“Kelajak soati” 6-mavzu

“Gadjetlarning hayotimizdagi oʻrni, ulardan foydalanish madaniyati”.

 

Metodologiya

Dars ssenariysi

 Dastlabki 10 daqiqada mavzuning ahamiyati, gadjetlar va unga qaram boʻlishning salbiy oqibatlari haqida umumiy tushunchalar beriladi (prezentatsiya)

🟦 1. KIRISH. Ma’lumot berish va motivatsion qism (10 daqiqa)

Oʻqituvchi:

Aziz oʻquvchilar! Bugun biz juda dolzarb va hayotimizga taʼsir qiluvchi mavzu – gadjetlar, internet, ijtimoiy tarmoqlarning hayotimizdagi oʻrni, ulardan foydalanish madaniyati haqida gaplashamiz.

 


Xoʻsh, aziz oʻquvchilar! Sizlarga beradigan savollarimga javob berishingizni soʻrayman:

Gadjetlar deganda siz nimani tushunasiz?   

Oʻquvchilar:

Gadjetlar deganda men  kundalik hayotimizda foydalanadigan kichik, lekin qulay va zamonaviy texnologik qurilmalarni tushunaman.

Masalan, smartfonlar, planshetlar, noutbuklar, aqlli soatlar, elektron kitoblar, naushniklar, aqlli uy qurilmalari va shunga o‘xshash qurilmalar. Ular insonlarga muloqot qilish, ma’lumot olish, o‘yin o‘ynash, ishlash va ko‘plab boshqa vazifalarni bajarishda yordam beradi.

Oʻqituvchi:

To‘g‘ri! Gadjetlar bugun hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Ular o‘qish, aloqa, dam olish va o‘z ustimizda ishlashda yordam beradi. Ammo ularni to‘g‘ri ishlatmasak, foydadan ko‘ra zarar keltirishi ham mumkin. Endi sizga bir qiziqarli videoni namoyish etamiz.

(Video: “IT orqali o‘z yo‘lini topgan o‘quvchi – yutuq va xatoliklar”. Akobir Akbarov poytaxtdagi oddiy maktabning 11-sinf o‘quvchisi, u ixtisoslashtirilgan maktablar yoki qo‘shimcha kurslarda o‘qimasdan turib, mustaqil ravishda IT sohasini oʻrgangan. Hozirda raqamli o‘yinlar va kibersport yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritib kelmoqda).

O‘qituvchi:

– Qahramonning texnologiyadan foydalangan holatlarini qanday baholaysiz?

– Uning muvaffaqiyatiga nima sabab bo‘ldi?

– Siz IT sohasida o‘zingizni qanday tasavvur qilasiz?

O‘qituvchi: Demak, texnologiya bizga imkon yaratadi, ammo uni to‘g‘ri ishlatish – eng muhim jihat. Endi sizlardan so‘ramoqchiman: qaysi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanasiz?

O‘quvchilar:
Instagram, TikTok, Telegram, YouTube…

O‘qituvchi:

Ajoyib. Ularning barchasi foydali bo‘lishi ham, zararli tomoni ham bor. Keling, ularni qisqacha eslab o‘tamiz:

1. Muloqot qilish va rasm joylash platformalari:

Instagram – suratlar va qisqa videolar joylash uchun;

Snapchat – tezkor foto va videolar yuborish uchun;

Facebook – rasm, video, xabar va fikr almashish uchun.

2. Xabar almashish va chat platformalari:

Telegram – guruh, kanallar va shaxsiy muloqotlar uchun;

WhatsApp – xabar, ovozli va video qoʻngʻiroqlar uchun;

Messenger (Facebook) – Facebook bilan bogʻliq muloqot vositasi.

3. Video asosidagi ijtimoiy tarmoqlar:

YouTube – video tomosha qilish, oʻz videolarni yuklash;

TikTok – qisqa, qiziqarli videolar tayyorlash va tomosha qilish.

