ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZI: “MEN”LARNI “BIZ” QILADIGAN MEGALOYIHA

Prezident Shavkat Mirziyoev o‘z chiqishlaridan birida “Yangi O‘zbekiston” iborasiga alohida to‘xtalib, “Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Chunki bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas”, dedi. Bu bejiz emas.

O‘z tarixida ikki renessans ko‘rgan mamlakatimizning gerbida Humo qushi qanot kerib turibdi. Bu ham tasodif emas. Humo – jahon sivilizatsiya markazlaridan biri, qadimiy va navqiron O‘zbekiston ramzi – Renessans ramzi. Xalqimiz, ayniqsa yoshlar shod. Chunki yangilanish, uyg‘onish, jo‘shqinlik Renessanslarning harakatlantiruvchi kuchi – yoshlarga xos olovli tuyg‘ular-da.

So‘nggi yillarda dunyo ijtimoiy fanlarida madaniy kod, milliy kod tushunchalari keng qo‘llanilmoqda. Madaniy kod bu – ajdodlardan meros qolgan noyob madaniy xususiyatlar. Ular xalqning ramzlarida, goh anglangan, goh anglanmagan holda xulq-avtor, odatlarida namoyon bo‘ladi. Madaniy kod o‘zbekcha aytganda “asli qonida bor narsa”ga to‘g‘ri keladi.

Imom Buxoriy, Termiziy, Ibn Sino, Marg‘inoniy, Beruniy, Nasafiy, Farg‘oniy, Zamahshariy, Moturudiylarning merosxo‘rlarimiz. Ular o‘zlaridan 1000 yil keyin Islom Akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazini qurish huquqini olib, bizga berib ketdilar. Ikki renessansni yaratgan bobolar qoni bugun bizning tomirlarimizda oqayotir. Shunday ekan, Yangi O‘zbekistonda qayta tiklanish tajribasini qaerdan izlashimiz kerak? Bu savolga javobni hazrat Alisher Navoiy tayinlab ketganlar: “Har ne istarsen, o‘zingdin istagil”.

Ajdodlarimiz jahon ahliga diniy va dunyoviy ilmlarning aslini o‘rgatgan. Dunyoning yetuk olimlari bizning bobolarimiz bilan tanishliklari, ularga shogirdliklari, ularning kitoblarini o‘qiganliklari bilan faxrlanishgan. Bizga bugun mana shu shon, mana shu sharaf darvozasi qayta ochilmoqda.     

2019 yilning 31 dekabr kuni “Uzluksiz ma’naviy tarbiya Konsepsiyasi” tasdiqlandi. Unga ko‘ra 30 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarda Vatanga sadoqat, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibatlilik, mas’uliyatlilik, bag‘rikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik kabi tayanch fazilat, ijtimoiy kompetensiyalar rivojlantiriladi. Bu fazilatlar oilaviy tarbiyaga ijtimoiy buyurtmaga aylanadi. Shu vaqtgacha natijasi mavhum bo‘lib kelgan tarbiya mana shu tayanch fazilatlarda natija topadi. Mukammal kompetensiya-fazilatlar bilan mustaqil hayotga kirib borgan o‘g‘il-qizlarimiz o‘zini ham, Vatanini ham baxtli qiladilar.

 Maktab, oilalar uchun “Uzluksiz ma’naviy tarbiya Konsepiya”sining innovatsionligi nimada? Ilgari O‘zbekistonning 1-18  yoshgacha bo‘lgan bolalar, o‘smirlar yoshiga mos qanday ma’naviy talablarga javob berishi kerak?”, “Bir yillik tarbiyaning natijalari qanday bo‘ldi?”, degan aniq savol qo‘yilmagan. Qo‘yilsa ham “Hamkorlikda ko‘p tadbirlar o‘tkazdik. Endi, bolalar katta bo‘lsa, ma’lum bo‘ladi-da, tarbiyasi”, degan fikrlar bildirilgan. Yoki 5-6 nafar iqtidorli yoshlarni ko‘rsatib, tarbiyaviy ishlar yutug‘i, deyilgan. Bugungi uyushmagan yoshlarimiz ana shu noilmiy tarbiyaning jabridiydalari.

