#️⃣XALQARO_KONFERENSIYA

📱Joriy yilning 12 mart kuni Buxoro davlat pedagogika institutida “Turkiston taraqqiyparvarlari merosi: tarixiy tajriba va milliy o‘zlik” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

↗️Konferensiyada Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti direktori, akademik X.Ibraimov Xalqaro konferensiyaning asosiy chiqish qismida “Turkiston jadidchilik harakati namoyandalarining progressiv g‘oyalari va ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi. 

✔️Shuningdek, konferensiya ishida tashkil etilgan ko‘rgazmalar va sho‘balarida ham qatnashib, o‘zining taklif va mulohazalarini bildirdi.

✏️TPMI Axborot xizmati.

 

Konferensiya MA'RUZASI.

TURKISTON JADIDChILIK HARAKATI NAMOYaNDALARINING PROGRESSIV G‘OYaLARI VA ULARNING JAMIYaT TARAQQIYoTIDAGI O‘RNI

Mamlakatimizda buyuk allomalarning, Turkistonlik jadidlarning falsafiy merosini o‘rganish va tadqiq etish, yosh avlodni ajdodlarimizning an’analari, milliy va umiminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha faoliyat izchil davom ettirilmoqda. Ma’naviy – ma’rifiy sohadagi islohotlar samarasini oshirish zarurati bu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari natijasida yoshlarning ongu tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarmoqda.

Yangi taraqqiyot bosqichida yoshlar tarbiyasi, ya’ni komil insonning shakllanishiga oid, insoniyatning boy ma’naviy xazinasidan munosib o‘rin olgan tarixiy, milliy, ma’naviy madaniy merosimiz, urf-odatlarimiz va qadriyatlarimizdan samarali foydalanish, yosh avlodni vatanparvar, fidokor, yuksak madaniyatli va ma’naviyatli qilib tarbiyalashning asosiy omillaridandir.

Ma’lumki, kishilik jamiyatining ko‘p asrlik tarixi xilma-xil harakat, ta’limot, siyosiy oqim va   firqalarni   vujudga   keltirdi.   Buning   asosiy   sababi   bashariyatning   adolatli, insonparvar jamiyat qurish uchun, zulm va zo‘ravonlikdan, qullik va mustabidlikdan, tengsizlik va jaholatdan qutulish uchun tinimsiz izlanishi edi. Jadidlar ta’limoti - o‘z zamonasining progressiv ta’limoti bo‘lib, u nafakat taraqqiyparvar shaxslar, balki ilg‘or fikrlovchi yoshlarni xamda barcha taraqqiyparvar ziyolilarni o‘z ketidan ergashtira olgan ta’limot edi. XIX asr oxirida Chor Rossiyasi bosqini tufayli Turkistonda yuzaga kelgan tarixiy vaziyat ilg‘or fikrli ziyolilar oldiga milliy mustaqillikka erishish uchun nima qilmoq kerak, qaysi yo‘ldan bormoq lozim degan savollarni ko‘ndalang qo‘ydi. Jamiyatdagi ilg‘or kuchlarning qarashlari natijasi o‘laroq shakllanayotgan milliy uyg‘onish mafkura tarzida ma’rifatparvarlikni keng miqyosda targ‘ib etib maydonga chiqdi.

Tarixga jadidchilik nomi bilan kirgan bu harakat namoyandalari o‘z g‘oyalarining hayotdan mustahkam o‘rin olishi, oqibat natijada milliy mustaqillikka erishish mumkinligi uchun kurashga bel bog‘ladilar. Bu davr Turkistonning ijtimoiy taraqqiyotida yangi bosqichni tashkil etadi.

Mustaqillikka erishish uchun kurashish lozimligi haqidagi ijtimoiy motivlar va mazkur xulosaga kelinishining yana bir sababi tarixiy sharoit edi. Chindan xalq g‘alayonlarining ayovsiz qonga botirilishi ma’lum ma’noda ogohlikka ham da’vat bo‘ldi – hayotga tiyrak ko‘z bilan qarashga undadi. Ikkinchi tomondan, “jamiyat taraqqiyotida bir sistemaning tabiiy ravishda yangi sifat o‘zgarishiga uchrashi o‘ziga xos ma’rifatchilikni taqozo etadi”[1] .

 “Qizg‘in ruhli yoshlarimiz millatga xizmat etib, aning madaniy darajasini o‘stirsalar, ul vaqtda biz sinfiy ixtiloflar to‘g‘risida so‘ylashurmiz, fikr yuritishurmiz. Madaniyati yo‘q bir millatning sanoati bo‘la olmas. Modomiki, ul yo‘q ekan, hali sinfiy nizolarga erta. Bizning bugungi vazifamiz hozircha madaniy o‘suvlar va shunga yo‘llar hozirlovdangina iborat”. F.Amirxon tarixga jadidchilik nomi bilan kirgan harakat darg‘asi Ismoil Gaspirinskiy to‘g‘risida yozgan “Ulug‘ millatchi to‘g‘risida kichik bir xotira” nomli maqolasida jadidlarning kurash dasturi xususida aynan shunday deb qayd engan edi.

