
O‘ZBEKISTON VA MALAYZIYA: TA’LIM SOHASIDAGI HAMKORLIKNING YANGI UFQLARI
Munosabat
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda, jumladan, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va innovatsion yo‘nalishlarda izchil rivojlanmoqda.
Kuni kecha “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda oliy ta’lim sohasidagi imkoniyatlar va tashabbuslar” mavzusida birinchi O‘zbekiston – Malayziya ta’lim forumi blib o‘tdi. Forumda ikki davlatning oliy ta’lim vazirlari ishtirok etib, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, akademik mobil dasturlarini rivojlantirish va qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Malayziya oliy ta’lim vaziri Zambri Abdul Kadirning nutqlarini tinglar ekanman, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning naqadar chuqur ildizga ega ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldim.
Alohida qayd etish kerakki, xalqaro munosabatlar tizimida rasmiy tashriflar faqat davlat rahbarlarining uchrashuvi bilan chegaralanmaydi. Ilm-fan va ta’lim vakillarining hamrohligi diplomatiyaning yangi, chuqurroq va samarali formatini yaratmoqda. Bu intellektual diplomatiyani rivojlantirish, xalqaro hamkorlikning ilmiy negizini mustahkamlash va uzoq muddatli strategik loyihalarni shakllantirishda katta ahamiyat kasb etadi. Natijada xalqaro ilmiy loyihalarni birga amalga oshirish, yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni o‘rganish, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish imkoniyati vujudga kelib, davlatlarning umumiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, bu tarixiy voqea nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi, balki ko‘p qirrali munosabatlarning yangi ufqlarini ochdi.
Rasmiy tashriflar doirasida ilm-fan va ta’lim vakillarining ishtiroki faqat akademik almashinuv bo‘lib qolmasdan, balki mamlakatlar o‘rtasidagi strategik hamkorlikning muhim mexanizmiga aylanmoqda. Chunki, innovatsiyalar, zamonaviy texnologiyalar xalqaro standartlarga javob beradigan mutaxassislarga ehtiyojni kuchaytiradi.
Shu nuqtai nazardan forum doirasida 50 dan ortiq shartnoma va memorandum imzolanib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bu hujjatlar quruq qog‘oz bo‘lib qolmasligiga ishonchim komil, chunki ularning har biri aniq loyihalar va dasturlarni o‘z ichiga olgan.
Forum davomida muhokama qilingan eng muhim masalalardan biri – qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘ldi. Shuningdek, Malayziyaning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda talabalar almashinuvi va professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish dasturlari, qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, masofaviy ta’lim loyihalari kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.
Tadbir davomida malayziyalik hamkasblarimiz bilan suhbatlashar ekanman, ularning O‘zbekiston bilan hamkorlikka bo‘lgan qiziqishi juda yuqori ekanligini his qildim. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va “yashil” texnologiyalar sohasidagi hamkorlik masalalari ko‘p muhokama qilindi.
Kelajakda bu kabi forumlarni muntazam o‘tkazib turish, talabalar almashinuvi dasturlarini kengaytirish va qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini ko‘paytirish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.
Ishonch bilan ayta olamanki, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi va bu har ikki mamlakat uchun foydali natijalar beradi. Ta’lim va ilmiy almashinuvlar ikki davlatning intellektual salohiyatini oshirish, innovatsion rivojlanish va xalqaro hamkorlikning mustahkamlanishiga xizmat qilishi shubhasiz.