
“Kelajak soati” 1-mavzu
VATAN UCHUN, MILLAT UCHUN, XALQ UCHUN
Dars ssenariysi
Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, Davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi (prezentatsiya).
🟦 1. KIRISH. Motivatsion qism(10 daqiqa)
Oʻqituvchi: Aziz bolajonlar, mana hozirgina hammamiz “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sizlarga va o‘qituvchi-murabbiylarga yo‘llagan tabrigini tingladik. Prezidentimiz tabriklarida alohida ta’kidlab o‘tganlaridek: “maktab – bu moʻjiza, kitob, ustozlar o‘tadigan har bir dars – beqiyos xazinadir!”
Oʻqituvchi: Aziz bolajonlar, barchangizni Vatanimizning Mustaqillik bayrami bilan tabriklayman! Xabaringiz bor, poytaxtimiz Toshkent shahridagi Yangi O'zbekiston bog'ida Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami katta tantana qilindi. Shu bayramda hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hammamizni bayram bilan tabrikladilar. Keling hozir birgalikda Prezidentimiz so'zlariga quloq tutamiz!
Oʻqituvchi: Aziz oʻquvchilar, mana hozirgina koʻrganimizdek, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sizlarga katta ishonch bildirdilar. Biz hamisha mana shu ishonchga munosib boʻlishimiz kerak. Buning uchun birinchi navbatda bilim olshimiz, oilamizni, Vatanimizni yaxshi koʻrishimiz zarur! Xo'pmi?
Oʻquvchilar: ha-a-a
Oʻqituvchi: Aziz oʻquvchilar! Hammamiz oʻz uylarimizda yashaymiz. Uyimizda ota-onamiz bor, ular bizga mehr beradi, bizni avaylab-asraydilar. Biz oʻz uyimizda tinch, erkin, xursand yashaymiz. Endi bir tasavvur qilib koʻraylik: bir kuni uyimizga begona odamlar soʻramasdan kirib kelib, “Endi bu uy bizniki. Biz sizlarga xoʻjayinmiz. Bundan keyin sizlar biz aytgandek yashaysiz, biz nima desak, shuni qilasiz”, deyishsa, siz qanday ahvolga tushasiz?
Mana shu holat, yaʼni birovning yurtini zoʻrlik bilan bosib olish mustamlakalik deganidir. Bir davlat boshqa bir davlatni bosib olib, u yerda yashaydigan odamlarga oʻz qonunlarini, oʻz tilini, oʻz urf-odatini majburan oʻrgatadi. Bechora xalq oʻzini erkin his qilmaydi. Doim azobda, qiynalib, xoʻrlanib yashaydi. Mustamlakachilar sizga oʻz tilingizda gapirishga, oʻz bayramlaringizni nishonlashga ruxsat berishmaydi.
Bizning Oʻzbekistonimiz ham bir paytlar ana shunday mustamlaka boʻlgan. Oʻsha paytlarda oʻzbek tili, milliy qadriyatlarimiz, bayramlarimiz taqiqlandi. Xalqimiz oʻz yeriga, oʻz uyiga, oʻzining boyliklariga ega emas edi. Qani aytinglarchi, shunday xalqni baxtli, desa boʻladimi?
Oʻquvchilar: Yoʻ-oʻ-q.
Oʻqituvchi: Shuning uchun ota-bobolarimiz qadim-qadimdan oʻz yurtini dushmanlardan, bosqinchilardan himoya qilish uchun kurashganlar. Bugun Oʻzbekitonimiz mustaqil davlat!
Qani, aytinglarchi, “Mustaqillik nima? Bu soʻzni sizlar qanday tushunasiz?”
(3-4 nafar oʻquvchi oʻz fikrlarini aytishadi).
Oʻqituvchi: Javoblar juda yaxshi. Biri-birini toʻldirdi. Rahmat.
