Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyatining Boʼstonliq tumaniga tashrif buyurdi hamda oʼqituvchi va murabbiylar bilan muloqot qildi

Prezident Shavkat Mirziyoev Oʼqituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan muloqot oʼtkazmoqda. Tadbirga barcha hududlardan 40 mingdan ziyod pedagoglar ulangan. 

Soʼzining avvalida davlatimiz rahbari oʼz hayotini yosh avlodga taʼlim va tarbiya berishdek dunyodagi eng ulugʼ ishga bagʼishlab kelayotgan barcha muallim, professor va oʼqituvchilarni – bir millionlik pedagoglar jamoasini ana shu qutlugʼ bayram bilan samimiy muborakbod etdi.

Oʼtgan hafta jonkuyar oʼqituvchi va murabbiylar, taʼlim va ilm-fan fidoyilarining bir guruhini davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlash haqida Prezident farmoni imzolandi. 

Ular orasida soha xodimlari bilan bir qatorda oʼz mablagʼi hisobidan taʼlim maskanlari qurgan, taʼmirlagan saxovatpesha tadbirkorlar, taʼlimdagi ilgʼor yutuqlarni joriy qilishga koʼmaklashayotgan xorijiy hamkorlarimiz, hududida taʼlim rivoji uchun zarur sharoit yaratib berayotgan hokimlar ham bor.

Davlatimiz rahbari yuksak unvon, orden va medallarni oʼz egalariga topshirdi.

Soʼnggi sakkiz yilda taʼlim va tarbiya sohasida ham oʼn yillarga teng keladigan ishlar amalga oshirilib, ulkan natija va yutuqlarga erishilgani taʼkidlandi.

Oʼtgan davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra oʼsdi, yil yakuni bilan jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetadi. Yalpi ichki mahsulot hajmi ham yil oxirigacha 130 milliard dollar boʼladi.

Barcha tarmoqlarga zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar kirib kelayotgani hisobiga bu yil eksport 25 milliard dollarga olib chiqiladi. Oʼtgan 8 yilda esa mamlakatimizga 130 milliard dollar xorijiy sarmoya kiritildi. 

2017 yilda 4 mingdan ortiq mahallada birorta ham bogʼcha yoʼq edi, qamrov 27 foizdan oshmasdi. Bugungi kunda bogʼchalar soni 38 mingdan, qamrovi esa 78 foizdan oshdi.

Yaqinda taʼlim sohasida eʼlon qilingan yangi imtiyoz va imkoniyatlar hisobiga bogʼcha kirib bormagan birorta mahalla qolmasligi, qamrov ham 80 foizdan kam boʼlmasligi taʼkidlandi.

Bogʼchada tarbiyachilar maoshi maktab oʼqituvchilariga tenglashtirildi. Shu oydan bogʼcha mudiralari ham maktab direktori oʼrinbosari bilan bir xil oylik oladigan boʼldi. Bir soʼz bilan aytganda, bogʼchadagi rahbar va pedagoglar oyligi qariyb 2 karra oshdi.

Endilikda xususiy bogʼchalardagi tarbiyachilar oyligi va bola xarajatining bir qismi ham byudjetdan qoplab beriladigan tizim joriy etiladi.

Prezidentimiz bogʼcha tarbiyachilari uchun muhim yangilikni aytdi.

Hozirda 7 mingdan ortiq davlat bogʼchalarida 120 mingga yaqin pedagoglar boʼlgani bilan ularning atigi 34 foizi oliy maʼlumotga ega. Lekin hozirda tarbiyachilarning maktab oʼqituvchilari kabi toifa olishi uchun oliygoh diplomi talab etiladi. Shu sababli oliy maʼlumotli bilan oʼrta maʼlumotli tarbiyachining oyligida farq bor.

Shu bois, davlat va xususiy bogʼcha tarbiyachilarini ishdan ajralmagan holda oliygohlarda oʼqitish yoʼlga qoʼyilib, yiliga 10 ming tarbiyachi oliy maʼlumotli qilinadi.

Yana bir yangilik. Xuddi Prezident maktablari kabi har bir viloyatda “Yangi avlod” bogʼchalari tashkil qilinib, ularda tarbiyachilar ilgʼor pedagogik texnologiyalarni oʼrganadi.

Eng muhimi, yangi metodikalarni oʼrganish uchun bu maskanlarning eshigi xususiy bogʼcha tarbiyachilariga ham doimo ochiq boʼladi.

Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveytsariya, Xitoy, Koreya, Britaniya kabi davlatlarning taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik yoʼlga qoʼyilib, ularning eng ilgʼor kasbiy taʼlim dasturlari joriy qilinishi belgilandi.

Bundan tashqari, kasbiy koʼnikmasi bor istalgan talabgor ushbu texnikumlarda xorijiy davlatlarning malakani baholash tizimi orqali imtihondan oʼtib, xalqaro sertifikat olishi mumkin boʼladi.

Joriy oʼquv yilidan Аngliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda “BITEK” xalqaro dasturi boshlandi. Bu orqali yoshlar xalqaro standartlar asosida turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yoʼnalishlarda talab yuqori kasblarni egallaydi.

Kelasi yili sanoatda qariyb 45 milliard dollarlik 456 ta yirik loyiha boshlanadi. “Investor – tarmoq – texnikum” zanjiri asosida texnikumlarda dual taʼlim yoʼlga qoʼyiladi.

Korxonalar bilan aniq loyihalari boʼlgan texnikumlar oʼrtasida zamonaviy ustaxonalarni barpo qilish boʼyicha tanlov oʼtkaziladi. Tanlov gʼoliblariga ustaxona uchun zamonaviy uskuna va jihozlar, sport anjomlari olib beriladi.

Oʼtgan hafta imzolangan Prezident qaroriga muvofiq, maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinmoqda.

Ular 7-sinfdan boshlab oʼquvchilarning fanlarni oʼzlashtirishi va kasbiy qiziqishi boʼyicha saralab, 9-sinfni bitirganida texnikumlarga yoʼnaltiradi.

Shu bilan birga, 9-sinfni bitirib, texnikumga kirgan yoshlarga maktabga qaytib kelish imkoniyati bor. Endilikda 10-sinfga oʼtib, maktabda oʼqish fikridan qaytgan yoshlar ham taʼlimni texnikumda davom ettirishi mumkin boʼladi.

Bundan tashqari, bu yil 11-sinfni bitirib, oliygohga kira olmagan 200 ming yoshlar ham texnikumlarda 3-6 oylik qisqa muddatli dasturlar asosida kasbga oʼqitiladi.