“Kelajak soati” 1-mavzu

VATAN UCHUN, MILLAT UCHUN, XALQ UCHUN!

Metodologiya

Dars ssenariysi

 Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, Davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi (prezentatsiya).

🟦 1. KIRISH. Motivatsion qism(10 daqiqa)

Oʻqituvchi: Aziz bolajonlar, mana hozirgina hammamiz “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sizlarga va o‘qituvchi-murabbiylarga yo‘llagan tabrigini tingladik. Prezidentimiz tabriklarida alohida ta’kidlab o‘tganlaridek: “maktab – bu moʻjiza, kitob, ustozlar o‘tadigan har bir dars – beqiyos xazinadir!”

president.uz

Oʻqituvchi: Aziz bolajonlar, barchangizni Vatanimizning Mustaqillik bayrami bilan tabriklayman! Xabaringiz bor, poytaxtimiz Toshkent shahridagi Yangi O'zbekiston bog'ida Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami katta tantana qilindi. Shu bayramda hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hammamizni bayram bilan tabrikladilar. Keling hozir birgalikda Prezidentimiz so'zlariga quloq tutamiz!

Dars mashg'uloti boshida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar haqidagi fikrlari aks etgan rolik qo'yib beriladi.

Oʻqituvchi: Aziz oʻquvchilar, mana hozirgina koʻrganimizdek, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sizlarga katta ishonch bildirdilar. Siz hamisha mana shu ishonchga munosib boʻlishingiz kerak. Buning uchun birinchi navbatda bilim olshingiz, oilangizni, Vatanimizni yaxshi koʻrishingiz zarur! Xo'pmi?

Oʻquvchilar: ha-a-a

Oʻqituvchi: Bolajonlar, tasavvur qiling: sizning oʻz koptokingiz bor.

Koptokingizni yaxshi koʻrasiz, maza qilib oʻynaysiz. Lekin bir kuni bir kishi kelib sizga:

“Bu toʻp endi meniki! Sen mendan soʻrab oʻynaysan! Bersam, oʻynaysan, bermasam, oʻynamaysan. Agar aytganimni qilmasang, toʻpni olib qoʻyaman. Bildingmi?!” dedi.

Siz qoʻrqib, xoʻp, dedingiz. Endi siz oʻz koptokingizni har kuni koʻrasiz, lekin birovdan ruxsat soʻrab, bersa, oʻynaysiz. Bermasa, boshqalar uni qanday oʻynayotganini tomosha qilib oʻtirasiz. Xafa boʻlasiz. 

Bolajonlar! Bu juda yomon holat-a?

Oʻquvchilar: ha-a-a

Oʻqituvchi: Endi yana bitta misol aytaman.

Bir kuni dadangiz sizga yangi, chiroyli koptok sovgʻa qildi.

U toʻp – faqat sizniki! Endi siz uni hech kimdan soʻramay oʻynayverasiz. Buning uchun hech kim sizni urishmaydi, soʻkmaydi. Xohlagan doʻstingizni oʻyinga qoʻshasiz.

Mana shu – mustaqillik! Yaʼni: oʻz yurtingizda, oʻz uyingizda, hohlagan oʻyinlarni oʻz xohishingiz bilan oʻynab, oʻzingiz xohlagandek yashash bu - mustaqillik!

Mustaqillik zoʻr ekanmi?

Oʻquvchilar: ha-a-a

Oʻqituvchi: Biz kecha mana shunday zoʻr bayramni, jonajon vatanimizning mustaqillik bayramini nishonladik. Hurmatli Prezidentimiz hammamizni mustaqillik bayrami bilan tabrikladi. Koʻrdingizmi?

Oʻquvchilar: ha-a-a

Oʻqituvchi: Aziz bolajonlar, Mustaqillik bayrami Yangi O'zbekiston bog'ida bo'lib o'tdi. Keling hozir hammamiz tengdoshingiz Sirojiddin bilan birgalikda Yangi O'zbekiston bog'iga sayohat qilib, u yerda nimalar borligini bilib olamiz!

Yangi Oʻzbekiston bogʻi haqidagi 3 daqiqalik videolavha namoyish etiladi. Videolavhada nimalar koʻrsatilgani va nimalar yoqqani haqida bolalardan soʻraladi. 3 daqiqa.

 

 Oʻqituvchi: Bolajonlar, Yangi Oʻzbekiston bogʻi sizga yoqdimi? Bu bo'gni Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qurdirgan!

