
Ziroat Mirziyoyeva “International inclusive hub”ga tashrif buyurdi
Shu yilning 28-fevral kuni “Zamin“ fondi Vasiylik kengashi raisi “International inclusive hub” — Oʻzbekistonda inklyuziv jamiyatni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi ijtimoiy-jamoatchilik makoniga tashrif buyurdi.
Qayd etilishicha, markaz oʻz faoliyatini inklyuziv professional taʼlim dasturlarini takomillashtirishga qaratilgan loyiha bilan boshladi.
Ziroat Mirziyoyeva markazning rivojlanish strategiyasi, ishga joylashtirish, inklyuziv mahalla loyihalari, maʼlumotlar tahlili asosida oʻquvchining kasbiy yoʻnalishini aniqlovchi raqamli shaxsiy kartasi — LMS platformasi bilan tanishdi, “Xalqaro imo-ishora tili“ darsida qatnashdi.
Shuningdek, samimiy muhitda mehmonlar oʻquvchi yoshlar bilan suhbatlashdi, ular esa oʻz gʻoyalari va olgan koʻnikmalari haqida soʻzlab berdi.
Tashrif yakunida mehmonlar hech kimni ortda qoldirmasdan toʻsiqlarni yengib oʻtishning ezgu namunasi boʻlgan “Kundalik hayot teatri“ fotokoʻrgazmasi va “Kichkina shahzoda“ inklyuziv sahna koʻrinishidan yorqin taassurot oldilar.