri ishlatsangiz!
3. YAKUNIY QISM
O‘qituvchi:
Bolajonlar, biz bugun zamonaviy gadjetlardan qanday foydalanish kerakligini o‘rgandik. Endi sizlarga bir qiziq savol: hech o‘ylaysizmi, qadimda telefon, kompyuter, internet bo‘lmagan paytda odamlar qanday qilib bilim olgan, yulduzlarni o‘rgangan, vaqtni o‘lchagan?
O‘quvchilar (taxminiy javoblar):
– Kitob o‘qishgan.
– Osmonni kuzatishgan.
– Qalam va daftar bilan yozishgan.
– Asboblar yasab ishlatishgan.
O‘qituvchi: Ajoyib! Demak, ilgari ham “gadjetlar” bo‘lgan – lekin ular boshqa ko‘rinishda edi. Endi sizlar bilan Mirzo Ulug‘bek bobomizning “gadjetlari” bilan tanishamiz. Ularning qanday ishlashini ko‘rganingizda, ajdodlarimizning aql-zakovati va mehnatsevarligiga qoyil qolasiz.
(Video: “Mirzo Ulug‘bekning gadjeti”. Ajdodlarimiz telefon, planshet yoki noutbuklarsiz ham ko‘p ilmiy yutuqlarga erishgan. Gap shundaki, ularning gadjetlari hozirgi gadjetlardan farq qilgan).
O‘qituvchi:
Bolalar, sizlarga video yoqdimi? Endi birgalikda o‘ylab ko‘raylik:
· Mirzo Ulug‘bek zamonida qanday “gadjetlar” bor edi?
· Bobomiz telefon yoki kompyutersiz ham nimalarga erishgan?
· Biz ulardan qanday saboq olishimiz mumkin?
O‘quvchilar (taxminiy javoblar):
– Bobomiz usturlob va quyosh soatidan foydalangan.
– Bobomiz ko‘p o‘qigan, kuzatgan.
– Har bir narsa uchun intilgan.
– Biz ham telefondan o‘rganish uchun foydalansak bo‘ladi.
O‘qituvchi:
Juda to‘g‘ri! Mirzo Ulug‘bek telefon yoki planshetsiz ham butun olamni o‘rgangan. Chunki u vaqtining qadrini bilgan, mehnat qilgan va orzu qilgan. Sizlarda esa undan ham kuchli imkoniyatlar bor – ammo eng muhim narsa bu vaqtni to‘g‘ri sarflash va gadjetlardan samarali foydalanishdir.
Bugundan boshlab telefonga qarab emas, bilimga qarab yashaylik.
Unutmang, siz ham o‘qib, o‘rganib, ajdodlarimiz kabi yurtimiz nomini yuksaltira olasiz!