Mustaqillik – bu oʻz yurtimizda oʻzimiz xoʻjayin boʻlishimiz. Oʻzimiz xohlagandek yashashimiz. Oʻz tilimizda bemalol gaplashishimiz. Qonunlarimizni oʻzimiz ishlab chiqishimiz. Milliy bayramlarimizda zavq bilan, yayrab, oʻzimizning chiroyli urf-odatlarimizni erkin amalga oshirishimiz ekan. Mustaqillikning yana bir nomi Istiqloldir!
Mustaqillik ne demak,
Ne demakdir istiqlol?
Buni bilmog‘ing kerak,
Ma’nosini dilga sol.
O‘z yurting – yer, samosi.
Shahri gulshan ma’vosi.
Tongda esgan sabosi,
Tog‘i, bog‘i, daryosi
Endi o‘z mol-u mulking,
O‘z qo‘lingda o‘z erking.
Yurting nurga belanib
Ko‘ringaydir ko‘zingga,
Barcha oltin-gavharing
Buyursin-a o‘zingga.
Endi o‘zingga bog‘liq,
Ne ekib, ne o‘rmog‘ing.
Olqishlar seni borliq,
Zarur erur bilmog‘ing.
G‘ururing solib dilga,
Tezroq ulg‘ay, top kamol.
Erka farzandsan elga
Senikidir istiqbol.
Jumaniyoz Jabborov
Oʻzbekiston 1991-yil 31-avgust kuni oʻzining mustaqilligini eʼlon qildi. 1-sentyabr – Mustaqillik bayrami kuni deb nishonlana boshlanadi. Oʻzbek tilimiz – Davlat tili boʻldi. Endi biz oʻz davlatimizga egamiz. Oʻz ixtiyori oʻzida boʻlgan xalqmiz.
Shuning uchun har yili 1-sentabrni mustaqillik bayramini katta tantanalar bilan nishonlaymiz. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev barchamizni Mustaqillik bayrami bilan tabriklaydilar. Kuni kecha Yangi Oʻzbekiston bogʻida boʻlib oʻtgan Mustaqillik bayramini koʻrdingizmi? Mushaklar otilganini mazza qilib tomosha qildingizmi? Prezidentimiz tabrigini eshitdingizmi? Prezidentimiz aytganlaridek, Mustaqillik – eng buyuk boyligimiz, uning qadriga yetishimiz shart.
Oʻqituvchi: Bolajonlar, hozir sizga bir videolavha koʻrsataman, unda xalqimizning buyuk farzandlarining qiyofasi aks etgan. Lavhani diqqat bilan tomosha qilib, ajdodlarimiz ismini birma bir aytamiz.
Oʻqituvchi: Barakalla, bolajonlar, koʻplab buyuk ajdodlarimizni yaxshi tanir ekansiz. Hammalarini doim esda tuting. Chunki ular yurtimiz mustaqilligi uchun, vatanimiz gullab-yashnashi uchun jonlarini ayamaganlar.
ASOSIY QISM. Mustaqillikning qadrini tushuntirish. (25 daqiqa)
Oʻqituvchi: Biz har bir tinch-osuda oʻtgan kunimizni, maktabimizni qadriga yetishimiz kerak. Chunki yaqin yillarda ham sentabr oyida siz kabi oʻquvchilar bugungidek sinfxonalarda emas, paxta dalalarida umr oʻtkazganlar. Ularning boshidan samolyotlar zahar sochib ketgan. Minglab bolalar kasal boʻlib qolganlar. Bu gaplar sizga ertakday tuyulishi mumkin. Lekin bularning hammasi yuz yillar davomida takrorlanib kelgan. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mana shunday yomon ishlarni toʻxtatdi. Keling bu haqida Oʻzbekiston xalq artisti, sevimli aktrisamiz Dilorom Karimovaning gaplarini tinglab tomosha qilamiz.
Oʻqituvchi: Dilorom opaning xotiralarini eshitdingiz, qani kimda qanday fikr tugʻildi. Biz bugungi kunlarni qadriga yetishimiz uchun nimalar qilishimiz kerak?
Oʻquvchilar javobi.
