“Kelajak soati” 6-mavzu

 

“Gadjetlar va tahdidlar”

 

Metodologiya

Dars ssenariysi

 Dastlabki 10 daqiqada mavzuning ahamiyati, gadjetlar va unga qaram boʻlishning salbiy oqibatlari haqida umumiy tushunchalar beriladi.

🟦 1. KIRISH. Ma’lumot berish va motivatsion qism

O‘qituvchi:

Aziz o‘quvchilar! Bugun biz sizlar bilan juda muhim, har biringizning kundalik hayotingizga bevosita ta’sir qiladigan mavzuda suhbatlashamiz – gadjetlardan foydalanishdagi xavfsizlik va mas’uliyat haqida. Telefon, planshet, kompyuter yoki hatto soatingiz – bularning barchasi gadjetlar deb ataladi. Ular hayotimizni osonlashtiradi: o‘qish, o‘rganish, muloqot qilish, yangiliklardan xabardor bo‘lish imkonini beradi. Ammo har qanday qulaylik singari, ularning ham xavfli tomonlari bor.

O‘qituvchi:

1.     Siz gadjetlardan kun davomida taxminan qancha vaqt foydalanasiz?

2.     Telefon yoki internet sizga qanday foyda beradi deb o‘ylaysiz?

3.     Ularni ishlatishning zararli jihatlarini bilasizmi?

O‘quvchilar:

Turli javoblar (masalan, “ko‘p vaqt ketadi”, “ko‘z og‘riydi”, “darsdan chalg‘itadi”, “do‘stlar bilan muloqot qilish osonroq” va hokazo).

O‘qituvchi:

To‘g‘ri, gadjetlar foydali, lekin ularni noto‘g‘ri ishlatish oqibatida kiberfiribgarlik, feyk xabarlar, shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishi, hatto psixologik bosimlar paydo bo‘ladi. Shuning uchun bugungi darsimizda shu masalaga e’tibor qaratamiz.

O‘qituvchi:

Avvalo, ayrim atamalarni tushunib olaylik:

  • Onlayn qimor – internet orqali pul tikib o‘ynaladigan, ko‘pincha aldovga asoslangan o‘yinlar.
  • Feyk xabar – “fake” so‘zidan, ya’ni soxta, yolg‘on ma’lumot.
  • Kiberfiribgarlik – odamlarni internet orqali aldash, ularning shaxsiy yoki moliyaviy ma’lumotlarini o‘g‘irlash holatlari.
  • Xeyter – internetda boshqalarni haqorat qilib, nafrat tarqatuvchi shaxs.

Shu o‘rinda “Hozirda 7–11-sinf o‘quvchilari kuniga 8 soatgacha vaqtini telefonda o‘tkazayotgani maktab direktori, muallim va ota-onalarni ham o‘ylantirishi zarur.” Demak, bu muammo – nafaqat sizniki, balki jamiyatimizniki hamdir.

O‘qituvchi:

Endi, sizlarga qiziqarli va ayni paytda foydali bo‘lgan faktcheking va kiberxavfsizlik haqida qisqa videoni namoyish qilmoqchiman.
Videoda siz soxta xabarlarni qanday aniqlash, internetda o‘zingizni qanday himoya qilish, hamda axborotga tanqidiy yondashish haqida bilib olasiz.

(Video: Faktcheking haqida tushuncha va axborotlarni tekshirish jarayonidagi muhim 5 qadam haqida ma’lumot beriladi)

O‘qituvchi:

Endi, videoni birgalikda tahlil qilaylik.

Savollar:

1.     Videoda sizni eng ko‘p hayratga solgan yoki o‘ylantirgan holat qaysi bo‘ldi?

2.     Soxta xabarni aniqlash uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

3.     Internetda o‘z shaxsiy ma’lumotlaringizni qanday himoya qilasiz?

O‘quvchilar:

Fikr bildiradilar (masalan: “manba ishonchli bo‘lishi kerak”, “hech kimga parolni aytmaslik kerak”, “har qanday xabarni ishonchli saytdan tekshirish kerak” va hokazo).

O‘qituvchi:

Ajoyib! Sizlarning javoblaringizdan ko‘rinib turibdiki, har biringiz internetda xavfsizlikni saqlashga mas’uliyat bilan yondashasiz. Unutmang, axborot savodxonligi – bu XXI asrda eng muhim ko‘nikmalardan biri. Qayerda to‘g‘ri, qayerda noto‘g‘ri ma’lumot borligini farqlash – sizni har qanday kiberxavfdan himoya qiladi.

O‘qituvchi:

Demak, aziz o‘quvchilar, bugungi darsimizda biz gadjetlardan foydalanish faqat qulaylik emas, balki mas’uliyat ham ekanini angladik.
Internet – bilim olish uchun ajoyib imkoniyat, ammo u bilan ehtiyotkorlik va tanqidiy fikrlash zarur. Har birimiz shaxsiy axborotimizni himoya qilaylik, feyk xabarlarni tarqatmaylik va doimo “tekshir, keyin ishon” tamoyiliga amal qilaylik.