1892 yilgi “vabo qo‘zg‘oloni”dan o‘ziga yarasha xulosa chiqargan missioner N.Ostroumov yozadi: “Ko‘p jihatdan ayb o‘zimizda albatta. Ularning (sartlarning) fe’l-atvorini va qonun-qoidalarini o‘rganganimiz yo‘q va haliyam o‘rganmayapmiz”.

 Chor hukumati bunday o‘rganishni turli vositalar yordamida amalga oshira boshladi. Rus-tuzem maktablari shu maqsadga qaratildi. Unga qarshi usuli jadid maktablari tashkil topa boshladi. Bu maktablar uchun M.Abdurashidxonovning “Adibi avval”, Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval”, A.Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq”, “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, S.Ayniyning “Tahzib us-sibyon”, “Qiz bola yoki Xolida”. Hamzaning “Yengil adabiyot”, “O‘qish kitobi”, “Qiroat kitobi”, M.Behbudiyning “Kitobat ul atfol” kabi darsliklari yaratildi. Jadidchilik g‘oyalari talqinida maorif bilan birga matbuot ham muhim rol o‘ynadi. “Taraqqiyot”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Osiyo”, “Samarqand”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” gazetalari, “Oyina”, “Al-isloh” jurnallari chop qilina boshladi.

Bundan tashqari, jadidchilik qarashlari xayriya jamiyatlari faoliyatida ham o‘z aksini topa boshladi. Ayniqsa, “Turon”, “Tarbiyat ul -aftol”, “Sho‘roi Islom” jamiyatlari xayrli ishlari bilan milliy-ozodlik harakatlarida ijobiy faoliyat ko‘rsatdi.

Laziz Azizoda M.Behbudiy haqidagi maqolasida “Turkistonning uyg‘onish davrini uch qismga – maorif, matbuot va jamiyatga bo‘lib, shu davrda katta rol o‘ynog‘onlarni tekshirmoq” fikrini ilgari surganida shu masalalarni nazarda tutadi.

Ijtimoiy turmushdagi islohotchilik adabiyot va san’atni ham chetlab o‘tmadi. An’anaviy yo‘sindagi adabiyot yangicha yo‘nalishlar, yangicha janrdagi asarlar hisobiga boyidi, romanchilik, publitsistika, adabiy tanqid, ma’rifiy she’riyat, dramaturgiya maydonga keldi [4].

Bu haqda “Maorif va o‘qituvchi” jurnali 1928 yil 3-sonida quyidagilarni yozgan edi: “Jadidlar o‘z mafkuralarini tarqatish, o‘z idealari yo‘lida tashviqot olib borish uchun adabiyot yaratdilar” [2] .

 Chunonchi, o‘sha davr darsliklari tarkibida yaratilgan bolalar adabiyoti namunalari yosh avlodni bilim olishning afzalliklari, Vatan erki uchun kurashning muqaddasligi, iymon, axloq, e’tiqod, rostgo‘ylik, sadoqat, erk ruxida tarbiyalashga qaratilishi bilan alohida e’tiborga loyiq.

A.Avloniyning “Maktab”, “Nima, kimniki”, “Millatga xitob”, Hamzaning “Kitob”, “Maktab” asarlari shular jumlasidandir. A. Avloniyning “Millatga xitob” she’ri ilm-ma’rifat orqali milliy uyg‘onishga da’vatkorlik ruhi bilan alohida ajralib turadi.

Millatga xitob

Ko‘zlaring och, ey millat!

Ko‘p zamon g‘ofil yotding.

Umring o‘tdi yotmakda

Qayg‘uga toza botding.

Ketdi shonu sharafing,

Mozor toshidek qotding.

Ey! “Tokaygacha g‘aflat ichida yotamiz!”

Keling, yoshlar, jaholatni otamiz!

Bizga bu kun ilma kirishmak kerak!

Bizga bu kun ilma tirishmak kerak!

Abdulla Avloniy bola tarbiyasiga alohida muhabbat bilan qaragan edi. Shu sababdan ham adib, - “Tarbiyani tug‘ilgan kundan boshlamak, vujudimizni quvvatlantirmak, axloqimizni kuchlantirmak lozim”, deydi u, - “Shuning uchun tarbiya qiluvchi muallimlarning o‘zlari ilmlariga olim bo‘lib, shogirdlariga ham bergan darslarini amal ila chaqishtirib o‘rgatmaklari lozimdir. Bu ravsh ta’lim ila berilgan dars va ma’lumot shogirdlarning diliga tez ta’sir qilib, ular ilmli – odobli bo‘ladilar”. Adib yuqoridagi hurfikr gaplari bilan bolalarni tug‘ilgan kunidan boshlab, ta’lim-tarbiyaga o‘rgatmog‘imiz kerak deydi.

