“YOSH AVLODDA KITOBXONLIK KOMPETENSIYALARINI RIVOJLANTIRISHNING ISTIQBOLLI TAJRIBALARI” mavzusidagi respublika ilmiy-аmаliy konferensiyasi

Kitob o‘qishda hikmat ko‘p. Keng dunyoqarash va bilimga ega bo‘lishda kitobning ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Kitob insonni intizomli qiladi. Nafsni yengishga va kattani hurmat, kichikni izzat qilishga o‘rgatadi. Kitob o‘qigan kishi qonunlarga itoat qilish kerakligini anglaydi.

Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida “Yosh avlodda kitobxonlik kompetensiyalarini rivojlantirishning istiqbolli tajribalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Ko‘p omillar qatorida kitobxonlik, ayniqsa, o‘sib ulg‘ayayotgan yoshlarni kitob o‘qishga o‘rgatish, kitobxonlikni keng targ‘ib etish asosiy vazifalardan biri sanaladi. Prezident ta’kidlab o‘tganidek, kitobsiz taraqqiyotga, yuksak ma’naviyatga erishib bo‘lmaydi. Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi millat birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. 

Bunday yengilmas kuch manbai esa, avvalo, insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda.

Tadbirda soha vakillarining ta’kidlashicha, aksariyat yoshlar o‘zlari uchun kerakli va qiziqarli bo‘lgan ma’lumotlarni asosan internet tarmoqlaridan olishi, bu bir tomonlama qaraganda ijobiy hodisa bo‘lsa, ikkinchi tomondan yoshlar orasida mutolaaga qiziqishning susayib ketishiga sabab bo‘lishi qayd etildi. O‘quvchilarning kitobni kam mutolaa qilishi aynan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan izohlandi.

Bugungi kunda O‘zbekistonning kitob fondlarida 100 mingdan ziyod noyob qo‘lyozma asarlar saqlanmoqda. Kutubxonalar fondlari kitobxonning axborotga bo‘lgan talabi asosida bosma va elektron formatlardagi resurslar bilan to‘ldirilmoqda, kutubxona xizmati ko‘rsatishning zamonaviy tizimini yaratilmoqda.

Yoshlar o‘rtasida mutolaa ko‘nikmasini izchil tarzda shakllantirib borish bugungi kunning muhim vazifalaridan biriga aylanmoqda. Ilmiy-amaliy konferensiyada aynan shu borada zaruriy tavsiyalar o‘rtaga tashlandi. 

Kitobxonlik, uning afzalliklari, oilada mutolaa madaniyatini yuksaltirish masalalari xususida takliflar berildi.

OAVlarda:

O'zbekiston24 : https://youtu.be/5hatKLDr8IE

Radio eshittirish: https://milliytarbiya.uzedu.uz/storage/audio/китоб тарбия.mp3