 

ASOSIY QISM. Gadjetlarning hayotimizdagi oʻrni, ulardan foydalanish madaniyati. (25 daqiqa)

O‘qituvchi:

Aziz o‘quvchilar, biz gadjetlardan to‘g‘ri va noto‘g‘ri foydalanishning turli jihatlarini muhokama qildik. Endi kelinglar, shu mavzuni chuqurroq tahlil qilib ko‘ramiz. Har bir texnologiya foyda ham, zarar ham keltirishi mumkin. Eng muhimi – biz uni qanday maqsadda ishlatamiz. Shu haqida biroz fikrlashamiz. Sizningcha, gadjetlardan foydali va zararli foydalanish o‘rtasidagi farq nimada?

O‘quvchilar:

·         Foydali tomoni – bilim olish, aloqa qilish;

·         Zararli tomoni – vaqtni isrof qilish, sog‘liqka ta’sir;

·         Ba’zida ijtimoiy tarmoqlar diqqatni chalg‘itadi;

·         Yaxshi tomoni – kerakli ma’lumotni tez topish mumkin.

O‘qituvchi:
Ajoyib fikrlar! Endi shu g‘oyalarni bir joyga jamlab, kichik tahlil qilamiz. Buning uchun “Fikrlar jadvali” metodidan foydalanamiz.

 O‘qituvchi jadvalni doskaga yoki slaydda ko‘rsatadi:

 

Foydali jihatlar

Salbiy jihatlar

Men qanday foydalanaman?

(masalan: onlayn o‘qish, aloqa, ilmiy tadqiqot)

(masalan: vaqtni o‘g‘irlaydi, diqqatni buzadi)

(masalan: vaqtni rejalashtirish, 1 soatdan ortiq ishlamaslik)

O‘qituvchi:

Endi har biringiz shunday jadvalni daftaringizga chizing va fikrlaringizni yozing. Sizda 3 daqiqa vaqt bor. O‘ylab yozing: gadjetlar sizning hayotingizda qanday foyda keltiradi va qanday salbiy oqibatlar berishi mumkin?

O‘qituvchi (vaqt tugaganda):

Endi kim o‘z jadvalini o‘qib beradi? Qani, kimning fikri boshqacharoq chiqdi?

O‘quvchilar:

Men “foydali”ga “ta’lim olish”, “salbiy”ga “ko‘zning charchashi” deb yozdim. “Men qanday foydalanaman” degan joyiga esa “darsdan keyin 1 soat limit” deb yozdim.

O‘qituvchi:

Zo‘r! Bu juda aniq maqsad qo‘yishning namunasi.

O‘quvchilar:

Men esa “foydali”ga “onlayn til o‘rganish”, “salbiy”ga “ko‘p o‘tirishdan bel og‘rishi”ni yozdim.

O‘qituvchi:

Ajoyib! Demak, biz har kuni ishlatayotgan gadjetlar faqat foyda yoki faqat zarar emas – ham foyda, ham javobgarlik ekan.

O‘qituvchi:

Sizlar bu jadval orqali texnologiyani boshqarish mas’uliyatini chuqur his qildingiz. Demak, kim o‘z vaqtini to‘g‘ri rejalashtira olsa, gadjet unga dushman emas, balki do‘st bo‘ladi. Endi, shu fikrni yanada mustahkamlash uchun, texnologiyaning inson hayotidagi o‘zgarishlariga qaraymiz.

 (Video: Siz qaysi gadjetlarni tanidingiz? Video-jumboq namoyish etiladi. Gadjetlar yillar davomida bizning hayotimizni tubdan oʻzgartirdi. Bu juda katta tarix va qiziqarli xotiralar. Siz tarix va bugunning qaysi gadjetlarini tanidingiz?)

O‘qituvchi:

Videoda siz nimalarga e’tibor berdingiz? Qanday o‘zgarishlar sizni hayratga soldi?

(Video: Siz qaysi gadjetlarni tanidingiz? Javoblaringizni tekshiring!)

O‘quvchilar javoblari:

• Ilgari odamlar soatlab kutgan axborot hozir bir soniyada keladi.

• Texnika hayotni osonlashtirgan, lekin diqqatni ham chalg‘itadi.

• Har bir gadjet – inson tafakkurining mahsuli.

 

 

O‘qituvchi:

Demak, texnologiya o‘zi emas, uni ishlatishdagi mas’uliyat asosiy mezon ekan. Shunday bo‘lmasa, ixtiro insonni quvontirmaydi, balki asirga aylantiradi. Endi keling, O‘zbekiston yoshlari orasida texnologiyani to‘g‘ri yo‘naltirishga misol bo‘la oladigan bir loyiha bilan tanishamiz.

(Video: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab haqida. Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan bu maktab qisqa vaqt ichida ilm-fan boʻyicha ijobiy natijalar qayd etdi. Biz mana shu maktabni interaktiv tarzda sizlarga tanishtirishga harakat qildik).

