
“Kelajak soati” 4-mavzu
INSON VA TABIAT. OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGI
ASOSIY DARS MASHGʻULOTI
I qism. Inson va tabiat
O‘qituvchi: Assalomu alaykum, aziz talabalar! Kim biladi, bugun qanday sana? Ha, to‘g‘ri! 22-sentabr, dushanba. Bu kun tabiatda qanday hodisa kuzatiladi?
Talabalar javobi tinglanadi.
O‘qituvchi: Yer sayyorasi o‘z o‘qi atrofida va Quyosh atrofida aylanadi, bu haqda umumta’lim fanlarida o‘qigansiz, yetarlicha ma’lumotingiz bor. Hozir maktabda o‘rganganlarimizni biroz eslab olamiz. Sayyoramizning o‘z o‘qi atrofida aylanishi natijasida tun va kun almashadi. Yerning orbita bo‘ylab harakatlanishi natijasida esa fasllar almashadi. Chunki Quyosh nuri har doim ham Yer yuziga bir yo‘sinda yetib kelmaydi. Masalan, yilda ikki marta – bahorda va kuzda ekvatorga perpendikulyar (tik) tushadi. Bu paytda kun va tun tenglashadi, har biri taxminan 12 soatdan iborat bo‘ladi. Kuzgi tengkunlik odatda 22-sentabrda kuzatiladi. Shundan so‘ng Yerning biz yashayotgan shimoliy yarimsharida kuz fasli, janubiy yarimsharida esa bahor fasli boshlanadi.
Ayting-chi, tabiatda fasllar almashinuvi inson hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Talabalar javobi tinglanadi.
O‘qituvchi: Ha, to‘g‘ri aytdingiz, tabiatda fasllar almashinuvi inson hayotiga juda jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois kuzgi tengkunlik qadimiy madaniyatlarda muhim sana hisoblangan. Bu kunda maxsus marosimlar tashkil etilgan. Xalqimiz tarixida ham alohida ahamiyatga ega. Ota-bobolarimiz yilni ikki qismga ajratgan. Yoz “yoyilmoq” va qish “qisilmoq” degan ma’nodan kelib chiqqan. Bunda kunning uzayishi va qisqarishi nazarda tutilgan. 21-mart – bahorgi tengkunlikdan boshlab kun uzayib boradi va 22-iyunda yilning eng uzun kuni bo‘ladi. Keyin kun qisqarishni boshlaydi va 22-sentabrda kuzgi tengkunlik kuzatiladi. Ushbu paytda Hosil bayrami nishonlanadi. Asosiy maqsad mehnat mavsumi qanday o‘tgani, hosil qancha bo‘lganini chamalash, qishga tayyorgarlikni boshlashdir.
“To‘qqizing uchga yetadimi?” degan qadimiy topishmoqni eshitganmisiz? Mavzudan uzoqlashmay, javobini topib ko‘ring-chi?
Talabalar javobi tinglanadi.
O‘qituvchi: To‘qqizga uchni qo‘shsak, o‘n ikki bo‘ladi. Bir yilda o‘n ikki oy borligini bilasiz. Ajdodlarimiz qadim zamonlarda yilning uch fasli – to‘qqiz oyida tinmay mehnat qilib, uch oylik qishda yashash uchun zahira to‘plagan. “To‘qqizing uchga yetadimi?” degan savol zamirida mana shunday turmush tarzi yotibdi.
Yana bir qiziq savol: “Uch oy – sog‘inim, uch oy – qovunim, uch oy – qovog‘im, uch oy – chavog‘im”. Gap nima haqda ketmoqda?
Talabalar javobi tinglanadi.