Bolalar g‘ayratli raqsga tushishar, she’rni ko‘zlari yonib, to‘tidek o‘qishar, biroq, she’r, raqs tugagach, ko‘zlari bo‘m-bo‘sh, hamma qatori bo‘lib qolishar edi. Chunki tarbiya og‘zaki edi. Amaliy emas edi. Fazilatlar treninglarda o‘rgatilmas, shu sabab natija fazilatga aylanmasdan, bilim darajasida qolib ketar edi. Shuning uchun bugun 15-20 yoshli bolalarimizning xulqi bizni ranjitayotgan bo‘lsa, bunga ular aybdor emas. Ularning bilmasligi – tushuntirilmaganidan, qilmasligi – o‘rgatilmaganidan. Vatanparvarlikni ham, choy suzishni ham, uyalishni, ma’suliyatni, salom berishni ham.

Endi “Bugun maktablarni bitirayotgan yoshlarimiz Uchinchi Renessansga xizmat qilishga tayyormi?”, degan savolga “Hamkorlikda ko‘p tadbir o‘tkazganmiz. Endi tarbiyasi katta bo‘lsa bilinadi-da”, deyish, o‘zini aldash.  “Ha endi tarbiya, ma’naviyatni o‘lchab bo‘lmaydi-da. Boshiyam, oxiriyam yo‘q-ku”, deyish to‘xtaydi. Milliy g‘oyaning tarbiyaga qanday joriy bo‘layotgani amalda, hamma joyda, bolalarimiz fazilatlarida har kuni yoshiga mos ko‘rinib, eshitilib turadi.

Ma’naviyat va ma’rifat, mafkuraviy tarbiya bizga Vatanning o‘g‘il-qizlari sifatida, ishlash va yashash burchini eslatadi. Uchinchi Renessans nima uchun, kim uchun kerakligini xalqqa uning orzulari bilan bog‘lab uqtiradi, ko‘rsatadi. Tushungan xalq – g‘oya bilan qurollangan xalqqa aylanadi. O‘z milliy g‘oyasini anglagan xalqni esa to‘xtatib bo‘lmaydi.

Innovatsion fikrlash

“Uchinchi Renessans” natijalarining qachon, qanday bo‘lishi har bir oilaning innovatsion fikrlashiga bog‘liq. Buning uchun innovatsion yashash – har birimizning hayot tarzimizga aylanib, har bir o‘zbekistonlik o‘z sohasining innovatori bo‘lishi kerak. Ya’ni har bir ota-ona, tadbirkor, fermer, o‘qituvchi, san’atkor, jurnalist, bog‘cha tarbiyachisi, imom, talaba, quruvchi, olim, provayder, tikuvchi, targ‘ibotchi, mahalla raisi “Nima qilsam ishimning samarasi oshadi?”, deb o‘ylansin. Ijod qilsin, bosh qotirsin. O‘z ishiga, hayotiga yangiliklar kiritib yashasin. Ana shunda baxtning o‘zi unga qarab kelaveradi. “Uzluksiz ma’naviy tarbiya Konsepsiyasi”da o‘n tayanch fazilatning biri innovatsion fikrlash, etib belgilanganligining hikmati shunda. Harakatdan barakat.

Tarixda bir kishining innovatsion fikrlashi butun boshli xalqni halokatdan saqlab qolganiga misollar bor. Bir tarixiy misol esga tushadi. Dunyodagi eng katta gonorar II asrda Rim imperatori Mark Avreliy tomonidan shoir-metodist Oppianga berilgan. Oppian sevgi, ishqiy o‘rtanishlar haqida emas, baliqchilik va ov qilish qoidalari haqida 20 000 baytli ikki doston yozgan edi. Imperator dostonlarning har bir satri uchun bir oltin tangadan qalam haqi beradi[1]. Chunki odamlar bu dostonlarni o‘qib, kuylab, eshitib, baliq tutish, ov qilish qoidalarini o‘rganib olishdi. Mana shu bitta artpedagogik innovatsiya  xalqqa baliq tutish mahoratini o‘rgatib, uni ochlikdan saqlab qolgan.

Xullas, Uchinchi Renessans ma’naviyati yoshlarimizni, xalqimizni innovatsion fikrlashga, o‘ylashga, yashashga o‘rgatishni talab qiladi. Buning uchun nafaqat bolalar bog‘chalari, maktab, litsey, institutlar, balki oilalarda ham bolalarimizni innovatsion fikrlashga o‘rgatish ham farz, ham qarzga aylanmog‘i maqsadga muvofiqdir.