Prezidentimiz sizlarni juda yaxshi koʻradilar. Shuning uchun chiroyli bogʻchalar, maktablar qurib berishadi. Prezidentimizni siz ham yaxshi koʻrasizmi?

Oʻquvchilar: ha-a-a

Prezidentimiz va xalqimiz sizlar yaxshi oʻqib mustaqil Oʻzbekistonimizni yanada zoʻr davlatga aylantirishingizni xohlashadi. Qani bolajonlar hammamiz oʻrnimizdan turib birgalikda “Men mustaqil Oʻzbekiston farzandiman!” deb aytamiz.

Qani, oʻrnimizdan turib, hammamiz birgalikda aytib koʻraylikchi. Boshladik:

Oʻquvchilar: Men mustaqil Oʻzbekiston farzandiman! 

Oʻqituvchi: Balandroq aytamiz:

Oʻquvchilar: Men mustaqil Oʻzbekiston farzandiman! 

Oʻqituvchi: Yanada jarangdor, ishonch, bilan aytamiz:

Oʻquvchilar: Men mustaqil Oʻzbekiston farzandiman!

Oʻqituvchi: Barkalla! Hozir hammamiz maza qilib aytgan mana shu gapni hech qachon esingizdan chiqarmang, xoʻpmi?

Oʻquvchilar: Xoʻ-oʻ-oʻ-p!

Oʻqituvchi: Barakalla. Olqishlar!

(Hamma birga qarsak chalishadi). 

Oʻqituvchi: Bolajonlar, Yangi Oʻzbekiston bogʻida “Mustaqillik monumenti” degan joy bor. U yerda davlatimiz tarixi, buyuk bobolarimiz haqida juda koʻp maʼlumotlar bor. Hozir oʻsha joyni Oʻzbekiston xalq artisti, sevimli aktrisamiz Dilorom Karimova hamda tengdoshlaringiz hamrohligida tomosha qilamiz.

 

Yangi Oʻzbekiston bogʻidagi “Mustaqillik monumenti” yonida Oʻzbekiston xalq artisti Dilorom Karimova mustaqillik haqidagi fikrlarini bildirgan videolavha namoyish etiladi. 2 daqiqa.

 

Oʻqituvchi: Bolajonlar, "Mustaqillik monumenti" sizlarga yoqdimi? Dilorom opaning mustaqillik haqidagi gaplari esingizda qoldimi?

Oʻquvchilar: ha-a-a

Oʻqituvchi: barakalla!

ASOSIY QISM. Mustaqillikning qadrini tushuntirish. (25 daqiqa)

Oʻqituvchi: Qadrli bolajonlar, hozir siz koʻrgan Yangi Oʻzbekiston bogʻi, siz oʻqiyotgan maktablar oson qurilmagan. Mustaqil davlat qurish oson boʻlmagan. Yurtimiz chiroyli, boyliklari koʻp boʻlgani uchun yomon niyatdagi bosqinchilar doim bizni yurtimizni tortib olishga harakat qilishgan. Vatanimizni yaxshi koʻrgan bobolarimiz, otalarimiz hatto onalarimiz ham “biz yurtimizni hech kimga berib qoʻymaymiz!” deb jang qilishgan. Bosqinchilarga qarshi kurashishgan. Bu yoʻlda oʻz jonlarini ham ayashmagan.

Keling hozir birgalikda yurtimizni dushmanlardan himoya qilgan jasur momomiz Toʻmaris hamda mard bobomiz Shiroq haqidagi filmni tomosha qilamiz.

 

Sunʼiy intellekt yordamida tayyorlangan Toʻmaris va Shiroq haqidagi kichik film namoyish etiladi 3-4 daqiqa.

 

 

Oʻqituvchi: Bolajonlar, Toʻmaris momomizning, Shiroq bobomizning jasurligi sizlarga yoqdimi? Koʻrdingizmi, ular vatanimizni dushmanlardan himoya qilish uchun oʻz jonlarini ayamadilar. Qani kim aytadi ularning qaysi ishi sizlarga yoqdi?

Oʻquvchilar oʻz taassurotlarni aytib beradilar. Oʻqituvchi ularni vatanni himoya qilish, mardlik, jasurlik kabi tushunchalarga yoʻnaltirib turadi.

