
Prezident maktabining bitiruvchisi AQShning Braun universitetiga 100 foizlik grant asosida qabul qilindi
Kuni kecha Prezidentimiz iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishganida yoshlarimizni Amerikaning “Pechak ligasi” (The Ivy League) universitetlariga tayyorlashni yo‘lga qo‘yish tashabbusini bildirgan edi.
Bugungi xabar esa ushbu tashabbusga iqtidorli yoshlarimizdan munosib javob boʻldi deyish mumkin. Gap shundaki, Nukus shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Aydos Kitaybekov AQShning nufuzli Braun universitetiga (ushbu universitet “Pechak ligasi”ga kiruvchi universitet hisoblanadi) 396 000 AQSh dollari miqdoridagi toʻliq grant asosida oʻqishga qabul qilindi.
Braun universiteti 1764-yilda tashkil etilgan. “Times Higher Education” xalqaro reytingida mazkur universitet doimiy ravishda yuqori oʻrinlarni egallab keladi. Hozirda ushbu universitet dunyo miqyosida 58-oʻrinda turadi.
Endilikda oʻquvchimiz mazkur universitetda “Atrof-muhit muhandisligi va kompyuter fanlari” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oladi. Aydos shu kungacha IELTSdan 8, SATdan 1550 ballni qoʻlga kiritgan. Qolaversa, AS-Level bo‘yicha uch karra A sertifikatiga ham ega.
2025-yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilingan, davlatimiz rahbari ekologiyani asrash masalasini eng muhim yoʻnalishlardan biri sifatida oldinga surayotgan bir paytda Aydosning aynan shu yoʻnalish boʻyicha Braun universitetiga oʻqishga kirgani quvonchli xabar, albatta.
Aydos ekofaol oʻquvchilarimizdan. U Orol dengizi muammolarini hal etish boʻyicha oʻzining tashabbuslari bilan 2024-yilda Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyo uchun BMTTD mintaqaviy byurosi tomonidan tashkil etilgan II Xalqaro o‘quvchilar festivalida faol ishtirok etgan.
Fursatdan foydalanib, Aydos, uning ota-onasi va taʼlim bergan ustozlarini bugungi yutuq bilan yana bir bor tabriklayman. Aydosga esa Braun universitetini muvaffaqiyatli bitirib, tanlagan yo’nalishi bo’yicha yetuk mutaxassis bo’lishini, o’rgangan bilimlari mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qilishini tilayman.