
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.
Tashabbus 3 asosiy yoʻnalishda amalga oshiriladi:
Al-Beruniy xalqaro maktabi – unga yurtimiz boʻylab eng iqtidorli oʻquvchilar saralab olinadi. Ular uchun dunyoning ilgʻor tajribalari asosida yuqori darajada taʼlim beriladi. Darslarni xorijdan jalb qilingan malakali ustozlar olib boradi.
“Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi – unga Oʻzbekiston boʻylab 3 000 nafar iqtidorli oʻquvchi tanlab olinadi va oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalar bilan qurollantiriladi. Har yili “Renessans” oromgohida xorijiy ustozlar bilan 3 haftalik intensiv sessiyalar tashkil etiladi. Ushbu ikki yoʻnalishdagi oʻquvchilar Harvard, Yale, Princeton, UPenn, Cornell kabi yetakchi universitetlarga qisqa muddatli kurslarga yuboriladi. Agar ular shu universitetlarga oʻqishga qabul qilinsa, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi oʻqish xarajatlarini moliyalashtiradi.
Prezident iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamjamiyati – u mamlakatning eng salohiyatli intellektuallarini bir joyga jamlaydi. Ularga Oʻzbekistondagi islohotlarda bevosita ishtirok etish, oʻz gʻoyalari va tashabbuslarini ilgari surish imkoniyati yaratiladi. Hamjamiyat aʼzolari vazirliklar, idoralar va yirik kompaniyalar bilan bevosita muloqotda boʻladi.
Aziz yoshlar, aziz vatandoshlar, endi siz kuzatuvchi emas, bu tarixiy jarayonning faol ishtirokchisi boʻlishingiz mumkin.
Agar siz tajribali IT yoki xalqaro aloqalar mutaxassisi boʻlsangiz yoki “TOP-100” universitetda tahsil olib, ushbu oliygohlarga kirish borasida bilim va tajribangiz bilan boshqalarga yoʻl koʻrsata olsangiz Biz aynan sizni qidiryapmiz!
Safimizga qoʻshilishni istasangiz oʻzingiz haqingizdagi maʼlumotlarni ilova qilgan holda @uzedu_vazirbot manziliga yuboring, takliflaringizni ham yoʻllashingiz mumkin.
Iqtidorli, gʻoyalarga boy yoshlar, keling, safimizda qoʻshiling!