
Sinf rahbarining tarbiyadagi o‘rni sezilishi kerak
Yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, ayniqsa, o‘smir yoshdagi qizlarning ma’naviy dunyoqarashini rivojlantirishda umumta’lim maktablaridagi sinf rahbarlarining o‘rni alohida ahamiyatga ega. Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi 58-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan o‘quv seminari ayni shu muhim mavzuni qizg‘in muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida sohaga oid tajribali mutaxassislar, oliy ta’lim muassasalari vakillari va mahalliy tashkilotlar rahbarlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Seminarda o‘smir qizlar tarbiyasi, ularga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda “Nuroniy” jamg‘armasi tashabbusi bilan joriy etilgan “Buvijonlar maktabi”ning jamiyatdagi o‘rni, shuningdek, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish kabi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Toshkent davlat pedagogika universiteti prorektori Vahobjon Rajapov, Qori Niyoziy nomidagi tarbiya pedagogika milliy instituti dotsenti Muhayyo Umaraliyeva mavzu doirasida taqdimot qilib, sinf rahbarlari bilan o‘quvchi qizlar o‘rtasida iliq va ishonchli munosabatlar o‘rnatilishi dolzarb masalaga aylanganini ta’kidladi. Seminar davomida mavzuga oid videomateriallar namoyish etilib, ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
https://t.me/namanganv_xtb/24575