Oʻqituvchi: Toʻgʻri aytdingiz, mustaqillikni, bugungi kunlarni qadrlashni hozirdan oʻrganib borishingiz kerak. Sizlar ham oʻzingizni “men kichik bolaman, hali oʻquvchiman. Katta boʻlsam, oʻshanda yaxshi ishlarni boshlayman” deb oʻylamang. Chunki har biringiz – Yangi Oʻzbekiston farzandisiz. Shu Vatanning egalarisiz. Buning uchun tirishqoqlik bilan oʻqib, izlanib, katta-katta ishlar qilishni oʻrganib boring. Ana shunda Oʻzbekiston sizlar bilan faxrlanadi.
Dunyoning koʻp joylarida urushlar boʻlayapti. Qon toʻkilayapti. Bolalar, keksalar qurbon boʻlayapti. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tinchlikparvar siyosati sababli biz tinch yashayapmiz. Biz buning qadriga yetishimiz kerak. Bu qanday boʻladi? Masalan, har kuni yangi bilimlar olishingiz, “Yashil makon” loyihasida qatnashib, bitta gul yoki nihol ekishingiz, ekilgan daraxtlarga suv qoʻyishingiz, koʻcha-koʻyda yoki sinfxonada yotgan chiqindilarni maxsus joyga tashlashingiz ham Vatanga xizmatingiz boʻladi.
Sizda hozirdan islohotlarga, yaxshi ishlarga hissa qoʻshish, vatan, millat taqdiri uchun masʼuliyat, faol fuqarolik tuygʻusi bor boʻlishi kerak. Nega? Kelinglar, birga bilamiz.
1️. Islohotlarga daxldorlik – “Bu ishlar menga ham tegishli” deb qarash. Bu nima degani? Bu – mamlakatda boʻlayotgan yangilanish, oʻzgarishlarga “mening ham aloqam bor” deb qarashdir.
2️. Vatan va millat taqdiri uchun javobgarlik nima? – “Mengayam koʻp narsa bogʻliq” deb oʻylash. Bu nima degani? Bu – faqat davlat, faqat Prezident emas, har bir fuqaro – yaʼni siz ham Vatan taqdiri uchun masʼul ekanligingizni anglatadi. Darsda yaxshi oʻqish ham shunga kiradi. Chunki kelajakdagi shifokor, muhandis, muallimlar boʻlib el-yurtga xizmat qilasiz?
3️. Faol fuqarolik pozitsiyasi – “Men shunchaki kuzatuvchi emasman, men ishtirokchiman!” Nima degani bu? Bu – mamlakatda nima boʻlayotganini kuzatish, tushunish va unga nisbatan munosabat bildirish, oʻz hissangizni qoʻshish degani.
Oʻqituvchi: Endi oʻzingga 3 ta savol beramiz:
Vatan uchun kerakli bola boʻlishga intilayapmanmi?
Oʻquvchilar: Ha-a-a
Oʻqituvchi: Maktabim, sinfim hayotida faolmanmi?
Oʻquvchilar: Ha-a-a
Oʻqituvchi: Boshqalar bilan ahilmanmi?
Oʻquvchilar: Ha-a-a
Oʻqituvchi: Agar hamma javoblar “ha” boʻlsa – demak siz Yangi Oʻzbekistonning munosib farzandisiz!
Siz hali yoshsiz, ammo sizni katta maqsad kutyapti! Demak, siz oʻzgarishlar ishtirokchisi, Vatan himoyachisi, masʼul farzand, faol fuqaro boʻlishingiz shart!
Shunda yurtimiz nomini butun dunyoga yoyayotgan aka-opalaringiz kabi zoʻr insonlar boʻlib kamolga yetasiz. Xalqimiz faxrlanadigan yurtdoshlarimiz orasida tezkor shaxmat boʻyicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov ham bor. Keling hozir ularning olamshumul muvaffaqiyatlarga qanday erishgani haqida oʻzlaridan eshitamiz.
O‘quvchilarga Nodirbek Abdusattorovning fikrlari qoʻyib beriladi.