4. Qoʻyilgan sahifalar bilan fikrlashish tarmoqlari:

• Twitter (X) – qisqa fikrlar, yangiliklar va xabarlar bilan oʻrtoqlashish;

• Reddit – turli mavzularda fikr almashish uchun forum-tarmoq.

Lekin bu platformalarda soxta akkauntlar, feyk axborotlar, kiberfiribgarlik kabi xavf-xatarlar ham mavjud.
Masalan, parolingizni begona shaxsga berish sahifangizni yo‘qotishga olib kelishi mumkin.

O‘qituvchi:

Shuningdek, orangizda o‘yinlarni juda ko‘p o‘ynaydiganlar ham bormi?

O‘quvchilar (taxminiy javoblar): Ha, ko‘p o‘ynaymiz, ustoz.

O‘qituvchi:

Bu holat ba’zan igromaniya – ya’ni o‘yinga qaramlikka aylanadi. Igromaniya – bu kompyuter oʻyinlari, video oʻyinlari yoki boshqa oʻyinlarga, ayniqsa, ularga boʻlgan ortiqcha, nazoratdan chiqqan qiziqish va unga boʻlgan kuchli muhabbat sababli hayotning boshqa jabhalariga salbiy taʼsir koʻrsatadigan holatdir. Yaʼni, odam oʻyinlarga shunchalik berilib ketadiki, ishi, oʻqishi, ijtimoiy aloqalari va sogʻligi buzilishi mumkin.

 O‘yinlarga berilib ketish:

– vaqtni bekorga sarflash,

– sog‘liqni yomonlashtirish,

– darslarga e’tibor kamayishiga olib keladi.

 

Oʻqituvchi:

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ayni muammoga doir fikrini sizlarga aytib oʻtmoqchiman.

“Afsuski, baʼzi yoshlarimizda internetdan toʻgʻri foydalanish koʻnikma va madaniyati yetarli emas. Ayrim yigit-qizlar internetni axborot, bilim va maʼrifat manbai deb emas, balki shunchaki koʻngilochar vosita deb bilishadi”.

Aziz oʻquvchilar, bu fikrdan oʻzlaringiz uchun xulosa olasizlar degan umiddaman.

ASOSIY QISM. Gadjetlarning hayotimizdagi oʻrni, ulardan foydalanish madaniyati. (25 daqiqa)

Oʻqituvchi:

Endi sizlar bilan birgalikda bir qiziqarli videoni tomosha qilamiz. Unda inson hayotidagi texnologik o‘zgarishlar – ya’ni gadjetlarning evolyutsiyasi tasvirlangan.
Videoni diqqat bilan tomosha qiling va o‘zingizga savol bering:
“Men hozir foydalanayotgan gadjetlardan qaysilari ilgari ham mavjud bo‘lgan?”

 (Video: “Siz qaysi gadjetlarni tanidingiz? Javoblaringizni tekshiring!” Gadjetlar yillar davomida bizning hayotimizni tubdan oʻzgartirdi. Bu juda katta tarix va qiziqarli xotiralar. Siz tarix va bugunning qaysi gadjetlarini tanidingiz? Video yakunida o‘qituvchi suhbatni davom ettiradi)

O‘qituvchi: Juda yaxshi! Endi bir oz suhbatlashamiz. Siz videoda qaysi gadjetlarni tanidingiz? Sizningcha, odamlar ilgari gadjetsiz qanday yashagan bo‘lishi mumkin?

O‘quvchilar:

Ilgari telefonlar juda katta bo‘lgan. Kompyuterlar endigina paydo bo‘lgan, hozir esa cho‘ntakdagi telefon ham kuchli kompyuterga o‘xshaydi. Televizorlar, radiolar o‘rnini endi smartfon va planshetlar egallagan.

O‘quvchilar javobidan keyin video-jumboqning javoblar bilan berilgan variant taqdim qilinadi.