O‘qituvchi: Bu aytimda ham ajdodlarimizning qadim zamonlardagi turmush tarzi aks etgan. Uch oy – sog‘inim, deganda bahorda sigirlarni sog‘ib, sut-qatiq bilan tirikchilik o‘tkazilgani nazarda tutilgan. Uch oy – qovunim, deganda yozgi pishiqchilik davri aytilyapti. Bu paytda mevalar mo‘l-ko‘l bo‘lib, istagancha yeyish mumkin. Uch oy – qovog‘im, deganda kuzda yetiladigan sabzavotlardan to‘yib iste’mol qilish kerakligi ta’kidlangan. Uch oy – chavog‘im, deganda esa qish mavsumida baliqchilik bilan kun kechirish mumkinligi aks etgan. Bundan tashqari, yozda g‘amlab qo‘yilgan quruq mevalar ham qish kunlariga yarab qolishi uqtirilmoqda.
Tasavvur qilyapsizmi, qadimda odamlar qanday og‘ir sharoitlarda yashagan? Hozir esa yil – o‘n ikki oy ko‘nglingiz tusagan yegulik, mevami yoki boshqa narsa, barchasini topish oson. Lekin bu degani istagancha isrof qilish mumkin degani emas. Dasturxoningizda turgan bir burda non ham qancha-qancha insonlarning peshona teri evaziga kelgan. Dunyoning qay bir mamlakatlarida qancha-qancha insonlar mana shu bir burda nonga zorligini ham unutmang!
Qadimda odamlar qanday qiynalib yashaganini maqollar misolida ko‘rib chiqdik. Hozir Siz shunday sharoitga ko‘nasizmi? Aslo yo‘q! Mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi, ya’ni oziq-ovqat zahirasi qanchalar muhimligini angladingizmi? Siz bir o‘zingizni o‘ylaysiz, ota-onangiz bir oila g‘amini yeydi. Davlatimiz esa 38 million aholining ta’minoti haqida qayg‘uradi. Buning uchun minglab korxona va tashkilotlar, klaster va fermer xo‘jaliklari, yuz minglab yurtdoshlarimiz mehnat qiladi.
II qism. Oziq-ovqat xavfsizligi
O‘qituvchi: Har qanday davlatning mustaqilligi va barqaror taraqqiyoti, eng avvalo, xalqni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlashga bog‘liq. Oziq-ovqat xavfsizligi faqat iqtisodiy barqarorlik emas, balki milliy xavfsizlikning ham ajralmas qismidir. Mamlakatda yetarli oziq-ovqat zaxiralari mavjudligi xalq farovonligining kafolati, kelajakka ishonchli poydevor hisoblanadi. Shu bois bugungi darsimizda ayni masalaga alohida to‘xtalib o‘tamiz.
Oziq-ovqat xavfsizligining to‘rt asosiy mezonini sanab bering!
“Aqliy hujum” usulidan foydalanib, talabalar savolga tutiladi. Javoblar doskaga yozib boriladi.
O‘qituvchi: “Oziq-ovqat xavfsizligi – har bir inson jismoniy va iqtisodiy jihatdan doimo yetarli, xavfsiz va sifatli oziq-ovqatga ega bo‘lishidir” (BMT ta’rifi). Oddiy qilib aytganda, oziq-ovqat nafaqat yetarli miqdorda, balki sifatli va foydali bo‘lishi ham kerak. Shundan kelib chiqib oziq-ovqat xavfsizligining to‘rt asosiy mezoni mavjudligi ta’kidlanadi: a) yetarli miqdor; b) sifat (foydali va xavfsiz); d) taqsimot (har kimga yetishi); e) barqarorlik (uzluksizlik).
Doskaga yozilgan so‘zlar orasidan to‘g‘ri javoblar rangli bo‘r bilan belgilab chiqiladi.
O‘qituvchi: Endi guruhlarda ishlaymiz. Har bir qator taqdimot tayyorlaydi. Savol quyidagicha: Oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soluvchi asosiy omillar nimalardan iborat?
Talabalar guruhlarga bo‘linib, taqdimot tayyorlaydi va doskaga chiqib, himoya qiladi.