O‘qituvchi:

Bu videoda nimalar sizni ilhomlantirdi? Sizningcha, texnologiyadan foydali foydalanish uchun qanday ko‘nikmalar kerak?

O‘quvchilar:

• Maktabdagi texnologik muhit;

• Axborotni qayta ishlash;

• Robototexnik va kibersport xonalari;

• O‘quvchilarning o‘zi kalkulyator yasay olishi.

 

O‘qituvchi:

 To‘g‘ri aytdingiz. Sizlar raqamli asr bolalarisiz. Sizlar uchun axborot bilan ishlash madaniyati – eng muhim ko‘nikma. Axborot – bu kuch, lekin uni oqilona boshqarishgina yuksaklikka olib chiqadi.

 

O‘qituvchi:

Bugun biz gadjetlarning hayotimizdagi o‘rni, xavf va imkoniyatlarini tahlil qildik.Shunday xulosaga kelishimiz mumkin:

1. Gadjet – yordamchi, lekin o‘rniga ishlamasligi kerak.

2. Internetdagi har bir ma’lumot – tekshirilishi zarur.

3. Onlayn xavfsizlik – bu zamonaviy madaniyatning bir qismi.

4. Texnologiyadan foyda olish uchun uni ijod, o‘qish va innovatsiya yo‘nalishida ishlatish lozim.

 

 

 

3. YAKUNIY QISM

O‘qituvchi:

Aziz o‘quvchilar, bugungi mashg‘ulotimiz davomida biz gadjetlar va internetning foydali hamda zararli jihatlarini, axborot xavfsizligi, feyk xabarlar, kiberfiribgarlik va onlayn qimor kabi muammolarni tahlil qildik. Shu o‘rinda bir xalqona naqlni eslab o‘tamiz:

“Tekin pishloq – faqat qopqonda bo‘ladi.” Bu naqlning zamonaviy hayotdagi ma’nosi shuki: Internetda “bepul”, “tekin”, “bonus” yoki “sovg‘a” kabi so‘zlar bilan berilgan takliflarning aksariyati ortida yashirin xavf yotadi. Shaxsiy ma’lumotlarimizni so‘rab, keyinchalik ularni suiiste’mol qilish hollari juda ko‘p uchraydi.

Demak, raqamli dunyoda eng katta boylik – bu sizning ma’lumotingiz, uni har kimga bermaslik kerak.

O‘qituvchi:

Endi esa sizlarni bir ism bilan tanishtirmoqchiman.
Texnoplov” nomli ilmiy-ommabop kanali bilan tanish bo‘lganmisiz?
Bu kanal muallifi Sa’dulla Abdullayev – O‘zbekistonning texnologiya va axborot savodxonligini targ‘ib qilayotgan yosh blogerlaridan biri.
Uning hikoyasi siz va men uchun juda yaqin: oddiy inson, ammo texnologiyani to‘g‘ri ishlatgani uchun hayotida katta o‘zgarishlar bo‘lgan. U shunday deydi: “Texnologiyalar mening hayotimni o‘zgartirdi.” Keling, endi 3 daqiqalik videoda Sa’dulla Abdullayevning shaxsiy tajribasi va foydali tavsiyalarini birgalikda tomosha qilamiz.

(Video: “Texnoplov” – Sa’dulla Abdullayevning hikoyasi)

O‘qituvchi:

Videoda nimalar sizni o‘ylantirdi? Qaysi fikr siz uchun eng foydali bo‘ldi?

O‘quvchilar (taxminiy javoblari):

Menga “gadjetdan foydalanish – bu maqsadli ish bo‘lishi kerak” degan gapi yoqdi. Chunki ko‘p odam telefonda vaqtni bekorga o‘tkazadi.

O‘qituvchi:

To‘g‘ri aytdingiz, texnologiya bizga xizmat qilishi kerak, biz unga emas.
Bizning bugungi darsimiz ham aynan shu g‘oyaga qaratilgan edi:
“Ijtimoiy tarmoq vosita bo‘lishi kerak – hayotning o‘zi emas.”
Agar u sizning vaqtingizni o‘g‘irlayotgan bo‘lsa, bu allaqachon qaramlikdir, taraqqiyot emas.

O‘qituvchi:

Bugungi darsdan qanday xulosalar chiqardik?

1.     Internetdagi har bir “tekin” taklif – ehtiyotkorlik bilan tekshirilishi kerak.

2.     Shaxsiy ma’lumot – sizning eng muhim boyligingiz.

3.     Gadjet – vosita, lekin maqsad emas.

4.     Texnologiyani foyda, ilm, va o‘z rivojingiz uchun ishlating.

Demak, texnologiyani to‘g‘ri ishlatgan inson – zamonaviy dunyoda g‘olibdir. Ammo uni noto‘g‘ri ishlatgan inson – vaqtini, e’tiborini va salomatligini boy berishi mumkin. Shunday ekan, aziz o‘quvchilar, bugundan boshlab siz ham texnologiyadan oqilona, mas’uliyat bilan va samimiyat bilan foydalaning!