Milliy g‘oya – milliy motivatsiya

Milliy g‘oya – xalq orzusi, niyatining ifodasi. U milliy rivojlanishning yangi talablaridan kelib chiqib yangilanib turadi. O‘z chiqishlaridan birida Prezidentimiz “Milliy g‘oya nima uchun kerak?”, degan savolni o‘rtaga tashladi. Javobini ham bir jumlaga jo qilib, “Vatanni sevish uchun”, dedi. Uchinchi Renessans bizdan ana shu sevgini - Vatanni uyimizdek, xalqimizni oilamizdek sevishni so‘rayapti. Chunki faqat sevgi insonni yangi, yaxshi kelajak yaratishga safarbar qiladi, madadkor bo‘ladi.

Uchinchi Renessansni kim amalga oshiradi? O‘zida Vatanga sodiqlik, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibat, mas’uliyat, bag‘rikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlikni mujassam qilgan o‘zbekistonliklar. Uchinchi Renessans bizdan jon, sog‘liq, mablag‘ emas,  yuqoridagi fazilatlarni har kuni amalda ko‘rsatishni so‘raydi. O‘z ishimizni halol-pok, sifatli, vijdonimiz nazoratida bajarishni so‘raydi.

Uchinchi Renessans inson ma’naviyatidagi renessansdan seziladi va boshlanadi. Bu esa milliy xarakterimizga, ma’naviy innovatsiyalar kiritishimizni talab qilmoqda. Aslida eng qiyin ammo eng to‘g‘ri yo‘l va resurs shu. Bu xalqimiz xarakterini kuchli fazilatlar – iroda, tirishqoqlik, mehnatsevarlik, innovatsion fikrlash, tadbirkorlik bilan kuchaytiradi. Buning uchun o‘ta aniq ilmiy pedagogik-psixologik tadqiqotlarni muntazam o‘tkazib borishimiz zarur. Ularda “Uchinchi Renessans uchun xalqimiz xarakterida qaysi fazilatlarni kuchaytirish kerak?”, “Qaysilari bor?”, “Nimalar yetishmayapti?”. “Qaysi illatlar Uchinchi Renessansni boshlashimizga xalaqit beradi?”(masalan, hasad, ko‘rolmaslik, isrofgarchilik, loqaydlik, yolg‘on, mehrsizlik, g‘iybat...) qabilida. Bularni bir tizimga solish uchun Islom sivilizatsiyasi boshchiligida “Jamiyatni Uchinchi Renessansga tayyorlashning ilmiy-amaliy dasturi”ni ishlab chiqib, dadil joriy qilish maqsadga muvofiq. Nega deganda, yuqorida aytganimizdek, Uchinchi Renessans avvalo o‘zbekistonliklarning ma’naviyatida, fe’lida ro‘y beradi.

Ma’naviy Renessans qancha kuchli bo‘lsa, Uchinchi Renessans shuncha tez, samarali bo‘ladi. Ana shunda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar ma’naviyatdagi, xarakterimizdagi islohotlar bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Buning uchun ilgari uchrab turgan “Ma’naviyatni o‘lchab bo‘larmikan?”, degan ikkilanishlar voz kechishimiz kerak. Zero, ajdodlarimiz Birinchi va Ikkinchi Renessanslarni ilmdan najot olib yaratishgan. Demak, Uchinchi Renessansda ham “Ilmdan o‘zga najot yo‘q va bo‘lmag‘ay”(Imom Buxoriy).

Har sohaning o‘z ilmi bor. Ilmga suyanmagan sohaning kelajagi yo‘q(Sh.Mirziyoev). Uchinchi Renessans tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy sohaning ixtisoslashuviga bog‘liq. Ana shunda  jamiyat yoshlarimizdan kutayotgan tayanch fazilatlar, ularning real hayotda  qanday namoyon bo‘layotganini diagnostik o‘rganish imkoni yaratiladi. Natijada “Uzluksiz ma’naviy tarbiya Konsepsiyasi” asosida har bir o‘zbekistonlikda tayanch fazilatlarni ilmiy asosda kuchaytirishga erishiladi. Uchrayotgan ma’naviy illatlarni quritib borish mumkin bo‘ladi. Bunda har bir inson bilan amaliy ishlash, eng milliy-zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish zarur.  

Prezidentimiz o‘z chiqishlaridan birida “Kurashga tayyorlangan, kurashgan odam yutadi”, degan edi. Uchinchi Renessans bizdan qiyinchiliklarga qarshi kurashga tayyor bo‘lishimizni taqozo qiladi. Bu tayyorlik barcha sohalarni qamrab olishi va hamma joyda, har birimizda namoyon bo‘lishi lozim.