O‘qituvchi: Har bir davlat o‘z xalqining qorni to‘q, turmushi farovon bo‘lishi uchun oziq-ovqat zaxirasini yaratishga katta e’tibor qaratadi. Ayniqsa, keyingi yillarda global iqlim o‘zgarishlari, tabiiy ofatlar, yer va suv resurslari taqchilligi oziq-ovqat yetishtirishda jiddiy muammolarni keltirib chiqaryapti. Shunga qaramay, Davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekistonimizda 2024-yili qariyb 9 million tonna don, 3 million tonnaga yaqin paxta, 12 million tonna sabzavot, 3,2 million tonna meva va rezavorlar, 3,7 million tonna kartoshka, 2,9 million tonna go‘sht (tirik vaznda), 12,4 million tonna sut, 8,8 milliard dona tuxum yetishtirildi. Bular shunchaki raqam emas, har kuni dasturxonimizni to‘ldirib turadigan yeguliklardir. Agar statistikadagi qaysidir raqamda pasayish sezilsa, har birimizning hayotimizda aks etmasdan qolmaydi.
Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha bugun dunyoda ahvol qanday? Bu haqda nimalarni bilasiz?
Talabalar javobi tinglanadi.
O‘qituvchi: Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumot berishicha, 2024-yili dunyoda 673 million kishi ochlikdan aziyat chekkan, bu umumiy aholining 8,2 foiziga teng. Yer yuzida 2,3 milliard kishi o‘rta yoki og‘ir darajada yashayotgani aniqlangan (28 foiz). Eng og‘ir ahvol Afrikada kuzatilmoqda, 307 million kishi uzoq muddatli ochlik holatini boshdan kechiryapti. Qit’a aholisining 20 foizi, ya’ni har beshinchi afrikalik ochlikdan qiynalmoqda.
Mamlakatimizdagi to‘kin-sochinlikka har birimiz har kuni guvoh bo‘lib turibmiz, bu xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda. 2024-yili Global ochlik indeksi (Global Hunger Index) reytingida O‘zbekiston jahon miqyosida “ochlik darajasi past” kategoriyasidagi 22 davlat orasidan joy egalladi. Ya’ni respublikada oziq-ovqat bilan bog‘liq jiddiy muammolar yo‘qligi tan olindi.
Reytinda Afg‘oniston 127 ishtirokchi orasida 116-o‘rinni band etdi. Mamlakatda umumiy aholining 30,4 foizi, har uchinchi afg‘onistonlik to‘yib ovqatlanmasligi ayon bo‘ldi. Jiddiy ochlik muammolari bor mamlakatlar toifasiga Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Shimoliy Koreya va Suriya ham kiritilgan. Afrikadan Chad, Janubiy Sudan, Somali, Madagaskar, Osiyodan esa Yaman indeksning eng quyi qatorlarini egalladi, bu mamlakatlarda vaziyat “tashvishli” deb topildi.
Qizig‘i, ayrim davlatlarda oziq-ovqat mahsulotlari ortiqcha bo‘lsa, boshqalarida ochlik saqlanib qolmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligi muammosining muhim sabablaridan biri – ishlab chiqarilgan mahsulotning katta qismi ishlatilmay, yo‘qotilishi yoki isrof qilinishidir. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqatning 30–40% qismi turli bosqichlarda (yetishtirish, tashish, saqlash, chakana savdo va iste’mol) yo‘qotiladi. Bu yiliga taxminan 1,3 milliard tonna ovqat degani. Isrof qilingan ovqat dunyodagi ochlarni to‘ydirishga yetarli bo‘lar edi. Rivojlangan davlatlarda (AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya) asosiy muammo iste’mol bosqichida – ortiqcha xarid, ortiqcha porsiya, yetarlicha ishlatilmagan mahsulot. Rivojlanayotgan davlatlarda (Hindiston, Afrika, Osiyo davlatlari) esa asosiy yo‘qotishlar logistika, saqlash va infratuzilma muammolari tufayli.
Sayyoramiz aholisi 2050-yilga borib 9–10 milliardga yetishi kutilmoqda. Bu esa oziq-ovqatga talabni keskin oshiradi. Aksiga olib, iqlim o‘zgarishlari hosildorlikni kamaytiradi. Suv taqchilligi ishlab chiqarishga katta tahdid soladi. Urush va siyosiy inqirozlar oziq-ovqat taqsimotiga, narxlar oshishiga va ocharchilik xavfiga sabab bo‘ladi. Keling, endi muammoni hal qilish yo‘llari haqida o‘ylab ko‘raylik.