Abdula Avloniy bola kamolotida zakovat va fikrning ijobiy ta’sir kuchiga g‘oyat zo‘r baho berar ekan, u shunday deydi; “Zakovat insonning eng yaxshi fazilatlaridandir. Zakovatli kishilar biron ishni boshlamoqchi bo‘lsalar uni har taraflama o‘ylab ko‘radilar. Shuning uchun ham ular katta hayotiy tajriba orttirib, kamolatga erishadilar. Zakovat hayotning barcha mushkul va jumboq masalalarini hal qilishda odamga hamrohdir: - Fikr tarbiyasi esa, eng kerakli, ko‘p zamonlardan beri taqdir qilinib kelgan, muallimlarning diqqatlariga suyangan, vijdonlariga yuklangan vazifadir. Shuning uchun Abdulla Avloniy bolaning fikrlash qobiliyatini o‘stirishda muallimning roli katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaydi.

Abdulla Avloniy bolalar tarbiyasiga e’tibor qaratar ekan, bolalarning o‘qib, ta’lim olishida maktabning o‘rni beqiyosligini ta’riflaydi. Masalan, “Ikkinchi muallim” asari “ Maktab” she’ri bilan boshlanadi. She’rda kimki maktabga borsa , o‘qisa savodxon bo‘lsa , juda ko‘p narsalarga erishishi chiroyli ta’riflanadi:

Maktab dur-u gavhar sochar,

Maktab sizga jannat ochar,

Maktab jaholatdan qochar,

G‘ayrat qilib o‘qing o‘g‘lon!

Maktab sizni inson qilur,

Maktab hayo ehson qilur,

 Maktab g‘ami vayron qilur,

G‘ayrat qilib o‘qing o‘g‘lon!

Abdulla Avloniy “Maktab gulistoni” asarining kirish qismida quyidagi:

“Maktab –xazinai adabu ilm(u) izzating,

Maktab- bog‘i jannati firdavs , ne’mating,

Maktab kishini jahl(u) doniydan qilur xalos,

Maktab –kalidi ka’bai qalb (u) zakovating” parchasini epigraf qilar ekan, adib shunday deydi: “Adabiy axloqiy maroq-u shavq ila o‘quladurgan hikoyalar, she’r ila Turkiston maktablarining ikkinchi sinflaridan boshlab o‘qutmoqg‘a muvofiq ravishda yosh bolalar uchun yengil vazn va oson sheva uzra tartib berildi”. Adib bolalarning ta’lim olishi haqida qanchalik qayg‘urganligini yuqoridagi gaplardan ham ko‘rishimiz mumkin.

Yoki quyidagi parchaga e’tibor qilaylik: “Fikr agar yaxshi tarbiya topsa, Xanjar olmosdan bo‘lur o‘tkir. Fikrning oynasi o‘lursa zang, Ruh ravshan, zamin bo‘lur benur”[3]. Bu parcha ulug‘ pedagog Abdulla Avloniyning dil so‘zlaridir. Adib ilm bilan tarbiya orasida biroz farq bo‘lsa ham ikkisi bir – biridan ayrilmaydigan, birining vujudi birovga bog‘langan jon ila tan kabidur deya o‘zining ibratomuz fikrlarini keltirib o‘tgan.

Xulosa qilib aytganda, jadidchilik o‘z tarixida murakkab rivojlanish yulida ikki bosqichni bosib o‘tgan. Birinchisi - ma’rifatparvarlik bosqichi va ikkinchisi - siyosiy bosqich. Lekin jadidlarning davlatchilik masalasiga qarashlari birinchi davrdanoq shakllana boshlangan va ikkinchi bosqichda anik bir shaklga kelgan. Jadidchilikning tariximizda tutgan o‘rni va qadr - qimmati shundaki, birinchi bo‘lib mustakillik milliy mafkurasiga asos soldi, ozodliq, erk, milliy gurur va sha’n xaqida, buyuk ajdodlari, boy madaniyati, umuman chorizm mustamlakasi davrida unutilgan qadriyatlar tug‘risida, ovoza kildi. Jadidlarning buyuk tarixiy xizmatlari shundan iboratki, ular yetilib qolgan ijtimoiy muammolarni xal kilishda evolyusion isloxot yo‘li asosida, ijtimoiy-davriy tuzum o‘zgarishlarining eng maksimal effektiv yo‘lini taklif qildilar va mustamlakachilik tartibotini yo‘q qilishni talab qildilar. Xalqni ilm-ma’rifatli qilish orqali jipslashtirish lozim edi. Xalq siyosiy ongining zaifligi bir tomondan ilm-ma’rifatga, boshqa jihatdan ma’naviyatga daxldor edi. 

 Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti direktori,

akademik, Ibraimov Xolboy Ibragimovich.