
“Mening birinchi o‘qituvchim” haykali
Urganch shahridagi Ma’mun universitetida “Mening birinchi o‘qituvchim” haykali ochilish marosimi hamda Ma’mun universitetining ilk bitiruvchilariga diplom berish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
“Mening birinchi ustozim” yodgorligi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. O‘zbekistonda birinchi ustozga bag‘ishlab haykal qo‘yilmagan ekan. Ma’mun universitetining 3 binosi oldidagi ushbu haykal yodgorligi mamlakatimizda birinchi bo‘lib qad rostladi. Haykalning umumiy balandligi 2metr 20 sm bo‘lib, g‘oya muallifi Ma’mun universiteti ta’sischisi Arslon Nurjonov, haykal dizayni ustida Shuhrat Sultonov ishlagan. Haykaltaroshlar – mahobatli rassom Shavkat Usmonov va uning shogirdi, o‘g‘li Sherzod Usmonov. Haykal O‘zbekiston Respublikasi badiiy akademiyasi badiiy ijodkorlar uyushmasi Xorazm viloyati bo‘limi binosida tayyorlangan.
Tadbirda viloyatdagi mavjud o‘rta ta’lim maktablarining direktorlari, oliy ta’lim muassasalarining professor -o‘qituvchilari, ziyolilar va nuroniylar ishtirok etishdi. Viloyat hokimining o‘rinbosari San’at Salaev tadbirni tabrik so‘zi bilan ochdi.
Shuningdek, tadbirda Ma’mun universiteti rektori Arslon Nurjonov, O‘zbekiston Qahramoni Egambergan Karimov, Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti “Milliy tarbiya, mutafakkirlar va jadidlarning pedagogik ta’limotlari” ilmiy tadqiqot bo‘limi boshlig‘i, pedagogika fanlari doktori, professor Rohat Safarova va boshqalar so‘zga chiqib, “Mening birinchi ustozim” yodgorligining ahamiyati haqida gapirib, bu yil unviversitetni bitkazayotgan yoshlarga omad tiladilar.