Oʻqituvchi: Mana shunday jasur bobolarimizga munosib nabira boʻlish uchun  Sizlar  yaxshi oʻqishingiz kerak. Yangi Oʻzbekistonni yaxshi koʻrsangiz – jasur bobolarimiz mehnatini, mustaqilligimizni qadrlagan boʻlasiz! Mehribon Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganlaridek: “Ertangi Oʻzbekiston – bugungi farzandlar qoʻlida!”, sizlarning qoʻlingizda.  Chunki siz – MUSTAQIL OʻZBEKISTON farzandisiz!

 

Nega mustaqillikni har kuni mustahkamlash kerak?

Oʻqituvchi:  Aziz oʻquvchilar, agar gul eksangizu uni sugʻorib turmasangiz nima boʻladi? Gul soʻlib qoladimi?

Oʻquvchilar: Ha-a-a.

Oʻqituvchi: Gul soʻlib qolmasligi uchun nima qilish kerak?

Oʻquvchilar: Suv quyib turish kerak.

Oʻqituvchi: Juda toʻgʻri aytdingiz. Mustaqillik ham shunday. Har kuni uni mustahkam boʻlishi uchun yaxshi ishlar qilishimiz zarur. Yaxshi ishlar, deganda nimalarni tushunamiz?

Oʻquvchilar javobi tinglanadi.

Oʻqituvchi: Barakalla bolalar, sizlar aytgan javoblarga qoʻshimcha qilib men ham bir nechta misol aytaman. Siz u ishlarni qilasizmi?

Oʻquvchilar: Ha-a-a

Oʻqituvchi: Sinfda qogʻoz boʻlagi yerda yotibdi. Sinfdoshlaringiz uni koʻrmayapti. Siz uni koʻrib, olib, axlat qutisiga tashladingiz.

Yoningizda oʻtirgan kimdir: “Olmasang ham boʻlardi-ku…”, dedi.

Siz esa unga: “Bu mening maktabim. U toza boʻlishi kerak!”, dedingiz. Mana shu kichik ishingiz ham Vatanni toza-ozoda tutish, mustaqillikka xizmatingiz boʻladi. 

Yana bir misol, onangiz sizga “Suv keltirib ber, bolam”, dedi. Siz “keyinroq” demadingiz. Chopqillab borib, suv keltirdingiz. Siz ota-onangizni xursand qildingiz, – demak, Vatan uchun gʻamxoʻr oʻgʻil-qiz boʻlib ulgʻayasiz!

Siz hali kichiksiz, lekin Vatan uchun javobgarsiz!

Aziz bolajоnlar!

Baʼzi bolalar: “Biz hali bolamiz.  Katta boʻlsak, Vatanga xizmat qilamiz”, deb oʻylashadi. Shuni bilib olinglarki: Yurtga, Vatanga xizmat qilishda katta‑kichik boʻlmaydi. Hamma, har kuni Vatanga, atrofdagi odamlarga ish qilishi mumkin. Demak, siz – 1- (2-, 3-, 4-) sinf oʻquvchisi ham har kuni, kichik–kichik, yaxshi ishlar qilishingiz mumkin.

Hozir ichingizda “Biz nima qilishimiz kerak?”, deb oʻylayapsizlarmi?

Oʻquvchilar: Ha-a-a

 Oʻqituvchi: Masalan, maktab kutubxonasiga yangi kitoblar keldi. Baʼzi bolalar buni bilmadi. Bilsa ham kutubxonaga kirib, ularni ochib koʻrmadi. Siz kutubxonaga borib, odob bilan salomlashdingiz. Yangi kitoblarni soʻradingiz.

Qoʻlingizga olib, ehtiyotkorlik bilan varaqladingiz va kutubxonachi opaga: “Opajon. Menga mana bu kitobni bering. Men bu kitobni ehtiyot qilib oʻqiyman.

 Oʻqiganimni sinfdoshlarimga aytib beraman”, dedingiz. Kutubxonachi opa xursand boʻlib, rahmat aytadi. Chunki u Prezidentimizning “bolalarim koʻp kitob oʻqisinlar”, degan gaplarini yaxshi biladi. Siz ham bu ishingiz bilan Vatanga xizmat qilgan boʻlasiz.

Yana bir misol: Bir toʻpolonchi bola sinf devoriga chizdi. Siz buni koʻrib, unga: oʻrtoq, bu sinf – bizning uyimiz-ku. U chiroyli boʻlishi kerak. Nega chizding. Oʻrtoqjon, shuni oʻchirib qoʻygin. Boshqa bunday qilmagin. Xoʻpmi?”, deyishingiz kerak.

Mana bu – sizning vatanni yaxshi koʻrishingiz boʻladi. 