Masalan, xalq o‘z vatandosh tadbirkorlarini, tadbirkorlar o‘z xalqini qo‘llab-quvvatlashi kerak. Millionta “Men”dan ahil bitta “Biz”ga ko‘tarilish umumxalq harakatiga aylanishi kerak. Afsuski, buning aksi ham uchrab turadi. O‘tgan yillar hayit bayramlarida mamlakatimizning ayrim shaharlarida narx-navo ikki karra ko‘tarilganini ko‘rdik. Ba’zi shaharlarda esa bir necha bor tushirilganini ham ko‘rdik. Bu holat yaqinda koronavirus sharoitida talabalarga taksi xizmatini ko‘rsatilishida, dori savdosini ham uchradi. Kimdir bepul, savob uchun, vatandoshim, deb xizmat qilsa, kimdir narxni ikki-uch marotaba oshirdi. Har bir o‘zbekistonlikning bir-birida vatandoshlik haqqi va burchi bor-ku.

 Demak, milliy g‘oya – motivatsiyaning ta’siri, ro‘yobi iqtisodiyotda, kundalik hayotda ko‘rinib tursa, Uchinchi Renessans yo‘lida ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar ahil, qars ikki qo‘ldan bo‘lsa, biz yanada birlashamiz.  

Milliy g‘oya odamlarga Uchinchi Renessans kim uchun, nima uchunligini, ahamiyatini tushuntiradi. U bergan motivatsiya yotganni – o‘tirishga, o‘tirganni – turishga, turganni – yurishga, yurganni – yugurishga undaydi. Rag‘bat berib, shavqlantiradi. Tushuntiradi. Chunki “Nega?”ligini bilmagan tushunmagan odamlar birlashmaydi. Qo‘shilsa ham, ko‘r-ko‘rona, yuzaki ishlaydi. Biri ishlasa, ikkisi tomoshabin bo‘ladi. Milliy g‘oyada o‘z manfaatini ko‘rganlar birlashib, ixtiyoriy, zavq bilan ishlaydi. Natijada hayotidan rozi bo‘ladi.

Milliy g‘oyamizning ijtimoiy mazmun-mohiyatini bir so‘zda aytsa, bu so‘z – rozilik. Bu tushuncha Uchinchi Renessansni tushunish va tushuntirish, amalga oshirish uchun fundamental, jipslashtiruvchi asos bo‘ladi. Zero milliy g‘oya ro‘yobi xalqning muayyan vaqt va makonda o‘zini baxtli deb his qilishida, bu esa uning shukronalarida – hayotdan roziligida namoyon bo‘ladi.

Albatta, bularning barchasi uchun tinchlik, mustaqillikni jon qadar mustahkam, kafolatli himoyalashimiz kerak. Mustaqillik harbiy, g‘oyaviy va siyosiy himoyalanadi. Bunda ham o‘tmishdan saboq chiqarish kerak. Biz har gal mustamlaka bo‘lib, oyoq-qo‘llarimizga kishan taqishganida bir narsadan afsuslanganmiz – xalqning birlashmaganidan. Xalqning birlashmagani sababi, hammani “Biz”, degan bayroq ostiga birlashtiradigan g‘oya bo‘lmaganligi. Natijada “Biz” bo‘lib yengadigan kuch “men”larga parchalanib, mag‘lub bo‘lganmiz.

Bugun bizda “men”larni “Biz” qiladigan g‘oya bor. Bu Uchinchi Renessans g‘oyasi. Qurilayotgan Uchinchi Renessans poydevorini g‘oyaviy himoya qilishimiz kerak. Biz uni preventiv, o‘z vaqtida himoya qilmasak, uni buzishlari mumkin. Bu ma’naviy, g‘oyaviy  hujum. Ularga javob berishimiz va javobimiz ilmiy asosda bo‘lishi kerak. Nima uchun? Chunki ilmiy asosda bo‘lmasa, biz qilayotgan tadbirlar bir martalik, o‘tkinchi bo‘lib qoladi. Shu ma’noda milliy g‘oya targ‘ibotini ilmiy asosga qurishga qaratilgan sa’yi-harakatlar nihoyatda zarur.

Muhammadjon Quronov – pedagogika

fanlari doktori, professor