TARBIYA – TARBIYA TA’LIMNING BIR QANOTI

                                                                

                                           TA’LIM TARBIYASIZ TO‘KIS VA MUKAMMAL BO‘LA OLMAYDI

         Mamlakatimizda Prezident tashabbusi bilan ta’lim sohasi bir qancha yo‘nalish va omillar, xususan, ta’lim va tarbiyaga zamonaviy metodikalarni joriy etish, uning saviyasini xorijiy va milliy tajribalar asosida xalqaro andozalar darajasiga ko‘tarish hamda soha vakillarini moddiy rag‘batlantirish vositasida keng isloh qilinmoqda.

Bu borada, ayniqsa, Prezidentimizning shu yil 21 iyunda qabul qilgan “Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyatga ega. Qarorga muvofiq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti negizida butkul yangicha asosda Tarbiya pedagogikasi milliy instituti tashkil etildi.

Qushning ikki qanoti bo‘lgani kabi ta’limning bir qanoti tarbiyadan iborat. Chunki ta’lim tarbiyasiz to‘kis va mukammal bo‘la olmaydi. Ayni shu ma’noda institutning Tarbiya pedagogikasi milliy instituti, deb qayta nomlanishi  chuqur mazmun va mohiyatga ega.

Qarorga muvofiq milliy institut zimmasiga bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda yoshlar tarbiyasi sohasida qo‘llaniladigan ilmiy-metodik ta’minotni amalga oshirish, buyuk allomalarimiz, xususan, jadidlarning mazkur yo‘nalishdagi qarashlarini ilmiy tadqiq etish va ana shu asosda zamonaviy metodikalarni ishlab chiqish, o‘quvchilar tarbiyasida mahalla va ota-onalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, bu borada ota-ona va o‘qituvchilar uchun  o‘quv va ommabop adabiyotlar yaratishni tizimli yo‘lga qo‘yish kabi bir qator  muhim maqsad va vazifalar yuklatildi.

Yana bir muhim yangilik shundan iboratki, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich jahonda tan olingan ijtimoiy-emotsional ta’lim (Social and Emotional Learning — SEL) metodikalarini joriy qilish nazarda tutilgan.

Prezident qarorida ijtimoiy-emotsional ta’lim metodikalarini joriy qilishning mexanizmlari ham belgilab berilgan. Bu jarayonda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘z-o‘zini anglash, o‘z-o‘zini boshqarish, ijtimoiy xabardorlik, tengdoshlari bilan munosabatlarni shakllantirish va mas’uliyatli qaror qabul qilish kabi 5 ta ijtimoiy-emotsional kompetensiyalarga o‘rgatiladi. Ushbu jarayonga ota-onalar va  jamoatchilik vakillari ham keng jalb qilinadi. Bundan tashqari ijtimoiy-emotsional ta’lim metodikalari umumiy o‘rta ta’lim hamda pedagog kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash dasturlariga kiritiladi. Bu jarayonga, o‘z navbatida, bizning institutimiz olimlari ham bevosita ishtirok etadi.

Ijtimoiy-emotsional ta’lim metodikalarini amaliyotga tatbiq etish bosqichma- bosqich amalga oshiriladi. Dastlab bir nechta umumiy o‘rta ta’lim muassasalari tajriba-sinov tariqasida tanlab olinadi. Institutning malakali xodimlari, xorijiy mutaxassislar va pedagog kadrlardan iborat bo‘lgan trenerlar guruhlari shakllantiriladi. Ijtimoiy-emotsional ta’lim metodikalarini joriy qilish jarayonlari institut tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi. Erishilgan natijalar tahlil qilinadi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Tarbiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi tashkil etiladi. Prezident qarorida belgilanganidek, institutning ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari endi butkul yangicha asosda shakllantiriladi. Bunda asosiy e’tibor tarbiya sohasidagi mavjud muammolarga qaratiladi.