“Men chetda turmayman, yaxshi ishga qoʻshilaman”, degan gap doim esingizda boʻlsin.

Masalan, oʻqituvchingiz “Bolalar, kelinglar, “Bugun darsdan keyin maktabimizni obod qilamiz”, degan taklifni aytdi. kimdir “Nimaga faqat biz obod qilamiz? Biz hali kichik bolalarmiz-ku. Katta sinfdagilar qilsin”, dedi. Siz esa, baklajkada suv olib, gullarga suv quydingiz. Doʻstlaringizni ham “Kelinglar, birga gullarni sugʻoramiz”, deb chaqirdingiz. Siz faqat gapirmadingiz, yaxshi ish qildingiz.

Eslab qoling, bolajonlar:

·                     Agar siz maktabni toza saqlasangiz – bu Vatanga xizmat!

·                     Agar siz yaxshi oʻqisangiz – bu Vatanga xizmat!

·                     Agar siz ota-onangizga yordam bersangiz – bu Vatanga xizmat!

Endi bolajonlar, aytingchi, sizlar qiladigan yana qanday ishlar Vatanga xizmat hisoblanadi. Qani boshlaydi.

 

4-5 nafar oʻquvchi javobi tinglanadi va “Barakalla, bularning barchasi Vatanga xizmat deya xulosa beriladi.

 

Oʻqituvchi: Bizning sevimli Vatanimiz, buyuk Millatimiz va mehribon Xalqimiz bor.

1. Nimalarni bilish zarur?

·                     Vatan – bu siz yashaydigan yurt, siz oʻqiydigan maktab, siz qadam bosgan tuproq.

·                     Millat – oʻzbek xalqining tili, bayramlari, urf-odatlari, milliy qoʻshiqlari, liboslari.

·                     Xalq – sizing ona-otangiz, ustozlaringiz, doʻstlaringiz, mahalla, qishlogʻingizdagi har bir inson, u boshqa millat vakili ham bo‘lsa ham o‘zbekistonlik hisoblanadi. 

Vatan haqida xalqimizda ko‘plab maqollar bor. Keling, hozir birgalikda qiziq bir topshiriqni bajaramiz va xalq orasida vatan qanday qadrlanib kelinganini bilib olamiz. 

“Maqollarni yig‘ish” interaktiv topshirig‘i.

Topshiriq mazmuni: o‘quvchilar maqollarning qismlarini to‘g‘ri bog‘lashlari kerak. O‘qituvchi har bir keltirilgan maqolning ma’nosiga e’tibor qaratadi.

1.      Bulbul chamanni sevar

Odam …. (vatanni)

              2. Ona yurting – oltin … (beshiging)

     3.  Vatani borning ... bor (baxti)

3. YAKUNIY QISM

O‘qituvchi: Demak, Vatan – bu siz yashaydigan joy. Onangiz, otangiz, maktabingiz, do‘stlaringiz, uylaringiz, daraxtlaringiz – hammasi Vatan! Vatanimizni himoya qilishimiz uchun doim xushyor, mard, jasur bo'lishimiz kerak! Keling hozir birgalikda “Uyg'on, o'g'lim!” qo‘shig‘ini tinglab, keyin o‘zimiz kuylaymiz. Diqqat bilan tinglang.

 

O‘quvchilarga Ozodbek Nazarbekov ijrosidagi “Uyg'on, o'g'lim!” qo‘shig‘i qoʻyib beriladi va karaoke tarzida birga kuylanadi.

 

O‘qituvchi: Aziz bolajonlar! Qoʻshiq sizlarga yoqdimi?

Oʻquvchilar: Ha-a-a

O‘qituvchi:Hammamiz bu qoʻshiqni yod olib, doim birgalikda kuylab yuramiz, xoʻpmi?

Oʻquvchilar: Xo‘-o‘-o‘p

O‘qituvchi: Bulbul chamanni sevar, Odam Vatanni degan maqolni hammamiz takrorladik. Vatanni sevmoq degani – onaga yordam berish, ko‘chani toza saqlash, kitob o‘qish, do‘stingni xafa qilmaslik, salom berish, o‘zbek tilida go‘zal gapirish degani hamdir.

Har birimiz kichik ishimiz bilan Vatanimizga mehr ko‘rsatamiz. Siz hali kichik bo‘lishingiz mumkin, lekin yuragingiz katta bo‘lsa, siz ham Vatanga foydali bo‘lasiz.