
PARIJ: VAZIRLIK MAS’ULLARI “XALQARO ONA TILI KUNI”NING 25 YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN TADBIRDA
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Parij shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
“Xalqaro ona tili kuni”ning 25 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan tadbir doirasida Sherzod Karimov YUNESKO Bosh direktori o‘rinbosari Stefaniya Jianini bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va Toshkent shahrida YUNESKO shafeligida maktabgacha taʼlimni rivojlantirish bo‘yicha ikkinchi darajali mintaqaviy markaz tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama uchrashuv chog‘ida Stefaniya Jianini O‘zbekistonda bolalarni erta yoshdan rivojlantirish bo‘yicha erishilgan yutuqlar hamda maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdi. Jianini xonim O‘zbekistonning bu boradagi natijalarini yuqori baholab, xususan, zamonaviy taʼlim dasturlarini joriy etish hamda pedagoglar malakasini oshirish yo‘nalishidagi saʼy-harakatlarni eʼtirof etdi.
Muhokamalar davomida 2025-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh Assambleyasi dasturiga alohida sessiyani kiritish imkoniyati bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, tashrif doirasida Sherzod Karimov Global Taʼlim Hamkorligi (GPE) koordinatori Peterson xonim bilan uchrashdi. Muzokaralar chog‘ida tomonlar “System Сapaсity Grant” loyihasini jadallashtirish jarayonini muhokama qildi.