Institut yetakchi xorijiy universitet va ilmiy markazlar bilan tarbiya metodikalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatadi. Ular bilan birgalikda qo‘shma tadqiqotlar olib boradi.

Bundan tashqari maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchi va o‘quvchilari uchun milliy tarbiya yo‘nalishida turkum adabiyotlar nashr etiladi.

Institut tomonidan tarbiya yo‘nalishida yangi loyihalar amalga oshiriladi. Ularga xorijiy ekspertlar, davlat va nodavlat tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari va jamoatchilik institutlari mutaxassislari hamda olimlari jalb etiladi.

Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda Milliy gvardiya  bilan birgalikda joriy o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida «Farzand tarbiyasida ota-onaning mas’uliyati» mavzusida tarbiya haftaliklari o‘tkazib boradi. Bundan tashqari ota-onalarning farzand tarbiyasi borasidagi bilimini oshirishga qaratilgan «Namunali ota-onalar maktabi» loyihasi hamda milliy tarbiyaning hududiy an’analarini o‘rganish, tiklash va zamonaviy ma’naviy-axloqiy tarbiya tizimiga joriy qilishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiradi.

Joriy yilning 1 dekabriga qadar o‘quvchilarda «huquqbuzarlikka qarshi immunitet»ni shakllantirishda «maktab — ota-ona — mahalla» hamkorligi zanjirini yaratish bo‘yicha ilmiy asoslangan o‘quv va ommabop uslubiy tavsiyalar ishlab chiqiladi. Shuningdek, ota-onalarning farzand tarbiyasiga oid dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan xalqchil tildagi adabiyotlar yaratilishini tashkil etadi.

Shu yilning so‘ngida «Tarbiya — shaxs madaniy-ma’naviy kamolotining mezoni» mavzusida xalqaro forum o‘tkazish nazarda tutilgan.

Prezident qarorida zamonaviy axborot vositalaridan samarali foydalanish maqsadida 2025 yil yakuniga qadar ota-onalar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun yoshlar tarbiyasiga oid raqamli kontentlarni joylashtirish uchun «milliytarbiya.uz» elektron platformasi va uning mobil versiyasini ishlab chiqish hamda uni zamonaviy va qiziqarli kontentlar bilan to‘ldirish vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, institut tomonidan ishlab chiqilgan metodik tavsiyalar asosida yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlangan podkast, videokontentlar yaratish va ommaviy axborot vositalari orqali yoritish ishlarini tizimli tashkil etish belgilangan.

Institut huzurida «Tarbiya metodikalari» ilmiy-ommabop jurnali tashkil etish hamda ko‘p funksional bosmaxona ochish ham nazarda tutilgan. Bu esa, o‘z navbatida, tarbiya pedagogikasi borasidagi  tajribalarni keng targ‘ib qilish, ommalashtirish, qo‘llanmalarni ko‘p nusxada chop etish va tarqatilishiga  imkoniyat yaratadi.

Yangi O‘zbekiston o‘z oldiga keng ko‘lamli maqsad va vazifalar qo‘ygan. Ularni to‘la-to‘kis amalga oshirish kelgusi avlodlarimiz olayotgan ta’lim va tarbiyaga bevosita bog‘liq. Bilimli va tarbiyali yoshlar mamlakatimiz kelajagi, oldimizga qo‘yilgan ulug‘vor maqsad va vazifalarimiz ro‘yobga oshishining mustahkam kafolati sanaladi. Bugungi kunda butkul yangicha asosda tashkil etilgan va shakllanayotgan Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti ana shu jarayonga o‘zining munosib hissasini qo‘shishga harakat qiladi. Ta’lim va tarbiyaning ham zamonaviy, ham milliy an’ana va qadriyatlarimizga asoslangan yangi metodikalarini ishlab chiqadi va amaliyotga tadbiq etadi.

 

Xolboy IBRAIMOV,

 Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti

direktori, pedagogika fanlari doktori, akademik