(Siz qaysi gadjetlarni tanidingiz? Javoblaringizni tekshiring! Gadjetlar yillar davomida bizning hayotimizni tubdan oʻzgartirdi. Bu juda katta tarix va qiziqarli xotiralar. Siz tarix va bugunning qaysi gadjetlarini tanidingiz? Kontent sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan)

O‘qituvchi:

To‘g‘ri aytdingiz. Demak, texnologiya hayotimizni osonlashtirgan, lekin u bilan birga yangi mas’uliyatni ham olib kirgan. Shuning uchun bugun biz faqat gadjetlardan foydalanish haqida emas, ulardan to‘g‘ri va xavfsiz foydalanish madaniyati haqida ham gaplashamiz.

O‘qituvchi:

Endi, aziz o‘quvchilar, biz biroz avval gadjetlarning qanday rivojlanganini, ularning hayotimizga qanday kirib kelganini ko‘rdik. Ammo har bir yangilik – foyda bilan birga, mas’uliyatni ham olib keladi, to‘g‘rimi?

O‘quvchilar:

 Ha, to‘g‘ri.

O‘qituvchi:

Demak, hozir biz birgalikda gadjetlardan to‘g‘ri va noto‘g‘ri foydalanish oqibatlari haqida qisqa videolavhani ko‘ramiz. Videoni diqqat bilan kuzating – undagi holatlar sizning hayotingizda ham uchragan bo‘lishi mumkin.

(Videokontent: “Telefonlardan to‘g‘ri va noto‘g‘ri foydalanish oqibatlari” – telefondan noto’g’ri foydalanish oqibatida zararlangan va to’g’ri foydalangan holda yutuqlarga erishgan bolalar haqida lavha beriladi.)

O‘qituvchi:

Videoda siz nimalarni ko‘rdingiz? Qaysi holatlar sizga tanish tuyuldi?

O‘quvchilar (taxminiy javoblar):

Ba’zi o‘quvchilar kechasi telefon o‘ynab, ertalab darsda uxlab qolish holati tanish bo‘ldi. Yana biri esa telefondan foydali ma’lumot topib, darsda yaxshi chiqdi.

O‘qituvchi:

Juda yaxshi! Endi ayting-chi, gadjetlardan to‘g‘ri foydalanish deganda nimani tushunasizlar?

O‘quvchilar (javoblar):

— Dars tayyorlash, bilim olish uchun ishlatish.

— Foydasiz o‘yinlarga ko‘p vaqt ajratmaslik.

— Ko‘z damini saqlash, vaqtni cheklash.

O‘qituvchi:

 To‘g‘ri, endi esa noto‘g‘ri foydalanish oqibatlari haqida kim fikr bildiradi?

O‘quvchilar:
— Ko‘zni charchatadi, diqqat pasayadi, telefonga bog‘lanib qolish mumkin.
— Uyqu buziladi, darsdan chalg‘iydi.

O‘qituvchi:

Juda yaxshi! Demak, sizlar bilasizki, gadjetlar foydali ham, zararli ham bo‘lishi mumkin. Barchasi uni qanday ishlatishimizga bog‘liq.

Amaliy faoliyat (guruh ishi uchun tayyorlov)

O‘qituvchi:

Endi sizlar bilan kichik jamoaviy ish qilamiz. Sinf 4 guruhga bo‘linadi. Har bir guruh “Yosh targ‘ibotchi” sifatida gadjetlardan oqilona foydalanish bo‘yicha kichik plakat tayyorlaydi. Sizlarda 5 daqiqa vaqt, so‘ngra har bir guruh 2 daqiqa taqdimot qiladi.

Guruhlar:
1. Internet va ijtimoiy tarmoqlarning ijobiy tomonlari

2. Internet va ijtimoiy tarmoqlarning salbiy tomonlari

3. Gadjetlarning salbiy ta’sirlari

4. Gadjetlarning ijobiy jihatlari

(O‘quvchilar 5 daqiqa davomida ishlaydi, taqdimotlar 2 daqiqa davom etadi.)

O‘qituvchi (yakuniy xulosa):

Juda ajoyib fikrlar! Demak, texnologiyalarni to‘g‘ri ishlatish – bu sizning qo‘lingizda. Internetda har bir harakatingiz sizning raqamli izingizni qoldiradi, shuning uchun ehtiyot bo‘lish, axloqli muloqot qilish va vaqtni to‘g‘ri boshqarish eng muhim jihatlar hisoblanadi.

