PEDAGOGLAR FAOLIYATI QONUN BILAN HIMOYALANGAN!

“Pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘ladi”. 

“Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasidan.

Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda dars vaqtida sinfxonaga bostirib kirish, o‘qituvchini haqoratlash, o‘quvchilar oldida izza qilish, hatto do‘pposlash holatlari tez-tez muhokama markaziga chiqyapti. Yaqinda Sirdaryoda bo‘lgan holat ham shular jumlasidandir. 

Zo‘ravonlik holatlari yuz berganda tegishlicha murojaat qilinib, aybdorlarga chora ko‘rilgan.

Bu kabi holatlar yuz berganda o‘qituvchi-pedagoglarimizni himoya qilish uchun kerakli yuridik, ijtimoiy, psixologik yordam beriladi. 

Shuni tushunib olishimiz kerakki, maktabga duch kelgan odam (dars vaqtida hatto ota-ona ham) istaganicha kirib-chiqish, dars jarayoni va pedagoglar faoliyatiga aralashish, o‘qituvchiga do‘q qilish uyoqda tursin, madaniyat chegarasidan chetga chiqib gaplashishga haqli emas. Bunday holatlar aniqlansa vazirlik zudlik bilan huquq-tartibot idoralariga murojaat qiladi!

Hurmatli o‘qituvchilar, jonkuyar pedagoglar, qadrli jamoamiz, sizning faoliyatingiz QONUN bilan himoyalangan, qadr-qimmatingizni himoya qilish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solishga tayyormiz.

Hilola Umarova, 

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri