“Kelajak soati” 6-mavzu

“Internet va tahdidlar”

 

Metodologiya

Dars ssenariysi
Dastlabki 10 daqiqa mavzuning mazmuni, ahamiyati, yangi bilimlar, tushunchalar olish va savol-javob shaklida oʻtkaziladi.

 1. KIRISH. Ma’lumot berish va motivatsion qism

Oʻqituvchi:

Aziz talabalar!

Bugungi kunda telefon, internet, kompyuter kabilar hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Ular yordamida doʻstlar bilan bogʻlanamiz, dunyo yangiliklaridan xabardor boʻlamiz, koʻngilochar oʻyinlar oʻynaymiz, turli video va musiqalar eshitamiz. Shu bilan birgalikda, oʻqish va bilim olish vositasi sifatida ishlatamiz. Lekin, bu qulayliklarning ortida katta masʼuliyat ham yotadi.

Internet — bu keng va cheksiz imkoniyatlar olami, lekin u bilan ehtiyotkorona muomala qilish kerak. Internet dunyosida oqilona harakat qilish har birimizning vazifamiz. Uning imkoniyatlari katta, ammo tahdidlarini ham unutmasligimiz kerak. Bugungi oʻrganganlaringiz sizning onlayn xavfsizligingizni taʼminlashda yordam beradi, degan umiddaman.

Sizning shaxsiy maʼlumotlaringiz, suratlaringiz, shaʼningiz va hatto hayotingiz xam xavf ostida boʻlishi mumkin. Notanish havolalar, nomaʼlum manbalardan kelgan turli ilovalar sizni aldashi, zarar yetkazishi mumkin. Biroq, internet dunyosidagi baʼzi tahdidlar inson hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shu bois, kiberxavfsizlik qoidalarini bilib, ularga qatʼiy rioya qilish — har birimizning burchimizdir.

Bundan tashqari, onlayn qimor oʻyinlari va oson, mehnatsiz pul yutish kabi koʻrinishdagi illatlar ayrim yoshlarni notoʻgʻri yoʻlga boshlamoqda.

Xoʻsh aziz talabalar! Sizlarga beradigan savollarimga javob berishlaringizni soʻrayman:

 Internetdagi tahdidlar deganda nimani tushunasiz?

 

Talabalar:

Kiberbulling (onlayn tahqirlash va shantaj), fishing (aldamchi saytlar orqali shaxsiy maʼlumotni oʻgʻirlash), zararli dasturlar, internet orqali radikallashuv, internetdagi yolgʻon maʼlumotlar va feyk yangiliklar, onlayn qimor, xeyterlar, kiberfiribgarlik va boshqalar.

Oʻqituvchi:

Onlayn qimor — bu internet orqali pul tikib oʻynaladigan qimor oʻyinlaridir. Bu oʻyinlar turli veb-saytlar yoki ilovalar orqali amalga oshiriladi va ularda ishtirokchilar real yoki virtual pul evaziga yutish yoki yutqazish xavfi boʻladi.

Kiberbulling — bu raqamli texnologiyalar yordamida (masalan, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar, oʻyinlar yoki veb-saytlar orqali) boshqa kishini ataylab haqorat qilish, qoʻrqitish, kamsitish yoki sharmanda qilishdir.

Feyk xabar — bu qalbaki yoki yolgʻon maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan xabardir.

Fishing — bu firibgarlikning bir turi boʻlib, uning maqsadi foydalanuvchining maxfiy maʼlumotlari — login va parollarni qoʻlga kiritishdir. Bunga ommaviy elektron pochta shaxsiy xabarlarini yuborish orqali erishiladi.

Kiberfiribgarlik - internet orqali odamlarni aldash va moddiy yoki shaxsiy manfaat olish uchun qilingan harakatlar.

Xeyter kim? — “Xeyter” — inglizcha “hate” (nafrat) soʻzidan olinib, internetda boshqalarni haqorat qiluvchi, tanqidni haqoratga aylantiradigan, bahs qilish emas, nafrat tarqatishni maqsad qilgan shaxs.

Shuningdek, soxta akkaunt degan iborani eshitgandirsizlar.

Demak, soxta akkauntlar — bu internetda yolgʻon yoki qalbaki maʼlumotlar bilan yaratilgan foydalanuvchi profillari. Ular haqiqiy insonga tegishli emas, balki maʼlum bir maqsadda (masalan, soxta maʼlumot tarqatish, firibgarlik qilish, reklama yoki spam yuborish) tashkil etiladi.

ASOSIY QISM. Internet va tahdidlar. (25 daqiqa)

Oʻqituvchi:

Keling, hozir biz ayrim internetdagi tahdidlar toʻgʻrisida videoroliklarni koʻramiz.

Endi, sizlarga qiziqarli va ayni paytda foydali bo‘lgan faktcheking va kiberxavfsizlik haqida qisqa videoni namoyish qilmoqchiman.
Videoda siz soxta xabarlarni qanday aniqlash, internetda o‘zingizni qanday himoya qilish, hamda axborotga tanqidiy yondashish haqida bilib olasiz.

(Video: Faktcheking haqida tushuncha va axborotlarni tekshirish jarayonidagi muhim 5 qadam haqida ma’lumot beriladi)

Oʻqituvchi:

Soxta xabarlarning tarqalish tezligi haqida nima tushundingiz?

Talabalar:

Feyk xabarlar ko‘pincha hissiyotlarga ta’sir qiladi va tez tarqaladi.

Oʻqituvchi:

Xabarning to‘g‘riligini tekshirishda qanday usullarni bilib oldingiz?

Talabalar:

Manbani tekshirish, rasmiy saytlarni solishtirish, faktcheking platformalaridan foydalanish.

Oʻqituvchi:

Soxta xabarga ishonish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Talabalar:

Ijtimoiy tartibsizlik, yolg‘on qarorlar, shaxsiy va jamoaviy xavf.

Oʻqituvchi:

Kelajakda siz qanday ehtiyot choralarini ko‘rasiz?

Talabalar:

Har bir xabarga tanqidiy yondashish, ishonchli manba izlash, shoshilinch baho bermaslik.

Oʻqituvchi:

Endi esa sizlarni bir ism bilan tanishtirmoqchiman.
Texnoplov” nomli ilmiy-ommabop kanali bilan tanish bo‘lganmisiz?
Bu kanal muallifi Sa’dulla Abdullayev – O‘zbekistonning texnologiya va axborot savodxonligini targ‘ib qilayotgan yosh blogerlaridan biri.
Uning hikoyasi siz va men uchun juda yaqin: oddiy inson, ammo texnologiyani to‘g‘ri ishlatgani uchun hayotida katta o‘zgarishlar bo‘lgan. U shunday deydi: “Texnologiyalar mening hayotimni o‘zgartirdi.” Keling, endi 3 daqiqalik videoda Sa’dulla Abdullayevning shaxsiy tajribasi va foydali tavsiyalarini birgalikda tomosha qilamiz.

(Video: “Texnoplov” – Sa’dulla Abdullayevning hikoyasi)

Oʻqituvchi:

  1. Ushbu videorolik Sizda qanday taassurot qoldirdi?

Talabalar:

“Videorolik meni jiddiy o‘ylantirdi. Texnologiyalar hayotimizning ajralmas qismi bo‘layotganiga guvoh bo‘ldim”. Boshqa talabalarning ham o‘zbek sigmentdagi boshqa kanallar haqidagi fikrlari tinglanadi.

Oʻqituvchi:

Siz bu video orqali texnologiyani boshqarish mas’uliyatini chuqur his qildingiz. Demak, kim o‘z vaqtini to‘g‘ri rejalashtira olsa, internet va gadjetlar unga dushman emas, balki do‘st bo‘ladi. Endi, shu fikrni yanada mustahkamlash uchun, texnologiyaning inson hayotidagi o‘zgarishlariga qaraymiz.

 (Video: Siz qaysi gadjetlarni tanidingiz? Video-jumboq namoyish etiladi. Gadjetlar yillar davomida bizning hayotimizni tubdan oʻzgartirdi. Bu juda katta tarix va qiziqarli xotiralar. Siz tarix va bugunning qaysi gadjetlarini tanidingiz?)

O‘qituvchi:

Videoda siz nimalarga e’tibor berdingiz? Qanday o‘zgarishlar sizni hayratga soldi?

Talabalarning javoblari tinglanadi, shundan so‘ng to‘g‘ri javoblar taqdim qilinadi.

(Video: Siz qaysi gadjetlarni tanidingiz? Javoblaringizni tekshiring!)

 

Oʻqituvchi:

1. Ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy maʼlumotlarni internetda tarqatishning qanday xavflari haqida bilasiz?

Talabalar:

Shaxsiy maʼlumotlar o‘g‘irlanishi, firibgarlik va identifikatsiya oʻgʻirlanishi mumkin. Bu moliyaviy yo‘qotishlarga, shaxsiy hayotning buzilishiga olib keladi. Internetda tarqalgan maʼlumotlar butun hayot davomida sizni taʼqib qilishi mumkin.

Oʻqituvchi:

 

2. Shaxsiy maʼlumotlaringizni himoya qilish uchun qanday choralar ko‘rish kerak?

Talabalar:

Kuchli parollardan foydalanish va ularni boshqalar bilan baham ko‘rmaslik.

Ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy maʼlumotlarni cheklangan doirada tarqatish. Shubhali saytlarga maʼlumot kiritmaslik va xavfsizlik sozlamalarini doim yangilab borish.

Oʻqituvchi:

3. Internetda shaxsiy maʼlumotlaringiz tarqalib qolsa, nima qilish kerak?

Talabalar:

Darhol parollarni o‘zgartirish va akkauntlarni bloklash. Bank va boshqa muhim xizmatlarga xabar berish. Zarurat bo‘lsa, huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilish.

Oʻqituvchi:

 4. Nima uchun odamlar ko‘pincha o‘z shaxsiy maʼlumotlarini internetda ehtiyotsiz tarqatadilar?

Talabalar:

Internet xavfsizligi haqida yetarli bilimga ega emasliklari, o‘ylamasliklari. Shoshilinch va noaniq holatda maʼlumotlarni oshkor qilish. Ijtimoiy tarmoqlarda omma bilan ko‘proq bo‘lishish istagi.

Oʻqituvchi:

  1. Sizningcha, internetda shaxsiy maʼlumotlarni tarqatmaslik bo‘yicha eng muhim maslahat nima?

Talabalar:

Har doim maʼlumotlaringizni kim ko‘rishi va qanday maqsadda foydalanishini o‘ylab ko‘rish. Faqat ishonchli saytlar va dasturlardan foydalanish. Har doim xavfsizlik sozlamalarini tekshirish va yangilash.

Oʻqituvchi:

Aziz, talabalar, hozir biz alohida bir tahdidda toʻxtalib oʻtmoqchiman – bu esa internet orqali radikallashuv.

Kim menga tushuntirib bera oladi- bu nima?

Talabalar:

Internetda turli g‘oyalar, qarashlar tarqaladi, ba’zilar esa odamlarni ekstremistik guruhlarga jalb qilish uchun manipulyatsiya qiladi. Bu esa jamiyat uchun katta xavf tug‘diradi.

Oʻqituvchi

Radikallashuv — bu insonning keskin, mutaassib gʻoyalarga ishonib, ekstremistik yoki zoʻravon harakatlarga moyil boʻlib qolishi.

Internet orqali yoshlar radikal gʻoyalarga ega boʻlgan shaxslar tomonidan manipulyatsiya qilinadi.

Internetdagi radikal kontent qanday koʻrinishda boʻladi?

  •        Videolar, maqolalar, forumlar, chatlar orqali tarqatiladi.
  •        Vatanparvarlik, diniy his-tuygʻular orqali ishonch qozonishga urinishadi.
  •        Yoshlarning dunyoqarashiga taʼsir qiluvchi “qahramonlik” yoki “adolat uchun kurash” shiorlari bilan chiqishadi.

Internet orqali radikallashuv qanday amalga oshiriladi?

  •      Ijtimoiy tarmoqlar orqali: Telegram, Instagram, Facebook, TikTok kabi platformalarda yoshlar radikal gʻoyalar bilan “yoʻldosh” qilib olinadi.
  •      Anonim sahifalar orqali: Yoshlar “adolat uchun kurash” yoki “hayotning haqiqiy maʼnosi” kabi shiorlar bilan aldovga uchraydi.
  •      Vaʼdalar va taʼsir: Moliyaviy yordam, qahramonlik, jamoa aʼzoligi kabi taʼsirli omillardan foydalaniladi.

 

Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan yolgʻon va yovuz gʻoyalar jamiyat uchun juda xavflidir. Ayniqsa, Sizlar  yoshlar bu kabi maʼlumotlarga ishonib qolishingiz mumkin. Ayrim yoshlar ijtimoiy tarmoqlarda oʻzlari bilib bilmay turli “Terrorizm va aqidalarni targʻib qilish” mavzusidagi lavhalarga izoh qoldirish yoki layk bosishlari, kimlargadir ulashishlari natijasida jinoiy javobgarlikka tortilib qolmoqdalar. Shu bois, har bir foydalanuvchi tanqidiy fikrlashni oʻrganishi va internetdagi har qanday maʼlumotga ongli ravishda yondashishi kerak albatta.