Oʻqituvchi: Qadrli oʻquvchilar, Nodirbekning siz hozir tinglab tomosha qilgan gaplarini aeroportda yozib olishibdi, Nodirbek Dubaydagi musobaqadan qaytib, AQSHga yana bir katta musobaqaga uchib ketayotgan ekan. Unga havasingiz keldimi?
Oʻquvchilar: Ha-a-a
Oʻqituvchi: Bugun Nodirbekka faqat biz emas, butun dunyo yoshlari havas qiladi. U bilan butun Oʻzbekiston faxrlanadi. Ana shunday yutuqlarga erishish uchun bugundan tinimsiz oʻqish, izlanish kerak. Qaysi sohani tanlashingizdan qatʼiy nazar oʻz ustingizda boshqalardan koʻproq ishlamasangiz kutilgan natijaga erisholmaysiz. Yangi Oʻzbekiston farzandlari nimalarga qodir ekanligini Nodirbek Abdusattorov kabi chempionlarimiz jahonga namoyon etishyapti.
Siz yana qaysi chempionlarimizni bilasiz?
Oʻquvchilar javobi.
Oʻqituvchi: Barakalla, kelgusida bu chempionlar safida sizning ham nomingiz boʻlishini tilaymiz. Ana shunda Vatanimiz, millatimiz, xalqimiz siz bilan faxrlanadi.
Aziz oʻquvchilar, mustaqilligimizning 34 yillik bayrami yurtimizda Prezidentimiz taklifi bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu shior ostida nishonlandi.
Bu soʻzlar faqat bayramda aytiluvchi balandparvoz soʻzlar emas. Vatan – siz yashayotgan yurt, uning tarixi, tabiati, bayrogʻi, madhiyasi. Millat – oʻzbek xalqining tili, dini, urf-odati, anʼanalari. Xalq – sizning ota-onang, qoʻshnilaringiz, mahallangiz, maktabdosh doʻstlaringiz va yurtimizdagi turli millat vakillari demakdir.
Hamisha Vatan, millat, xalq degan tushunchalar yoniga vatanparvarlik, hamjihatlik, fidoyilik degan soʻzlarni qoʻshib aytamiz.
Vatanparvarlik bu – Vatanni sevish, asrash, uning ravnaqi uchun harakat qilish.
2. Mehr-oqibat va hamjihatlik bu – millatning birdam boʻlishi demak. Masalan, sinfxonangizga yangi kelgan bola oʻzini yolgʻiz his qilayotganini koʻrdingiz. Siz uni boshqalarga tanishtirdingiz, oʻyinga qoʻshdingiz – siz bolalarni birlashtirdingiz!
Fidoyilik va masʼuliyat bu - xalq uchun foyda keltiradigan ishlarni qila bilish. Oddiy misol, yoʻldan oʻtishga qinalayotgan bir keksaga yordam berdingiz, bu sizning xalq uchun xizmatingizdir.
Ana shunda siz – “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” yashayotgan Yangi Oʻzbekistonning munosib farzandi boʻlasiz.
Bu nima uchun muhim?!:
Bunday farzandlar koʻp boʻlsa – Vatanimiz qudratli boʻladi!
“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori sizni harakat qilishga chorlaydi.
3. YAKUNIY QISM
Bundan yuz yillar oldin yurtimiz farzandlari hammadan zoʻr boʻlib ulgʻayishini istagan jadid bobolarimiz ham barchamizni tinimsiz harakatga, ilm olishga chaqirgan. Qadrli oʻquvchilar, keling endi hammamiz hozir jadid bobolarimiz yod etilgan mashhur qoʻshiqni tinglab, birgalikda kuylaymiz.
Qadrli oʻquvchilar “kelajak soati” darsimizni jadid bobomiz Abdurauf Fitratning quyidagi gaplari bilan yakunlaymiz:
Turma – yugur,
Tinma – tirish,
Bukilma – yuksal,
Hurkma – kurash,
Qoʻrqma – yopish,
Yorilma – qoʻzgʻal.
Kim bu gaplarni hayotining shioriga aylantirsa, albatta oilasiga, Vataniga, millatiga, xalqiga munosib xizmat qiladigan inson boʻlib kamolga yetadi!