3. YAKUNIY QISM

O‘qituvchi:

Aziz o‘quvchilar, bugungi darsimiz davomida biz gadjetlardan to‘g‘ri va noto‘g‘ri foydalanish oqibatlarini, internet madaniyatini muhokama qildik.
Endi esa bir savol: texnologiyadan faqat zarar topishimiz mumkinmi, yoki u bizni yuksaltira oladimi?

O‘quvchilar (taxminiy javob):

 Texnologiya zararli emas, faqat undan qanday foydalanishimiz muhim.

O‘qituvchi:

To‘g‘ri. Shuning uchun endi sizlarga texnologiyadan ijodiy va foydali tarzda foydalanish misolini ko‘rsatmoqchiman. Bu – zamonaviy bilim va innovatsiyalar markaziga aylangan Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi maktab.

(Video: “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab haqida” Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan bu maktab qisqa vaqt ichida ilm-fan boʻyicha ijobiy natijalar qayd etdi. Biz mana shu maktabni interaktiv tarzda sizlarga tanishtirishga harakat qildik).

O‘qituvchi:

 Videoda siz nimalarga e’tibor berdingiz?

O‘quvchilar:

Maktabda o‘quvchilar texnologiyadan foydali narsalar yaratish uchun foydalanar ekan. Robototexnika, kompyuter yig‘ish, dasturlash o‘rganish yoqimli ko‘rindi.

O‘qituvchi:

Juda yaxshi kuzatdingizlar. Demak, gadjetlar, internet yoki ijtimoiy tarmoqlar o‘z-o‘zidan yomon emas. Muhimi – ularni foydali maqsadlarda ishlata olishimizdir. Texnologiyadan ijod, bilim, va jamiyatga foyda keltirish yo‘lida foydalanish – mana bu haqiqiy “raqamli madaniyat”dir.

O‘qituvchi:

XXI asr – axborot va raqamli texnologiyalar asri. Biz virtual dunyoda o‘qiymiz, yozamiz, tanishamiz, his qilamiz. Ammo unutmang:
virtual aloqa hech qachon haqiqiy samimiyatning o‘rnini bosa olmaydi.
Shuning uchun texnologiyadan foydalanishda ikki narsani yodda tutaylik:

1.     U bizga yordamchi bo‘lishi kerak, boshqaruvchi emas.

2.     Har qanday muloqotning asosi – insoniy samimiyat va hurmat.

Buyuk ajdodlarimizning hikmatlarini eslang:

“Til bilan aytilgan soʻz, koʻngildan chiqqan boʻlsa, koʻngilga yetadi.”

Alisher Navoiy

         Mazmuni: Yuzma-yuz, chin dildan aytilgan so‘zlar samimiylikni ifodalaydi. Faqat og‘iz bilan emas, yurakdan chiqqan gapgina ta’sirli bo‘ladi. Bu esa ko‘pincha haqiqiy (jonli) muloqotda yuz beradi.

“So‘z aytmoq ko‘ngildan bo‘lsa, tinglovchi ko‘ngliga yo‘l topadi”

Ahmad Yassaviy

Mazmuni: samimiylik — yurakdan chiqqan so‘zdir. Yuzma-yuz muloqotda yurakdan yurakka yo‘l topish osonroq bo‘ladi.

“Murabbiylik til bilan emas, hol bilan bo‘lur”.

Abdulla Avloniy

Mazmuni: Faqat so‘zlar emas, insonning ko‘z qarashi, ohangdorligi, hatti-harakati — bularning bari samimiyatni ifodalaydi. Bu faqat jonli muloqotda to‘liq namoyon bo‘ladi.

O‘qituvchi (xotima):

Demak, haqiqiy muloqot, chin samimiyat – insonlar orasidagi iliq aloqa orqali shakllanadi. Texnologiya bizni birlashtirsin, ammo insoniylikni yo‘qotmasin.