Internet – bu axborot manbai, lekin notoʻgʻri foydalanilsa, u jinoiy xatoga olib kelishi mumkin. Har bir fuqaro qonunni bilishi va unga rioya qilishi shart. Radikal guruhlar yoshlar ongiga taʼsir oʻtkazishni xohlaydi. Bizning vazifamiz — ongli, masʼuliyatli fuqaro boʻlish.

Oʻqituvchi:

Hurmatli talabalar, biz yangi texnologiyalar juda tez yaratiladigan davrda yashamoqdamiz. Shunday ekan, hozirda eng ko‘p foydalanadigan gadjetlarimizdan biri – so‘zsiz smartfonlar hisoblanadi. Smartfonlarning turlari va brendlari haqida suhbatlashsak.

Talabalarning fikr-mulohazalari tinglanadi.

Oʻqituvchi:

 Keling, navbatdagi lavhada “Yangi O‘zbekiston” universitetida va mamlakatda yagona bo‘lgan Apple Authorized Training Center for Education (AATCE) dasturi haqida videolavha tomosha qilamiz.

 

(Videolavhada “Yangi O‘zbekiston” universitetida Apple kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan rasmiy o‘quv dasturi haqida ma’lumot beriladi)

 

Oʻqituvchi:

Lavhada ko‘rganingizdek, talaba va o‘quv dasturi ishtirokchilari dunyo standartlariga mos IT-bilimlarni olish imkoniga ega bo‘lishgan. Apple ekotizimi asosidagi bu dastur talabalarga Swift dasturlash tilini chuqur o‘rganish, iOS ilovalarini ishlab chiqish va real loyihalarda tajriba orttirish imkonini yaratgan. Eng muhimi, ushbu kursni tamomlagan talabalar xalqaro darajada tan olinadigan Apple sertifikatiga ega bo‘lganlar. Sizlar ham shu kabi o‘quv dasturlarda ishtirok etganmisiz? Qaysi dasturlash tillarini tengdoshlaringizga tavsiya qilardingiz?

Talabalardan turli xil javoblar tinglanadi va muloqot o‘rnatiladi.

 

 

3. YAKUNIY QISM

Oʻqituvchi tomonidan mavzuga oid umumiy xulosa qilinadi.

Oʻqituvchi:

Hurmatli talabalar,

Bugungi mashg‘ulot davomida biz zamonaviy raqamli hayotning ajralmas qismi bo‘lgan Internet va u bilan bog‘liq asosiy tahdidlar haqida fikr yuritdik. Xususan, shaxsiy ma’lumotlarni ehtiyotsiz ulashish, Soxta (feyk) xabarlar va yolg‘on axborotlar, tavakkalchilik asosidagi aldovlar, Kiberjinoyatlar va internet orqali radikallashuv, Ijtimoiy tarmoqlardagi manipulyativ guruhlar kabi xavfli holatlarning mohiyatini tahlil qildik.

 Siz bugun quyidagilarni o‘rgandingiz: Internetdan foydalanishda ehtiyotkorlik, tanqidiy fikrlash va mas’uliyat qanchalik muhimligini; Shaxsiy axborotlaringizni himoya qilish uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini; Onlayn tahdidlar bilan duch kelganda qanday harakat qilish va qayerga murojaat qilish mumkinligini.

Siz raqamli dunyoda insoniylik, axloq, va ongli tanlov bilan harakat qilishni o‘rganmoqdasiz. Har bir bosgan qadam – iz qoldiradi. Shuning uchun ham internetdan foydalanishda axborot madaniyati, huquqiy bilim va ijtimoiy mas’uliyat sizning eng yaqin yo‘lboshchingiz bo‘lishi kerak.

“Tekin pishloq – faqatgina qopqonda boʻladi”

“Internetda “tekin” yoki “bepul” deb koʻrsatilgan narsalar koʻp boʻladi — tekin ilovalar, yutuqlar, bonuslar yoki sovgʻalar. Lekin haqiqatda bunday “tekin pishloq”ni qoʻlga kiritish hech qachon hech qanday shubhasiz, xavfsiz va oson boʻlmaydi.

Biz internetni toʻgʻri maqsadda ishlatishimiz kerak. Har qanday radikal, zoʻravon gʻoyalar nafaqat fuqarolik masʼuliyatimizga, balki hayotimizga ham tahdid soladi.

 

 

 

Converted to HTML with WordToHTML.net