“Kelajak soati” 6-mavzu

MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARI TARBIYALANUVCHILARI UCHUN DAVRA SUHBATI:
“BIZNING TOTUV MAMLAKATIMIZ”

SENARIYSI

O‘tkazish joyi: DMTT musiqa zali.

Bayram qatnashchilari: Tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchilari.

Maqsad:

- Bolalarga O‘zbekistonda yashayotgan millat va elatlarning do‘stligi haqida tushuncha berish;

- Tinchlik va totuvlik qadriyati haqida tushuncha berish;

- Bag‘rikenglik, hurmat, mehr-oqibat tuyg‘ularini singdirish.

Kerakli jihozlar:

- O‘zbekiston xaritasi va bayrog‘i;

- Har-xil millat liboslaridagi qiyofalar, bolalar yoki qo‘g‘irchoqlar;

- Milliy kiyimlarda aks etgan turli millat vakillarining fotosuratlari;

- Multimedia mahsulotlar.

Kutilayotgan natijalar:

- Bolalarda vatanga mehr va sadoqat tuyg‘usi shakllanadi;

- Turli millat vakillariga hurmat va bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lish ko‘nikmalari shakllanadi;

- Har kimning tili, madaniyati, libosiga nisbatan ijobiy qarashga ega bo‘ladilar;

- Tinchlik, totuvlik va do‘stlik tushunchalari chuqur anglanadi;

- O‘zbekistonda ko‘plab millat va elatlar do‘stlikda yashayotgani haqida tushuncha hosil bo‘ladi.

Davra suhbatining davomiyligi: 7-10 daqiqa

I.KIRISH QISMI:

Tarbiyachi: Assalomu alaykum, bolajonlar aziz! Bolajonlar, bugun biz juda qiziqarli mavzuda suhbatlashamiz. O‘zbekiston haqida, undagi tinchlik va totuvlik haqida. Ayting-chi, sizlar yurtimizni sevasizmi?

Bolalar: Haaa!

Bolalarga rasmlar ko‘rsatiladi.

 

 

 

 

 

Tarbiyachi bolalarga savollar bilan murojaat qiladi:

-Bolajonlar rasmlarda kimlarni ko‘ryapsiz?

-Rasmdagi odamlar bir-biridan nimasi bilan farq qiladi?

-Ularning qanday o‘xshashliklari bor?

Tarbiyachi: To‘g‘ri, bolajonlar! Rasmdagi turli millatlar odamlari! Ular milliy kiyimlari, raqslari va so‘zlashuvi bilan bir-biridan farq qiladi. Ularni birlashtirgan yurt esa O‘zbekistondir. Bizning yurtda ko‘p millat vakillari do‘st bo‘lib, ahil yashashadi. Ular o‘z madaniyatlari, tillari, liboslari bilan bir-birini boyitadi. Qani, kim qaysi millat haqida eshitgan?

Bolalarning javoblari tinglanadi. (Ruslar! Qozg‘onlar! Koreyslar! Tojiklar! Turkmanlar!...)

Tarbiyachi: Juda yaxshi! Demak, yurtimiz-totuvlik mamlakati! Bolajonlar, men sizlarga do‘stlik haqida ajoyib ertak so‘zlab beraman.

“RANGLI GULLARNING DO‘STLIGI” haqida ertak

Bor ekan, yo‘q ekan, qadim zamonda bir katta, go‘zal bog‘ bo‘lgan ekan. Bu

bog‘da turli xil rangli gullar o‘sar ekan: qizil atirgul, sariq lola, moviy rayhon, oq moychechak va yana boshqa ko‘p gullar. Gullar bir-birini ajratishar ekan:

— Men qizilman – eng chiroyliman!

— Yo‘q, men sariqman – quyoshday porlayman!

— Men moviyman – eng noyobman!

Ular orasida tortishuv boshlanibdi. Har biri o‘zini eng go‘zal deb o‘ylarkan.

Bu holni bog‘bon bobo ko‘ribdi-da, ularga shunday debdi:

— Bolajon gullarim, agar sizlarning har biringiz alohida o‘ssangiz, bog‘ zerikarli bo‘lib qoladi. Sizlarning turli-tuman ranglaringiz bu bog‘ni go‘zal qiladi!

Gullar buni eshitib o‘ylanib qolishibdi. Shu kundan boshlab ular bir-biriga mehr bilan qaray boshlashibdi, birga ochilib, do‘stlikda yashay boshlabdilar.

Bog‘ yanada chiroyli bo‘libdi, hamma kelib hayrat bilan tomosha qilar ekan.

INTERFAOL O‘YIN

O‘yin qoidasi. Bolajonlar orasida turli millat vakillari bo‘lsa davraga chiqib, quyidagicha shiorlarni aytishadi.

Rus bolasi: Men rus bolasiman. Biz totuv yashaymiz, do‘stlikda yurtimizni ardoqlaymiz. Biz do‘stmiz!

Qozoq bolasi: Men qozoq bolasiman. Tinchlik-bizning ne’matimiz. Biz do‘stmiz!

Koreys bolasi: Men koreys bolasiman. Yurtimiz bizga mehrli. Biz do‘stmiz!

O‘yin so‘ngida savollar:

-Tinchlik nima?

-Tinchlik bo‘lmasa nima bo‘ladi?

-Nima uchun do‘st bo‘lish kerak?

-Biz qanday qilib totuv bo‘lishimiz mumkin?

Bolalarning javoblar tinglanadi.

XULOSA:

Tarbiyachi: Turli millat, til va rangdagi insonlar – bir gullar bog‘idek. Barchamiz do‘st bo‘lib yashasak, dunyo yanada chiroyli bo‘ladi! Bolajonlar, har doim do‘st bo‘linglar, bir-biringizni hurmat qilinglar. Har xil millat vakillari bilan ahil bo‘linglar. Chunki do‘stlik bo‘lsa, tinchlik bo‘ladi. Tinchlik bo‘lsa, baxt bo‘ladi!