Talabalar guruhlarda ishlab, taqdimot tayyorlaydi.
O‘qituvchi: Aziz talabalar, sizlarning taqdimotlaringizdan shunday xulosa chiqmoqda. Global oziq-ovqat xavfsizligi nafaqat ishlab chiqarish, balki taqsimot, iqtisodiy tenglik, ekologiya va iqlim bilan ham bevosita bog‘liq ekan. Bu masalani hal qilish uchun har bir davlatning ichki siyosati bilan birga, butun dunyo miqyosida hamkorlik zarur.
Sizga yana bir qiziq ma’lumot. Dunyo ishchi kuchining taxminan 39,2 foizi agrifood tizimlarida, ya’ni qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat yetishtirish, qayta ishlash, savdo va boshqa yumushlarda band (2021-yilgi ma’lumot). Mintaqaviy farqlarga kelsak, Afrikada taxminan 46–48 foiz atrofida, Yevropada esa 5–10 foizga yaqin. Esingizda bo‘lsa, ochlik holatini tahlil qilganimizda tamoman teskari manzaraga duch kelgan edik. Qora qit’ada aholining qariyb yarmi oziq-ovqat ishlab chiqarish tizimida ter to‘ksa ham, har beshinchi inson ochlikdan aziyat chekar ekan. Bu yerda qanday omillar rol o‘ynaydi deb o‘ylaysiz?
Talabalar javobi tinglanadi.
O‘qituvchi: Paradoksal holatni tushuntirish uchun bir necha muhim omillarni sanash mumkin. Ko‘plab Afrika mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi asosan qo‘l mehnatiga tayanadi, texnika va zamonaviy texnologiyalar yetarli emas. Tabiiy sharoitlar va iqlim o‘zgarishini ham nazardan qochirib bo‘lmaydi. Yetishtirilgan mahsulotning katta qismi saqlash inshootlari yo‘qligi, yo‘llar va transport infratuzilmasi rivojlanmaganligi sababli iste’molchigacha yetib bormaydi.
Mahsulotlarni xalqaro savdoga chiqarish imkoniyati cheklangan. Shu bois narxlar past, dehqon foyda ko‘rmaydi, ishlab chiqarishga sarmoya kiritmaydi. Ayrim davlatlarda urushlar, qurolli mojarolar, korrupsiya va siyosiy tanglik qishloq xo‘jaligiga ham bevosita salbiy ta’sir qiladi. Eng asosiy omil, fermerlarning ko‘pchiligi zamonaviy bilim va texnologiyalardan bexabar. Rivojlangan davlatlarda kam sonli ishchilar juda samarali ishlab chiqaradi, Afrikada esa ko‘p sonli ishchi kuchi kam samarali bo‘ladi.
Xulosa qilib aytsak, Afrikadagi paradoks shundaki, ko‘p odam qishloq xo‘jaligida ishlasa-da, ishlab chiqarish samaradorligi past, hosil katta qismi yo‘qotiladi, qolganini esa bozorlarga yetkazish qiyin. Natijada, ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik muammosi kuchayib bormoqda.
Mana, dunyoning ikki mintaqasi manzarasini kuzatdik. Har bir inson farovon mamlakatda yashashni istaydi, to‘g‘rimi? Buning uchun nima qilish lozim? Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “biz faqat dehqonchilik bilan kun ko‘radigan mamlakat bo‘lib qolmasligimiz kerak”. Ilm-fanning eng ilg‘or yutuqlarini basma-basiga egallab borishimiz zarur. Aziz talabalar, Siz tanlagan kasbingizni shunday sidqidildan o‘rganingki, natijada Vatanimiz rivojlangan davlatlar qatoridan joy olsin, xalqimiz hayoti yanada farovon bo‘lsin!
III qism. “Yashil iqtisodiyot” va “Yashil makon”
O‘qituvchi: Aziz bilimdonlar! 2025-yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilinganini yaxshi bilasiz. Qani, kim aytadi, “yashil iqtisodiyot” deganda nimani tushunamiz?
Talabalar javobi tinglanadi.
O‘qituvchi: Sizning fikrlaringizni umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, yashil iqtisodiyot deganda inson hayoti va sog‘lig‘i uchun zarur ne’matlarni atrof-muhit va ekologiyaga zarar yetkazmagan holda ishlab chiqarish tushuniladi. Yashil iqtisodiyotning asosiy maqsadi sayyoramizning ekologiyasi va uni saqlab qolish bilan birga iqtisodiyotning barcha sohalarini rivojlantirishdan iborat.
Bugungi mavzumizga aloqador yana bir muhim loyiha haqida to‘xtalib o‘tishimiz zarur. Mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakati 2021-yildan buyon amalga oshirilmoqda. Bu keng ko‘lamli ekologik tashabbus bo‘lib, asosiy maqsadi atrof-muhitni obodonlashtirish, iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatish va kelajak avlodlarga sog‘lom muhit qoldirishdan iborat. “Yashil makon” loyihasi haqida nimalarni bilasiz?
Talabalar javobi tinglanadi.
O‘qituvchi: Ha, “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida har yili millionlab ko‘chatlar ekilib, “yashil belbog‘lar” yaratilmoqda. Aholi, davlat tashkilotlari, ta’lim muassasalari va jamoat birlashmalari bu harakatga faol jalb etilgan. O‘zbekistonning iqlim siyosatida muhim qadam sifatida xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda.
“Yashil makon” umummilliy harakatining xalq farovonligi va oziq-ovqat xavfsizligiga ta’siri qanday bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?
Talabalar javobi tinglanadi.
O‘qituvchi: Daraxtlar havoni tozalab, kislorod ishlab chiqaradi, bu esa odamlarning sog‘lig‘i va yashash sharoitini yaxshilaydi. Yashil hududlar issiq iqlimni yumshatadi, yozda haroratni pasaytiradi. Bu aholi uchun qulay yashash sharoitini ta’minlaydi.
Daraxtzorlar tuproqni shamol va suv eroziyasidan himoya qiladi, bu esa qishloq xo‘jaligi yerlari unumdorligini saqlab qoladi. “Yashil makon” doirasida ekilayotgan mevali daraxtlar kelajakda aholini yangi va sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlaydi. Yashil hududlar mikroiqlimni barqarorlashtiradi, suv bug‘lanishini kamaytiradi va qishloq xo‘jaligi uchun muhim bo‘lgan suv resurslarini asraydi.
“Yashil makon” umummilliy harakatida bizning universitet ham faol ishtirok etyapti. Har bir kurs talabalariga kichik hududlar ajratilgan. Shu loyihada kim qanday ko‘chat ekdi? Ekkan ko‘chatining bugungi ahvoli qanday? Kim javob beradi?
Talabalar javobi tinglanadi.
O‘qituvchi: Demak, nihol ekish juda muhim, lekin uni parvarishlashga e’tiborli bo‘lish yanada muhim.
Bugungi darsimiz davomida biz inson hayoti, tabiat ne’matlari va oziq-ovqat xavfsizligining naqadar uzviy bog‘liq ekanini anglab yetdik. Har bir don, har bir meva yoki sabzavot – minglab insonlarning mehnati samarasidir. Shuning uchun tabiat bergan boyliklardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik, ekinzor va bog‘larni asrab-avaylash barchamizning muqaddas burchimiz hisoblanadi.
“Yashil makon” kabi umummilliy harakatlarda faol qatnashish nafaqat bugungi kunimizni, balki kelajak avlodning farovon hayotini ta’minlaydi. Qaysi kasb egasi bo‘lmaylik, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz to‘kin dasturxoni uchun hissa qo‘shish barchamizning vazifamizdir. Qalbimizga yaxshilik, go‘zallik va mehr tuyg‘ularini jo etib, bizdan faqat ezgulik bog‘i qolishi uchun harakat qilamiz!