
KIBERMAKONDAGI MAFKURAVIY XAVF-XATARLAR, YOSHLARIMIZNING INTERNETDAN FOYDALANISH MADANIYATINI YANADA YUKSALTIRISH MASALALARI QAYD ETILDI.
Bugungi kunda mafkuraviy xavf-xatarlar allaqachon kibermakonga koʼchib oʼtgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan yoshlarimizda internetdan foydalanish madaniyatini yanada yuksaltirish, ular yolgʼon maʼlumotlar qurboniga aylanishi, dunyoqarashi salbiy gʼoyalar taʼsirida shakllanishini oldini olish muhimligi koʼrsatib oʼtildi.
Farzandlarimizning maʼnaviy tarbiyasi va mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, ularni yot gʼoyalardan asrash har birimizning vazifamizga aylanishi shartligi taʼkidlandi.
Shu bois mutasaddilarga yoshlarning mafkuraviy xavfsizligini taʼminlash, ularni dardiga malham boʼlib, muammosini hal qilib, turli gʼoyaviy xurujlardan asrash, zararli axborotlardan himoya qilish ishlarini kuchaytirish topshirildi.
Ilm-fan va taʼlim yoʼnalishidagi foydali mahalliy internet resurslari reestri shakllantirilib, ulardan bepul internet tarmogʼi orqali foydalanish yoʼlga qoʼyiladi.
Nuroniylarimiz ishtirokida “Аjdodlar merosiga munosib avlod” gʼoyasi ostida yoshlarni birlashtirish boʼyicha yangi tizim joriy etiladi. Shuningdek, yoshlarda vatanparvarlik hissini oshirish maqsadida “Men buyuk el farzandiman” umummilliy harakatini yoʼlga qoʼyish boʼyicha yoshlarning tashabbusi qoʼllab-quvvatlandi.
Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishda badiiy adabiyotning roli juda katta ekani taʼkidlandi. Bundan qirq yil oldin ustoz shoir Erkin Vohidov tashkil etgan “Yoshlik” jurnali faoliyatini kuchaytirib, uni yana yoshlarimiz sevib oʼqiydigan jurnalga aylantirish muhimligi taʼkidlandi.