“Мактабда рақобат борлиги учун кучлироқ ўқидим” – Чикаго университетига тўлиқ грант ютган илк ўзбек йигити

Yaqinda Guliston shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Asilbek AQSHning nufuzli Chikago universitetiga 420 000 AQSH dollar miqdoridagi toʻliq grant asosida oʻqishga qabul qilingani haqida maʼlum qilgan edim. (https://t.me/hilola_umarova/2042)

Bugun, Kun.uzʼning Asilbek haqidagi videomaterialini (https://kun.uz/kr/28914114) koʻrdim. Asilbek Ashurov Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida oddiy oilada tugʻilib oʻsgan. 8-sinfgacha tumandagi 8-umumtaʼlim maktabida oʻqigan. Keyinchalik Guliston shahridagi prezident maktabiga qabul qilingan. U intevyuda Prezident maktabida muhit haqida ham toʻxtalibdi, aytishicha, mazkur taʼlim dargohidagi yuqori talab va oʻquvchilarning kuchli intilishi uni oʻz ustida qattiqroq ishlashga undagan.

“Prezident maktabida darslar Cambridge xalqaro dasturi asosida oʻzbek va ingliz tillarida olib boriladi. Bu esa oʻquvchilarga xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatlarni olish imkoniyatini yaratadi. Ingliz tili va mantiqiy fikrlash boʻyicha maktabda yaxshi baza toʻplaganim bois, IELTS va SAT uchun alohida repetitorga borib, tayyorlanmaganman. Bilimlarimni Cambridge IELTS kitoblari va YouTubeʼdagi darsliklar, qoʻllanmalar orqali mustahkamlab, imtihonlardan oʻtganman”, – deydi u.

Asilbek maktabning eng aʼlochi oʻquvchilaridan. Darsdan tashqari maktab toʻgaraklarida doimiy faol qatnashgan, oʻzi oʻqiyotgan Prezident maktabida “maktab prezidenti” lavozimida ishlaydi. Bu lavozimga nomzod bilimli, lider oʻquvchilar orasidan ovoz berish usuli orqali saylanadi, rahbariyatga oʻquvchilarning muammolari, takliflarini yetkazadi. Asilbek shuningdek, oʻzbekistonlik taniqli iqtisodchi Behzod Hoshimov boshchiligidagi tadqiqotda yordamchi sifatida ishlagan.

Asilbek Chikago universitetining bakalavriat bosqichiga Oʻzbekiston fuqarosi sifatida oʻqishga qabul qilingan va toʻliq grantni qoʻlga kiritgan birinchi talaba boʻldi. Meni quvontirgani suhbat yakunida Asilbek oʻqishni tamomlagach vatanga qaytib, iqtisodiy sektorda ishlar, loyihalar qilmoqchi ekanligi. U oʻz kelajagini Oʻzbekistonda koʻrmoqda, yurt bilan bogʻlamoqda. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, millatparvar kadrlar, yoshlarimiz koʻpaysa rivojlanish boʻladi.

Maktablarimizda iqtidorli, bilimli yoshlarimiz juda koʻp. Bizdan hali koʻp Asilbek kabi “birinchi”lar chiqadi, chiqmoqda ham. Suhbatni barcha oʻquvchilar, Asilbekning tengdoshlari, u kabi yutuqlarga erishishni istaydigan yoshlarga tavsiya qilaman.
https://t.me/kunuzofficial/156808