NAVRO‘Z BAYRAMI ARAFASIDA DAVLATOBOD TUMANIDA YANA BIR TA’LIM DARGOHI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

Bayramlar, tantanalar, muhim sanalar munosabati bilan yangidan-yangi inshootlarning foydalanishga topshirilishi an’anaga aylangan. Qadim qadriyatlar va ezgulik ayyomi Navro‘zi olam arafasida Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimida ham ushbu an’ana davom etib, yangi inshootlar kelajagimiz egalariga bayram tuhfasi sifatida topshirilmoqda. Ta’kidlash joizki, kelajak avlod kamoliga e’tibor borasidagi islohotlar samarasida viloyatning shahar va tumanlaridagi ta’lim muassasalari ham zamonaviy va ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda. Davlatobod tumanidagi 95-umumta’lim maskaniga davlat investitsiya mablag‘lari hisobidan 10 mlrd. 691 mln. so‘m evaziga yangi 660 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi qurilib, mavjud 280 o‘rinli bino mukammal ta’mirlandi. Jami 24 ta sinf xonasidan iborat 3 qavatli yangi o‘quv binosida zamonaviy shart-sharoitlar va qulay imkoniyatlar yaratilgan. 552 nafar o‘g‘il-qiz ushbu imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda  ilm-fan sirlarini o‘rganmoqda. Muassasaning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari Gʻulomjon Murodxo‘jayev, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig’i o‘rinbosari Muzaffar Isayev, keng jamoatchilik vakillari, o‘quvchilar va ularning ota-onalari qatnashdi. 

Yoshlar bilan muloqot asnosida ushbu ta’lim muassasasi istiqbol egalarini ozod yurt ertasiga munosib kamol toptiruvchi iqtidorlilar dargohi bo‘lib xizmat qilishi alohida ta’kidlandi. 

Namanan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati